Tarix, antropologiya, arxeologiya, sotsiologiya va ijtimoiy psixologiyaga oid tadqiqotlardan maʼlumki, insonlar ijtimoiy mavjudotdir. Ular turli sabablarga koʻra jamoa boʻlib yashashga odatlangan. Davlat negizida birlashish tarixning qaysidir davrida amalga oshirilgani tarixchilar tomonidan aniqlangan. Shunday boʻlsa-da, faylasuf olim Jon Lokk fikricha, bir vaqtlar yer yuzida hukumat yoki siyosiy jamoa boʻlmagan. Hamma odamlar tabiiy anarxiya holatini boshidan kechirgan. Biroq, tartib va tinch-totuv yashash mushkul boʻlgan tabiiy anarxiya holati oʻz fikriga ega boʻlgan har qanday insonni qoniqtirmas edi. Kuchsizlar kuchlilardan qoʻrqar va ularga qarshi himoyasiz boʻlgan. Shu sababli insonlar birlashib, siyosiy jamoa tuzdi va uni boshqaruvchi hukmdorlarga fuqarolarni himoya qilishiga ishonch bildirdi. Hozirgi kungacha oʻtgan barcha hukmdorlar oʻz hukmronligi uchun ushbu birinchi ijtimoiy shartnoma tufayli insonlar oldida qarzdordir. Shunga koʻra, hukumat biror masalada qaror qabul qilishda xalqning roziligini olishi lozimdir [7:92].
Aflotun kishilarning jamoa boʻlib yashashi va davlat barpo etish zaruriyatini ularning yakka shaxs sifatida oʻz ehtiyojlarini qondira olmasligi bilan bogʻlaydi [9:86]. Arastu inson ijtimoiy mavjudot boʻlgani holda faqat jamiyat ichida maʼnaviy kamolotga yetishi mumkinligini taʼkidlab, davlatning asosiy maqsadi fuqarolarning maʼnaviy kamolotga yetishiga yordam berish ekanini taʼkidlaydi [9:89].
Forobiy yunon faylasuflari kabi insonlar oʻz ehtiyojini qondirish va kamol topishi uchun jamoa va jamiyat birlashuviga zaruriyat borligi bilan izohlaydi [2:238]. Nizomulmulk esa davlatni ilohiy inoyat deb hisoblaydi. Jamiyatdagi urush va ixtiloflarning oldini olish, kishilarni tinch va osoyishta yashashi uchun Alloh taolo har asrda xalq ichidan bir kishini podshohlikka koʻtaradi. Barcha ishlar shu hukmdor orqali amalga oshirilib, xalq uning adolati soyasida tinch-totuv yashaydi [12:16].
Lyuterning siyosat falsafasi inson zotini ikki qarama-qarshi kuchga, yaʼni Tangri qudrati va dunyoga talpinuvchi iblis kuchlariga ajratadi [10:27]. Gobbs esa resurslar tanqisligi va odamlarning mol-dunyoga oʻchligini bunga asosiy sabab sifatida keltiradi. Unga koʻra, odamlar egalik qilishi mumkin boʻlgan resurslar cheklangan. Agar ikki kishi bir vaqtning oʻzida bir narsani xohlasa, ular bir-biriga dushman boʻlib qoladi va biri ikkinchisini yoʻq qilishga intiladi. Urushlarning yana bir sababi odamlar oʻrtasidagi nomus va shaʼn uchun kurashdir. Bu tuygʻu jamiyatda hasad, nafrat va nihoyat urush muhitini yaratadi. Gobbsning fikriga koʻra, odamlarni boshqarish uchun qonun qabul qilish va jamiyatda tartibni saqlashga masʼul boʻlgan mutlaq hokimiyat manbai boʻlishi kerak. Buning uchun esa davlat kerak boʻladi [13:54].
Inson, jamiyat va davlat majmuasida yana bir muhim masala hukmdor va xalq oʻrtasidagi munosabatdir. Siyosatnomalarda hukmdor va unga boʻyinsinuvchilar oʻrtasidagi munosabatlar haqida muhim maʼlumotlar qayd etilib, ularning bir-biri oldidagi masʼuliyat va burchi aniq bayon etilgan. Jumladan, “Qutadgʻu bilig”da hukmdorning xalq ustidagi huquqlari sifatida hukmdorga itoat etish, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlash, hukmdor yaxshi koʻrgan narsani yaxshi koʻrish va aksincha unga xush kelmagan narsani qilmaslik keltirilgan. Buning evaziga hukmdor xalqni himoya qilishi, davlatni boshqarish uchun adolatli qonunlar chiqarishi, zulmning oldini olishi va yoʻllarni xavfsiz holatga keltirishi kerak [15:863-865].
