Mamlakatimizda Qurʼon, hadis, aqida, fiqh, tasavvuf kabi islom ilmlariga oid qimmatli asarlar taʼlif etgan ulugʻ ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish yangi bosqichga chiqdi. Bunda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi. Qayd etish kerakki, shu vaqtgacha allomalarimiz asarlari yakka tartibda ona tilimizga tarjima qilingan boʻlsa, bugungi kunda ushbu jarayon tizimli ilmiy harakatga aylandi. Masalan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʻzbek tiliga oʻgirishni yoʻlga qoʻygan. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi esa Imom Termiziy va Hakim Termiziyning 20 dan oshiq asarlarini nashr etishga erishdi. Xuddi shunday, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Hadis ilmida musulmonlar amiri” deb ardoqlangan bobomiz Imom Buxoriyning barcha asarlarini oʻzbek tilida chop etishga yaqin turibdi.
Yaqinda ilmiy jamoatchilikka taqdim etilgan “At-Tarixus sagʻir” asarini Markaz faoliyatining yorqin amaliy natijasi sifatida baholash mumkin. “At-Tarixus sagʻir” tarjimasi 570 sahifadan iborat boʻlib, unda keltirilgan ayrim tarixiy voqealarga izoh va sharhlar berildi.
Imom Buxoriy hadis roviylari tarixiga oid “At-Tarixul kabir”, “Tarixul avsat” va “At-Tarixus sagʻir” deb nomlangan asarlar yozgan boʻlib, “At-Tarixul kabir”da jami 13 ming 798 nafar roviy haqida maʼlumot keltirilgan. “At-Tarixul kabir”dagi roviylar alifbo tartibi bilan berilgan boʻlsa, “At-Tarixus sagʻir” sanalar boʻyicha, yaʼni hadis roviylarining vafot etgan yillariga koʻra tartiblangan.
Imom Buxoriydan “At-Tarixus sagʻir”ni Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdurahmon Ashqar va Abu Muhammad Zanjavayh ibn Muhammad Nisoburiylar rivoyat qilgan [2:27].
Ulamolar Imom Buxoriyning tarix kitoblariga yuqori baho bergan. Ravdoniy: “Asar sahobalar tarixiga oid boʻlib, ular haqida maʼlumot berilgan ilk asardir”, degan [3:32].
Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy esa: “Abu Sahl Mahmud Shofeʼiy bunday deganini eshitdim: “Oʻttizdan ziyod misrlik ulamodan eshitgan edim. Ular: “Bizning bu dunyodagi ehtiyojimiz Muhammad ibn Ismoilning “Tarix” kitobini oʻqishdir”, degan edi”.
“At-Tarixus sagʻir” asari 2997 nafar roviy haqidagi maʼlumotlarni jamlagan. Imom Buxoriy bu asarda mashhur sahobalar, tobeinlar va tobeinlarning izdoshlarini, ularning vafot etgan yillari, naslu nasabi, oʻzaro muloqoti haqida bayon qiladi. Koʻp hollarda ayrim roviylarning sifatlariga xos boʻlgan hadis istilohlarini: jarh va taʼdil, nosix va mansux, sahih va zaifligini bayon qilganini ham qayd etadi. Muallif bu asariga voqealarning yilma-yil kechishiga qarab tartib bergan. Agar bir sanani tugatsa, u sanada vafot etgan mashhur shaxslarni, ular bilan bogʻliq muhim ishlarni zikr etib, undan soʻng keyingi voqealarni hikoya qilishni boshlagan.
Imom Buxoriy ushbu asarini yozar ekan, avvalo, ilmiy omonatdorlik va xolislik tamoyillariga qatʼiy rioya qilgan. Bu asarning ahamiyatga molik jihati shundaki, ayrim roviylarning sifati jarh va taʼdil iboralari bilan keltirilgan. Imom Buxoriy jarh lafzini ishlatmoqchi boʻlsa, juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Masalan: نظر فيه (fiyhi nazarun – uning rivoyatlarini tekshirish lozim), عنه سكتوا (sakatu anhu – u haqda sukut saqlashgan) ni ishlatgan. Muhaddisning bu borada qoʻllagan eng qattiq soʻzi الحديث منكر (munkarul hadis – rivoyat qilgan hadisi rad etilgan) soʻzidir. Shu sababli ulamolar Imom Buxoriyning roviyga bergan yengilgina salbiy taʼrifini ham jiddiy qabul qilgan.
Asarni tartibga keltirishda muallifning quyidagi maqsadlari koʻzga tashlanadi:
- Roviyning ismi va kunyasini aniqlash-tirish:
– 1310. Abu Jaʼfar Madoiniyning ismi Abu Jaʼfar Abdulloh ibn Misvar ibn Avn ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib Qurayshiydir [1:319].
– 2579. Musʼhar ibn Abdulmalik ibn Salaʼa Hamdoniy Kufiyning kunyasi Abu Muhammaddir[1:507].
