Home / MAQOLALAR / OʻRTA OSIYO HUDUDIGA MOʻGʻULLAR BOSHLIQ URUGʻ-QABILALARNING KOʻCHIB KELISHIGA DOIR ZIDDIYATLAR VA YANGICHA QARASHLAR

OʻRTA OSIYO HUDUDIGA MOʻGʻULLAR BOSHLIQ URUGʻ-QABILALARNING KOʻCHIB KELISHIGA DOIR ZIDDIYATLAR VA YANGICHA QARASHLAR

Chingizxon boshliq Moʻgʻul imperiyasi tarixi jahon xalqlari tarixida ham muhim oʻrin tutadi. Oʻtgan sakkiz asr mobaynida moʻgʻulshunos, nomadolog (koʻch-manchishunos), sharqshunos va tarixchi olimlar diqqat markazida boʻlgan moʻgʻullar tarixining turli jihatlari haqida xorij va mahalliy tadqiqotchilar tomonidan izlanishlar amalga oshirilgan. Shunga qaramasdan, bu davrda mintaqadagi etnik holat, moʻgʻullar qoʻshinining etnik tarkibi va shunga doir masalalar haligacha toʻla yechim topmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, moʻgʻullar bilan birga Oʻrta Osiyoga kirib kelgan urugʻ-qabilalar va ularning manbalarda aks etishiga doir masalalarni tahlil qilmoqchimiz.

XIII asr boshlarida uzoq davom etgan kurashlardan soʻng, moʻgʻullarning qiyot-boʻrjigʻin qabilasiga mansub Temuchin aksariyat qabilalarni boʻysundirib, yangi davlatga asos soldi [29:117-121]. 1190-yilga qadar Temuchin yon atrofidagi moʻgʻul qabilalarini birlashtirdi va boshqa xalqlar ustiga yurish boshladi [43:235-255]. 1202-yil tatarlar, 1203-yil kerayitlar, 1204-1205-yillarda naymanlar va markitlar moʻgʻullar bosqiniga uchradi [35:148-149]. 1206-yilgi qurultoyda Temuchin “Chingizxon” nomi bilan xonlikka koʻtarildi [39:158]. Shu tariqa Chingizxonning qoʻshni koʻchmanchi xalqlar va oʻtroq davlatlarni bosib olishdan iborat faoliyati boshlandi.

1207, 1209 va 1227-yillardagi hujumlardan soʻng Tangʻut davlati batamom moʻgʻul imperiyasiga qoʻshib olindi [35:149-151; 41: 173-174]. Chingizxon 1207-yilda qirgʻizlar va boshqa “oʻrmon xalqlari”ni tobeʼ qildi [35:151]. 1208-1209-yillarda markit-nayman ittifoqi parchalandi [35:146-152] va natijada markitlar guruhlarga boʻlinib, yoʻq boʻlib ketish darajasiga yetdi. Naymanlar sardori Kuchluk qoraxitoylar goʻrxoni yordamida 1218-yilgacha jonini omon saqladi [14: 70-87, 128]. 1209-yil oyratlar ham boʻysundirildi. Shu yili Idikut Barchuq boshliq uygʻurlar qoraxitoylardan qutulib, moʻgʻullardan qochgan markitlarni yoʻq qildi va bu bilan Chingizxonga tobelik bildirdi [18:238].

Chingizxonning 1211-1215, 1232-yillarda uyushtirgan yurishlari natijasida Xitoy toʻla egallandi [35:76-78, 95].

Chingizxon naymanlar xoni Kuchluk ortidan gʻarbga siljiydi. Kuchlukning musulmonlarni taʼqib qilishi va ularni Chingizxondan yordam soʻrashi natijasida 1218-yil sobiq qoraxitoylar mulki – Sharqiy Turkiston va Yettisuv ham moʻgʻullar ixtiyoriga oʻtdi [42:56-58]. 1217-1219-yillarda markitlarning qolgan qismi moʻgʻullarga qarshi bosh koʻtardi, ammo bu foyda bermay, ularning sardori Toʻqtabegi oʻldirildi [3: 8-9; 13: 17-23]. Shuni taʼkidlash joizki, moʻgʻullarning markitlar yurtiga yurishi aslida Xorazmshohlar bilan boʻlajak toʻqnashuv oldidan ahvolni oʻrganish va nazorat qilishga qaratilgan reja edi. Yuqorida aytilganidek, bu holat “Oʻtror voqeasi” jarayonni tezlashishiga xizmat qildi va 1219-yil kuzda boshlangan urush natijasida uch yildan soʻng Xorazmshohlar davlati batamom yakson etildi [16:43; 35:199-217].

Maqolada XIII asr forsiy, arabiy va boshqa tillarda yozilgan oʻnlab manbalaridagi Chingizxonning bosqinchilik yurishlariga oid maʼlumotlar xolislik tamoyili asosida tahlil qilindi. Xususan, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Rashididdinning “Jome at-tavorix”, Jamol Qarshiyning “Mulhaqot as-suroh” va boshqalar shular jumlasidandir.

Moʻgʻul istilosi XIII asr oxiriga qadar davom etdi va natijada qirqqa yaqin davlat ularning bosqiniga duchor boʻldi [40:107-139]. Ular Movarounnahr shahar va qishloqlarini vayron qilib, aholiga nisbatan shafqatsiz siyosat olib bordi. Ularning aksariyati asir sifatida Moʻgʻulistonga olib ketildi. Natijada, bu davrda Movarounnahr aholisining katta qismi yoʻq qilindi. Masalan, 1221-1222-yillarda Samarqandda boʻlgan xitoylik rohib Chan Chun urushgacha bu yerda 100 ming xonadon yashagani, moʻgʻul istilosidan soʻng aholining faqat toʻrtdan bir qismi qolganini [28:311; 17:137-142] yozadi.

