Home / MAQOLA / ISLOM TERRORIZM VA EKSTREMIZMNI QORALAYDI

ISLOM TERRORIZM VA EKSTREMIZMNI QORALAYDI

Ayni vaqtda butun olamning tinchini buzayotgan eng asosiy illatlar boshida ekologiya ham, viruslar ham, iqtisodiy boʻhronlar ham emas, balki terrorizm va ekstremizm turadi. Shu sababli koʻplab begunoh insonlar qoni toʻkilib, odamlar hayotdan bevaqt koʻz yummoqda, yurtlar vayronaga aylanib, minglab insonlar boshpanasidan mahrum boʻlmoqda. Insoniyatning baxtli kelajagi, Yer yuzini obod etish uchun xizmat qilishi kerak boʻlgan behisob mol-davlat ana shu terrorizmning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish uchun sarflanayotgani yana ham achinarli. Terrorizmdan eng koʻp zarar koʻrayotgan islom va musulmonlar bugun oʻsha nokas kimsalarning kasriga qolib, yomonotliq boʻlayotgani esa chidab boʻlmas adolatsizlikdir.

Islom – olamshumul din, Muhammad alayhissalom esa butun insoniyatga yuborilgan paygʻambardirlar. Alloh taolo bunday degan: (Ey Muhammad!) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi boʻlgan holingizda (paygʻambar qilib) yubordik”[1]. Musulmonlarning vazifasi ana shu olamshumul dinni – millatlar va elatlarning xilma-xilligini tabiiy voqelik deb qabul qilgan holda – dunyodagi barcha xalqlar va turli madaniyat vakillariga yetkazish, uning sof va tub tamoyillarini koʻrsatib berishdan iborat. Shuning uchun Haq taolo: “Rabbingiz xohlaganida, (barcha) odamlarni bir ummat (bir dinga tobe) qilgan boʻlur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil eʼtiqodda) boʻlib boraveradilar. Bundan Rabbingiz rahm qilgan kishilargina mustasnodirlar. Ularni shuning uchun yaratgandir”[2], deb, shu rang-baranglikka diqqatimizni qaratadi.

Ha, Qodir Parvardigor odamlarni xilma-xil eʼtiqodda yaratgan va bu borliqning qonunidir. Musulmonning vazifasi Yaratganning ana shu xohish-irodasiga boʻysunib, insonlar bilan eng yaxshi suhbat va muomala asosida muloqotda boʻlishdir. Shuning uchun ham Alloh taolo Qurʼoni karimda butun insoniyatga xitob qilib: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”[3], degan. Eʼtibor bersak, bu xitob alohida bir din vakillariga qaratilmagan. Bundan kelib chiqadiki, islom dini jinsi, irqi, millati yo dinidan qatʼi nazar, har bir insonga hurmat-ehtirom bilan qaraydi. Alloh taolo insonlar orasidagi mazkur xilma-xillikni ular oʻzaro tanishishi, Yerni obod qilishdek buyuk maqsadni amalga oshirish yoʻlida bir-birining tajribasidan foydalanishi, hamkorlik qilishi uchun yaratgan. Bu haqda Uning Oʻzi bunday deydi: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh oʻta biluvchi va xabardor zotdir”[4].

Ekstremizm terrorizmning darvozasidir.

Siyosatchi va sharhlovchilar islom bilan bogʻlaydigan ekstremizmni ulamolar ikkiga ajratadi. Birinchisi dindan yiroq ekstremizm boʻlib, uning maqsadi dinni odamlar qalbi va aqlidan uzoqlatish, shaxsiy va ijtimoiy hayotda dinning taʼsirini kamaytirishdan iborat. Ikkinchisi dinni anglashda yuzaga keladigan ekstremizm boʻlib, bunga ahkomu arkonlar, tamoyil va tushunchalarni notoʻgʻri va radikal tarzda tushunish (aniqrogʻi, tushuntirish, omi insonlar miyasiga quyish) sabab boʻladi. Islom dini ekstremizmning bu ikki koʻrinishini ham rad qiladi va ulardan qaytaradi. Qaytarganda ham, qattiq tanbeh bergan va oqibatidan ogohlantirgan holda qaytaradi. Ekstremistlarni musulmonlarning yoʻllaridan yurmaydigan va maslaklarini tutmaydigan kimsalar deb hisoblaydi. Chunki baʼzilari sunnatlardan yuz oʻgirib, farz amallarga qattiq kirishib ketgan boʻladi, boshqalari yana oʻzgacha xurmacha qiliqlar orttirgan boʻladi. Vaholanki, farz faqat sunnat bilan komil boʻlishini yaxshi biladi, lekin parokandalik keltirib chiqarish, fitna qoʻzgʻash, jaholat urugʻini yoyish uchun xunrezlik va gʻarazgoʻylik yoʻlidan yuradi.

