Home / MAQOLALAR / NOGIRONLIGI BOR (IMKONIYATI CHEKLANGAN) ROVIYLAR

NOGIRONLIGI BOR (IMKONIYATI CHEKLANGAN) ROVIYLAR

Insoniyatning paydo boʻlishidan buyon hayotning bir haqiqati sifatida mavjud boʻlgan nogironlik holati ayrim eʼtiqod va jamiyatlarda shaxsning kamchiligi va nuqsoni sifatida qabul qilingan, baʼzi hollarda jamiyatdan izolyatsiya qilinib, nogironning yanada qiyin shart-sharoitlarda hayot kechirishga sabab boʻlgan. Ammo buning aksi oʻlaroq islom dini ham jamiyat hayotida, ham diniy hayot qoidalari doirasida nogiron shaxsga nisbatan imtiyozlar berish bilan bir qatorda bunday kishilarning ijtimoiy va psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlagan.

Nogironlik holati moddiy qiyinchiliklar bilan kurashayotgan jamiyatning kambagʻal kishilaridan tortib, dunyoviy imkoniyat va boylikka ega boʻlgan shaxslarida, hatto odamlarning dunyo va oxirat saodatiga erishishi uchun yuborilgan paygʻambarlarda ham, barchasida kuzatilgan.

Baʼzida islom huquqida qisas masalalarida boʻlgani kabi insonning qilgan ishiga jazo sifatida berilgan bu holat, baʼzan dunyoda bir sinov sifatida koʻrilishi mumkin.

Tadqiqotimizda har qanday inson tushishi mumkin boʻlgan bu qiyin holat va shu holatda ham ilmga boʻlgan saʼy-harakatini tark etmagan shaxslar koʻrib chiqilgan. Har qanday inson farzandi tushishi mumkin boʻlgan bunday qiyin holatga sahobalar ham duchor boʻlishgan. Tadqiqotimiz hadis ilmi bilan shugʻullangan va hadis rivoyati bilan shugʻullangan nogiron roviylar haqida boʻladi.

Tadqiqotimiz islom dinining ikkinchi manbai boʻlgan hadis sohasida, roviylar hayotida insonning eng qiyin va ogʻir holati boʻlgan nogironlikka qaramasdan qoʻshgan hissalari va xizmatlarining inkor qilib boʻlmas darajada koʻpligini namoyon qilishni maqsad qiladi.

Tadqiqotimizning maqsadi, hayot sharoiti qanday boʻlishidan qatʼi nazar, insonning ham oʻz-oʻziga ham boshqalarga foyda keltirishi, nogironlikka qaramasdan jismoniy va maʼnaviy jihatdan inson muvaffaqiyatli boʻlishi mumkinligini namunalari bilan koʻrsatishdir.

Tadqiqotimizda hadis roviylarining nogironlik sabablari va bu holat roviyning tugʻilishidan boshlabmi yoki hayotining qaysi davrida paydo boʻlganini ilmiy nuqtayi nazaridan aniqlash va mumkin qadar maʼlum qilish maqsad qilingan. Bundan tashqari, hadis roviylarining nogironlik holati jarhga sabab boʻlgan boʻlsa, ularni aniqlash maqsad qilingan.

Zehniy va jismoniy nogironlik shaklida ikkiga boʻlinadigan nogironlik turlaridan biri zehniy nogironlik “Roviyning ustozidan oʻrgangan hadisini boshqalarga rivoyat qilgunga qadar aqlan yoki yozma shaklda saqlashi” maʼnosini bildiradigan zabt shartiga zid kelgani uchun tabiiyki bu turdagi nogironlikka oʻrin berilmadi. Tadqiqotimiz jismoniy nogironlik sifatida koʻrish, eshitish va ortopedik jihatdan nogiron boʻlgan roviylarni qamrab olgan.

Turli tadqiqotlar natijasida minglab nogiron roviylarning mavjudligi tufayli tadqiqotimizda asosan eng moʻtabar hadis kitoblari sifatida qabul qilingan Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Muslim ibn Hajjojning “al-Jomeʼus-sahih” asarlarida uchragan nogiron roviylarni haqida soʻz yuritiladi. Sahihaynda zikr etilgan nogiron roviylarni aniqlash uchun Kalobodiyning “Rijalus Sahihul Buxoriy” va Ibn Manjuyaning “Rijalus Sahihil Muslim” asarlaridan foydalanildi. Mazkur “Sahihayn”da zikr etilgan nogiron roviylardan tashqari “Kutubi Sitta”da uchraydigan boshqa nogiron roviylarga ham oʻrin berildi.