– 2600. Ahmad ibn Solih aytdi: “Yunus akamning oʻgʻli Anbasa ibn Xolid ibn Yazid 197/813-yilda vafot qildi. Uning laqabi Ayliy edi” [1:509].
- Roviyning Paygʻambar alayhissalomni koʻrgani va u zot alayhissalomdan hadis rivoyat qilganini aniqlashtirish:
– 2358. Maʼmar Sobitdan, u Anasdan, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytgan. Maʼmardan Abu Dovud rivoyat qilgan [1:476].
- Roviyning tugʻilgan, yashagan, safar qilgan, vaqtinchalik toʻxtab oʻtgan va vafot etgan sana hamda manzillarini aniqlashtirish:
– 1570. Yahyo ibn Bukayr dedi: “Qoriz ibn Shaybaning ozod qilgan quli Ubaydulloh ibn Abu Yazid 126/744-yili vafot etdi. U makkalikdir” [1:361].
– 1753. Amr ibn Qays Sakuniy Himsiy 140/757-yili vafot etgan [1:388].
– 2392. Xalafning kunyasi Abu Ahmad boʻlib, Ashjaʼning ozod qilgan quli edi. Aytilishicha, u 181/797-yili yuz yoshida Bagʻdodda vafot etgan. Xalaf avval Kufada yashadi, keyin Vositga koʻchdi, soʻngra Bagʻdodga koʻchib oʻtdi. Ahmad: “Xalaf 180/796 yoki 179/795-yilning oxirida vafot etdi”, dedi [1:481].
- Roviyning hadisi tark qilinishining sababini bayon qilish:
– 1768. Yahyo bizga Sufyondan, u Mansurdan, u Ibrohimdan, u Xolid ibn Saʼddan, u Abu Masʼuddan rivoyat qildi: “U koʻzadan nabiz (mast qiluvchi ichimlik) ichar edi” [1:390].
– 1771. Xolid Abd Basriy hadisni Ibn Munzir va Hasandan rivoyat qilgan. Amr ibn Ali uni hadis toʻquvchi, deb ayblagan[1:391].
– 2041. Jaʼfar ibn Abu Jaʼfar Ashjaiyning otasidan rivoyat qilgan hadislari munkardir [1:433].
- Roviylar silsilasini aniqlashtirish:
– 1430. Miqsamning Ummu Salamadan ham, Maymunadan ham, Oishadan ham hadis eshitgani maʼlum emas [1:338].
– 2241. Said ibn Zuvn Saʼlabiy Basriy Anas ibn Molikni koʻrgan. Undan Muhammad ibn Said Qurayshiy hadis eshitgan. Saidning hadisiga ergashilmaydi [1:461].
- Roviyning fazilatlari, nuqsonlari va hadisga taʼsir qiladigan boshqa xususiyatlarini keltirish:
– 1898. Menga Ubaydulloh ibn Said soʻzlab berdi: Bizga Yahyo ibn Said soʻzlab berdi: “Menga Sariy ibn Ismoilning bir majlisda yolgʻon soʻzlagani oshkor boʻldi. U Kufiy Hamdoniydir” [1:412].
– 1899. Ali dedi: “Jarir dedi: “Umar ibn Yaʼlo hadisni Anasdan rivoyat qilardi”. Menga Umar ibn Yaʼloning qavmidan Zoida: “Senga u (Umar) qaysi hadislarni aytib berdi?” dedi. Men: “Anasdan rivoyat qilingan hadislarni aytdi”, dedim. Zoida: “Guvohlik berib aytamanki, u (Umar ibn Yaʼlo) bunday-bunday (halolligiga shubha boʻlgan) narsalarni ichar edi. Shu sababli xohlasang, undan hadis yozib ol, xohlasang, undan tiyil”, dedi” [1:412].
– 2098. Abdulloh ibn Muhriz Omiriy Jazariy Qatodadan munkar hadis rivoyat qilgan [1:441].
– 2189. Maysara ibn Abdu Robbihga yolgʻonchilik aybi qoʻyilar edi [1:455].
- Hadisning darajasini belgilash:
– 1303. Abu Saviya Uqaymiyning ismi Suhayldir. Uning hadisi basralik roviylar rivoyatlari qatorida turadi [1:319].
– 1309. Shoʻba Abu Avndan rivoyat qilib aytadi: “Horis bundan boshqa sanad bilan tanilmagan va bu sahih emas” [1:319].
– 1564. Muoz ibn Muoz Shoʻbadan, u Tavbadan, u Nofeʼdan, u Ibn Umardan, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kiyim haqida rivoyat qildi. Ammo bu hadisni Ibn Umardan rivoyat qilgani sahih emas [1:360].
