Markaziy Osiyo tarixi qadim tarixga ega mintaqa hisoblanadi. Mintaqa tarixiga doir maʼlumotlar yunon-rim, arman, fors, pahlaviy, hind, elam, xitoy, turkiy, baqtriy, arabiy tilli koʻplab manbalarda yetib kelgan. Ushbu manbalarning katta qismi Markaziy Osiyo xalqlari muhitidan tashqarida yoki bir necha asrlar keyin yozilgan. Shu bois, Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston xalqlari tarixini oʻrganishda qoʻshimcha isbot talab etiladi.
Markaziy Osiyo xalqlari tarixini tadqiq etishda yuqorida zikr etilgan manbalar bilan bir qatorda sugʻdiy yozma yodgorliklar ham mavjudki, ularning ilmiy ahamiyati koʻp marotaba tahlil qilingan va ilmiy asoslangan. Lekin ushbu turkum manbalarning tarixiy tahlili bugungi kunga qadar toʻliq amalga oshirilmagan boʻlib, buni V.B.Xenning, E.Benvinist, V.A.Livshis, M.Isʼhoqov, Yu.Yoshida kabi olimlar taʼkidlab keladi. Buning asosiy sabablaridan biri – bu sugʻdiy yozma yodgorliklarning talqin etilishi yoki ularni oʻqishning qiyinligi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugungi manbashunoslikdagi dolzarb masala boʻlib kelayotgan jihatlardan biri ham ayni shu – sugʻdiy yozma yodgorliklarni toʻgʻri talqin qilish boʻlib, buning uchun yozuvning grafik fondini tiklash, boyitish va uni unifikatsiyalash masalasidir.
Sugʻdiylar hozirgi Oʻzbekistonning Zarafshon va Qashqadaryo vohasi, Tojikistonning Sugʻd viloyati hududlarining qadimgi aholisi boʻlgan. Mil. avv. III-II asrlarda ular Ahamoniylar davrida mahkamachilikda amal qilgan oromiy yozuvi alifbosini oʻz tiliga moslashtirgan [5:25-26]. Bu yozuv alifbosi faqat undosh tovushlarni aks ettirgan. Qisqa unlilar yozuvda aks etmagan. Ular soʻz tarkibida kelgan paytda intuitiv tiklab talaffuz qilingan. Bu amaliyot yozuv madaniyatining ommaviyligi sharoitidagina mumkin boʻlgani eʼtiborga olinsa, sugʻdiylar bu sohada ancha ilgʻor boʻlgan. Soʻz tarkibida choʻziq unlilar uchragan holda sugʻdiylar undosh tovush belgilari yoy harfidan ῑ uchun, waw harfidan ū uchun foydalanishgan. Choʻziq ᾱ oromiy alifbosining alēf harfi bilan berilgan [8:374-377].
Sugʻdiy til shomiy oromiy tilidan fonetik tizimiga koʻra, jiddiy farq qilgan. Bunga xos baʼzi tovushlarni oromiy harflarida ifoda etib boʻlmagani sababli sugʻdiy alfavit lᾱmed harfini til uchi va tish oraligʻi sirgʻaluvchi δ (th) va uning jarangsiz jufti ϑ uchun ishlatilgan. Sugʻdiy tilda qof (qaf) tovushi boʻlmagan. Biroq turkiy oʻzlashma soʻzlarda yoki oromiycha geterogrammalarda q tovushini yozish shart boʻlgan holda oromiy kaf tashdidda, yaʼni qoʻshaloq “kk” shaklida yozilgan [6:16].
Bu maʼlumotlar yozuv grafik shakllarining funksional moslashuvi haqida bir shingil edi [6:10-22]. Masalaning muhim jihati sugʻdiy yozuvning grafik fondini yaratish ehtiyoji tobora ortib borayotganidir. Agar biz yozuv arxeologiyasi va nazariy grammatologiya metodlarini sugʻdiy yozuvga tatbiq eta olsak edi, bugunga qadar topilgan va kelajakda topilish ehtimoli boʻlgan har qanday sugʻdiy matn bilan ishlashdagi murakkabliklar chekingan boʻlardi.
