Home / MAQOLALAR / HADIS ILMINING IBN HIBBON DAVRIGACHA RIVOJLANISH BOSQICHLARI

HADIS ILMINING IBN HIBBON DAVRIGACHA RIVOJLANISH BOSQICHLARI

Hadislar islomning Qurʼoni karimdan keyingi manbasi hisoblanadi. Avvaliga hadislarning Qurʼoni karim bilan aralashib ketishining oldini olish uchun uni ommaviy yozishdan qaytarilgan. Hadislar yozilishining boshlanishi va taraqqiy etishi jarayoni haqida maʼlumotga ega boʻlishimiz mazkur sohaning IX asrga kelib, qanday holatga kelganini anglashimizga yordam beradi.

Hadis ilmining yozib boshlanishi va taraqqiy etishi boʻyicha bir qancha olimlar tadqiqot olib borgan. Shunday olimlardan biri Fuod Sezgin [14] boʻlib, u oʻz tadqiqotlarida ummaviylar va abbosiylar davridagi roviy va muhaddislarning qisqacha tarjimayi holi, saʼy-harakatlari va yozgan asarlariga katta ahamiyat bergan. Shuningdek, muallif roviy va muhaddislarga oid qoʻlyozma manbalarning qayerda saqlanayotgani haqida ham maʼlumot keltirgan. Bu borada izlanish olib borgan Doktor Muhammad ibn Matar Zahroniy [5] esa sahobalar davridan boshlab IX/XV asrgacha boʻlgan hadislarning yozilishi va tamoyillarini misollar bilan yoritib bergan. U oʻz tadqiqotlarida hadislarning qayd etib borilgani va sahifa hamda kitoblar yozilganiga urgʻu bergan. Qolaversa, yozilgan asarlar ahamiyati va ularga yozilgan sharhlarga alohida eʼtibor qaratgan.

Bundan tashqari, doktor Muhammad Mustafo Aʼzamiy [10] ham bu borada bir qancha ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, olim Nabiy sollallohu alayhi vasallam davridan II/VIII asr yarmigacha boʻlgan hadislarni yozib borgan sahoba va tobeinlarni alfavit shaklida keltirib, ularning yashagan davri, kimlardan rivoyat qilgani va ulardan kim rivoyat qilganiga koʻproq toʻxtalgan. Boshqa bir tadqiqotchi Doktor Akram Ziyo Umariy [2] esa “Buhusun fi tarixis sunnatil musharrifa” nomli kitobining “Hadisning yozilishi” bobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan III/IX asrgacha boʻlgan davrda roviy va muhaddislar tomonidan yozilgan bitik va sahifalar, shuningdek, mashhur hadis kitoblari haqida maʼlumot keltirgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, shu kunga qadar aksariyat hollarda, hadis ilmi yozilishining rivojlanish bosqichlari haqida faqatgina arab olimlari tomonidan tadqiqot olib borilganini koʻrishimiz mumkin. Yurtimiz olimlari tomonidan esa bu borada amalga oshirilgan ishlar yetarli emas. Shu sababli, bugungi kunda yurtimiz olimlari tomonidan Ibn Hibbongacha boʻlgan davrda hadis ilmining yozilishi jarayonini oʻrganish dolzarb ilmiy ahamiyatga ega boʻlib, bu, oʻz navbatida, mazkur sohada amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlariga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.

Maʼlumki, sahobalar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlik davrlarida yaqin koʻmakdosh boʻlgan. Vafotlaridan keyin yoʻllarini mahkam tutib, himoya qilgan. Bu muborak avlodning saʼy-harakatlari sunnatni yozib, asrab-avaylash va ummatga yetkazishda birinchi asos boʻlgan. Ular dinni yoyish, eʼtiqodni mustahkamlash va sunnatni barcha nopok narsalardan himoya qilishda bayroqdorlik vazifasini oʻtagan.

Sahobalarning sunnatni himoya qilish va saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari bir necha tamoyilni oʻz ichiga olgan.

Dastlabki tamoyil shuki, hadis yodlashga undash va yod olingan hadisga qatʼiy rioya qilish. Sahobalarning aksariyati shogirdlariga yod olish chogʻida hadislarni yozib olishni buyurar, soʻng sahifaga ishonib qolmasligi uchun yozganlarini oʻchirtirar va yodda saqlashni amr etardi.  

Xatib Bagʻdodiy: “Salaflar hadisni yod olishda avval uni yozib olib, kitobatidan oʻrganib, foydalanar, oʻzlashtirib boʻlgach, sahifaga tayanib qolishdan xavfsirab, yozganlarini oʻchirib tashlar edi. Chunki bu yodlash darajasining pasayishiga, yod olinganlarga nisbatan kam diqqat-eʼtibor berilishiga olib keladi” [17:62-63], degan.

Ikkinchi tamoyil sunnatni bir-biriga yozishish boʻlgan.