Tarix davomida jamiyatni boshqaradigan shaxslarning xalqqa nisbatan adolatli va mehr-oqibatli boʻlishi kutilgan. Biroq hokimiyatni qoʻlga kiritgan hukmdorning oʻz davlatini adolatli boshqarmasligi, xalqiga zulm qilishi tarixda koʻp uchraydigan hodisalardan biridir. Shafqatsizlik bilan boshqariladigan davlatlar uzoq davom etmay, ichki tartibsizlik oqibatida davlatni tashqi kuchlarga nisbatan zaif qilib, uning qulashiga zamin yaratgan. Davlat arboblari, sarkardalar, faylasuflar va olimlar davlat boshqaruvidagi illatlarni koʻrsatib, xalqqa yaxshi va adolatli munosabatda boʻlish kabi masalalarda hukmdorlarga tavsiya va pand-nasihat majmualarini taqdim etgan. Vaqt oʻtishi bilan bu asarlar siyosatnomalar tarzida shakllandi. Siyosatnoma tipidagi asarlarni kengroq oʻrganish zarur. Chunki bu asarlarda keltirilgan nasihatlar faqat hukmdorlarga berilmasdan, balki ayrim mansabdorlar, jumladan, vazir, viloyat noibi, hokim va hokimiyat tepasiga endi keladigan valiahdlarga berilgan maslahat boʻlishi mumkin.
Siyosatnoma anʼanasi islomdan oldin ham Sharq va Gʻarbda mashhur boʻlgan. Bu sohada Sharq dunyosidagi hind-eron asarlari odatda namuna sifatida keltirilgan. Sosoniylarning soʻnggi hukmdorlari davrida yozilgan “Andarznoma”, “Pandnoma” asarlari va Buzurgmehr risolalari ancha mashhurdir. Abdulloh ibn Muqaffa tomonidan tarjima qilingan “Kalila va Dimna” nomli asarning asl nomi Panchatantra boʻlgan bu asar sanskrit tilidan tarjima qilingan. Panchatantra Eron shohi Xusrav Anushervon (531–579) buyrugʻiga binoan, uning shaxsiy tabibi Barzuya Hindistondan keltirgan va pahlaviy tiliga tarjima qilingan [8:3].
Sharqdagi hind-eron maktabiga turkiy xalqlar anʼanasini ham qoʻshish mumkin. Oʻrxun-Enasoy yodgorliklarida keltirilgan nasihatlar davlat boshqaruviga oid siyosatnoma yozish anʼanasini ifodalaydi. Siyosatnoma asar yozish boʻyicha Gʻarbda asosan yunon faylasuflari, tarixchi va shoirlari ustunlik qiladi. Yunonlar bu mavzuda muhim asarlar taqdim etgan. Ulardan Aflotun va Arastu tomonidan yozilgan asarlar hozirgacha siyosat falsafasiga oʻz taʼsirini oʻtkazib kelmoqda. Shuningdek, yunon shoiri Ezop, Lafonten, Fenelon va Nikkolo Makiavelli kabi mutafakkirlar siyosatnoma anʼanasining muhim vakillari sanaladi.
Islomda siyosat falsafasining ibtidosi Muhammad sollallohu alayhi vasallam paygʻambarligi davridan boshlangan, desak boʻladi. U zot faoliyati davomida islom ummatining paygʻambari, davlat boshligʻi, qonun chiqaruvchi qozi va qoʻshin qoʻmondoni kabi vazifalarni bajargan. U tarqoq arab qabilalarini islom bayrogʻi ostida birlashtirdi. Islomda xalifalik maqomi boʻyicha bahslar Paygʻambar vafoti va xulafoi roshidindan keyin vujudga keldi [4:40]. Muoviya tomonidan oʻgʻli Yazidning xalifa etib tayinlashi xalifalik tizimining buzilishiga va islom jamoasiga rahbarlik qilish masalasiga oid munozaralar paydo boʻlishiga olib keldi. Shu davrdan boshlab xalifalik otadan oʻgʻilga merosiy tarzda oʻtadigan mansabga aylandi. Biroq xalifa mamlakatdagi diniy va dunyoviy hokimiyatning yagona rahbari sifatida saqlab qolindi. Bu holat Ummaviylar va Abbosiylar davrida ham davom etib, toki xalifa Mutavakkil (847-861) davriga kelib xalifalik parchalanish davriga qadar davom etdi. Abbosiylar xalifasi Mutavakkil davrida hokimiyat zaiflashdi va bu, oʻz navbatida, davlatning parchalanib ketishiga olib keldi.