Qolaversa, sugʻdiy yozuvning rasmiy kitobiy husnixat (kalligrafik) shakllaridan tashqari, koʻplab individual xat shakllari, mahkamachilikda amal qilgan erkin xat mashqlari, nihoyat tosh va boshqa qattiq materiallar yuzasida, ayniqsa, tangalarda yetib kelgan epigrafik yodgorliklardagi xatning oʻziga xos jihatlari mavjudki, bularning hammasi sugʻdshunoslik yodgorliklarida yetib kelgan xat (harfiy) namunalarining grafik fondini yaratish masalasini dolzarb qilib qoʻymoqda.
Sugʻdiy matnlarning satrlari yuqoridan pastga – vertikal yoʻnalishda joylashtirilgan namunalarida harflarning grafik shakllari ham alohida jiddiy muammodir. Avvalo, vertikal satrli sugʻdiy matn tuzish amaliyotining tarixiy ildizlari hali ishonchli tarzda ochib berilmagan. Yapon olimi Yutaka Yoshida ushbu masalaga oid maqolasida bunga bir qadar oydinlik kiritishga harakat qilgan. Jumladan, olim Eski xatlar, Afrosiyob devoriy yozuvi, Panjikent devoriy suratlari orasidagi vertikal bitiklarni tahlil qilgan [22:375-391]. Bugʻut yodnomasidagi vertikal yozuv misolida V.B.Xenning sugʻdiy yozuvning monumental maqsadlarga mos emasligini qayd etgan [16:20-25; 7:135-137]. Ayni shu sababli vertikal sugʻdiy matnlar grafik tahlili umumsugʻdiy yozuv grafik fondi doirasida alohida tadqiqot obyekti boʻlishi lozim. Chunki vertikal yozuv koʻnikmasi shunchaki hasham uchun emas, balki kasbiy mahorat va barqaror koʻnikmani talab qilgani aniq. Bu esa, oʻz navbatida, yozuv texnologiyasi va texnik imkoniyatlari doirasida qaralmogʻi lozim boʻlgan masaladir.
Taʼkidlash lozim boʻlgan yana bir masala shuki, sugʻdiy yozuv grafik fondini yaratish asnosida harflarning oʻxshash va farqli jihatlari yuzasidan yozuvni unifikatsiyaga intilish ham muhimdir. Bu holat yozuvni talqin etishda yanada yaxshiroq yordam beradi. Buni soha mutaxassislari ham oʻz tadqiqotlarida taʼkidlaydi [12:113].
Qayd etish lozimki, sugʻdiylar Ahamoniylar sulolasi hukmronligi davrida va ushbu mamlakatda sugʻdiy yozuvning ajdodi boʻlmish oromiy yozuv keng tarqalgan davrlardan buyon yozuv madaniyatiga ega boʻlgan. Shu sababli ham ular Sugʻd ustidan hukmronlik qilgan boshqa xalqlarga katta madaniy taʼsir oʻtkazdi. Masalan, sugʻdiy yozuvning “uygʻur yozuvi” nomi bilan qadimgi turk tilidagi yozma asarlarni ifodalashda ishlatilgani bunga dalil boʻla oladi [13:15-27]. Sugʻdiy yozuvning soʻnggi koʻrinishi boʻlgan va “turk”, “uygʻur yozuvi” deb atalgan ushbu yozuvga keyinchalik moʻgʻul tilidagi yozma asarlarni ifodalashda foydalanish maqsadida yana oʻzgartirish kiritilgan [4:46-57]. Shu asnoda milliy sugʻdiy yozuv ham turli taʼsirlar sabab oʻzgarishga uchradi.