 

Nogironlik bilan bogʻliq asosiy tushunchalar va islom jamiyatida nogironlar

Bu tadqiqotda qoʻllanadigan tushunchalarni aniqlash, tekshirish va ularning taʼriflarini berish uchun avvalo turkcha va arabcha tushunchalarni bir joyga jamlab, bu tushunchalarning taʼriflarini keltirishga harakat qilindi. Bu tushunchalarni keltirishda esa tushunchaning ommalashganligini hisobga olindi va eng ommalashgan tushunchadan eng nodiriga koʻra bir tizim asosida tartiblandi. Quyida bu tushunchalarni birma bir koʻrib chiqamiz.

 

Nuqson (toʻsiq) nima?

«Nuqson“ soʻzi lugʻatda ”Bir narsaning amalga oshishiga toʻsqinlik qiluvchi sabab, monelik, mashaqqat, muammo, toʻsiq, qiyinchilik» degan maʼnolarni bildiradi. Nuqson – jismoniy, aqliy yoki xatti-harakatdagi bir buzilish va muvaffaqiyatga toʻsqinlik qiluvchi har qanday kamchilikdir. Nuqson bir kamchilikning taʼsiri va shu sababli shaxs yoki jamiyatning oʻzidan kutilayotganidan koʻra kamroq muvaffaqiyat darajasida qolishini bildiradi[1].

Shaxsning yoshi, jinsi, ijtimoiy va madaniy omillarga bogʻliq holda bajarishi lozim boʻlgan rollarini, vujudida mavjud boʻlgan yoki keyinchalik paydo boʻlgan nuqson tufayli toʻgʻri bajara olmasligi holatiga “nuqson” deyiladi[2].

 

Nuqsonli (imkoniyati cheklangan) kishi kim?

Imkoniyati cheklanganlik holatini ifoda etuvchi “uzrli”, “majruh” kabi tushunchalar mavjud boʻlsa-da, soʻnggi paytlarda umumiy qabul qilingan tushuncha “nogiron” tushunchasidir. Hatto bugungi kunda bu tushunchaning jamiyat nazarida yanada ichkilashtirilishi va psixologik taʼsiri tufayli “imkoniyatsiz” sifatida ishlatilayotgani ham kuzatilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining General Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Majruh shaxslar huquqlari deklaratsiyasi”da nogiron shaxsning taʼrifi shunday qilib berilgan: “Oddiy bir shaxsning shaxsiy yoki ijtimoiy hayotida oʻzi bajarishi kerak boʻlgan ishlarni, jismoniy yoki ruhiy qobiliyatidagi tugʻma yoki keyinchalik paydo boʻlgan har qanday nuqson tufayli bajara olmaydigan shaxslardir”[3].

Nogiron – tugʻma yoki keyinchalik paydo boʻlgan har qanday kasallik yoki baxtsiz hodisa natijasida jismoniy, aqliy, ruhiy, hissiy yoki ijtimoiy qobiliyatlarini turli darajalarda yoʻqotgan, odatiy hayotning talablariga moslasha olmaydigan shaxsdir”[4].

Nogiron tushunchasi – aql, ruh, badan va aʼzolarda mavjud boʻlgan bir nuqson va kasallik tufayli hayotini davom ettirishda, ishlarni bajarishda va jamiyatga moslashishda qiyinchilik chekayotgan shaxslarni ifoda etadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti nogironlik konsepsiyasini quyidagicha tasniflagan va muayyan qoʻllanmalarga asoslangan holda, sogʻliq boʻyicha aniq taʼrif va tasniflar taqdim etgan:

Nuqson (Impairment): «Sogʻliq nuqtayi nazaridan “nuqson”; psixologik, anatomik yoki fizik tuzilish va funksiyalardagi bir nuqson yoki muvozanatsizlikni anglatadi».

Nogironlik (Disability): «Sogʻliq sogʻliq sohasida “nogironlik” bir nuqson natijasida yuzaga kelgan va oddiy insonga nisbatan muayyan bir ishni bajara olish qobiliyatini yoʻqotish yoki chegaralash holatini anglatadi».

Malollik, nogironlik (Handicap): «Sogʻliq sohasida “malollik” bir nuqson yoki nogironlik natijasida, maʼlum bir shaxsda yuzaga kelgan va uning yosh, jins, ijtimoiy va madaniy holatiga koʻra oddiy deb hisoblanadigan faoliyatni bajarish qobiliyatini cheklaydigan va chegaralaydigan kamchilikni anglatadi»[5].

 

Roviy kim?

Lugʻatda “Suv boshiga borib suv ichmoq; hadis rivoyat qilish” maʼnolaridagi rivoyat soʻzidan kelib chiqqan “roviy” (koʻplik shakli – ruvot) atamasi, termin sifatida «Hadisni oʻrgangan va uni ado etish terminlaridan biri bilan rivoyat qilgan shaxs» maʼnosida ishlatiladi. Bu atama “Hadisni ilk bor aytgan kishiga nisbatan rivoyat qilgan kishi”, baʼzan esa “Hadis toʻgʻrisida maʼlumoti bor yoki boʻlmagan holda uni sanadi bilan rivoyat qilgan kishi” sifatida musnidning muqobili sifatida taʼriflanadi.