Omon qolgan xalq ogʻir iqtisodiy qiyinchilikda yashar, qishloq aholisi bir necha yil mobaynida unumli dehqonchilik qilolmagan edi. Moli va yeridan ajralgan xalqqa dehqonchilikni yoʻlga qoʻyish mushkul boʻlib, hosil olgan taqdirda ham moʻgʻullar katta oʻlpon solib, yetishtirilgan mahsulotni tortib olgan. Ayni shu yillarda voha atroflarida koʻchib yurgan chorvadorlar soni ham keskin kamaydi. Chorvadorlar mol-mulki musodara qilinib, oʻzi asir olindi. Xullas, moʻgʻul istilosi mintaqa xalqlari boshiga ogʻir kulfat keltirdi.

Moʻgʻullar bosqinidan keyin Movarounnahrdagi aholi qariyb yarim asr mobaynida etnik tarkibini tiklay olmadi. Moʻgʻullar koʻp ming yillik tarixga ega shaharlarni vayron qildi. Natijada, Movarounnahr taraqqiyoti bir necha asrlar orqaga uloqtirib tashlandi.

Vohalardagi kamchil aholining etnik holati deyarli oʻzgarmadi. Mahalliy xalqning asosini avvalgi davrdagidek oʻtroq aholi tashkil qilgan. Kambagʻallashgan yarim koʻchmanchi va yarim oʻtroq qavmlar oʻtroqlashib, mahalliy aholiga aralashib ketdi. Moʻgʻullar bosqinidan keyin ancha vaqtgacha yangi etnoslar Movarounnahrga koʻchib kelmadi.

1224-yilda Chingizxon imperiyasi hududini oʻgʻillari oʻrtasida uluslarga taqsimlaganda Moʻgʻuliston, Movarounnahr va Turkiston hududlari Chigʻatoyga beriladi [26: 366]. Shuningdek, boshqa uluslar qatori Chigʻatoy ulusini ham sipoh va muhofizlar qoʻshini bilan taʼminlab, maʼlum bir urugʻ-qabilalarni uning hukmiga topshiradi. Oʻzbek xalqi etnik masalalari yoritilgan koʻplab tadqiqotlarda Movarounnahr va unga qoʻshni hududlarga moʻgʻullar boshliq turli etnoslarning koʻchirilishi XIII asr 60-yillaridan boshlab amalga oshirila boshlangani taʼkidlanadi [38:385-386; 7: 452]. Bunga sabab qilib, shu yillarda Chigʻatoy ulusi hokimiyat talashishlar natijasida asta-sekin kuchsizlana boshlangani koʻrsatiladi. Ammo manbalarga koʻra, Chingizxon mamlakatni uluslarga taqsimlaganda toʻrtta qabilani mingboshisi boshchiligida Chigʻatoy ulusiga yuboradi. Bu qabilalarning nomi va mingboshilari xususidagi maʼlumotlar manbalarda turlicha. Xususan, “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”ga koʻra, Chingizxon Chigʻatoyga qoʻshin taqsim qilganda uning hissasiga Xarachar (Qorachor), Mungge, Idoxudoy, Kokochos ismli mingboshilarni beradi. Ular orasidan Kokochos Chigʻatoy mushaviri boʻlib, barin (bahrin)lardan, Xarachar barloslardan, Mungge jaloyirlardan edi [27:162]. Ammo Idoxudoyning qabilasi nomi keltirilmagan. Rashididdin Chingizxon Chigʻatoyga toʻrt mingboshi bergani haqida soʻz yuritib, faqatgina barloslardan Barulatay va Qorachor, jaloyirlardan Mungge noʻyon nomini tilga olgan [35:275]. “Muizz al-ansob”da esa Qorachor (barlos), Muge (jaloyir), Qishilik (sulduz), kichik Chigʻatoy (sunit) va Koshuk (yoki Kosu shaklida ham oʻqiladi) noʻyon nomi keltirilgan. Chigʻatoy ulusida barlos, jaloyir, sulduz birliklarining mavjudligi haqiqatdir. Ammo sunit etnik guruhining boʻlgani boshqa tarixiy manbalarda uchramaydi. Shunga koʻra, bu 4-etnik guruh arlotlar boʻlgan deyishga asos bor [27:62-163; 33:94]. Chunki arlotlar keyinchalik ham Amir Temur va temuriylar imperiyasidagi asosiy etnoslardan hisoblangan. Bundan tashqari, Chingizxon Chigʻatoyga nayman xalqidan iborat sakkiz ming kishilik qoʻshinni ham ajratadi [27:162]. Koʻchib kelgan mingboshilar oʻzi bilan birga oilasi va qabiladoshlarini ham Chigʻatoy ulusi hududiga koʻchirgan.

Bu qabilalarning ulus hududiga kelib oʻrnashish davri masalasiga qaytsak. Rashididdinga koʻra, Chigʻatoy xoni Baroqxon (1266-1271) va uning vorislari davrida, yaʼni XIII asr 60-yillaridan jaloyirlar nufuzi ancha ortib, 3-4 minglik maxsus otliq boʻlinmani tashkil qilgan [33:99]. Koʻrinib turibdiki, ulusga kelib oʻrnashgan qabilalar (mingliklar) XIII asr 60-yillaridan emas, 20-yillardanoq kirib kelgan va 60-yillarga kelib ularning nufuzi 3-4 barobarga ortgan.

Chigʻatoy ulusiga kelib joylashgan yirik etnoslardan yana biri jaloyirlar edi. Ular har biri ming oiladan iborat yetmish urugʻga boʻlingan [10:39]. Rashididdin jaloyirlarni XII asrda Onon va Kerulen daryolari havzalarida yashagan moʻgʻul deb ataluvchi turk qabilasi sifatida zikr etadi [32:129-149]. Unga koʻra, jaloyirlar asli turkiy qabila boʻlib, keyinchalik, moʻgʻul tilini oʻzlashtirgan. Abulgʻoziy jaloyirlar moʻgʻullarning darlagin eliga taqalishini taʼkidlab, bu el nukuz avlodi [1:43], deydi. V.V.Bartold, I.P.Petrushevskiy, P.B.Golden kabi olimlar ularni moʻgʻul tilli xalq ekanini yozadi [9:173; 18:256-257]. S.A.Amanjoʻlovga koʻra, jaloyirlarning asosiy negizi turklar boʻlgan. Olim Rashididdinga tayanib, jaloyir qabilasi tarkibida quriqin, tulangit, turi etnonimlari borligini aytadi [5:43-45]. K.Shoniyozovning taʼkidlashicha, quriqinlar yoqut va yenisey qirgʻizlarining ilk ajdodlari edi [38:385]. Tulengiy, tele (telengit) atamasi qadimgi turkiy qabila ittifoqining nomi boʻlib, IV-V asrlarda 11 qabilani birlashtirgan yirik etnik uyushma hisoblangan. Ularning keyingi avlodlari hozir ham (telengit, teles, teleut nomlari bilan) Oltoy va Sibirning bir necha mintaqalarida saqlanib qolgan. Shunga koʻra, telengit, quriqin va turilar turkiy xalq boʻlganini inobatga olsak, jaloyirlarning turkiy ekaniga shubha qolmaydi.