Milliy sugʻdiy yozuv qadimda va ilk oʻrta asrlarda Markaziy Osiyodan to Moʻgʻuliston va Xitoygacha, Tibetdan Yettisuvgacha boʻlgan juda katta hududda shunday bir madaniy, ijtimoiy omil boʻldiki, natijada, yozuvning oʻzi ham koʻpgina umumiy xususiyatlar, imloviy qoidalar kasb etdi, bir soʻz bilan aytganda, unifikatsiya tomon rivojlandi. Buning natijasida, sugʻdiy matnlarning deyarli barchasida aks etgan yozuv va harflarning grafik shakllari, umumiy tashqi xususiyatlariga koʻra katta tafovutga ega emas. Ayniqsa, kotiblar tomonidan bitilgan sugʻdiy-buddaviy, sugʻdiy-moniy va sugʻdiy-nestorian matnlari xattotlik sanʼatining nodir namunasi hisoblanadi [19].
Mugʻ togʻi sugʻdiy hujjatlaridagi harflarning grafik shakli va shu asosda dastxatlar oʻrtasida farqlar koʻzga tashlanadi. Bunday tafovutlar asosan yozuv taraqqiyotining muayyan bosqichi, individual dastxat xususiyatlari hamda u yoki bu matnning maqsadi va vazifasi bilan bogʻliq holda izohlanishi mumkin. Masalan, Mugʻ togʻi arxivi Nov. 3, Nov 4 (nikoh shartnomasi) I.1 (Abdurahmon ibn Subhning Devashtichga maktubi) hujjatlaridagi kalligrafik goʻzal husnixat ushbu hujjatlarning tantanavor va siyosiy-diplomatik mazmuni hamda maqsadi bilan bogʻliq holda izohlansa [9: 18-49], koʻpgina kundalik xoʻjalik ish hujjatlaridagi yozuv husnixat talablariga rioya qilinmagan holda bitilgani koʻzga tashlanadi.
Sugʻdiy yozuvning mahalliy shakllari haqidagi mulohazalar sugʻdshunoslikda XX asrning 50-yillarida bildirilgan edi. Buxorxudotlar – Arab xalifaligi istilosi arafasidagi (VIII asrning birinchi choragi) Buxoro hukmdorlarining tangalarida qoʻllanilgan sugʻdiy yozuvidagi ayrim belgilarning shakli va mazmuniga koʻra, umumsugʻd milliy yozuvining bir varianti sifatida talqin qilingan [10:150-163]. Sugʻdiy yozuvdagi harflarning grafik xususiyatlari va paleografiyasi masalalari keyinchalik M.Isʼhoqov tomonidan [4], ayni masalalarning tangalarda aks etishi yuzasidan Gʻ.Boboyorov [1:14; 2:196] muhim ilmiy natijalarga erishdi. Lekin shuni eslatish lozimki, V.A.Shishkin tomonidan Varaxshada (Buxorxudotlarning yozgi qarorgohi) topilgan sopol boʻlaklaridagi sugʻdiy yozuv parchalari odatdagidek Samarqand yoki milliy sugʻdiy yozuv bilan bitilgan [14:66]. Yoki 2006-yilda Poykentdan topilgan sopol parchasiga yozilgan sugʻdiy yozuv namunasini misol qilib olish mumkin. Arxaik shakllarini saqlab qolgan harflar, kursiv hisoblanadi. Harflar paleografiyasi ularning qadim ekanini koʻrsatadi. Yozuv bir qator boʻlib, unda ] k-y-δr ʼ(βt δ) [ – Kidara oʻn ye[tti] jumlasi bitilgan.