– 1801. Musayyab ibn Nofeʼ Abdulloh ibn Sulaymon ibn Junoda ibn Abu Umayyadan, u otasidan hadis rivoyat qilgan. U Davsiydir. Uning hadisiga ergashilmaydi [1:395].
- Manzillarning geografik joylashuvi haqida maʼlumot berish:
– 1335. Zamor Sanʼodan ikki marhala masofadagi joydir [1:323].
– 1651. Menga Ali ibn Nasr soʻzlab berdi: “Ashʼas ibn Abdulloh ibn Jobir Abu Abdulloh Aʼmo Huddoniy Basriydir. Huddon Azdda joylashgan” [1:374].
– 2025. Avzo Humayr hududiga kiruvchi joydir. Humayr esa Damashqning Farodis Shomiy darvozasi tomonidan chiqqanda keladigan qishloqdir [1:430].
- Muhim voqea-hodisalarning qachon sodir boʻlganini rivoyat qilish:
– 290. Menga Hasan ibn Voqiʼ soʻzlab berdi: Bizga Zamra soʻzlab berdi: “Jamal voqeasi 36/657-yili boʻlgan edi”. Abu Nuaym: “U rajab oyida boʻlgan”, dedi [1:133].
– 2058. Ali dedi: “Sufyonning: “Juhhof (halokatli yogʻingarchilik) saksoninchi yili boʻlgan edi”, deb aytayotganini eshitganman” [1:435].
- Roviyning hadis ilmidagi salohiyatini aniqlashtirish:
– 1347. Baʼzi nasabshunos olimlar aytdi: “Hakam ibn Utayba ibn Nahhos Bani Saʼd ibn Ijl ibn Luhayn qabilasidandir. Uning (hadis) yodlagan yoki yodlamaganini bilmayman” [1:324].
– 2170. Bizga Muslim soʻzlab berdi: Bizga Abu Hasan Said ibn Zayd soʻzlab berdi: “U rostgoʻy, hofizdir” [1:452].
– 2368. Ali ibn Abdulloh Menga Sufyondan soʻzlab berdi: U aytdi: “Molik hadis ilmida peshvo kishidir” [1:477].
- Roviy qaysidir firqaga mansub boʻlsa, maʼlum qilish:
– 1677. Yahyo ibn Said dedi: “Ato ibn Abu Maymuna oʻlat kasalligidan keyin vafot etdi. U qadariylarning eʼtiqodida edi” [1:377].
– 1988. Ali ibn Nasr menga aytib berdi. U Solih ibn Abdulquddusning aka (yoki uka)si Abdusalomning ozod qilgan qulidir. Abdusalom esa Abdurahmon ibn Qaysning ozod qilgan qulidir. U Mahlabning ona bir ukasi boʻlib, qurbonlik kuni xorijiylar bilan birga oʻldirilgan [1:425].
– 2071. Menga Qutayba soʻzlab berdi: “Abu Azhar Muborak ibn Mujohid Marvaziy qadariylar toifasidan edi”. (Qutayba) uni oʻta zaif hisoblagan [1:437].
– 2517. Abu Sumayr Hakim ibn Xizom Basriy hadisi munkar kishidir. U qadariylardan boʻlgan. Abdulmalik ibn Umayr va Aʼmashdan hadis eshitgan [1:497].
– 2519. Menga Muhammad soʻzlab berdi: Bizga Bishr ibn Umar soʻzlab berdi: “Molik meni undan (Ibrohim ibn Muhammad Abu Yahyo Aslamiydan rivoyat qilishdan) qaytardi”. Men: “Qadariy boʻlgani uchun meni undan qaytaryapsizmi?” dedim. U: “Uning dini kuchli emas”, dedi [1:497].
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Imom Buxoriy roviylar tarixiga juda katta eʼtibor qaratib, har bir maʼlumotni ilmiy omonatdorlik nuqtayi nazaridan sinchiklab oʻrgangan, oʻziga yetib kelgan xabarning kim tomonidan aytilganiga alohida ahamiyat qaratgan. Ushbu asar roviylar haqida yozilgan dastlabki kitoblardan boʻlib, undagi maʼlumotlar eng ishonchli uslublar asosida saralangan. Shu nuqtayi nazardan “At-Tarixus sagʻir” asarini oʻrganish nafaqat roviylar haqida eng toʻgʻri maʼlumotga ega boʻlish imkonini beradi, balki Imom Buxoriy hadis rivoyat qiluvchilar haqidagi maʼlumotlarni saralash boʻyicha qoʻllagan uslub-metodlarni oʻrganish va undan axborot oqimi kuchayib borayotgan bugungi kunda turli fan va sohalar doirasida qoʻllashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. At-Tarixus sagʻir. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa uyi. 2023.
- Imom At-Tarixus sagʻir. – Bayrut: Dorul maʼrifa, 1986.
- Imom Buxoriy. At-Tarixul avsat. – Ar-Riyod: Dorus Sumayʼiy, 1998.