Bir necha musulmonlar Oisha roziyallohu anhodan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida soʻraganda, uning javobini eshitib, buni oz sanaydi va: “Biz qayoqda-yu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qayoqda? Alloh u zotning avvalgi va oxirgi gunohlarini kechirgan boʻlsa”, deydi. Keyin ulardan biri: “Ammo men tuni bilan uxlamasdan ibodat qilib chiqaman”, deydi. Ikkinchisi: “Men esa, yil boʻyi roʻza tutaman va biror kun ham ochiq ogʻiz yurmayman”, deydi. Uchinchisi: “Men ayollardan uzoqda boʻlaman va uylanmay yashayapman”, deydi. Ularning gap-soʻzlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quloqlariga yetib borgach, u zot bunday deydilar: “Ammo men namoz oʻqiyman va uxlayman ham. Roʻza ham tutaman va ochiq ogʻiz ham yuraman. Ayollarga uylanaman ham. Shunday ekan, kim mening sunnatimdan yuz oʻgiradigan boʻlsa, men(ing ummatim)dan emasdir”[5].

Binobarin, odamlarni din ishida yengildan qiyinga, toʻkinlikdan tanglikka, soddadan murakkabga boshlaydigan har qanday odam radikal va ekstremist boʻlib, Allohning taʼlimotiga qattiq qarshi chiqadigan kishidir, deb aytish mumkin ekan. Chunki ekstremist – Qodir Parvardigor: “Alloh sizlarga yengillik istaydi, ogʻirlik xohlamaydi”[6], deb qoʻygani holda insonlarni Haq taolo ato etgan yengillikdan mashaqqatga chaqiradigan kishidir. Shunisi ayanchliki, ekstremistlar dinimizdagi barqaror hukmlarga, muqaddas diniy qadriyatlarimizga hujum qilish uchun payt poylab yuradi. Kitob va maqolalari bilan odamlarni moʻtadillikdan tanglikka chaqiradi.

Terrorchilar esa oʻziga tobe boʻlganlarni aldaydi, chalkashtiradi. Oʻzining buzgʻunchilik harakatlari va jinoyatlarini dinga bogʻlab, oq qilib koʻrsatishga urinadi. Oʻzini din himoyachisi, tayanchi, madadkori sifatida namoyon etishga harakat qiladi. Yaʼni pok dinning nomini sotib ish qiladi. Uning mohiyati va muborak suratini buzib talqin qiladi. Ammo biz bilamizki, din, jon, aql, shaʼn, nasab yoki mol-mulkka tajovuz boʻladigan har qanday xatti-harakat terrorchilik hisoblanadi.

Terrorchilar musulmonlarni oʻldiradi. Yoshu qarini, erkagu ayolni, kattayu kichikni ajratib oʻtirmaydi. Butun Yer yuzida buzgʻunchilik qiladi. Alloh taolo: “Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni oʻldirgan kimsa xuddi butun insoniyatni oʻldirgan kabidir”[7]; “Kim bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir”[8], degan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qasamki, Allohning nazdida dunyoning zavolga yuz tutishi bir musulmon kishining oʻldirilishidan koʻra yengilroqdir”[9], deganlar. Yana: “Mendan soʻng bir-biringizning boʻyningizga qilich soladigan kofir boʻlib ketmangiz”[10], deb nasihat qilganlar.

Terrorchilar odamlarni azoblab, qafaslangan holda suvga choʻktirib, tiriklayin oʻtda yoqib, xursand boʻladi. Kelishuv va bitimlarni hurmat qilmaydi. Jangu jadalga umuman aloqasi boʻlmagan tinch aholi vakillariga ham tajovuz qiladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning: “Kim bir ahdlashgan jonni oʻldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi”[11], degan soʻzlariga rioya qilmaydi. Terrorchilar Allohning uylari hisoblanmish masjidlarni portlatib, ibodat qilib turgan moʻmin-musulmonlarni ham oʻldirib yuboraveradi. Bu faqat shuni bildiradiki, ular islomning asl taʼlimoti va muqaddas ahkomlaridan chetlashib ketgan kimsalardir. Ular na musulmonlarning va na masjidlarning hurmatini joyiga qoʻyadi. Oʻta berahm, oʻta beshafqat (vaholanki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi” [12], deganlar). Na begunoh qonni, na oʻzgalarning mol-mulkini eʼtiborga oladi. Aslida islom dini uy va masjidlar nari tursin, hatto gʻayridinlarning ibodatxonalariga ham teginmaslikni buyuradi. Bu haqda Paygʻambar alayhissalom: “Bolalarni hamda oʻz ibodatxonalarida ibodat qilib turganlarni oʻldirmangiz”[13], deganlar.