Islom tarixida siyosatnoma anʼanasi Qurʼoni karim va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislari bilan boshlangan. Keyingi davrlarda yozilgan siyosatnomalarning mavzulari Qurʼoni karimda keltirilgan buyruq va taʼqiqlardan iborat ekanini koʻrish mumkin. Qurʼoni karim insonni axloqli, adolatli, saxovatli boʻlishga chaqiradi va baxillik, adolatsizlik, axloqsizlikdan qaytaradi. Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari va xatti-harakatlarini ham ushbu muqaddas kitobda keltirilgan oyatlarning tafsiri va kengaytirilgan tavsifi deb taʼkidlashimiz mumkin. U zot Qurʼoni karimda keltirilgan buyruq va taqiqlarni hayotlik chogʻlarida shaxsan amalga oshirish orqali koʻrsatib oʻtganlar. Kishilarga adolatli munosabatda boʻlish uning shiori boʻlib, doimo boshliqlarni adolatga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo hech qanday soya boʻlmagan qiyomat kunida oʻz soyasi ostidan panoh beradigan yetti kishining birinchisi odil hukmdor boʻlishini taʼkidlaydi [14:84].
Muhammad sollallohu alayhi vasallam oʻz faoliyatidan tashqari, turli hududlarga yuborgan qoʻshin qoʻmondonlari va jangchilarga ham baʼzi tavsiyalar berganlar. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tunda biron bir aholi manziliga kelsalar, kechasi unga hujum qilmay, kunduzni kutar edilar. U keksalar, ayollar va bolalarni oʻldirishni man qilganlar. U zot asirlarga yomon munosabatda boʻlishni istamas, ularni qoʻllarini yechib qoʻyishni, ovqatlantirishni, kasallarni davolab, kiyintirishni buyurgan. Bu amr va tavsiyalar Paygʻambardan keyin ham amalga oshirilganini koʻramiz.
Abu Bakr xalifa boʻlgach, Usoma ibn Zaydni qoʻshinga bosh qilib Shomga yubordi. Xalifa Usoma ibn Zaydga qoʻshin bilan birga boʻlgan paytda unga xiyonat qilmaslikni, bergan vaʼdasini bajarishni, oʻljani teng taqsimlashni, dushmanlarning ogʻzi, burni va quloqlarini kesmaslikni, monastirlarda ibodat qiluvchi yoshi ulugʻ dindorlar, qariyalar va bolalarni oʻldirmaslikni amr qiladi. U davlat boshqaruviga jiddiy eʼtibor bilan qaraydi, hatto vafot etsa, oʻz oʻrniga kimni qoldirishini maslahatlashib, Umar ibn Xattobni oʻrinbosar sifatida tanlaganini aytib oʻtadi. Oʻlimi oldidan Umarni yoniga chaqirib, xalifalikni qabul qilganidan soʻng davlat boshqaruviga oid qisqacha oʻz tavsiyalarini beradi. Umar, Usmon va Ali raziyallahu anhu xalifaligi davrida bu anʼana davom ettirilgan.
Ali vafot etishidan oldin oʻgʻillariga taqvoga amal qilish, yetim, miskin va beva-bechoralarga gʻamxoʻrlik qilish, zolimga dushman, mazlumga himoyachi boʻlish, Allohning kitobiga itoat qilish, namozni oʻz vaqtida oʻqish, zakotni toʻgʻri toʻlash, qilgan gunohlariga tavba qilish, gʻazab va ginalarni yengish, er-xotin munosabatlariga rioya qilish, johillarga bagʻrikeng boʻlish, dinni yaxshi tushunishga harakat qilish, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini saqlashni amr qilgan [5:391].
