Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabining ustoz va talabalari, Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari, taʼlim sohasi faxriylari, ilmiy jamoatchilik va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda aka-uka tadqiqotchilar Hasanxon va Husaynxon Yahyo Abdulmajidning “Navoiydan chu topqaylar navoe” kitobi asosida shoirning sheʼriyat va hadislarga oid ilmiy merosiga murojaat qilindi. Mualliflardan biri Hasanxon Yahyo Abdulmajid, avvalambor, Alisher Navoiy ijodiyotining maʼrifiy yoʻnalishlari, xususan, Hazratning shariat va tariqat ilmiga xizmati borasida soʻz yuritdi. Jumladan, Navoiyning ilmu odob toʻgʻrisidagi qarashlari, bu haqdagi ayrim asarlari tahlil etildi. Shoir gʻazallaridagi majoziy obrazlar haqida maʼlumot berildi.
Muallif Navoiy nafaqat sheʼriyat mulkining sultoni, balki yetuk va odil davlat arbobi, ijtimoiy faol inson va tasavvuf mashoyixlaridan biri ham boʻlganiga eʼtibor qaratdi. U ulgʻaygan muhit qalbini ishqi ilohiy bilan toʻldirib, ongini diniy maʼrifat bilan boyitganini taʼkidladi. Qurʼon, tafsir, hadis va asosan tasavvuf imlari borasida ham kamolga yetgan alloma Abdurahmon Jomiyni oʻziga ustoz deb bilgani, aynan tasavvufda Jomiyga hech kim hali-hanuz Navoiychalik teng kela olmaganini qayd etdi.
Filologiya fanlari doktori, professor Erkin Musurmonov adib asarlarida maʼnaviy poklik mavzusining aks etishi haqida xulosalar berdi. Yana bir notiq – Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev alloma ijodining Movarounnahr adabiy muhitiga taʼsirini misollar orqali yoritib berdi.
Navoiyxonlik doirasida samarqandlik ijodkor Farmon Toshevning toʻrt jildlik saylanma asarlari taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.