Sadaqai joriya – inson vafotidan keyin ham uzluksiz ajru savobi yetib turadigan ezgu amaldir. Boshqacha aytganda, kishi bu dunyoni tark etganidan keyin ham nomai aʼmoliga savob yozilib turishiga sabab boʻladigan oʻziga xos investitsiya.
Sadaqai joriyaning fazilati va ahamiyati koʻplab hadislarda zikr qilingan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “إِذَا مَاتَ الإِنْسَانُ انْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلاَّ مِنْ ثَلَاثَةٍ: إِلاَّ مِنْ صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ، أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ”[1].
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa, uning uch narsadan boshqa amallari toʻxtaydi. Ular: sadaqai joriya (musulmonlarga doimiy ravishda foyda berib turadigan xayrli ishlar), manfaat olinadigan ilm, haqqiga duoi xayr qiluvchi solih farzand”, dedilar”.
Sadaqai joriya faqat pul berish bilan cheklanmaydi. Odamlarga foyda keltiradigan har qanday ish sadaqai joriya hisoblanadi. Ilm yoyish, kitob yozish, yoʻl, koʻprik, bogʻcha, maktab, masjid, tahoratxona, kambagʻallarga uy-joy, shifoxona qurish, quduq, ariq va anhor qazish, gaz, suv oʻtkazish va bogʻ barpo qilish kabi ishlar ham sadaqai joriyaga misol boʻladi.
Sadaqai joriya uchun boy boʻlish shart emas. Har kim oʻz imkoniyatiga kelib chiqaveradi. Hatto bir qultum suv yo bir dona xurmo berish ham sadaqai joriya boʻlishi mumkin. Bu turdagi sadaqalarning baʼzilari zamon va makon tanlamaydi, baʼzilari makonga xos boʻlsa, baʼzilari muayyan bir mavsumda bajariladi. Shulardan biri koʻchat oʻtqazish – bogʻ yaratishdir.
Albatta, novdani yerga qadash savobli va xayrli ish boʻlib, uning tabiat va jamiyatga ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik jihatdan katta foydalari bor. Jumladan, jamoat joylar obod boʻladi, shahar va qishloqlar manzarasi yanada goʻzallashadi, meva-cheva koʻpayib arzonlashadi, havo tozalanib, aholi salomatligi mustahkamlashadi. Daraxt suv tanqisligining oldini olishga ham katta xizmat qiladi.
Ota-bobolarimiz qadimdan bahor mavsumini ziroatchilik va yangilanish fasli sifatida oʻzgacha mehr kutib olgan. Shu kunlarga sogʻ-salomat yetib kelgani uchun Yaratganga shukronalar qilib, ezgu umid va tilaklar bilan yerga urugʻ qadagan, mevali va manzarali daraxtlar ekkan. Albatta, bu ishlarni ularning fazilati nechogʻli ulugʻ ekanini bilgan holda, qalb amri bilan, savob umidida qilingan.
Daraxt ekishning fazilati va ahamiyati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning koʻplab hadislarda zikr qilingan.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْسًا أَوْ يَزْرَعُ زَرْعًا فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ أَوْ إِنْسَانٌ أَوْ بَهِيمَةٌ إِلَّا كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ”[2].
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmon biror koʻchat (daraxt), yoxud biror ekin eksa-yu, uning hosili – mevasidan inson, qush yo hayvon yesa, bu uning (ekkan kishi) uchun sadaqa boʻladi”, dedilar”.
Manbalarda qayd etilishicha, bir kuni odamlar keksayib qolgan, qoshlari oʻsib, koʻzlarini toʻsib qoʻygan bir kishining urinib, koʻchat ekaman deb, qiynalib harakat qilayotganini koʻrib qolib: “Otaxon, qarib qolibsiz, sizga koʻchat ekishni kim qoʻyibdi, dam olsangiz boʻlmaydimi!” debdi. U mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu ekan. “Habibim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga aytganlarki…” deb mana bu hadisni rivoyat qilibdi:
عَنِ النَّبي صَلَّى الله عَلَيهِ وَ سَلَّم قَالَ: “إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَ فِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ حَتَّى يَغْرِسَهاَ، فَلْيَغْرِسْهَا”[3].
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat qoim boʻlib qolsa-yu qaysi biringizning qoʻlingizda ekaman deb turgan koʻchat niholi boʻlsa, uni ekib qoʻysin”, deganlar”.
Demak, hatto qiyomat qoʻpar payt boʻlsa ham ulgurgan kishi koʻchat ekishi kerak ekan.