Xususan, Usayd ibn Huzayr Ansoriy Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir qancha hadislarini yozgan. Vaqti kelib, Abu Bakr, Umar va Usmon shular bilan hukm chiqargan va uni Marvon ibn Hakamga yuborgan [3: 226].

Jobir ibn Samura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning baʼzi hadislarini kitobat qilib, talabiga koʻra, Omir ibn Saʼd ibn Abu Vaqqosga joʻnatgan [4:89; 9:883]. Bu haqda koʻplab misol keltirish mumkin. Mavzu choʻzilmasligi uchun qisqacha keltirdik.

Keyingi tamoyil sahobalar shogirdlarini hadislarni yozma ravishda qayd etib borishga undagan. Shu orqali kelajak avlodlar uchun muhim manbalar hosil boʻlishiga xizmat qilgan.

Bu xususda Anas ibn Molik Ansoriyni misol keltirish mumkin. U farzandlarini ilmni yozib borishga undab: “Ey oʻgʻillarim, ilmni yozish bilan bogʻlab qoʻying”, der edi. Anas ibn Molikning: “Biz ilmini yozib bormagan kishining ilmini ilm deb hisoblamas edik”, degan soʻzlari mashhurdir [6:16; 17:122-141].

Hadisni sahifalarga yozish va ustoz-shogird orasida naql qilish, sahobalar orasida hukm surgan yana bir tamoyildir.

Ular qoldirgan sahifalar II-III/VIII-IX asrlarda yozilgan “Jomeʼ”, “Musnad”, “Sunan” va boshqa tasnifdagi asarlar uchun oʻta muhim va aniq manba boʻlib xizmat qilgan. Quyida shunday sahifalarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Abu Bakr Siddiqning sahifasi. Unda zakotning farzlari haqida hujjatlar kelgan.

Anas ibn Molikdan quyidagi rivoyat bor: “Abu Bakr Siddiq uni zakot yigʻuvchi qilib yuborganida, zakotning farzlari haqida maktub yozib bergan. Maktubda, jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uzuk (muhr)lari va: “Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning musulmonlarga farz qilgan va Alloh Oʻz Rasuliga amr qilgan farz zakotdir…” deyilgan” [13:361-362].

Shuningdek, “Ali ibn Abu Tolibning sahifasi”, “Abdulloh ibn Amr ibn Osning sahifasi”, “Abdulloh ibn Abu Avfoning sahifasi”. “Abu Muso Ashʼariyning sahifasi”, “Jobir ibn Abdullohning sahifasi” [7:11; 18:35-36] va boshqa “Sahifalar”.

Shunday qilib, sahobalar keyingi ummatga oʻz hifz va qaydlari orqali oʻta muhim xabarlar, dinimiz tayanchi boʻlgan hadisi shariflarni meros qoldirgan.

Keyingi avlod tobeinlar boʻlib, ular nafaqat sunnatni, balki butun dinni sahobai kiromlardan oʻrgandi. Ustozlaridan keyin risolatni insoniyatga yetkazishni oʻz zimmasiga oldi va bu vazifani nihoyatda ehtiyotkorligu omonatdorlik bilan bajardi. Chunki bu davrda fitnalar avj oldi, adashgan firqalar koʻpaydi va har xil bidʼatlar urchiy boshladi. Shu bilan birga, inson oʻz feʼli (xatti-harakati)ning yaratuvchisi deydigan qadariylar, aqlga tayanib Qurʼon va sunnatni “tanqid” qilgan jahmiylar,  sunnatni inkor qilgan rofiziylar, aql-idrokni aqidaning asosi deb eʼtirof etgan, oʻzini tavhid va adolat tarafdori, deb bilgan moʻtaziliylar kabi buzgʻunchi oqimlar paydo boʻla boshladi.

Tobeinlar sahobalardan keyingi eng yaxshi avlod boʻlgan. Ular Qurʼon va sunnatni ularni buzib talqin qilgan dushmanlardan asrab-avaylash,  odamlarga omonatni toʻliq yetkazishga nihoyatda qattiq eʼtibor qaratgan.

Tobeinlarning sunnatni muhofaza qilishi yoʻlidagi saʼy-harakatlariga kelsak, dastlabki tamoyil shuki, tobeinlar odamlarni sunnatga amal qilishga, yodlashga, yozib olishga, rivoyati va tinglanishida bardavom boʻlishga undagan. Bu vazifalarni bajarishda sunnatni yozib olishga ustuvor ahamiyat berilgan.

Imom Omir Shaʼbiy bunday degan: “Biror narsani eshitsangiz, devorga boʻlsa ham yozib qoʻying. Shu sizga sahifadagi holatidan koʻra yaxshiroqdir. Bir kun kelib, oʻzingizga kerak boʻlishi muqarrar” [17:128].

Hasan Basriy: “Ilm kitob ichida qolib ketmasligi darkor. Biz uni oʻrganishimiz juda ham zarur. Bunda esa, yozuv alohida ahamiyatga ega. Yozuv bilan ilm mustahkamlanadi” [17:128], deb yanada aniqroq bayon qilgan.