Haqiqatda, jaloyirlar Onon va Kerulen boʻylarida istiqomat qilayotgan vaqtda moʻgʻul tilida soʻzlashgan. Buni shu davrdagi shaxs ismlari ham isbotlaydi [44:271]. Ular dastlab Dashti Qipchoqqa, keyinchalik Movarounnahrda oʻrnashgach, til jihatidan turklashadilar. Moʻgʻul xoni Keyxatuning jaloyirlardan boʻlgan xotinidan tugʻilgan farzandlarining ismlari Qutlugʻ, el-Qutlugʻ, az-Qutlugʻ [44:272] boʻlgani ham ularni til jihatidan turklashganini koʻrsatadi.

Movarounnahrda oʻrnashgan jaloyirlarga Yesun noʻyonning oʻgʻli Muka boshchilik qilgan [33:94]. Ular Angren havzalari va Xoʻjand atrofida joylashgan. Oʻnta yirik qabiladan iborat jaloyirlarning aksariyati kidanlarga qarshi jangda halok boʻlgan. Baroqxon va uning avlodlari davrida ular yanada kuchayib, Chigʻatoy xonlarining asosiy harbiy kuchiga aylangan.

XIII asr davomida jaloyirlarning bir guruhi Ozarbayjon va Iroqqa koʻchib, oʻz davlatini barpo qilgan [36:15-16]. XIV asr oʻrtalarida ularning boshqa guruhi Eron shimolida oʻrnashib, Jaloyirlar sulolasiga asos solgan. Bu vaqtda ularning yana bir qismi Oltin Oʻrda hududida istiqomat qilgan [18:249]. Ular moʻgʻullarning boshqa uluslarida ham yirik etnos sifatida siyosiy hayotda faol oʻrin tutgan.

Jaloyirlar bilan birga mintaqaga kelib oʻrnashgan barloslarning vatani Onon va Kerulen daryolari havzalarida edi [1:46]. Ular dastlab moʻgʻul tilida soʻzlashgan, keyinchalik, Dashti Qipchoqqa koʻchib, u yerdagi turkiy etnoslar taʼsirida til jihatidan turklashgan. Barloslar Movarounnahrga kirib kelgandan soʻng, tamoman turklashib ketgan [44:82].

Chingizxon davrida barloslar yirik va ishonchli kuchga aylangan. Moʻgʻullar istilosi davrida tilga olingan Togʻochor noʻyon[1], Qubilay noyon [35:189]  va Qorachur noyon [37:21]  (Qorachor noʻyon – U.S.) qabilaning yirik harbiy lavozimdagi vakillari edi.

Chingizxon vorislari davrida barloslarning bir qismi Ili daryosi chap sohilida, Sharqiy Turkistonning gʻarbiy hududlari va Qoshgʻarda oʻrnashdi. Qoshgʻardagi barloslar boshligʻi XV asrda Amir Mirak Mirzo edi. Mirzo Haydar bu haqda “Mirzo amakimga togʻa boʻlib, barcha kengash va majlislarda ularning fikrlari asosiy hisoblangan” [26:423], degan.

Ili daryosi boʻylari va Sharqiy Turkistonda yashovchi barloslarning bir qismi XIII asr 20-yillaridan Qashqadaryo vohasiga kelib oʻrnashdi. Rashididdinning yozishicha, 1224-yil Chingizxon Chigʻatoyga ulus uchun toʻrt ming kishilik qoʻshin berganda, uning ming kishilik boʻlinmasi barloslardan iborat boʻlgan. Unga Barulatoy va Qorachor noʻyon boshchilik qilgan [35:275]. Barloslarning ushbu guruhi Amir Temurning qavmdoshlari boʻlib, keyinchalik, Sohibqironga sidqidildan xizmat qilgan.

Barloslarning etnogenezi bugungi kunda ham toʻla yechim topmagan va bu xususda turli qarashlar mavjud. Xususan, ularni V.V.Bartold moʻgʻul tilli xalq [9:173], Z.V.Toʻgʻon asil moʻgʻul xalqi [44:64], P.B.Golden esa turklashgan moʻgʻul qabilasi [18:256-257], deb yozadi. Rashididdin bergan maʼlumotlarga koʻra, barloslarning ilk ajdodlari turklar boʻlib, keyin moʻgʻul nomini olgan nurun qabila ittifoqiga kirgan [35:178-198]. Shunga koʻra, ularning ajdodlari turkiy xalqlar boʻlganiga shubha qolmaydi. Taʼkidlash joizki, barloslar uzoq vaqt mobaynida moʻgʻullar bilan birga yashab, ularning tilini oʻzlashtirgan. A.Yu.Zuyev xitoy manbalarini tahlil qilib, barloslar turkiy xalq [49:178-185], degan xulosaga keladi. Bu esa barloslarni turkiy xalq ekanini manbalar asosida yana bir karra isbotlaydi. Keltirilgan maʼlumotlarga asoslanib, barloslarning etnogenezi turkiy etnoslar bilan bevosita bogʻliq, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bizgacha yetib kelgan Oʻzbekiston va Tojikistondagi barloslar oʻzini turk-barloslar deb atagani ham bunga yorqin misoldir.