“Kidara” shaxs ismi sifatida maʼlum boʻlib, kidariylar (IV-V asrlar) hukmdori hisoblanadi. “Kidara” ismi bitilgan mazkur sugʻdiy jumlani sugʻdshunos P.B.Lurye [ʼLKŠNT ʼYKZY ZKn] k-y-δr ʼ(βt δ) [s srδ ʼʼz]– “[mana bu yil] Kidaraning oʻn ye[ttinchi yil] (hukmronlik yili)” shaklida tiklashga harakat qiladi. Jumlaning paleografik tuzilishi “Samarqand sugʻdiy” yozuvi yoki sugʻdiy yozuv “standart”idan farq qiladi. Ammo jumladagi Kidara ismi gap V asrning birinchi yarmi haqida borayotganiga ishora qiladi. F.Grene kidariylarning Sugʻdni bosib olishini V asrning 40-yillari va ayni sulolaning Baqtriyadagi hukmronligi tugagan davrni 467-yillar bilan bogʻlaydi. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar va “Kidaraning oʻn yettinchi yili” sugʻdiy jumlasi orqali kidariylarning Buxoroni bosib olishi V asrning oʻrtalari boʻlishi mumkinligini aniqlash imkonini beradi [11:47-48]. Lekin ushbu yozuvdagi sugʻdiy yozuv ham buxorxudot tangalaridan farq qiladi. Bu hol esa, yuqorida alohida koʻrsatilgan Buxoro milliy yozuvining ishlatilish doirasi nihoyat tor boʻlganidan dalolat beradi. Yoki faqat buxorxudotlar oʻz nomidan zarb qilingan tangalardagina ushbu yozuvdan foydalangan. Mazkur holat ham sugʻdiy yozuv grafik fondining turli tumanligidan darak beradi.
Yuqoridagi fikrlarni yanada aniqlashtirish maqsadida ayrim misollarni ham keltirib oʻtish lozim. Masalan, baʼzi harflarini hisobga olmaganda, sugʻdiy yozuvli yodgorliklarda mavjud harflarning grafik shakllari ularning qariyb bir xil asosli ekanini koʻrsatadi. Jumladan, Turfan vohasidan graf Otani Kudzuy (1876 – 1948) tomonidan topilgan (Hozirda Kioto (Yaponiya)dagi Ryukoku kutubxonasida saqlanadi) yana bir sugʻdiy alifbo eʼlon qilingan edi. Ushbu kolleksiya hamda sugʻdiy alifbo K.Kudara, V.Zunderman va Yu.Yoshida tomonidan yapon tilida eʼlon qilingan [18]. Alifbo qogʻozga bitilgan boʻlib, tahlil natijasida voyaga yetmagan oʻquvchi tomonidan yozilgani maʼlum boʻladi Unda ham harflarning aksariyat katta qismi sugʻdiy alifbodagi harflar bilan qariyb bir xil ekani koʻzga tashlanadi [21:75-79].
Turfandan topilgan alifbo va Panjikentdan topilgan sugʻdiy alifbo harflarining qiyosiy tahliliga birinchilardan boʻlib eʼtibor qaratgan V.A. Livshisning keltirishicha, 1965-yil Panjikent qazishmalarida arxeolog A.Isoqov tomonidan topilgan sopol parchasidagi sugʻdiy alifbo 23 ta harfdan iborat boʻlgan: ʼ (āleph), β (bēth), γ (gimel), d (dālet), h (hē), w (wāw), z (zayin), x (aram.ḥ – ḥeth), ṭ (ṭeth), y (yōdh), k (kāph), δ (lāmedh),m (mēm), n (nūn), s (sāmek), ʻ (ayin), p (pē), c (oramiycha. ṣ – ṣādē),q (qōph), r (rēš), š (šīn), t (tāw), l (lāmedh)[9: 299].
Turfandan topilgan alifbodagi yozuv mashqi uch qatordan (3-qator toʻliq saqlanmagan) iborat boʻlib, Panjikentdagi alifbodan tartibi bilan farq qiladi. Ushbu alifbodagi harflarni esa quyidagicha talqin qilish mumkin:
ʼ β w γ δ m ʻ (100 raqamiga oʻxshash) s r p δ (takror) t
n z ṭ (?) δ (takror) ʼ (yoki s?) t
w y [] (p) r (?) št[9: 305]
Bizningcha, ushbu alifbo Panjikentdan topilgan alifboning yana bir koʻrinishi boʻlib, harflar paleografik jihatdan farq qiladi. Alifbodagi harflarning grafik shakli ularni quyidagi tarzda talqin qilish imkonini beradi:
Birinchi qator: – āleph,- bēth, – gimel (γ/x), – lāmedh, – mēm, – ʻayin (ushbu grafik shakl “Koʻhna xatlar”da 100 sonini ifodalash uchun ishlatilgan), – č (oromiycha. ṣ – ṣādē), – y (yōdh), – k (kāph) (?), – δ (lāmedh), – m (mēm).
