4-fevral kuni Kuala-Lumpur shahridagi Malayziya Islom sanʼati muzeyida ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Malayziya jamoatchiligini Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida shu mavzuda xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning yetakchi ilmiy va madaniy muassasalari – «Al-Buxoriy» jamgʻarmasi, Islomni anglash instituti, Islom madaniyati instituti, Islom fanlari universiteti, Xalqaro islom universiteti va qator ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati hujjatli filmlar namoyishi, taqdimotlar orqali keng yoritildi.
Malayziya islom madaniyati va taʼlimi muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Imom Buxoriy va boshqa alloma ajdodlarimiz merosini oʻrganish va yosh avlodga yetkazish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.
Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti (Malayziya) Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzoladi.
Davra suhbatining asosiy qarorlaridan biri ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini oʻrganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qoʻshma Oʻzbekiston-Malayziya ilmiy jamiyatini tashkil etish boʻldi. Uning asosiy vazifalari sirasiga qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va nashrlar, taʼlim va madaniy tashabbuslarni tashkil etish, akademik tajriba va resurslar almashish, shuningdek, islom merosi masalalari boʻyicha xalqaro muloqotni rivojlantirish kabi yoʻnalishlar kiradi.
Malayziya tomonidan oʻzbekistonlik tadqiqotchilarga 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozma va nashrdan foydalanish imkonini beruvchi maxsus elektron sertifikat topshirildi. Bu hujjat Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa akademik muassasalarga kelgusida ilmiy tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish imkonini yaratadi.
Davra suhbati doirasida Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida qator tashabbuslar ilgari surildi, jumladan:
– diniy maʼrifat yoʻnalishida Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro markazlar oʻrtasida radikalizmning oldini olish boʻyicha maxsus dastur doirasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
– madaniy sohada Malayziya Islom sanʼati muzeyida Oʻzbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tashkil etish, shuningdek, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va taʼlim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun Oʻzbekiston boʻylab mediatur oʻtkazish;
– taʼlim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga keng jalb etish;
– ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz oʻrtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini oʻrganish va tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq qilish;
– maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda malayziyalik dindorlarga Oʻzbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bogʻliq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi “Umra plyus” maxsus ziyorat dasturini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Oʻzbekiston ilmiy markazlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va faksimile nashrlarning noyob koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Sahihul Buxoriy sharhi”, Imom Buxoriy asarlarining tarjimasi, shuningdek, Markaz olimlarining tadqiqotlari Malayziya ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotdi. Ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida kitoblar toʻplami Malayziyaning hamkor tashkilotlari kutubxonalariga, jumladan, Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti va boshqa muassasalarga sovgʻa qilindi.
Ishtirokchilar Malayziya Islom sanʼati muzeyidagi oʻzbek madaniy merosi ekspozitsiyasi va boshqa eksponatlar bilan tanishdi.