Ummaviylar davlatining eng odil hukmdori Umar ibn Abdulaziz borasida ham koʻplab misollar keltirish mumkin. Uning davlat boshqaruvidagi eʼtiborli inson ekanini ahli ayoli Fotima shunday hikoya qiladi: “Bir kuni Umarning oldiga bordim. U koʻrpada yigʻlab oʻtirgan edi. “Biror narsa boʻldimi?” deb soʻradim. U Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatining ishlarini oʻz zimmasiga olib, bemorlar, kambagʻallar, miskinlar, keksalar, mazlumlar, yetimlar, koʻp bolali oilalar va boshqalar haqida oʻylab, Alloh taolo qiyomat kuni mendan ular haqida soʻraganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ular tufayli mendan xafa boʻlishidan yigʻlayapman deb aytdi”. Umar ibn Abdulazizning Kufa hokimi Abdulhamidga yozgan maktubida quyidagi tavsiyalarni yetkazadi: “Kufa yomon hokimlar tomonidan boshlangan qiyinchilik va zoʻravonlik girdobiga duchor boʻldi. Dinning mohiyati adolat va xushxulqlikdir… Gunoh ishning ozi boʻlmaydi. Ekin oʻsmaydigan choʻl joylarni aholi yashaydigan joy deb hisoblamang. Aholidan soliqlarni yumshoqlik bilan yigʻinglar… Mamlakatimizdagi musulmon kishilardan xiroj olmang. Mening bu amrlarimga amal qiling…[5:63-65].
Xulafoi roshidin va ummaviy xalifalarning yuqorida keltirib oʻtilgan baʼzi buyruq va nasihatlari Qurʼoni karim va Rasululloh (s.a.v)dan boshlangan deb hisoblanadi. Bunda esa, islom davri siyosatnoma anʼanasining davomi ekani oydinlashadi. Ummaviylar davrining oxirlarida siyosatnomalar yozish boʻyicha Sharq va Gʻarb ilm oʻchoqlarining oʻzaro uygʻunlashuvi natijasida yangicha qarashlar shakllana boshladi. Ummaviylar xalifasi Hishom (724-743) davrida olimlar antik davrdagi davlat boshqaruvi bilan bogʻliq ishlarni tarjima qilishga kirishdi. Ulardan biri Mavlo Abul Aʼlo Salim Arastuning Iskandarga yozgan risolalarini tarjima qildi. Ushbu risolalarning aksariyati fors madaniyati taʼsirida yozilgan yunon olimlarining qarashlari edi. Bu olimning “Kitab fis-siyasatil-amiya” risolasi ham muhim ahamiyatga ega. Bu davrda Fors podshohlari haqida hikoya qilinadigan asarlarni ham tarjima qilish boshlandi.
VIII asrda “Panchatantra”ning “Kalila va Dimna” nomi ostida tarjima qilinishi odob-axloq va tarbiyaga oid asarlarning arab adabiyotiga kirib kelishiga sabab boʻldi [4:99]. Abbosiylar davrida pand-nasihat mavzusidagi kitoblar yanada kengroq va tizimli tarzda yozilganini koʻramiz. Xalifa Maʼmun davrida tashkil etilgan “Baytul-hikma”da qadimgi Sharq va yunon olimlarining ilm-fan va falsafaga oid asarlari arab tiliga tarjima qilindi. Bu tarjimalar ichida boshqaruv tizimiga oid asarlarning salmogʻi ham yetarlicha boʻlgan. Abbosiylar davrida yozilgan siyosatnoma asarlarda Sharq va Gʻarb ilmiy maktablarining taʼsiri yaqqol koʻzga tashlanadi. Ummaviylar davrida yozilgan kitoblarda yagona manba Qurʼoni karim va hadislar edi. VIII asrdan boshlab yozilgan asarlarda Qurʼon va hadislardan tashqari Hindiston, Eron va Qadimgi Yunonistonda yashagan hukmdorlar, faylasuflar yoki davlat arboblari ham misol tariqasida keltirila boshlandi. Xususan, xulafoi-roshidin, Muoviya, Umar ibn Abdulaziz, Horun ar-Rashid kabi davlat boshqaruvida muvaffaqiyat qozongan xalifalar, Aflotun, Arastu, Iskandar Zulqarnayn, Jamshid, Anushervon kabi Eron va Yunoniston tarixida koʻzga koʻringan hukmdor va faylasuflarni shular jumlasiga kiritish mumkin. Baʼzi asarlarda Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan oldin oʻtgan Paygʻambarlar faoliyatini ham misol tariqasida keltirish boshlandi. Mavardiy (974-1058) “Nasihatul-muluk” asarini yozayotganda qoʻllagan usuli haqida shunday deydi: “Lekin biz kitobimizga faqat oʻz fikrimizni kiritib qoʻymaganmiz, biz oʻz nafsimizga ergashmasdan, har doim aytganlarimizga dalil keltirganmiz. Har bir aytgan soʻzimizga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan kitobdan bir oyat, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati va hadislaridan rivoyat dalil keltirdik. Soʻngra xulafoi roshidin, oʻtmishdagi hukmdorlar, avvalgi sultonlar va faylasuflarning tarixdagi bosib oʻtgan yoʻllarini ham tilga oldik” [11:115]. Nizomulmulk (1018-1092) oʻzining “Siyosatnoma” asarida shunday yozadi: “Men hadislar, Qurʼon oyatlari, zamona ulamolarining soʻzlari, ular aytgan qissalar va ularning talqinlarini har bir joy va bobda tushunarli tilda yetkazdim, toki odamlar bu kitobni oʻqiyotganda shubha-gumonga tushib, kayfiyati tushmasin” [12:17]. Abu Mansur as-Saolibiyning (961-1038) asosan Beruniy va Ibn Sino kabi olimlarni oʻz saroyiga taklif qilgan Maʼmun ibn Maʼmunga bagʻishlab yozgan “Adabul-Muluk”asari ham shu tartibda bayon qilingan [1:3].
