Home / MAQOLALAR / MASHHUR MUHADDISLARNING MASLAKLARI 2-QISM

MASHHUR MUHADDISLARNING MASLAKLARI 2-QISM

Yahyo ibn Said Katton rahmatullohi alayh

120/738 sanada tugʻilgan. Hishom ibn Urva, Humayd Toviyl, Yahyo ibn Said Ansoriy, Aʼmash (r.a.) kabi bir qancha taniqli olimlardan hadis tinglagan[1].

Paxta savdosi bilan shugʻullangani uchun “Katton” nisbasi bilan tanilgan[2].

198/813-yili Safar oyida Basrada[3] 78 yoshida vafot etgan.

 

Abdurrahmon ibn Mahdiy rahmatullohi alayh

Siqa roviy sifatida tanilgan olim 135/752-yili dunyoga kelgan[4]. Molik ibn Anas, Shuʼba, Sufyoni Savriy (r.a.) kabi olimlardan hadis rivoyat qilgan[5].

Marvarid savdosi bilan shugʻullangan. Shu sababli u “Luʼluʼiy” nisbasi bilan tanilgan[6].

198/813-814-yilda[7] 63 yoshida vafot etgan.

 

Imom Shofiʼiy rahmatullohi alayh

150/767-yili Gʻazzoda tugʻilib, u yerdan Makkaga koʻchib oʻtgan[8]. Muslim ibn Xolid Zanjiydan ilm ola boshlagan. Imom Molikning «Muvatta» nomli hadis asarini yod olgan[9].

Yoshlik chogʻida taʼlimni toʻlovsiz davom ettirib, taʼlim xarajatlarini suyaklar va devon idorasining chiqindilarini yigʻib olish orqali taʼminlagan[10]. Kyeyinchalik savdo bilan shugʻullangan. Hatto u uch marta bankrot boʻlgani va qoʻlida bor-yoʻq narsalarini oilasining roʻzgʻorini taʼminlash uchun sotganini aytgan. Bir rivoyatda uy hayvonini yoki miniladigan hayvonining uzangisini toʻrt dinorga sotgani aytiladi.

Shuncha narsaga qaramay juda saxiy va ochiq qoʻl boʻlgan Shofiʼiy qoʻlidagi dinorini, dirhamini, taomini, ichimligini muhtojlarga tarqatgan. Xalifa Horun Rashid tomonidan unga bir miqdor pul berilgan[11].

Bundan tashqari, Yaman voliysi Musʼab ibn Abdulloh unga maʼmuriy vazifa taklif qilgan, bu taklifni qabul qilgan imom Shofiʼiy Najron viloyatida maʼmuriy vazifada ishlagan. Bu vazifaga kirishishida mol-mulki yoʻqligi va onasining uyini garovga qoʻyib yoʻl xarajatlarini qoplaganini aytgan[12].

204/820-yilda Misrda[13] 54 yoshida vafot etgan.

 

Imom Voqidiy rahmatullohi alayh

130/747-yili Madinada tugʻilgan[14]. Ibn Ajlon, Ibn Jurayj, Maʼmar ibn Roshid (r.a.) kabi bir qancha ustozlaridan hadis tinglagan[15].

Yoshligida Madinada bugʻdoy tijorati bilan shugʻullangan, judayam qoʻli ochiq, saxovatli boʻlgani uchun muzoraba[16] usuli bilan boshqalarga tegishli boʻlgan 100,000 dirhamlik sarmoyasini yoʻqotib bankrot boʻlgan[17]. Shuningdek, Voqidiy Horun Rashidga haj ibodatini ado etishda rahbarlik qilgan va undan mamnun boʻlgan xalifa Voqidiyga 10,000 dirham sovgʻa qilgan[18].

Davlat rahbarlari bilan munosabatlari yaxshi boʻlgan Voqidiyni Yahyo ibn Xolid Ramazon oyida kechalari suhbatga chaqirib, unga har kelganida 500 dinor sovgʻa qilgan[19].

Maʼmun esa uni Askarul Mahdiy qozisi etib tayinlagan va u vafotiga qadar bu vazifasini davom ettirgan[20].

207/823-yili 77 yoshida[21] vafot etgan.

 

Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy rahmatullohi alayh

126/743-744-yili Sanʼoda tugʻilgan[22]. Maʼmar ibn Roshid, Ibn Jurayj, Avzoʼiy, Sufyoni Savriy, Molik ibn Anas (r.a.) kabi nufuzli olimlardan hadis rivoyat qilgan[23].

Tijorat bilan shugʻullangan va shu maqsadda Hijoz, Shom va Iroq kabi oʻlkalarga safar qilgan[24].

211/826-827-yili 85 yoshida Yamanda vafot etgan[25].

[1] Zahabiy. Tazkira. 1/218.
[2] Ahatlı. Yahyo ibn Said Katton. TDIE. 43/262.
[3] Ibn Saʼd. Tabaqot. 7/215.
[4] Ibn Saʼd. Tabaqot. 7/218.
[5] Buxoriy. Tarix. 5/354.
[6] Zahabiy. Tazkira. 1/241.
[7] Zahabiy. Tarix. 4/1157.
[8] Zirikliy. Aʼlom. 6/26.
[9] Zahabiy. Siyar. 10/6.
[10] Zahabiy. Siyar. 10/11.
[11] Zahabiy. Tarix. 5/158.
[12] Araz. İmam Şâfiîʻnin Seyehatleri. 41.
[13] Zirikliy. Aʼlom. 6/25.
[14] Zirikliy. Aʼlom. 6/311.
[15] Zahabiy. Tazkira. 1/254.
[16] Muzoraba soʻzi “zarbun” oʻzagidan olingan boʻlib, asl maʼnosi urmoqni bildiradi. Arab tilida zarbun soʻziga baʼz harflarni qoʻshish orqali maʼnoda oʻzgarish yuz beradi. Masalan, muzoraba deyish bilan hissa qoʻshish, safar qilish maʼnolarini bildiradi. Chunki, muzorabada ikki taraf oʻrtasida manfaatdorlikda hissador boʻlish boʻladi yoki muzoraba tijorat vositasi hisoblanadi va u uchun safar qilishga toʻgʻri keladi. Shularning eʼtibori bilan ham muzoraba deb aytiladi. Istilohda muzoraba deb, foydada maʼlum bir foydaga sherik boʻlish uchun sarmoya egasi birortasiga oʻz molini tijorat qilish maqsadida berishligidir. Shuning uchun muzorabada, tomonlardan biridan mehnat, ikkinchisidan dastmoya boʻladi. Muzorabani qiroz hamda muomala deb ham aytiladi. Iroq ulamolarining huzurida koʻproq muzoraba lafzi ishlatilsa, hijoz fuqaholarini nazdida qiroz soʻzi koʻproq ishlatiladi.
[17] Bagʻdodiy. Tarix. 4/7.
[18] Ibn Saʼd. Tabaqot. 5/494.
[19] Ibn Saʼd. Tabaqot. 5/497.
[20] Bagʻdodiy. Tarix. 4/6.
[21] Ibn Qutayba. Maʼorif. 1/518.
[22] Zirikliy. Aʼlom. 3/353.
[23] Zahabiy. Siyar. 9/564.
[24] Zahabiy. Siyar. 9/564.
[25] Zirikliy. Aʼlom. 3/245.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

XUROSON MAVOLIYLARI VA ULARNING HADIS ILMI RIVOJIDAGI OʻRNI

Islomni yetkazish va bayon qilish vazifasi yuklatilgan Paygʻambarimiz (s.a.v) va birinchi navbatda xitob qilingan qavm …