Naymanlar ham XIII asr 20-yillarida Chigʻatoy ulusi hududiga kelib joylashgan asosiy etnoslardan edi. Ularning kelib chiqishi borasida turli qarashlar mavjud. Bir guruh tarixchilar nayman moʻgʻulchada “sakkiz”, “sakkiz qabila” degan maʼnolarni anglatishiga qarab, ularni moʻgʻul desa [18:236], boshqalari ularning turkiyligini isbotlashga harakat qiladi [32:249-251].

Maʼlumki, qadimgi sharq qoʻlyozmalari va Oʻrxun yozuvlarida “sakkiz oʻgʻuz” qabila ittifoqi tilga olingan. X asr oʻrtalarida ular yashagan yerlarni qoraxitoylar ishgʻol qilgach, ularning vassallariga aylangan bu xalq naymanlar deb atala boshlangan [48:98].

XIII asrda naymanlar moʻgʻullashgan edi. Aksariyat qismi xristian boʻlgan naymanlar [44:262] uygʻurlar urf-odatlarini qabul qiladi. Naymanlar uygʻurlar bilan yaqin madaniy aloqada boʻlgan. Darvoqe, XIII asr boshlarida nayman xoni oʻz qarorgohida oʻqimishli uygʻurni davlat muhrini saqlash va yozuv ishlari uchun saqlagan. U Xitoy transkripsiyasida “Ta-ta-tonga” deb atalgan [48:97].

XIII asr boshlarida Nayman davlati parchalangach, ularning xoni Tayangxonning oʻgʻli Kuchluk avval amakisi Buyruqxondan, keyin Ili daryosi sohilidagi qoraxitoylardan yordam soʻraydi [34:135-138]. Bu vaqtda naymanlar bir qancha tumandan iborat yirik va kuchli qabila edi. Chingizxon ularning katta qismini qirib yuboradi. Qolganlari Chingizxonning keyingi harbiy yurishlarida ishtirok etadi. Manbalarga koʻra, Chingizxon ularni oʻgʻillari hamda yaqin qarindoshlari orasida boʻlib beradi. Xususan, Chingizxon onasi va kichik ukasi Otchiginga oʻn ming, Joʻjiga toʻqqiz ming, Chigʻatoyga sakkiz ming, Ugadoyga besh ming, Tuluga besh ming, Xasarga toʻrt ming, Alchidayga ikki ming, Belgutayga bir ming besh yuz odam berdi [27:162]. Natijada, naymanlar parchalanib, yoʻq boʻlib ketish darajasiga yetadi. Manbalarda Chigʻatoy ulusiga koʻchirilgan naymanlarning joylashgan hududi toʻgʻrisida aniq maʼlumot keltirilmagan. Ammo “Zafarnoma”da ushbu qabilaning bir qismi shimoliy Xuroson va Amudaryo boʻylarida yashayotgani haqida maʼlumot berilgan. Shuningdek, ularning yirik amirlaridan biri Muhammad Xoja Apardiy haqida soʻz yuritilgan [50:316]. Amir Temur qoʻshinida ham naymanlar boʻlib, ularga Oqbugʻa nayman boshchilik qilgan [50:46]. Naymanlarning Amir Temur va temuriylar davrida ham yetakchi harbiy-siyosiy kuch ekaniga qaraganda ular Movarounnahr va unga tutash hududlarda istiqomat qilgan.

Naymanlarning boshqa bir qismi Joʻji ulusida  boʻlib, keyinchalik, koʻchmanchi oʻzbeklar hukmdori Abulxayrxon ularga Tura shahri dorugʻaligini topshiradi [44:292].

Bu davrda Movarounnahrda oʻrnashgan etnoslardan yana biri sulduzlar boʻlib, ular moʻgʻul tilida soʻzlashuvchi qabila edi [44:82]. Abulgʻoziy sulduzlarni moʻgʻul xalqi, deb ataydi [1:41]. Bu fikrni P.B.Golden ham takrorlaydi [18:256-257].

Chingizxon saroyidagi nufuzli amirlar sulduzlardan boʻlgan [34:172-174]. Ular moʻgʻullarning Moʻgʻuliston, Xitoy va Erondagi (Elxoniylar) davlatlarida yuqori amallarda xizmat qilgan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, moʻgʻullar davrida sulduzlar boshqa qabilalarga qaraganda bir qancha koʻp tumanni tashkil etgan [44:252]. Rashididdinga koʻra, ular Chingizxonga toyjovutlarga qarshi kurashda yordam bergan. Bu davrda ularga Toyju sulduz boshchilik qilgan [34:172-174, 180-183].

Sulduzlarning katta guruhi Chingizxon qoʻshini tarkibida Dashti Qipchoqda, qisman Movarounnahr va shimoliy Afgʻonistonda ham oʻrnashgan. Undan keyingi davrlarda sulduzlarning maʼlum qismi Ozarbayjon va Eronga koʻchib oʻtadi. Movarounnahrdagi sulduzlar Amir Qazagʻon vafot etgach, amir Bayon Sulduz yetakchiligida bir necha yil Samarqandni boshqargan. Ularning boshqa qismi XIV asr oʻrtalarida Oʻljoy Buqo Sulduz rahbarligida Balxda yashagan.

XIII asr 20-yillarida Movarounnahrga kelib oʻrnashgan yana bir yirik etnos – arlotlar boʻlib, ularning vatani Moʻgʻuliston edi [35:78, 87-88]. Rashididdin arlotlarni haqiqiy moʻgʻul qavmi sifatida tilga oladi. Uning yozishicha, arlot kishi nomi boʻlib, keyinchalik oʻsha shaxs nomi qabilaga nisbatan qoʻllangan [35:78, 87-88]. Abulgʻoziy ham bu fikrni takrorlab, arlotning maʼnosi – “otani sevgan oʻgʻil” [1:40], degan.

Arlotlar Movarounnahrda yashab, oʻz tilini asta-sekin unutib, turkiy tilni qabul qilgan. Yettisuv arlotlarining bir qismi Surxondaryo viloyatining janubi, Termiz atroflari va shimoliy Afgʻoniston mintaqalariga oʻrnashadi. Ular keyinchalik, Amir Temurga sadoqat bilan xizmat qilib, uning harbiy yurishlarida ishtirok etgan [26:87].