Abbosiylar va undan keyingi davrlarda yuqoridagi tartibga mos kelmaydigan pand-nasihatga oid asarlar ham yozilgan. Gʻaznaviylar hukmdori Sabuqteginning oʻgʻli Mahmud uchun vaziri Abul Fath Bustiy tomonidan yozilgan “Pandnoma” shulardan biridir. Bu kitobda hech bir oyat, hadis yoki biror hukmdor yoki olim keltirilmagan. Biroq ushbu pandnomaga diqqat bilan eʼtibor qaratilsa, islom dini taʼsiri darhol seziladi. Asarda keltirilgan pand-nasihatlar biror oyat tafsiri yoki hadis sharhiga oʻxshaydi. Ayrim siyosatnomalarda, islomning ilk davrida yozilgani kabi faqat Qurʼoni karim va hadislar manba sifatida tilga olinib, boshqa ulamolar fikri keltirilmaydi. Tohiriylar sulolasi asoschisi Tohir ibn Husayn (821-822)ning oʻgʻli Abdullohga (828-845) xalifa Maʼmun tomonidan Misrga hokim etib tayinlanganida yozgan uzun maktubini misol qilib keltirish mumkin. U oʻgʻliga boshqaruv boʻyicha bergan nasihatlarini shunday yozadiki, unda Qurʼoni karim oyatlari matn mazmuniga singdirib yuboriladi [5:258-267].
Abbosiylar davrida mana shunday uslubda yozilgan asarlardan biri Yoqub Abu Yusuf tomonidan (731-799) xalifa Horun ar-Rashidga (765-809) taqdim etilgan “Kitab al-xaroj” asaridir. “Kitab al-xaroj” aslida siyosatnoma anʼanasi doirasida xalifaga pand-nasihat qilish uchun yozilgan kitob emas. “Kitob al-xaroj” asari islom tarixida davlat xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlashda soliqlarning oʻrni va roli, soliq turlari, miqdori, ularni yigʻish, toʻplash, jamiyat va davlat ehtiyojlari uchun teng taqsimlash tartibi, fuqarolar va soliq yigʻuvchilarning huquq va majburiyatlari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi musulmon huquqshunosligi normalariga bagʻishlangan asardir. Bunda Horun ar-Rashidga davlat boshqaruvi boʻyicha koʻrsatmalarni oʻz ichiga olgan kirish qismi eʼtiborimizni tortadi. Siyosatnoma anʼanasiga oid asar hisoblanadigan bu kitobning muqaddimasida Abu Yusuf xalifaga maslahat berishda faqat oyat va hadislardan manba sifatida foydalangan.
Аbu Yusuf xalifalik soliq tizimining shakllanishiga ulkan hissa qoʻshgan. Uning soliq solish muammolari toʻgʻrisidagi “Kitob al-xaroj” risolasi islom olamida iqtisodiy masalalarni qamrab olgan birinchi risola hisoblanadi. U bu kitobni hijriy 174-182 yillarda Abbosiylar xalifaligining bosh qozisi boʻlib ishlagan paytida yozgan.