Ikkinchi qator: – n (nūn) (?), – ʻayin, – lāmedh, – āleph, – r (rēš), – š (shῑn), – t (tāw).
Yozuv mashqi tahlili quyidagilardan darak beradi:
Alifbodagi lāmedh harfi oʻzidan keyingi harf bilan qoʻshib yozilgan boʻlib, siyohi juda xira va harfga qoʻshilib ketgan. Ushbu harf birinchi qator 4-va ikkinchi qator 3-oʻrinda takrorlangan;
Kursiv nūn () harfi alifbedagi ayni harfdan chap tomon chizigʻining yuqoriga toʻgʻri qaratib chizilgani va harfning bosh qismidagi tugun mavjudligi orqali farq qiladi;
Ikkinchi qatordagi ʻayin harfi ham ikki oʻrinda – birinchi va ikkinchi qatorda takrorlangan. Birinchi qatordagi ʻayin harf belgisidan koʻra koʻproq sonni ifodalash uchun ishlatilgan. Ikkala shakl ham bir-biridan anchayin farqlanadi. Ayniqsa, ikkinchi ʻayin harfi ikkita harf kabi yozilgan;
Ikkinchi qatordagi lāmedh harfi birinchi qatorda boshqacha shaklda takrorlangan;
Ikkinchi qatordagi āleph birinchi qatorda ham takrorlangan. Ushbu oʻrinda āleph harfining “shox”lari oʻngga qaratib aks ettirilgani bilan farqlanadi;
Alifboda he, sameh (sῑn), pe harflari yetishmaydi. Alifbodagi harflar tartib bilan joylashtirilmagan. a, l, m, ʻayin harflari takrorlangan. Baʼzi harflarning oʻqilishi ochiqligicha qolmoqda. Masalan, ikkinchi qatordagi soʻnggi harf nomaʼlum. Shuningdek, alifbodagi harflarning tuzilishi yoki chizma shakliga qarab yodgorlik qachon bitilganini aniqlash mushkul. Harflarning asosiy shakliy xususiyatlari ularda finikiy va oromiy harflarining kuchli darajada transformatsion holatini koʻrsatadi.
Taʼkidlash lozimki, baʼzi sugʻdiy yozma yodgorliklar juda qattiq shikast yetgan holda bizgacha yetib kelganki, ulardagi harflarning grafik shakllarini qayta tiklash hujjat mazmuni va uning tarixiy ahamiyati ochib berishda muhim hisoblanadi. Xususan, Pekin shahridagi Xitoy Renmin universiteti (Beyjing) olimlari tomonidan Xoʻtan (SUAR janubiy gʻarbidagi shahar uyezdi) viloyatida bir guruh sugʻdiy hujjatlari mavjudligi aniqlangan. Ulardan 4 ta iqtisodiy mazmunga ega hujjat Amerika Sharqshunoslari Jamiyati jurnalida (Journal of the American Oriental Society) chop etilgan 130/4 (2010). Bitta toʻliq xat va bir nechta qisman saqlangan hujjatlar tahlilidan iborat. Ushbu maqola Taklamakon choʻlining (SUAR/gʻarbiy Xitoy) janubidagi savdo yoʻllarida sugʻdiy tilda soʻzlashuvchi aholi anchayin zich yashagani toʻgʻrisida bugungi kunda tobora koʻpayib borayotgan fikrlarni toʻldirib, ushbu toʻplam hujjatlarining nashr etishni yakunlaydi. Eʼtiboringizga havola etilayotgan ushbu maqola esa toʻplamda GXW 0114 raqam bilan roʻyxatga olingan Taxsich-Vandaning Anyangga maktubi hisoblanadi.
