Ilk davr olimlari Qurʼon va hadisda kelgan aqidaviy masalalarni chuqur oʻrganib, odamlarga qulay boʻlishi uchun kichik hajmdagi risolalar yozgan. Odatda bunday risolalarda Ahli sunna val jamoa aqidasi umumiy tarzda aniq-ravshan ifoda qilingan boʻlib, qarshi fikrlarga eʼtiroz va bahs-munozaralarga oʻrin qoldirilmagan [1].
Har bir sohada boʻlganidek, aqoid fanida ham dastlab Qurʼon va hadislardan olingan kalomga doir masalalar ixcham shaklda berilgan. Bunday asarlar keyingi davr olimlari uchun mazkur soha boʻyicha sharhlar bitish imkoniyatini bergan.
Movarounnahrda XI asrda hanafiylik taʼlimoti asosida kalom maktabining shakllanishida Samarqand ilmiy muhitining oʻrni oʻziga xos boʻlgan [2]. Ushbu asr oxirida moturidiya taʼlimoti shaharda hali keng miqyosda yoyilmagan edi. XII asrga kelib, moturidiyaga oid kitoblar yozilishi, usullarning yuzaga kelishi natijasida bu taʼlimot atrofga yoyila boshladi. Bu davr moturidiyani mustahkamlovchi dalillar toʻplanishi bilan ham ahamiyatlidir.
XI-XII asrlarda mutakallimlar asosan raddiya berish uslubida asar bitgan. Jumladan, Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla” kitoblarida tavhid, sifat va boshqa eʼtiqodiy masalalar aql va mantiq qonun-qoidalari asosida yoritilgan. Bu yoʻnalishdagi manbalar islomning birlamchi asoslarini inkor etuvchilarga moʻljallangan.
Abu Hafs Umar Nasafiy aqida ilmini rivojlantirish yoʻlida katta xizmat qilgan olimlardan hisoblanadi. U kishi Imom Moturidiy asos solgan moturidiylik taʼlimotini davomchilaridan boʻlib, uning mashhur olim boʻlib yetishishida Ibrohim Saffor Buxoriyning ham hissasi boʻlgan [3].
Nasafiyning “Aqoid” asarida Qurʼon va hadislardan keltirilgan dalillar juda kam uchraydi. Biroq muallif kitobda berilgan maʼlumotlar Qurʼon va hadisda kelganiga ishora qilish uchun “ورد الدليل السمعي” (naqliy dalil kelgan), “وقد روي بيان عددهم في بعض الأحاديث” (baʼzi hadislarda ularning soni rivoyat qilingan), “واجبة بالنقل” (naql bilan vojib boʻlgan) kabi iboralarni qoʻllagan [4].
Nasafiy “Aqoid”ning tarkibiy tuzilishini moturidiyaga oid asarlarda tanlangan uslubda bergan boʻlsa-da, ulardan farqli ravishda masalalarning asosiy mazmun-mohiyatini berib, ularni chuqur bayon etmaydi. U oʻz taʼlimotini qisqa jumlalar bilan yoritadi. Olimning mazkur risolasi moturidiya yoʻnalishida aqida va kalom mavzularini qamrab olgan eng mashhur matn hisoblanadi.
“Aqoid” oʻzidan oldin yozilgan asarlarga tezis vazifasini oʻtagani uchun uni olimlar “al-Uyun” (Chashmalar), “Umdatut tolib” (Talabaning ustuni), “Umdatun nazzor” (Diqqat bilan kuzatuvchining ustuni) kabi nomlar bilan atagan [5].