Arlotlarning sharqiy Chigʻatoy ulusi (Moʻgʻuliston)da qolgan guruhlari moʻgʻul xonlari davrida yuqori mansablarni egallagan. Arlotlar Elxoniylar davlatida ham katta mavqega ega yirik qabila hisoblangan [44:231]. Ammo baʼzi moʻgʻul xonlari arlotlarni yoqtirmagan [26:187].

Qavchin muhofiz qoʻshini ham moʻgʻul hukmdorlari bilan Movarounnahr va unga tutash hududlarga kelib, oʻrnashib qolgan. Ular dastlabki yillarda Chigʻatoy hukmdorlari qayerda toʻxtab, joylashgan boʻlsa, shu yerda oʻrnashgan. Chigʻatoylilar Ili vodiysidan Movarounnahr ichkarisiga siljigani sari qavchinlar ham mamlakat ichkarisiga kelib joylashgan. Ularning moʻgʻul xonlari bilan birga harakatlanishiga sabab – muhofiz qoʻshini ekanidir. Ular Chingizxon imperiya tashkil etgan ilk yillardanoq turli urugʻ-qabilalardan tashkil etilgan qoʻriqlovchi guruh boʻlgan. Ammo ular bu davrda qabila boʻlmagan. Bundan anglashiladiki, qavchin termini dastlab etnonim sifatida qoʻllanmagan. Bu soʻz moʻgʻul xonlarini qoʻriqlovchi muhofiz guruhlariga nisbatan ishlatilgan umumiy nom boʻlgan.

Qavchinlarning Movarounnahr va unga tutash mintaqalarga joylashishi xususida toʻxtalsak. Aksariyat olimlar, jumladan K.Shoniyozov va A.Asqarovning oʻzbek xalqining etnik tarixiga bagʻishlangan qator tadqiqotlarida qavchin etnonimi kuzatiladi. Olimlar qavchinlarning Movarounnahrga kelib joylashishi toʻgʻrisida deyarli bir xil maʼlumot beradi [38:384; 7:452]. O.Boʻriyev “Zafarnoma” muqaddimasiga asoslanib, qavchinlar Chingizxon davridan eʼtiborli qabilalardan sanalgani va Chingizxonning katta xotini Barta (Borte – U.S.) qavchinlarga mansub boʻlganini taʼkidlaydi [51:96]. Ammo “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi” va “Jome at-tavorix”da Borte fujin (ujin, kujin, kuchin shakllarida ham uchraydi) unggirat [Unggirat] qabilasidan  Day sechenning qizi ekani aytilgan [27: 21; 35:68]. Rashididdin ism bilan birga kelgan shu kabi qoʻshimchalar bu davrdagi boshqa oliymaqom turk-moʻgʻul ayollari ismiga ham qoʻshib aytilgan, degan. Xususan, Chingizxonning onasining ismi ham “fujin”, “ujin” qoʻshimchalari bilan birga tilga olingan. “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da Hoelun-ujin, Juvayniyda Yesujin, Rashididdinda Oelun-fujin shakllarida uchraydi [27:17; 52:107; 35:51]. Rashididdinga koʻra, bu atamalar xitoycha soʻz boʻlib, turkiy “xatun”, “xotun” atamalari bilan aynan bir xildir [35:51]. Yana bir fakt “Tarixi Rashidiy”ga tegishli. Unga koʻra, “Qoshgʻar va Xoʻtan aholisi (ijtimoiy jihatdan boʻlinish nazarda tutilgan – U.S.) “toʻrt qism”ga boʻlinadi. Birinchisi “tuman” boʻlib, raiyatni anglatgan. Ular xonga tobe boʻlib, har yili soliq toʻlab turgan. Ikkinchisi “qavchin” – ularni ota-bobolarim boshqarib kelgan (Bu yerda qavchin etnonim sifatida emas, harbiy gvardiya uchun umumiy nom shaklida qoʻllangan. Agar etnonim tarzida qoʻllanilganda edi qolgan 3 guruhda ham etnonimlar keltirilgan boʻlar edi. Dugʻlotlar Moʻgʻulistonning ulusbegisi boʻlgani uchun harbiy qoʻshin ham toʻgʻridan-toʻgʻri ularga boʻysungan – U.S. ). Keyingisi “aymoq” deyiladi, ulardan har biri don, mato va boshqa narsalar koʻrinishida daromad olgan, ota-bobolarim ham shu qismga tegishli boʻlgan. Toʻrtinchisi – shariat mansabdorlari, masjid, madrasa, vaqf yerlarining mutasaddilari boʻlgan, ularning koʻpchiligi ota-bobolarimga tobe boʻlgan” [27:418].

Tadqiqotlarda qavchinlar Movarounnahrga boshqa qabilalar qatorida qabila sifatida kelib oʻrnashganidan ortiq maʼlumot keltirilmagan. Moʻgʻullar davri aks etgan birorta tarixiy manbada (Juvayniy, Rashididdin va boshq.) qavchin etnonimining qayd etilmagani ham bu davrda qavchin deb ataluvchi qabila boʻlmaganini isbotlaydi. Faqatgina “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da muhofiz qoʻshini harbiy gvardiya uyushmasi moʻgʻulcha harbiy “qavchin” deyilishiga ishora qilingani va keyinchalik temuriylar davri manbalarida ham qavchinlarni hukmdorlarning asosiy harbiy gvardiyasi boʻlgani bizning yuqorida ilgari surgan fikrimizni tasdiqlaydi [46:35-39].

Qavchinlar chingiziylar va temuriylar qoʻshinida alohida nufuzga ega boʻlgan [53:49-51]. Temuriylar davri manbalarida Mirzo Ulugʻbek qoʻshinining asosini qavchinlar tashkil qilgani bir necha marta tilga olingan.