32 qatordan iborat ushbu hujjat matnida quyidagi grafik holatlar koʻzga tashlanadi: asatrning oxiri boʻsh qoldirilgan, byoki shunchaki prʻγt?,c Sic,dnoaniq, ebirinchi harf w ga oʻxshaydi, lekin oʻqish faqat kontekstdan aniqlashadi, gkšym yokiʻ? ksym ʻ? hyoki mʻn, iSic, jyoki nyʻty??, kdan tashqari, sjuda aniq, 1alohida harflar noaniq, ammo soʻzni oʻqish ehtimoli katta, mbirinchi uchta harfdan faqat ozgina izlarni koʻrish mumkin, ammo kdeyarli aniq, nyoki rymx ʻ? RBmx ʻ?, kbu yerda juda noaniq, pushbu soʻz oxiridagi izlar juda noaniq, qyoki mnʻ, remas, s -ns- juda noaniq, tyoki ʻkrtʻym?, ikkala holatda ham, oldingi xat yomon yozilgan, vushbu soʻzlar 30- va 31-qatorlar orasida siqilgan; ularning qaysi qatorga mansubligi aniq emas, w noaniq; faqat boshlangʻich t (?) va oxirgi š haqiqatan ham koʻrinadi.
Mazkur holatlar ham sugʻdiy yozuv grafik fondini tiklash, harflarning grafik shakllarini qiyosiy tahlil qilish, turli mintaqalarda topilgan va topilayotgan hujjatlar paleografiyasini tadqiq etish muammolarini muhim masala qilib qoʻymoqda. Bu kabi holatlarning boshqa sugʻdiy manbalar orqali uchrashi masalaning dolzarb ekanini koʻrsatadi.
Mazkur manbadagi yozuvlarning grafik shakli ham boshqa sugʻdiy manbalarga oʻxshash. Ayniqsa, milliy sugʻdiy yozuv harflarining aksariyatini takrorlaydi. Shuning uchun ham aytish mumkinki, milliy sugʻdiy yozuvdagi umumiy unifikatsiya jarayoni sugʻdiy yozma yodgorliklarning barcha turida koʻzga tashlanadi. Avvalo, shunisi muhimki, sugʻdiy yozuv, u qanday materialda boʻlmasin – yodgorlikning yozilgan vaqti bilan mutanosib holda yagona paleografik rivojlanish bosqichlaridan oʻtgan. Bu hol, oʻz navbatida, sugʻdiy yozuvning monumental shakllari boʻlmagan, degan xulosaga olib keladi. Masalan, sof monumental maqsadlarni koʻzda tutgan Bugʻut yodnomasidagi yozuv (580-yillarga oid, Muxan hoqonning ukasi Maxan tegin qabriga qoʻyilgan tosh epitafiya) [17:69-102], 808-832-yillarga oid Qorabolgʻasun yodnomasidagi sugʻdiy matn yozuvi [15:125-133], Tibetdagi Ladak manzilgohida saqlangan 841-yilga oid qoyatoshdagi sugʻdiy yozuv [20:25-32], Yettisuv viloyati Talas daryosi vodiysidagi Teraksoy va Qulonsoy daralaridagi qoyatoshga bitilgan sugʻdiy yozuvlar monumental yodgorliklar boʻlishiga qaramay [9:368-388], paleografik jihatdan qoʻlyozma matnlardagi yozuv xususiyatlarini oʻzida toʻla mujassam etgan. Hatto, Bugʻut yodnomasida mutaxassislar kitobiy kalligrafiya yoki “sutra” sugʻdiy yozuv elementlari bilan jiddiy yaqinlik va umumiylik topmoqdaki [23: 97-108], bu, oʻz navbatida, sugʻdiy yozuvning yuqori takomil bosqichi VII-X asr, sugʻdiy-buddaviy diniy matnlarida kuzatilgan “sutra” yozuvi anʼanasi V-VI asrlardayoq shakllangan edi [7:121-146], degan fikrga kelish imkonini beradi. Tangalardagi yozuvlar ham paleografik jihatdan sugʻdiy qoʻlyozmalardagi yozuvga oʻxshash sugʻdiy yozuvning unifikatsiyasiga intilish tendensiyasidan chetda emas.