“Aqoid” matnida mavzular quyidagicha keltirilgan: Narsalarning haqiqati, ilmning taʼrifi va uning vositalari, ilhom va vahiy oʻrtasidagi farq, olamning haqiqati va unsurlari, aksidensiya (jismli narsa), substansiya (jismsiz narsa), borliqning yaratuvchisi Alloh deb eʼtiqod qilish, “tasalsul” qoidasining xatoligi, olam yaratuvchisining yagonaligi, Allohning paydo boʻlmagani va yoʻq boʻlmasligi, “Laysa kamislihi shayʼun” (Uning misli yoʻq) deb eʼtiqod qilish, Allohning kalom, takvin, iroda kabi zotiy va feʼliy sifatlari, Allohni koʻrish, bandalarning feʼllari, istitoat (banda oʻzining xatti-harakatlariga qodir boʻlishi), hukmlar bandaning toqati doirasida joriy qilinishi, ajal, rizq, hidoyat, zalolat masalalari, Allohga hech narsa vojib emasligi, qabr azobi, qayta tirilish, tarozi, kitob, savol-javob, havz, sirot, jannat, doʻzax, kabira va sagʻira gunohlar, shafoat, iymon, “iymon” va “islom” soʻzlarining farqi, paygʻambarlik va ularning adadi, farishtalar, Allohning kitoblari, Meʼroj, avliyolar karomati, xulafoi roshidinlar, imomat masalasi, mahsiga masʼh tortish, bandadan majburiyat soqit boʻlmasligi, dalillar zohirlariga qarab tushunilishi, kufrga sabab boʻluvchi omillar, maʼdum (yoʻqlik) narsamas, oʻtganlar haqqiga qilingan sadaqa va duolar, qiyomat alomatlari, mujtahidning ijtihodi, inson va farishtalarning fazilatlari [6].
Saffor Buxoriy ham “Talxisul adilla” kitobini yozishda hanafiy-moturidiy mutakallimlarning yoʻlini tutgan. Muqaddimada usul ad-din (dinning asoslari) gʻoyasiga toʻxtalib, unga taalluqli mavzular ustida bahs olib borgan va sharh qilgan. Ilm, nazar, bandalarning amallari, iymon, Allohning ismlari, shariat ahkomlari va boshqalar shular jumlasidandir. Kitob soʻngida oxirat va imomat masalalariga taalluqli mavzularni keltirgan.
Ilm va nazar mavzusining avvalida muallif ilmga taʼrif bergan. Barcha ilmlar aslida foydali ekani, agar ularning sogʻlom va bunyodkor shaklidan foydalaniladigan boʻlsa, foydali taraflaridan boxabar boʻlinadi, deb oʻz fikrlarini bayon qilgan. Agar ana shu ilmlardan notoʻgʻri va xato yoʻl bilan foydalanilsa, salbiy oqibatlarga olib kelishiga diqqat qaratgan. Saffor Buxoriyning fikricha, ilm oʻrganiladigan narsasiga tobedir. Zero, barcha maʼlumotlar ilm egasi uchun foydalidir. Chunki ilm oʻz egasini nodonlikdan va adashib ketishdan qutqarib qoladi. Zararli ilmning oʻzi yoʻq, balki undan buzuq maqsadlar yoʻlida foydalanadigan kimsalar mavjud.
Shuningdek, Saffor Buxoriy boshqa imlardan koʻra, darajasi balandroq va afzal boʻlgan ilmlar bor degan fikrni ilgari surgan. Shunga koʻra, u tavhid ilmini boshqa ilmlar bilan solishtirar ekan, uning boshqa barcha ilmlardan afzal ekanini taʼkidlaydi [7].
Oʻzidan oldin oʻtgan kalom ulamolari kabi Saffor Buxoriy ham ilm mavzusida soʻz yuritib, sezgining besh turi, toʻgʻri xabar va aql – mana shular maʼrifat hosil qilish uchun asosiy manbalar ekanini bayon qilgan.
Ilohiyot masalalari bobida olamning yaratilgani, daliliga tayangan holda Xoliq mavjud ekanini isbotlab bergan. Yaʼni, olam javhar va arazlardan tarkib topgani, shuning uchun ham oʻzgaruvchan ekani, bunda u qadimiy iroda sohibi – Alloh taologa muhtojligini Xoliq mavjud ekaniga dalil qilgan. Bundan tashqari, Saffor Buxoriy Allohning sifatlarini ham zikr qilib oʻtgan va turli mazhablar, xususan, moʻtaziliylarning bu boradagi qarashlarini tanqid ostiga olgan [8].