XIII-XIV asrlarda Movarounnahrga moʻgʻul va turklashgan moʻgʻul qabilalarining kirib kelishi yanada jadallashgan. Shu davrda oʻlkamizga yuqorida keltirilgan etnik guruhlardan tashqari olchin, dugʻlot, bahrin, markit, boyovut va boshqa koʻplab moʻgʻul, turklashgan moʻgʻul va turkiy qabilalar kirib kelgan. Ular nisbatan kam sonli boʻlib, iqtisodiy holati ham turlicha boʻlgan. Shu bois, avvalo, kambagʻal qismi qisqa vaqtda mahalliy aholiga singib, madaniy-xoʻjalik taʼsirida oʻz tilini unutgan va turkiy tilda soʻzlashgan.

Movarounnahrda oʻrnashgan etnoslardan yana biri turklashgan moʻgʻul qavmi sanalgan bahrinlar edi. Biroq Rashididdin ularni Chingizxon davridagi turk qabilalari qatorida tilga oladi [32:249-251]. Ular moʻgʻul istilosi davrida Dashti Qipchoqqa kelib joylashib, vaqt oʻtishi bilan turklashgan [53:55-56].

Abulgʻoziyning yozishicha, moʻgʻul xoni Bachin qayonning Barin ismli oʻgʻli boʻlib, bahrinlar uning naslidan tarqalgan. Bahrinlar turk va moʻgʻul xalqlari ijtimoiy hayotida muhim mavqega ega edi. Z.V.Toʻgʻon maʼlumotlariga koʻra, ular oʻrdaga mansub “ulugʻ bek”lar chiqqan uygʻur, qiyot, boyovut va kongit qabilalari qatoridan joy olgan [44:252].

Movarounnahrdagi bahrinlarning aksariyati Toshkent vohasi va Fargʻona vodiysida, qolgan qismi esa Zarafshon vohasida oʻrnashgan. Ular Sharqiy Chigʻatoy ulusida ham talaygina boʻlib, Doʻlandan uch kunlik yoʻlda joylashgan Uruqtomda istiqomat qilgan [26:263].

Chigʻatoy ulusi amaldorlari va sarkardalari orasida ham bahrinlar alohida oʻrin tutgan. Xususan, sharqiy ulusda Yagʻlibey barin (bahrin) [44:366], Dumasa va Chanpu bahrinlar [26:81] (bular Ilyosxojaning amirlari edi), Erzan barin (Yunusxonni 30 ming uylik moʻgʻul bilan birga Samarqandga Mirzo Ulugʻbek huzuriga olib borgan [26:136-137]) va boshq.

Bu davrda Chigʻatoy ulusi hududlarida oʻrnashgan etnoslardan yana biri dugʻlotlar edi. Rashididdinga koʻra, ular moʻgʻul qabilasi boʻlgan [34:78,193]. V.V.Bartold ham bu fikrni takrorlaydi [9: 529-533]. Ammo N.A.Aristov Gʻarbiy Turk xoqonligidagi yirik qabila ittifoqlaridan biri dulularni dugʻlotlar bilan bir xalq ekanini taʼkidlaydi. Buni inobatga olsak, dugʻlotlarning qadimiy turkiy qavm ekani maʼlum boʻladi.

Chingizxon qoʻl ostidagi mamlakatlarni oʻgʻillariga boʻlib berganda, dugʻlotlar Chigʻatoy ulusi tasarrufida edi. Bu paytda dugʻlotlar Sharqiy Turkiston, Issiqkoʻlning janubi va Fargʻona vodiysining shimoliy tumanlarida koʻchib yurgan. XIV asr ikkinchi yarmi – XV asrda sharqiy Chigʻatoy ulusida dugʻlotlar mavqei ancha oshdi. Ularning bir qismi mustaqillik uchun tinimsiz kurash olib borib, 1427/28 yilda Qoshgʻarni egallaydi va davlatni XVI asr birinchi choragigacha idora qiladi [23: 35-44].

Bu davrda Movarounnahrda oʻrnashgan etnoslardan yana biri markit (merkit, makrit)lardir. Rashididdinga koʻra, ular moʻgʻul qabilasi edi [34:114]. Markitlar oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoning eng jangovar va koʻp sonli qabilalaridan sanalgan [53:48-49]. Baʼzi tarixchilar markitni mukrilar bilan tenglashtirsa, L.N.Gumilyov ularni qirgʻizlarga chegaradosh “oʻrmon xalqi” [48:89], degan.

Markitlar XII asr oxiri – XIII asr boshlarida Selenga daryosi boʻylari va Baykal koʻlining janubida yashagan. Shu davrda ularning aksariyati uygʻurlar taʼsirida xristianlikni qabul qilgan [18:236]. Markitlar uch qabilaviy ittifoqqa (uduit, qaat, uvas) boʻlingan [11:51]. Bu vaqtda ularga avval Toʻqtabegi (uning oʻgʻillari Qudu, Qal va Chlajun moʻgʻullardan qochib, qipchoqlar oldiga boradi [27:70-79]. Moʻgʻullar qipchoqlar bilan urushib, Qudu markitni oʻldiradi [3:8-9]), undan soʻng Tayr Usun boshchilik qilgan. Tayr Usun Chingizxonga qizi Kulon Xotunni xotinlikka beradi. Rashididdinning yozishicha, Kulon Xotunning Chingizxondan Kulkan degan oʻgʻli boʻlgan [34:116].

Markitlar yaqin qoʻshnilari kerayitlar, tatarlar va moʻgʻullar bilan doim urushib turgan. Hujumlardan birida ular Chingizxonning xotini Borteni asirga oladi [1:38]. Kerayit xoni Oʻngxon Borteni qutqarib, Chingizxonga qaytaradi. Birozdan soʻng Chingizxon markitlarni butunlay tor-mor etadi. Natijada, ular tamoman yoʻq boʻlish darajasiga yetadi. Markitlarning maʼlum qismi XIII asrda Movarounnahrga koʻchib oʻtadi. Chigʻatoy ulusida ularga Qulika bahodir boshchilik qilgan [26:426].

Markitlar keyinchalik Amir Temur qoʻshini tarkibida ham harbiy yurishlarda ishtirok etadi.