Xoʻsh, unda ekstremistik va terrorchi tashkilotlarga aʼzolikning hukmi qanday boʻladi?

Begunoh insonlarning qonini toʻkish, arzimas vajlar va botil daʼvolar bilan musulmonlarni kofirga chiqarish, insonlarning shaʼnini yerga urish, mol-mulkini oʻzlashtirib olishni halol hisoblashga chaqiradigan har qanday ekstremistik va terrorchi tashkilotga aʼzo boʻlish islom nuqtayi nazardan haromdir! Chunki bunday ishlar islomning oliyjanoblik, bagʻrikenglik va insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid. Ana shunday tashkilotlarga aʼzo boʻlib kirgan kimsalar Alloh va Uning Rasuliga osiylik qilgan, haq yoʻldan ogʻishgan, ochiq-oydin zalolatga ketgan boʻladi. Bunday toʻdalarga qoʻshilganlar oxir-oqibat muqarrar ziyonga uchraydi, uzoq yashamaydi, halovat topmaydi, ikki dunyosini oʻz qoʻli bilan kuydiradi, tezda halokatga yoʻliqib, johiliyat davridagi tuban insonlar kabi jirkanchli tarzda vafot topadi. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar alayhissalom: “Kim tarafkashlikka chaqirgan yoki unga yordam bergan holda oʻldirilsa, johiliyat oʻlimini topibdi”[14], deganlar.

Terrorchilar tomonida turib qurolli nizolarda ishtirok etish yoki ularni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash diniy nuqtayi nazardan haromdir. Bunday ishlarga qoʻl urgan kishi mavhum bayroq ostida jang qilgan, oʻzgalar mulkini oʻzlashtirib olish, insonlar shaʼnini toptash va begunoh insonlar qonini toʻkishga tashna boʻlgan terrorchi va jinoyatchi hisoblanadi. “Kim bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannam boʻlib, oʻsha joyda abadiy qolajak. Alloh unday kimsaga gʻazab qilgan, laʼnatlagan va uning uchun ulugʻ azobni tayyorlab qoʻygandir”[15] oyati hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, bir-biringizning qoningiz, molingiz, obroʻyingizga daxl qilmoq xuddi shu bugun (Qurbon hayiti kuni nazarda tutilgan) shu oyda shu shahar (Makka)da (boshqa jinoyatlar qilish harom boʻlgani kabi) haromdir!” [16] degan soʻzlari bu taʼkidning dalil-isbotlaridir. Bas, bir musulmonni oʻldirgan kishi gunohlarning eng kattasiga qoʻl urgan boʻladi. Zero, Paygʻambar alayhissalom: “Gunohi kabiralar orasida eng kattasi – Allohga shirk keltirish, jon (egasi)ni oʻldirish, ota-onaga oq boʻlish va yolgʻon guvohlik berishdir”[17], deganlar.

Yuqorida aytilganlardan xulosa chiqargan holda mehr-oqibat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, ilm-maʼrifat dini boʻlmish islomni oʻz gʻarazli niyatlarini amalga oshirish uchun niqob qilib olgan har qanday shaxs va guruhga, ular ilgari suradigan botil va asossiz daʼvolarga qarshi barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib birlashmogʻimiz lozim. Bu jipslashish, avvalo, bagʻrida dinimiz buyurgan barcha arkonlar va amallarni emin-erkin ado etib kelayotgan shu aziz yurtning ravnaqi, shu hur Vatanda istiqomat qilib kelayotgan insonlarning saodati uchun ham ruhan, ham jisman kurashga oʻz hissamizni qoʻshishimizda namoyon boʻladi.

1 Sabaʼ surasi, 28-oyat.
2 Hud surasi, 118-119 oyatlar.
3 Isro surasi, 70-oyat.
4 Hujurot surasi, 13-oyat.
5 Muttafaqun alayh.
6 Baqara surasi, 185-oyat.
7 Moida surasi, 32-oyat.
8 Niso surasi, 93-oyat.
9 Termiziy rivoyati.
10 Muttafaqun alayh.
11 Imom Buxoriy rivoyati.
12 Imom Buxoriy rivoyati.
13 Imom Ahmad rivoyati.
14 Imom Muslim rivoyati.
15 Imom Muslim rivoyati.
16 Muslim rivoyati.
17 Buxoriy rivoyati.
Alouddin NEMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TAOMLANISH SIRLARI (3-qism)

TAOMLANISH  SIRLARIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: ULAMOLAR  AYTADILAR-KI… Taomlanish – har bir moʻmin-musulmonni …