Nubuvvat masalasida Saffor Buxoriy paygʻambarlik va rasullik Alloh tomonidan bashariyatga Uning amrlari va qaytariqlarini yetkazish ekanini, bu ish aqlan joiz, hikmat taqozosiga koʻra vojib ekanini bayon qilgan. Paygʻambarlarning rostgoʻy ekani ular koʻrsatadigan moʻjizalar suratida namoyon boʻladi. Allohning huzuridan Paygʻambarlarga nozil qilingan samoviy kitoblar ana shu paygʻambarlarning maʼnaviy moʻjizalaridir. Masalan, Qurʼoni karimning moʻjizaligi, fasohati, avvalgi ummatlar tarixi va kelajak ishlar haqidagi xabarlari uning bashar kalomi emasligini tasdiqlaydi.
Saffor Buxoriy bandalarning amallari mavzusida soʻz yuritib, uning fikri jabariylar va moʻtaziliylarning fikrlaridan koʻra, moʻtadil ekani maʼlum boʻladi. Saffor Buxoriyga koʻra, Alloh taolo insonni yaratib, yaxshilik va yomonlik, foyda va zararning oʻrtasini ajratib olishi uchun unga aql va iroda bergan. Bandalarning amallarini Alloh yaratgan. Ammo kasb qilish va amalga oshirish bandalar tarafidan sodir boʻladi. Alloh taolo oʻsha amal voqe boʻlayotgan vaqtda bandaga uni qilish uchun qudrat va istitoat beradi. Shuningdek, Alloh insonga yoki har qanday maxluqqa uning toqati va qudratiga qarab amal buyurgan. Bandalarning amallari Allohning roziligiga muvofiq kelmasa-da, ular ham Uning yaratishi va irodasi bilan boʻladi [9].
Iymonga taʼrif berar ekan, Saffor Buxoriy uning qalbdagi tasdiq ekanini, til bilan iqror boʻlish esa uni izhor qilish uchun shart ekanini, ammo iymon durust boʻlishi uchun iqror shart emasligini taʼkidlaydi. Shuningdek, Ahli sunna val jamoaning fikricha, islom va iymon bitta narsa ekanini, iymon yaxshi amallar bilan ziyoda va yomon ishlar sababli kam boʻlmasligini taʼkidlagan.
Ammo qabr azobi, undagi savol-javob, tarozi, Sirot koʻprigi va shafoat kabi oxiratda boʻladigan ishlardan samʼiy (naqliy) xabarlar orqali yetib kelganlari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, Saffor Buxoriy mazkur masalalar yuzasidan Ahli sunnaning qarashlariga muvofiq fikrda boʻlgan.
Imomat mavzusida esa Saffor Buxoriy ummatga xalifa tayinlanishi shartlari va paygʻambarimiz biror kishini xalifa qilib tayinlamagani bu ummatning bir ovozdan ittifoqi bilan boʻlishi va Rasulullohdan soʻng toʻrt sahoba Abu Bakr, Umar, Usmon va Alining oʻttiz yil xalifa boʻlishi va ulardan soʻng, amirlik va podsholiklar boʻlib ketish haqidagi hadisni dalil qilib keltiradi.
“Aqoid” kitobiga kiritilgan meʼroj va mahsiga masʼh tortish kabi mavzular “Talxisul adilla”da uchramaydi.
Ikki asarning asosiy farqli jihati oʻrganilgan mavzularning qisqa va loʻnda, koʻp oʻrinlarda dalillari ham bayon etilishidadir. Nasafiyning matnida paygʻambarlarning soni haqidagi bahsda “Gʻofir” surasining 78-oyatiga oʻrin berilgan, xolos. Bundan boshqa joylarda hech qanday naqliy dalillar kelmagan. “Talxisul adilla”da esa 391 ta oyat, 193 ta hadis, Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Ibn Masʼud, Abdulloh ibn Umar, Abu Hurayra va Sufyon ibn Uyayna kabi sahoba va tobeinlar soʻzi, Rasulullohning shoirlari Hasson ibn Sobit, Labid ibn Robiʼa, Nobigʻa al-Jaʼdiy va mashhur arab shoirlaridan Zuhayr ibn Abi Sulmo, Yaʼqub Hamduniy va Bashshor ibn Barad sheʼrlari hamda oʻn toʻrtta mumtoz manbadan foydalangan holda raddiya berishning koʻp qirrali naqliy uslubiga asos solgani isbotlangan.