Shu davrda Movarounnahrda yashagan etnoslardan yana biri boyovut (bayot)lar edi. Ular aslida turkiy etnos boʻlib [30:89-90], Chingizxongacha moʻgʻullashib, turk anʼanalarini unutib yuborgan [44:67]. Abulgʻoziyning yozishicha, boyovutlar ikkiga boʻlingan (jadayin boyovut va makrit boyovut) [1:42].

Rashididdin boyovutlar Movarounnahrga moʻgʻullar bilan birga kirib kelganini taʼkidlaydi [34: 175-177]. Ular moʻgʻul imperiyasida yirik qabila sifatida oʻrdaga mansub “ulugʻ bek”lar chiqargan uygʻur, qiyot, bahrin va kongitlar qatoridan joy olgan. Shuningdek, boyovutlar uygʻurlar bilan birga moʻgʻul uluslarida “bitikchi” – davlat devoni maʼmuri vazifasini ham bajargan [44:252]. Xususan, ular Chingizxon, Tuli va Xubilay saroyida xizmat qilgan [34:175-177].

Manbalarda qipchoqlarga tegishli urugʻ sifatida tilga olingan bayot etnonimi bilan boyovutlar oʻrtasida bogʻliqlik boʻlishi mumkin. Negaki, bu ikki termin baʼzan almashib kelgan. Abulgʻoziy bergan maʼlumotlarga koʻra, boyovut qadimgi turkchada boylar degan maʼnoni anglatadi [1:26-27]. Boyovut turkiy qavmlar tarkibida boy, boydor, boylar, boyot kabi etnonimlar bilan genetik jihatdan birdir, yaʼni boyovutning asosi bayot bilan bir xil.

Juvayniy Xorazmshohning onasi Turkon Xotun bayot (boyovut – U.S.)lardan ekanini yozadi. Bu aksariyat tadqiqotlarda ham aks etgan [22:73,147; 44:432]. Bayotlar Oqquyunli turkman guruhlarini ham qoʻllab-quvvatlagan etnos edi. Nasabnomalarda boyovutlar 92 oʻzbek urugʻining biri sifatida tilga olinadi. Bu urugʻga mansub kishilarning avlodlari hozirgacha Oʻzbekiston hududida yashab kelmoqda.

Moʻgʻullar oʻzi nazorat oʻrnatgan mamlakatlarda urush yillarida kamayib ketgan va asirlikka olingan xalqlar oʻrnini Onon, Kerulen, Ili vodiylari, Sharqiy Turkiston va Yettisuv hududlaridan kelgan barlos, jaloyir, bahrin, sulduz, arlot, nayman kabi oʻnlab turkiy va moʻgʻul etnoslari bilan toʻldirdi. Rashididdin Duvaxon hukmronligi davrida (1281-1307) Movarounnahrda oʻrnashgan etnoslar salmogʻi Chigʻatoy davrida kelib joylashgan xalqlarga qaraganda bir barobarga ortganini yozadi [54:130].