Аbbosiylar xalifaligi islom huquq va anʼanalariga asoslangan holda boshqarilar edi. Bunda oʻsha davrda bosh qozi boʻlgan Аbu Yusufning xizmati kattadir. Uning xalifa Horun ar-Rashidga bagʻishlab yozgan “Kitob al-xaroj” asarining muqaddimasida islomiy boshqaruv tizimi xulafoi roshidin va Umar ibn Аbdulaziz kabi boʻlishi alohida taʼkidlab oʻtilgan.
Xalifa Horun ar-Rashid mamlakat aholisining hayoti va mol-mulki xavfsizligini taʼminlashga, adolat bilan hukmronlik qilishga harakat qilgan hukmdor edi. U Imom Аbu Yusufdan iqtisodiy-ijtimoiy masalalar boʻyicha savollarga javob berishni, islom dinida soliq qoidalari qay tartibda boʻlishi haqida soʻraydi. Аbu Yusuf bu savollarga javob berish maqsadida “Kitob al-xaroj” asarini yozdi. Unda nafaqat davlat daromadlari va xarajatlari, balki turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar ham yoritilgan.
Abu Yusufning kitob muqaddimasida keltirilgan boshqaruvga oid tavsiyalari siyosatnoma anaʼanasi doirasida yoritilgan mavzulardan farq qilmaydi. Hukmdorga berilgan tavsiyalarda xalqni adolat bilan boshqarish masalasi siyosatnomalarga xos xususiyat hisoblanadi. Abu Yusuf tavsiyalarining yana bir xususiyati shundaki, u asarda Eron-Hind yoki Qadimgi Yunoniston hukmdorlari va faylasuflaridan misol keltirmasdan, balki masalani sharhlashda turli oyat va hadislardan foydalanadi.
Abu Yusuf bu kitobni yozishdan maqsadini quyidagicha ifodalaydi: “Moʻminlar amiri, Alloh uni qoʻllab-quvvatlasin, mendan oʻzi uchun xiroj, ushr, zakot, jizya va boshqa soliqlarni yigʻishda, mazkur ishning mohiyatini anglab, unga muvofiq ish tutishda qoʻllanma boʻladigan kitob yozib berishimni soʻradi. Bu kitobni yozdirishdan maqsad – fuqarolariga zulm (jabr) qilmaslik va ularning farovonligini taʼminlashdan iborat. Alloh moʻminlar amirini koʻzlagan ishiga muvaffaq qilsin, uni toʻgʻri yoʻlga boshlab, maqsadiga erishishida yordam bersin, uni tashvishga solayotgan narsalardan salomat qilsin” [6:8].
Abu Yusuf undan soʻralgan masalalar haqida yozishni boshlashdan oldin Horun ar-Rashidga adolatli boshqaruv haqida bir qancha maslahat beradi. Bu maslahatlarning eng birinchisi adolat bilan hukm chiqarish haqida edi. U bu haqda: “Ertaga tajovuzkorlar yoʻlidan borganlar qatorida Аlloh huzurida toʻxtamagin, negaki, qiyomat kunining egasi oʻz bandalarining maqomiga qarab emas, balki bajargan ishiga qarab jazo beradi” [3:35].
U davlatni hukmdorning qoʻlidagi Allohning inʼomi deb biladi. “Alloh sizga bergan narsaga ehtiyot boʻling va sizga ishonib topshirilgan hukmlarni bajaring”. Musulmon davlatining farovonligi uchun u shunday taʼkidlaydi: “Hukmdor xalq farovonligi uchun javobgardir va u ular uchun hamma narsani qilishi kerak”. Xalifa Horun ar-Rashidga yozgan risolasida u odamlar farovonligini taʼminlash va qiyinchiliklardan xalos qilish musulmon davlatining asosiy vazifasi, deb taʼkidlagan. Shuningdek, u jamiyatning barcha aʼzolari farovonligini taʼminlaydigan va umumiy farovonlikni yuksaltiradigan siyosat zarurligini yozadi. Abu Yusuf xalifaga oʻz ishini vaqtida bajarishni, hech bir ishni kechiktirmaslikni, xalqni adolat bilan boshqarishni, kuniga bir soat boʻlsa ham adolatli boʻlishni maslahat beradi. Qiyomat kunida Alloh huzurida boshliqlarning eng baxtlisi qoʻl ostidagi fuqarolari undan xursand boʻlganidir. Xalifa toʻgʻri yoʻldan adashmasligi, oʻz xohishiga koʻra va gʻazab ustida ish koʻrmasligi kerak. Shuningdek, u Alloh taoloning buyruqlarini bajarishda uzoq-yaqin insonlarning hammasini teng koʻrishi va ularga birdek munosabatda boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi [6:9].