Bundan tashqari, Saffor Buxoriy oʻzi keltirgan dalillarni quvvatlash maqsadida Moturidiyning “Tavhid” va “Taʼvilot al-Qurʼon”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kabi asarlardan keng foydalangan.
Maʼlum mavzular ikki asarda ham uchraydi. Allohning sifatlari, Qurʼonning maxluq yoki maxluq emasligi, inson feʼllarining yaratilishi, qabr azobi, Munkar-Nakir savol-javobi, amallarni tarozida oʻlchanishi, paygʻambarlarning shafoati, iymon taʼrifi, uning ziyoda va kamaymasligi va avliyolarning karomati masalalari shular jumlasidandir.
Yuqorida keltirilgan mavzularning yoritilishi va oʻrganilishida asarlarda tanlangan uslub bir-biridan farqlanadi:
- Allohning sifatlari. Bu mavzuda Saffor Buxoriy olamning Yaratuvchisi uning hech bir narsasiga oʻxshamasligi borasida bir qator aqliy dalillarni keltiradi. Alloh taoloning jismlarga va arazlarga oʻxshamasligini isbotlab beradi.
Saffor Buxoriy Allohning sifatlari haqidagi mavzuni davom ettirib, Uni “shayʼ” deb aytish mumkinligi haqida soʻz yuritadi. Oʻzining yaratilmish (maxluqot)lariga oʻxshab qolmasligi uchun Allohning “shayʼ”ligi, mavjudligi, tirikligi, olimligi va qodirligini inkor etuvchi qarmatiylar, jahmiylar va qadimgi faylasuflar ilgari surgan fikrlarni yoʻqqa chiqaradi. Uning taʼbiricha, “shayʼ” mavjud narsa boʻlib, mavjudlikda Alloh bilan boshqa “shayʼ”lar oʻrtasida hech qanday oʻxshashlik yoʻqdir.
Nasafiy bu maʼnodagi “shayʼ” taʼbiri haqida bahs yuritmaydi. U faqatgina maʼdum (yoʻqlik)ning “narsa” emasligini ifodalash bilan cheklanadi.
Zot-sifat mavzusida ham ikki muallif qarashlarida yaqinlik bor. Abu Hafs Nasafiy: “وهي لا هو ولا غيره (Sifatlar Zotning na ayni va na Undan boshqa)” tarzida ifodalaydi.
Saffor Buxoriy esa bu mavzuga “Bu sifatlar Zotning Oʻzi ham, Zotdan boshqa ham va Zotning baʼzisi ham emasligi haqidagi boʻlim” ajratib, oʻzining bir qator aqliy dalillarini keltirib oʻtgan. Jumladan, u “Alloh taoloning Zoti mavjud va qadim, shuningdek, Uning sifatlari ham. Alloh taoloning Zoti sifatlarisiz, sifatlari esa Uning Zotisiz mavjud boʻlishi tasavvurga sigʻmaydi”, deb taʼkidlaydi [10].
Sifatlar mavzusida ikkala muallif ham “takvin” sifatiga alohida urgʻu berib, bu mavzuni mustaqil oʻrganib chiqadi va “takvin” Allohning azaliy sifati ekanini isbotlab beradi.
- Qurʼonning maxluq yoki maxluq emasligi masalasi. Bu mavzuda “Aqoid” matnida Qurʼonning taʼrifi keltirilib, uning maxluq emasligi qayd etilgan. Saffor Buxoriy esa Qurʼoni karimni Muhammad (s.a.v.) paygʻambar ekanlarining tasdigʻi sifatida zikr qilib, insonlar unga oʻxshash biror narsa keltira olmaganiga alohida urgʻu beradi. Qurʼonni maxluq deyuvchilarning aqliy dalillariga aqliy, naqliy dalillariga naqliy dalillar bilan raddiyalar berib, kim Qurʼonni maxluq desa, u dindan chiqishini taʼkidlaydi”.