Roviy soʻzidan fiqhu-r-roviy, adolatu-r-roviy, bidʼatu-r-roviy, fisqu-r-roviy, jaholatu-r-roviy; koʻplik shakli boʻlgan ruvotdan esa tasmiyatu-r-ruvot, tabaqotu-r-ruvot, holu-r-ruvot (ahvolu-r-ruvot), buldonu-r-ruvot (avtonu-r-ruvot va buldonuhum) kabi terminlar paydo boʻlgan[6].

 

Nogiron roviy

Nogiron kishi “nuqsoni boʻlgan, badanining qaysidir qismi yoki aʼzosi yoʻq yoki nuqsonli boʻlgan odam” maʼnosini anglatuvchi sifat hisoblanadi. Bizning tadqiqotimizda koʻrish va eshitish nuqsoni yoki badanining qaysidir qismi; qoʻl, yelka yoki oyoq kabi aʼzolari yoʻq roviylar tahlilini oʻrganish maqsad qilingan. Bu nuqsonlarni ifoda etuvchi tushunchalarni oʻrganadigan boʻlsak, quyidagi tartibda saralash va izohlash mumkin:

 

Koʻrish nuqsoni bilan bogʻliq tushunchalar

Koʻrish nuqsonini ifoda etuvchi koʻplab tushunchalar mavjud. Ular orasida eng keng tarqalgani aʼmo soʻzidir. Umuman olganda, bu soʻz boshqa barcha tushunchalar uchun ham qoʻllanilgan. Shuning uchun avvalo bu tushuncha zikr etiladi, soʻngra boshqa tushunchalarga qisqacha toʻxtalib oʻtiladi.

 

Aʼmo أعمى

Bu soʻzning kelib chiqishi arabcha boʻlib, عمي soʻzidan kelib chiqqan va davomiylikni ifoda etuvchi sifati mushabbaha qolipidandir. Koʻrish qobiliyatining toʻliq yoʻqolishi, ikki koʻzning ham koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlishi kabi maʼnolarni anglatadi. Bu soʻz bir koʻzning koʻrish qobiliyatini yoʻqotishni anglatmaydi. Chunki u har ikkala koʻzning ham koʻrish qobiliyatidan toʻliq mahrum boʻlishini anglatadi.

Aʼmo tushunchasi koʻzning koʻrish qobiliyatini yoʻqotishi maʼnosida haqiqiy maʼnosini anglatgani kabi, qalbning gʻaflat va zalolatga tushishi maʼnosida ham qoʻllanilgan. Bu borada Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

“Kimki, bu (dunyo)da koʻr (gumroh) ekan, bas, u oxiratda ham koʻr va butunlay yoʻldan ozuvchidir”[7].

Bundan oldingi oyatda Alloh taolo dunyo neʼmatlarini sanab oʻtgan, shundan keyin “bu neʼmatlarni koʻrmagan, koʻrishdan bosh tortgan va zalolatga tushganlar oxiratda ham bu neʼmatlarni koʻra olmaydi va zalolat yoʻliga mustahiq boʻladi”, deb taʼkidlagan. Oyatda bu tushuncha majoziy maʼnoda qoʻllangani xabar qilingan[8].

Xulosa qilib aytganda, koʻplab soʻz va tushunchalarda boʻlgani kabi, bu soʻzning ham haqiqiy va majoziy maʼnolari mavjud. Ammo bizning tadqiqotimizda bu tushunchalarning haqiqiy maʼnolariga eʼtibor qaratiladi. Shunga koʻra, aʼmo soʻzi koʻrish qobiliyatini toʻliq yoʻqotgan maʼnosida baholanadi.

 [1] Alptekin H. Engel türünün ve spor yapma alişkanliğinin girişimcilik üzerine etkilerinin incelenmesi. 3/2018.
[2] Musayev İ. Engelli bireylerin din eğitimi. 7/2013.
[3] Gencer M. Engellilik durumu ve engellilere yönelik toplumsal algi. 10/2019.
[4] T.C. Başbakanlık devlet istatistik enstitüsü başkanliği. 2004.
[5] Koca C. Engelsiz şehir planlamasi bilgilendirme raporu. 4/2010.
[6] Efendioğlu M. Roviy. TDIE, 2020.
[7] Isro surasi, 72-oyat.
[8] Ibn Manzur. Lisonul arab. – Bayrut: Doru Sodir, 1993. J. 15. – B. 95.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

SUGʻDIY YOZMA YODGORLIKLAR GRAFIK FONDINI YARATISH MASALASI

Markaziy Osiyo tarixi qadim tarixga ega mintaqa hisoblanadi. Mintaqa tarixiga doir maʼlumotlar yunon-rim, arman, fors, …