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, sugʻdiy yozuv, ayrim mahalliy xususiyatlardan tashqari, umumiy yagona rivojlanish tendensiyasini boshdan kechirgan. Bu ham boʻlsa, sugʻdiy yozuvning qoʻlyozma, kitobiy shakllari taʼsiri ostida boʻlgani natijasidir. Yozuv monumental, kitobiy va oddiy kundalik ehtiyojlar uchun umumiy madaniy-tarixiy hodisaga aylangan va jamiyatda savodxonlik darajasi kutilganidan baland boʻlgan, deyishga asos bor. Yodgorliklarning yozuvlaridagi husnixat anʼanasining yuksakligi, xat turlarining xilma-xilligi, tashqi tafovutlarning umumiy yozuv madaniyati doirasida xronologik ketma-ketligi va izchilligi, individual xat namunalarining koʻpligi, hujjatlarning funksional jihatdan jamiyat hayotining ijtimoiy tartibi, boshqaruv va turli darajalardagi nazorat tizimiga xizmat qilishi, oʻzaro xat (munshaot) almashuvi namunalari uslubiy xususiyatlarining qatʼiy qoidalarga boʻysunishi, hatto podsholik farmonlarida ham munshaot anʼanalaridan foydalanish (hujjatning boshlov qismi: invokatsiya (hujjatdagi Yaratganning sifatlari bilan bogʻliq qism), intitulyatsiya (hujjat kimning nomidan joʻnatilgani toʻgʻrisida koʻrsatma), inskripsiya (hujjat joʻnatilgan manzil – adresat), salyutatsiya (hujjatda keltirilgan tabrik va salom); hujjatning asosiy qismi: arenga (preambula – hujjatni tuzish uchun sabab), promulgatsiya (hujjat mazmuni haqida oldindan ogohlantirish), narratsiya (hujjat mazmuni haqida maʼlumot berish), dispozitsiya (hujjat matnidagi gap va savollar), sanksiya (hujjatlarda keltirilgan shartlarni buzishni taqiqlash), korroboratsiya (hujjatning haqiqiyligini tekshirish, imzo va muhr); hujjat yakuni: datum (hujjat bitilgan joy va sana), apprekatsiya (hujjat xulosasi va minnatdorchiliklar); hujjat tuzilishi: eskordium (hujjatning ifoda tarzi, uslubi, bayon etish), publikatsiya (eʼlon, hujjat mazmunidan xabar berish), sigilla (hujjat mazmunini ochib berish uchun ishlatilgan qoʻshimcha belgilar)larning munshaot va farmonlarda qoʻllanish tartibining qatʼiy amal qilishi), hujjatlar formulyarlarining puxta ishlab chiqilgan standartlari mavjudligi – bular hammasi islom davriga qadar sugʻdiy yozuv madaniyatining yuqori darajaga erishganidan dalolat beradi.
Yozuv madaniyatning bunday yuksak darajasi tufayli Markaziy Osiyo xalqlari islom davri arab yozuviga oʻtish jarayonida qiyinchilik sezmagan. Chunki arab yozuvining tipologik tuzilishi bilan sugʻdiy va mahalliy oromiy ajdodli yozuvlar tipologik asoslari (ABIGIDI) bir xil edi. Masala arab yozuvining grafik asoslarini oʻzlashtirishdan iborat edi. Biroq arab yozuvini mahalliy tillarga moslashtirish masalasi bir qadar muammoli edi. Lekin bu masalaning yechimini arab harflariga diakretik qoʻshimchalar kiritish orqali osongina hal qilingan. Zero, ajdodlarimiz oromiy yozuvidan mahalliy tillarga oʻtish alifbolari tajribasini unutmagan edi.