- Allohni jannatda koʻrish. Ikki muallif ham Allohni oxirat kunida moʻminlar koʻra olishini aytib, bu xususda makon, masofa, tashbih va kayfiyat haqida bahsga oʻrin yoʻqligini taʼkidlaydi.
Bu mavzuda Nasafiy va Saffor Buxoriyning qarashlari bir xilligini, yaʼni Allohni jannatda koʻrish aqlan joiz va naqlan vojibligini bildirib oʻtganini koʻrish mumkin.
- Inson feʼllarining yaratilishi. Nasafiy bu xususda “kasb” taʼbirini qoʻllamaydi. Uning fikricha, bandalarning barcha feʼllarini Alloh yaratadi. Shu bilan birga, bandalarda iroda erkinligi boʻlib, u sababli mukofot yoki jazoga duchor boʻladi. Savobli amallarda Allohning roziligi borligini aytadi.
Saffor Buxoriy “Bandalarning amallari bandani vujudga keltirishi bilan vujudga keladi, ularni yaratishi bilan yaratiladi. Bu borada Allohning hech bir aloqasi yoʻq”, deb iddao qilgan qadariylar, yaʼni moʻtaziliylarga quyidagicha raddiya beradi:
“Bu borada toʻgʻri fikr shuki, bandada haqiqatan ham amal va tanlov, yaʼni ixtiyor qilish bor. Shunga qaramay, uning amali Alloh taoloning yaratishi bilan yaralmishdir, bandaning yaratishi bilan emas. Shunday ekan, oʻsha amallar bandaning feʼlidir va uning ixtiyoriga taalluqli boʻlgani sababli ular uchun savob yoki mukofot oladi.
- Qabr azobi va Munkar-Nakir savol-javobi. Qiyoslanayotgan ikki risolada ham qabr azobining haqligi eʼtirof etilib, kofir va gunohkor moʻminlar uchun qabr azobining borligi taʼkidlanadi. Itoatli moʻminlarga azob oʻrniga qabrda neʼmat berilishiga ham ishora qilingan.
Saffor Buxoriy qabr azobini inkor etib: “Hayoti yoʻq kishini azoblash, ongi va aqli yoʻq kishini soʻroqqa tutish maholdir”, deb daʼvo qiladigan jahmiylar va baʼzi moʻtaziliylarga bunday raddiya beradi:
“Moʻtaziliylarning baʼzilari mayyitning joni yoʻq boʻlsa ham azoblanishi mumkin, dedi. Baʼzilari esa, har bir mayyitda jon mavjuddir, biroq uyquga oʻxshab ketadigan umumiy ofatga yoʻliqqan kimsaga aylanadi, deydi. Ammo biz bu gapni aytmaymiz. Aksincha, toʻgʻri gap shuki, jon boʻlmasa, azoblash ham, ogʻritish ham, savolga tutish ham yoʻqdir, deymiz. Qabrdagi mayyitning soʻroqqa tutilishi va azoblanishi xabarlarda kelgan ekan, bizga unda hayot yaratiladi, Alloh taolo bu ishga qodir zotdir, deb eʼtiqod qilishimiz kerak boʻladi. Quyidagi oyat buning dalilidir: “Parvardigoro, Sen bizlarni ikki bor oʻldirding va ikki bor tiriltirding”.
Nasafiy savol-javob, qabrdagi azob va neʼmat haqida yozib, ular naqliy dalillar bilan sobit boʻlganini taʼkidlaydi.
- Vazn (tarozi) va havz. Nasafiy bu ikki narsaning mohiyatiga toʻxtalmasdan vazn va havzning haqligini qayd etadi.
Saffor Buxoriyga koʻra, oxiratda boʻladigan ishlardan yana biri mezon va hisob-kitobdir. Bu borada ishonchli naqliy dalillar mavjud. Aqlan olganda ham bu ish mumkindir. Shunday ekan, uni tasdiqlash vojib boʻladi.
- Shafoat. Ikki muallif fikricha, paygʻambarlar bilan bir qatorda axyorlar (tanlangan kishilar) ham shafoat qiladilar.