Abu Yusuf Horun ar-Rashidning gʻaflat pardasini oʻrab, oxiratini unutishini istamaydi. Qiyomat kuni kelishidan xabar beruvchi oyatlardan misol keltiradi. Yana oxiratda hukm qattiq boʻlishini bildiruvchi oyatlarga eʼtibor qaratadi va xalifaga zulm yoʻliga kirishdan saqlanishni maslahat beradi. Uning fikricha, hukmdor xalqning choʻponidir va ular uchun masʼuldir. Agar choʻpon qoʻyini tashlab ketsa yoki boshqa ish bilan band boʻlgani sababli suruvdagi hayvonlar yoʻqolib qolsa yoxud nobud boʻlsa, choʻpon ularni toʻlashi shart. Shu munosabat bilan hayvonlarning yoʻq qilinishi choʻponning yoʻq qilinishiga ham olib kelishi mumkin. Choʻponning yaxshi qoʻriqlashi, nazorati va himoyasi tufayli podaning yaxshi xulq-atvori uning baxti va mehnati evaziga munosib javob olishiga sabab boʻladi. Xuddi shuningdek, Alloh taolo xalifani oxiratda himoya qilishi va gʻamxoʻrligi uning dunyoda oʻz qoʻl ostidagilarini himoya qilishi va gʻamxoʻrligiga bogʻliqdir. Xalifaning oʻz qavmini adolat bilan boshqarishi oxiratda najot topishiga sabab boʻlsa, zulmi esa Alloh taolo tomonidan jazolanishiga olib keladi. Shu sababdan xalifa oʻz qavmining ahvolidan xabardor boʻlishi kerak [6:10].
Abu Yusuf Horun ar-Rashidga bergan nasihatini duo bilan yakunlaydi va xalifaning bu kitobga boʻlgan talabini oshirish uchun oʻzi tanlagan koʻplab hadislarni kitob oxiriga qoʻshadi.
-
Abu Mansur as-Saolibiy. Kitob latoif al-maorif. – T.: Fan, 1987.
-
Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. – T.: Yangi asr avlodi, 2016.
-
Абу Юсуф Якуб б. Ибрахим ал-Куфи. Китаб ал-Харадж (Мусульманское налогообложение) / Пер. с арабского и комментарии А.Э.Шмидта. Супракомментарии к переводу А.С.Боголюбова. Подготовка к изданию, вступит. статья и указатели А.А.Хисматулина. – Санкт Петербург.,
-
Erwin I.J. Rosenthal. Political thought in medieval islam. – Cambridge: University press, 1962.
-
İbnüʼl-Esîr, İzzeddin Ebiʼl-Hasan Ali b. Ebiʼl-Keram Muhammed b. Muhammed eş-Şeybânî, el-Kâmil fiʼtTârîh. – Beyrut: Dar-u Sadr, 1979. II.
-
Imom Abu Yusuf Yoqub ibn Ibrohim Kufiy. Kitob al-xaroj. – T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2021.
-
John Locke and government by consent / by Maurice Cranston. // IN: Political ideas/ edited by David Thomson. – London: Watts, 1966.
-
Kalila va Dimna / Tarjimon: Suyima Gʻaniyeva. – T.: Yangi asr avlodi, 2014.
-
Macit Gökberk. Felsefe tarihi, remzi kitabevi. – Istanbul, 1985.
-
Martin Luther and the “Two Kingdoms” / W.D.J.Cargill Thomson. // IN: Political ideas/ edited by David Thomson. – London: Watts, 1966.
-
Siyaset sanati (Nasihatüʼl-Mülûk, Çav. Mustafa Sarıbıyık, Kırkambar Yay., İst., 2000.
-
Siyosatnoma (Siyarul muluk). –T.: Yangi asr avlodi, 2008.
-
Thomas Hobbes and Philosophy of Absolutism / K.R.Minogue. // Political ideas/ edited by David Thomson. – Harmondsworth, England: Penguin Book Ltd., 1966.
-
Yahyo ibn Sharaf Navaviy. Riyozus solihiyn. – T.: Movarounnahr. 2004.
-
Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig. – T.: Fan, 1971.