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, moʻgʻullar hujumi yillarida kamayib ketgan Movarounnahr va unga tutash hududlar aholisi ular bilan birga kelib oʻrnashgan etnoslar hisobiga toʻldirildi. Kirib kelganlarning aksariyati turkiy yoki turklashgan moʻgʻul urugʻ – qabilalari edi. XIII asr davomida Movarounnahrga koʻplab (jaloyir, barlos, arlot, mangʻit, qoʻngʻirot, oyrot, kerayit, nekoʻz, burqut, ungut, chinoz, toyjovut va boshq.) urugʻ-qabilalar kelib oʻrnashdi. Moʻgʻullar bilan birga Movarounnahrga kelib oʻrnashgan turk-moʻgʻul etnoslarining birinchi toʻlqini tadqiqotlarda aytilganidek, XIII asrning 60-yillaridan emas, 20-yillaridan ekani manbalar asosida isbotlandi. Movarounnahrda joylashgan etnoslarning aksariyati XIV asr oʻrtalariga kelib etnik mansubligidan qatʼi nazar til jihatidan  tamoman turkiylashdi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abulgʻoziy Bahodurxon. Shajarayi turk. – T.: Choʻlpon, 1992.
  2. Alan H. Bozkırdan Cennet Bahçesine Timurlular (1360-1506). (1360-1506). – İstanbul, 2007.
  3. Allsen T.T. Prelude to the Western campaigns: mongol military operations in the Volga-Ural region, 1217-1237. // AEMAe. № 3. 1983.
  4. Allsen T.T. The Yuan dynasty and the Uighurs of Turfan in the 13th century // CAE. – Berkeley., 1983.
  5. Амонжолов С.А. Вопросы диалектологии и истории казахского языка. – Алма-Ата., 1959.
  6. An-Nasaviy Shihobiddin Muhammad. Sulton Jaloliddin Manguberdi. – T., 2006.
  7. Asqarov A.A. Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi. – T., 2015.
  8. Бартольд В.В.Туркестан в эпоху монгольского нашествия. Соч. Т.I. – Москва, 1963.
  9. Бартольд В.В. Двенадцать лекций по истории турецких народов Средней Азии. Соч. Т. V. – Москва, 1968.
  10. Boʻriyev O. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida Markaziy Osiyo aholisining etnik-hududiy holati haqida maʼlumotlar // OʻzMU xabarlari. – T., 2013.
  11. Boʻriyev O., Xoʻjamberdiev T. Etnologik atamalarning qisqacha izohli lugʻati. – Qarshi, 2004.
  12. Boyle J.A. The Mongol world empire (1206-1370). – London, 1977.
  13. Buell P.D. Early mongol expansion in Western Siberia and Turkestan (1207-1219): a Reconstruction // CAJ. № 36/1-2. 1964.
  14. Буниятов З.М. Государство хорезмшахов – Ануштегинидов (1097-1231). – M.: Наука, 1986.
  15. Cüvaini Alaaddin Ata Melik. Tarih-i Cihangüşa / Çev. M.Ozturk. – Ankara, 1988.
  16. Джамал ал-Карши. Мулхакат ас-Сурах / Перевод с арабского и примечание А.Саидов. – Душанбе: Ирфон, 2006.
  17. Eberhard W. Türkistan Seyahatnamesi // Belleten. VIII/29. 1944.
  18. Golden Р.В. Türk halklari tarihine giriş / Çev. O.Karatay. – Ankara, 2002.
  19. Греков Б.Д., Якубовский A.Ю. Золотая Орда и ее падение. – Москва, 1950.
  20. Juvaini ʼAla-ʼ-ad-Din ʼAta-Malik. The History of the world conqueror / Transl. from the text of Mirza Muhammad Qazvini by J.A.Boyle; With a new introduction and bibliography by David O. Morgan. – Manchester: Manchester University Press, 1997.
  21. Kafalı Çağatay Hanlığı // Türkler. VIII. – Ankara, 2002.
  22. Kafesoğlu İ. Harezmşahlar devleti tarihi (485-616/1092-1221). – Ankara, 1956.
  23. Кутлуков М.К. К истории взаимоотношений Яркендского ханства и Китая в ХV-ХVII вв. // Новое в изучении Китая. – Москва, 1988.
  24. Кутлуков М.К. К истории взаимоотношений Яркендского ханства и Китая в ХV-ХVII вв. // Новое в изучении Китая. – М., 1988.
  25. Kwanten L. Imperial Nomads: A history of Central Asia 500-1500. – Phildelphia, 1979.
  26. Mirzo Muhammad Haydar. Tarixi Rashidiy / Nashrga tayyorlovchilar: V.Rahmonov, Ya.Egamova. – T.: Sharq, 2010.
  27. Moğollarin Gizli tarihi. – Ankara, 1986.
  28. Описание путешествия даосского монаха Чан Чуня на Запад. Труди членов Российской духовной миссии в Пекине. Т. IV. – СПб., 1866.
  29. Pelliot P., Hambis L. Histoire des campagnes de Gengis Khan. I. – Leyden, 1951.
  30. Qoshgʻariy Mahmud. Devonu lugʻotit turk / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi: S.M.Mutalliboyev. T. I. – T.: Fan, 1960.
  31. Rachewiltz I de. Turks in China under the Mongols: A Preliminary investigation of Turco-Mongol relations in the 13th-14th centuries// CAE. – Berkeley, 1983.
  32. Rashid ad-Din Fazlallāx. Djāmi at-tavārix / A.Alizada. T. I. – Baku-Moskva, 1957.
  33. Рашид ад-Дин. Сборник летописей. Т. II. / Пер. с перс. Ю.П.Верховского. – Москва, 1960.
  34. Рашид-ад-Дин. Сборник летописей. Т. I/1. / Пер. с перс. О.И. Смирновой. – Москва, 1952.
  35. Рашид-ад-Дин. Сборник летописей. Т. I/2. / Пер. с перс. О.И. Смирновой. – Москва, 1952.
  36. Reid J.J. Tribalizm and society in islamic Iran 1500-1629. – Malibu, Calif, 1983.
  37. Shomiy Nizomiddin. Zafarnoma / Fors tilidan oʻgiruvchi Yu.Hakimjonov. Tarjimani qayta ishlab nashrga tayyorlovchi va masʼul muharrir A.Oʻrinboyev. – T.,
  38. Shoniyozov K.Sh. Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni. – T., 2001.
  39. Сокровенное сказание. Монголская хроника 1240 г. Т.I / Введ. в изучение памятника, пер., тексти, глоссарии С.А. Козина. – Москва, 1941.
  40. Татаро-монголи в Азии и Европе. Сборник статей. – Москва: Наука, 1977.
  41. The secret history of the mongols. – Cambridje, Mass., 1982.
  42. The Taʼrich-i-Jahan-gusha of ʼAlaʼu ʼd-Din ʼAta Malik-i- Juwayni. / Ed. by Mirza Muhammad ibn ʼAbduʼl-Wahhab-i-Qazwini. Pt. I, containing the history of Chingiz Khan and his successors. – Leyden-London: Brill, Luzac, 1912.
  43. Togan İ. Çinggis han ve moğollar türkler. VIII. – Ankara, 2002.
  44. Togan Z.V. Umumi türk tarihine giriş. 1. Cilt. En eski devirlerden 16 asra kadar. – İstanbul., 1981.
  45. Ulashova S.U. Jaloyirlar haqida ayrim mulohazalar // Akad. U.Karimov nomidagi yosh sharqshunoslar konferensiyasi materiallari. – T., 2008.
  46. Ulashova S.U. Qavchinlar tarixida. Моziydan sado. 3.(79). – T., 2018.
  47. Ulashova S.U. Chingizxonning muhofiz qoʻshini // Аkad. U.Каrimov nomidagi yosh sharqshunoslarning konferensiyasi tezislari. – Т., 2019.
  48. Ziyotov Z. Turon qavmlari. – T.: Istiqlol, 2008.
  49. Зуев A.Ю. “Джами-ат-таварих” Рашид ад-дина как источник по ранней истории жалойиридов (Писменний памятники Востока. Историко-филологические исследования). – Москва, 1972.
  50. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. – T., 1997.
  51. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. Muqaddima. 1-kitob. // Fors tilidan O. Boʻriyev tarjimasi. – Toshkent, 2020.
  52. Alaaddin Ata Melik Cüvaini. Tarih-i Cihangüşa / Çev. M.Ozturk. – Ankara, 1988.
  53. Martin H.D. The Mongol Army // JRAS. – 1943.
  54. Rashididdin. Jome at-tavorix. Topkapi kutubxonasi, Turkiya. № 1518.
[1] U Qorachor noʻyonning akasi boʻlib, moʻgʻullarning Nishopur yurishida qat-nashgan (Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi. T., 2006. – B. 111.
SEVINCH ULASHOVA,
Alfraganus universiteti dotsenti, PhD

Check Also

SUGʻDIY YOZMA YODGORLIKLAR GRAFIK FONDINI YARATISH MASALASI

Markaziy Osiyo tarixi qadim tarixga ega mintaqa hisoblanadi. Mintaqa tarixiga doir maʼlumotlar yunon-rim, arman, fors, …