Saffor Buxoriy bu mavzuda ikki tomonlama aqliy va naqliy dalillarni keltiradi. Jumladan, bunday fikr bildirgan: “Shafoat masalasida bizning ikki asosimiz bor. Birinchisi, yuqorida bayon qilib oʻtganimizdek, gunohi kabira qilgan bandani Alloh taolo afv etishi va magʻfirat qilishi joizligiga asoslanadi. Biz aytamizki, hech kim shafoat qilmasidan oldin Alloh taolo uni afv etishi va magʻfirat qilishi joiz ekan, Alloh taoloning nazdida oʻsha yuksak martaba egasi boʻlgan biror shafoat qiluvchi banda uni shafoat qilganidan soʻng uning afv etilishi va magʻfirat qilinishiga hech qanday monelik yoʻq.
Ikkinchi asosimiz Qurʼoni karimda kelgan dalillarga taalluqlidir. Alloh taolo bunday degan: “(Qiyomat kuni Alloh) huzurida faqat U izn bergan kishilarning shafoati (oqlovi)gina foyda berur”, yana: “Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?!”, yana: “(U kunda) faqat Rahmon nazdida ahd (izn) olgan kishilargina (gunohkor moʻminlarni) shafoat qilishga ega boʻlurlar”.
- Jannat va jahannam. Nasafiy jannat va jahannamning shu onda mavjud ekanini va bularning na oʻzi va na ichidagi narsalari yoʻq boʻlib ketmasligi, yaʼni ikki makonning boshlanish nuqtasi bor va abadiy ekanini taʼkidlaydi.
Saffor Buxoriy ham jannat va jahannamning hozir ham mavjud ekani, ular hech qachon foniy boʻlmasligi va taqvodor moʻminlar unda abadiy qolishi, gunohkor moʻminlar esa maʼlum vaqtgacha qolib, keyin undan chiqib, jannatga tushishi va kofir va gunohkorlar jahannamda abadiy qolishini taʼkidlagan.
- Iymon masalasi. Nasafiy fikricha, iymon iqror va tasdiqdan iboratdir, koʻpaymaydi ham, kamaymaydi ham, ammo amallar ortishi va kamayishi mumkin.
Saffor Buxoriyga koʻra, iymon – bu aslida qalb bilan tasdiqlash. Til bilan iqror boʻlish esa, dunyoda unga nisbatan moʻminlarga tegishli hukmlar joriy qilinishi uchun bizga oʻsha(tasdiq)ni namoyon qilishdir. Bu Abu Hanifa rahimahullohdan rivoyat qilingan va hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh tanlagan yoʻldir [11].
Nasafiydan farqli oʻlaroq, Saffor Buxoriy “iymon” masalasiga toʻxtalar ekan, iymonning mohiyati, iymon va islom bir narsa ekani, iymonning koʻpayib, kamaymasligi, iymonda istisno yoʻqligi, iymon maxluq ekani haqida batafsilroq soʻz yuritadi.
- Meʼroj. Nasafiy bu mavzuga kengroq yondashib, meʼroj sergak, hushyor holda jisman boʻlganini taʼkidlaydi. Saffor Buxoriy bu mavzuda soʻz yuritmagan.
- Karomat. Nasafiy karomat gʻayritabiiy hol sifatida “valiy” tomonidan yuzaga kelishini aytadi. Ammo har kim ham valiy boʻla olmaydi, valiy boʻlishning shartlari mavjud boʻlib, bu dinda xolis boʻlishdir, deydi. Nasafiy karomatga misollar ham keltiradi. Masalan, qisqa vaqt ichida uzoq masofani bosib oʻtish, ehtiyoj tugʻilganda taom va kiyimning hozir boʻlishi, suv ustida yurish va shunga oʻxshash gʻayrioddiy narsalar. Nasafiyning fikricha, valiyning karomati u oʻzi ergashgan paygʻambardan sodir boʻlsa, moʻjiza hisoblanadi.