-
Бабаяров Г., Кубатин А. Доисламские монеты Согда: новые чтения и интерпретации легенд // Oʻzbekiston tarixining dolzarb muammolari yosh tadqiqotchilar talqinida. OʻzR FA Arxeologiya institutida 2012-yil 6-7-aprelda oʻtkazilgan yosh olimlar Respublika konferensiyasi materiallari. – Samarqand, 2012.
-
Бабаяров Г., Кубатин А. Монеты Западно-Тюркского каганата с титулом тюрк-каган // ЭВ. XXXI. – Москва, 2015.
-
Исхаков М.М. Палеографическое исследование согдийских письменных памятников: Дисс. докт. ист. наук. –Т., 1992. –280 л.
-
Исхаков М.М. Преемственность в истории древних тюркских систем письменности (согдийско-тюркские контакты) // Ўзбекистон тарихи. – Т., 2000. №4.
-
Исхаков М.М. Центральная Азия в системе мировой писменной культуры. – Т.: УМЭД, 2008.
-
Исҳоқов М., Ғойибов Б. Туркий ва суғдий ёзувлари яратилишининг тарихий бирлиги асослари // Ўзбекистон тарихи. 2023/
-
КляшторныйС.Г. ЛившицВ.А. Согдийская надпись из Бугута // СНВ. – Москва, 1971. – Вып. 10.
-
Лившиц В.А., Хромов А.Л. Согдийский язык / Основы иранского языкозания. Сренеиранские языки. – Москва: Наука, 1981.
-
Лившиц В.А. Согдийская эпиграфика Средней Азии и Семиречья. Санкт-Петербург, 2008.
-
Лившиц В.А., Кауфман К.В., Дьяконов И.М. О древней согдийской письменности Бухары // ВДИ. 1954, №1.
-
Лурье П.Б. О согдийских остраках из раскопок Пайкенда 2006 г. // Материалы Бухарской археологической экспедиции. Вып. VIII. СПб., 2007.
-
Лурье П.Б. Методы Лившица // Письменные памятники Востока. Том 15. №1. Весна, 2018.
-
Тугушева Л.Ю. Уйгурская версия биографии Сюань Цзяна (фрагменты из Ленинградского рукописного собрания Института Востоковедения АН СССР). – Москва: Наука, 1991.
-
Шишкин В.А. Варахша. – Москва: Изд. АНССР, 1963.
-
Hamilton J. L’inscription trilingue de Qara Balgasun d’après les estampages de Bouillane de Lacoste // A. Haneda, ed., Documentset archives provenant de l’Asie Centrale. – Kyoto, 1990.
-
Henning W.B. Mitteliranisch. Handbuch der Orientalistik, 1. Abt., Bd IV: Iranistik. Abschnitt l: Linguistik. – Leiden– Köln, 1958.
-
Kljaštornyj S.G., Livšic V.A. The Sogdian inscription of Bugut reviced // AOASH. – Budapest, 1972. – Tom. XXVI (1).
-
Kudara K., Sundermann W., Yoshida Y. Iranian Fragments from Ôtani Collection: Iranian Fragments unearthed in Central Asia by the Ôtani Mission and kept at the Library of Ryūkoku University. Facsimile Volume. Text Volume. – Kyoto, 1997. (in Japanese).
-
Reck C. The Sogdians and their religions in Turfan: Evidencein the Catalogue of the Middle Iranian fragments in sogdian script of the Berlin Turfan Collection // Entangled religions 11.6 (2020) https://er.ceres.rub.de/index.php/ER/ article/view/9222
-
Sims-Williams N. The Sogdian Merchants in China and India. Cina e Iran. Da Alessandro Mango alla Dinastia Tang, a cura di Alfredo Cadonna e Lionello Lanciotti. – Firenze., 1996.
-
Yoshida Y. Sogdian miscellany IV. Studies in the Inner Asian languages X (1995).
-
Yoshida Y. When did sogdians begin to wrety wertically? // Tokyo university linguistic papers (TULIP), 2013, 33.
-
Yoshida Y. Sogdian version of the Bugut inscription revisited // Journal Asiatique. 307 (1).