عَنْ دَاوُدَ بْنْ أَبِى دَاوُدَ قَالَ: قَالَ لِي عَبْدُ اللهِ بْنِ سَلاَمٍ: «اِنْ سَمِعْتَ بِالدَّجِّالِ قَدْ خَرَجَ، وَأَنْتَ عَلَى وَدِيَّةٍ تَغْرِسُهَا، فَلاَ تَعْجَلْ أَنْ تُصْلِحَهَا، فَإِنَّ لِلنَّاسِ بَعْدَ ذَلِكَ عَيْشًا»[4].
Dovud ibn Abu Dovud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kun Abdulloh ibn Salom menga: “Xurmo koʻchatini oʻtqazayotganingda Dajjol chiqqanini eshitsang ham toʻxtama. Shoshilmay, uni isloh qil (ekib ol). Hali undan (Dajjoldan) keyin ham odamlar yashaydi”, dedi”.
Maʼlumki, xurmo eng sekin oʻsadigan daraxtlardan. U koʻp yil meva qilmaydi. Juda kichkina boʻladi, sekin-sekin, yilma-yil oʻsib borib, juda qiyinchilik bilan hosilga kiradi. Bu yerda aynan xurmo koʻchatining misol keltirilishi bejiz emas. Demak, qiyomat yaqinlashib, hatto Dajjol kelayotgan boʻlsa ham xurmo koʻchatini shoshilmay ekaverish kerak boʻlarkan.
Rivoyat qilishlaricha, Amirul moʻminin Horun Ar-Rashid bir kuni navkarlari bilan ovga otlanib, shahardan chiqib ketayotganida, dalada bir moʻysafidning koʻchat ekayotganiga koʻzi tushibdi. Yaqinlashib: “Ey otaxon, oʻzingiz keksayib qolgan boʻlsangiz-da, koʻchat oʻtqazishingizni qanday tushunish mumkin? Axir, bu novdalar meva bergunga qadar yashaysizmi-yoʻqmi, bilmaysiz-ku?!” debdi. Moʻysafid: “Gapingiz toʻgʻri, lekin shu yoshimgacha mendan oldin koʻchat oʻtqazib ketgan insonlar daraxtlarining mevasini yeb keldim. Bu koʻchatlarimning mevasidan yemasam-da, keyingi avlod yeydi, deb ekayapman”, deb javob beribdi. Amirul moʻminin bu javobdan zavqlanib, xazinabonga dehqonga bir hamyon tilla berishni buyuribdi. Shunda moʻysafid: “Mana, koʻrdingizmi, ekayotgan koʻchatim hozirdan meva berishni boshladi”, debdi. Amirul moʻmininga uning bu soʻzi ham yoqib ketib xazinabonga: “Yana bir hamyon berib yubor”, deb buyuribdi. Shunda moʻysafid: “Ana, koʻrdingizmi, boshqalarning ekkan daraxti bir yilda bir marta hosil bersa, mening koʻchatim bir yilda ikki marta hosil berdi”, debdi. Bu gapdan soʻng amir vaziriga: “Endi bu yerdan tezroq keta qolaylik, yoʻqsa, bu qariya xazinamizni quritadiganga oʻxshaydi”, deb yoʻlida davom etgan ekan.
Dehqonchilik bilan shugʻullanib kelayotgan dehqonu bogʻbonlar bunday yuksak ajr-savobli ishlarni qilish orqali moʻl-koʻlchilikka, farovonlikka, qolaversa, tabiatning yanada koʻrkam boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Ular nafaqat oʻz manfaatini, balki atrofdagi barcha insonlarning baxtu kamolini oʻylab ish tutib, shu kabi ezgu amallarning koʻpayishiga yordam bermoqda.
Jannatga qiyoslangan yurtimizning qay goʻshasiga bormaylik rang-barang bogʻlarni, hosilga toʻla ekin maydonlarni va koʻchalarni bezab turgan manzarali daraxtlarni uchratamiz. Albatta, oʻtgan-ketgan yoʻlovchilar, bolakaylar gʻarq pishgan mevalarni terib yeydi, daraxtlar soyasida dam oladi. Shunda beixtiyor shu daraxtlarni ekkan insonlarning haqqiga “Alloh barakasini bersin”, “baraka topsin”, “Alloh oxiratini obod qilsin” deb duo qiladi. Bu esa daraxt ekkanlarning hayoti barakali va farovon, oxirati obod boʻlishiga sabab boʻladi.
Yurtimizga toʻrt faslning ibtidosi, yil kelinchagi boʻlgan bahor fasli kirib kelmoqda. Biz ham mana shunday xayrli ishlarni davom ettirgan holda hovliga, koʻchalarga mevali va manzarali daraxtlar ekib, xalqimiz dasturxoni moʻl-koʻl boʻlishiga, mahalla, qishloq va shaharlarimizni koʻrkamlashtirishga, yosh avlod farovon hayot kechirishi uchun sharoit yaratishga oʻz hissamizni qoʻshib, koʻp qatori savobli ishlarga sherik boʻlaylik!