Nasafiydan farqli oʻlaroq, Saffor Buxoriy bu masalaga ham naqliy va aqliy dalillar keltirib, uni inkor etuvchilarga quyidagicha raddiyalar beradi: “Mazkur daʼvolarga javob shuki, valiyning karomati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarliklarini tasdiqlashga olib keladi. Buni bunday tushunish mumkin: valiyning karomati agar u chinakam valiy boʻlsagina namoyon boʻladi. Kishi haqiqiy valiy boʻlishi uchun u paygʻambar deb iymon keltirgan shaxs haqiqiy paygʻambar boʻlishi shart. Demak, karomat valiy banda iymon keltirgan Paygʻambarning paygʻambarligiga dalil boʻladi”.
XI-XII asrlarda “bilish nazariyasi”, “ilm olish vositalari”, “fosiq imom ortida namoz oʻqish” va “mahsiga masʼh tortish” kabi masalalar aqida fani darajasiga olib chiqilgan. Asarlardagi mavzularni qiyosiy tahlil qilish natijasida, masalalarni ikki olim oʻz davri nuqtai nazaridan sharhlagani kuzatildi. Olimlarning mavzuga yondashuvi turlicha, lekin koʻzlangan maqsad ahli sunna val jamoa taʼlimotini yot qarashlardan himoya qilish va turli oqimlar bildirgan fikrlarga raddiyalar berish boʻlgan.
Mazkur ikki asarning qiyosiy tahlili quyidagi xulosalarga olib keladi:
– “Aqoid” asari hajm jihatidan kichik (15 bet), yaʼni tezis koʻrinishida yozilgan boʻlsa, “Talxisul adilla” undan kattaroq (176 bet) qilib yozilgan;
– “Aqoid” asariga koʻplab sharh va hoshiyalar yozilgan boʻlsa, “Talxisul adilla”ga sharh yozilganini uchratmadik;
- “Aqoid” asari oʻtmishda ham, hozir ham yurtimiz va xorijlik olimlar tomonidan keng koʻlamda oʻrganilgan, afsuski, buyuk vatandoshimiz Saffor Buxoriy qalamiga mansub “Talxisul adilla” asari mamlakatimizda oʻrganilmagan. Yurtimizda esa ilk bor oʻrganilib, ilmiy muomalaga kiritilmoqda;
- Kalom kitoblariga meʼroj va mahsiga masʼh tortish kabi mavzular “Aqoid”dan joy olgan, ammo “Talxisul adilla”da uchramaydi;
Xulosa qiladigan boʻlsak, Saffor Buxoriy va Umar Nasafiy asosan ahli sunna qarashlarini ilgari surgan. Nasafiy bir-ikki oʻrinni hisobga olmaganda, masalalarning dalillariga toʻxtalib oʻtirmagan. Saffor Buxoriy esa, har bir masala yuzasidan atroflicha bahs yuritib, ahli sunnaning qarashlarini ilgari surish bilan birga, unga muxolif boʻlgan tomonlarning qarashlarini ham keltirib oʻtgan va moturidiya taʼlimoti asosida keskin raddiyalar bergan.
-
Toraloğlu B. Kelâm Ilmı: gırış. – Istanbul, 1981.
-
Rudolrh U. Al-Māturīdī and the develorment of Sunnī theology in Samarqand. – Leiden, New York, Koln: E.J.Brill, 1997.
-
Alloqulov A. Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid” asari va uning sharhlari tahlili. Dissertatsiya. – T., 2018.
-
Abu Hafs Nasafiy. Matn al-Aqoid. – Istanbul: Boyazid, 1893.
-
Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. – J. II.
-
Winsinek A.J. Islâm ansikloredisi. – Istanbul., 1964. – J. IX.
-
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ismoil Saffor Buxoriy. Talxis al-adilla li qavoidi tavhid. Anjelika Brodersn tahqiqi. Muassasatur rayyon. – Bayrut., 2011. J.I.
-
Ali ibn Muhammad ibn Ali Jurjoniy. At-Taʼrifot. – Bayrut: Dorul kitabil arabiy, 1405.
-
Al-Milal van nihal. – Bayrut: Dorul maʼrifa, 1404. J.1.
-
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ismoil Saffor Buxoriy. Talxis al-adilla li qavoidi tavhid. Abdulloh Muhammad Abdulloh Ismoil tahqiqi. Al-maktabatul azhariyya litturos. – Qohira. 2016. J.I.
-
At-Tavhid.