Keyingi tamoyil sunnatni bevosita sahifalarga yozishdir. Hadis yozish sahobalar davridagidan koʻra, tobeinlar asrida kengroq miqyosda tarqalgan. Chunki kitobat oʻsha paytda islom shaharlarida koʻpayib, ilm halqalarining ajralmas qismiga aylangan.

Ilm yozilishining keng koʻlamda yoyilishiga quyidagilar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin: rivoyatlarning katta miqdorda tarqalishi, sanadlarning uzun boʻlib ketgani, roviylarning ism, kunya va nasl-nasablari nihoyatda koʻpligi.

Keyingi sabab sunnat hofizlari boʻlgan sahoba va katta tobeinlardan koʻpchiligining vafot etishidir. Ularning ketishi bilan sunnatning koʻpi yoʻqolishidan xavotirlar kuchaygan.

Ayni paytda odamlar orasida yozishning tarqalishi tufayli yodlash malakasi avvalgilardan koʻra zaiflashib bormoqda edi. Shu bilan birga, fiqh, aqida kabi ilmlarda har xil yoʻnalishlar koʻpayib ketayotgandi.

Taʼkidlanganidek, turli bidʼatlar ham urchib boshlagan edi. Havoyi nafs yoʻlida oʻzini olim deb daʼvo qiluvchilar safi kengaygandan kengaygan, tarqalayotgan son-sanoqsiz yolgʻonlarni jilovlab boʻlmay qolgan edi.

Tobeinlar sunnatni uni yodda saqlash va unga gʻayri narsalarning kirishini oldini olish uchun ham yozishga kirishgan.

Oʻsha davrda bir qancha sahifalar yozilgan. Jumladan, quyidagilarni sanab oʻtish mumkin.

Ibn Abbosning shogirdi Said ibn Jubayrning sahifa yoki sahifalari. Bashir ibn Nahikning Abu Hurayra va boshqalardan yozgan sahifasi [8:138]. Ibn Abbosning shogirdi Mujohid ibn Jabrning sahifalari. Abu Yahyo Kinosiy: “Mujohid meni xonasiga olib borib, yozganlarini chiqarardi. Men undan koʻchirib olardim”, degan [17:135]. Jobir ibn Abdullohning shogirdi Abu Zubayr Muhammad ibn Muslim Tadrus Makkiyning sahifasi [11:203]. Zayd ibn Abu Unaysa Ruhoviyning sahifasi [15:160]. Abu Qilobaning sahifasi [11:144]. Ayyub ibn Abu Tamiyma Sijistoniyning sahifasi [15:161]. Hishom ibn Urva ibn Zubayrning sahifasi [15: 162].

II-III/VIII-IX asrlarda yozilgan mana shunday sahifalar sahobalarning sahifalaridan keyingi asosiy manbaga aylangan.

Yana bir tamoyil Umar ibn Abdulaziz va Muhammad ibn Shihob Zuhriyning sunnatni yozishdagi saʼy-harakatlaridir. Ular sunnatni tarqatish va bidʼatni yoʻqotish borasida nazariy va amaliy faoliyat olib borgan. Hadislarni yozib, toʻplam tuzish rasmiy ravishda xalifa Umar ibn Abdulazizning amridan keyin keng tus olgan. 

Imom Buxoriy oʻz “Sahihi”da Abdulloh ibn Dinordan bunday rivoyat qiladi: “Umar ibn Abdulaziz Abu Bakr ibn Hazmga maktub yozdi: “Qara, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan nima boʻlsa, shuni yoz. Chunki men ilmning yoʻqolib bitishidan, ulamolarning vafot etib ketishidan qoʻrqayapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarinigina qabul qil. Ilmni keng yoyinglar, (ilmiy) majlislar quringlar, toki bilmaydiganlar bilimli qilinsin. Chunki ilm sir tutilmas ekan, yoʻq boʻlib ketmaydi” [12:197].

Ibn Shihob Zuhriy eslaydi: “Umar ibn Abdulaziz bizga sunnatlarni yigʻishni buyurdi, ularni daftarlarga yozdik. Soʻng oʻzi hukmronlik qilgan har bir hududga daftar yubordi” [20:76].

Imom Molik: “Ilmni birinchi boʻlib yozgan Ibn Shihob Zuhriydir”, degan [17:135].

Yuqoridagi omillar tufayli tobeinlar davrida sunnatni oʻrganish va kitobatning oʻziga xos jihati hamda shartlari paydo boʻldi. Albatta, bunda hadis roviylarining holati, xabarlarning naql qilinishi va ishonchli boʻlmaganlarini muomalaga kiritmaslik kabi masalalar ustuvorlik kasb etgan.

Binobarin, tobeinlar davrida shu tariqa hadislar yozilib, majmualari va toʻplamlari tuzilgan. Shu asrda hadislarni yozib olish, kitobat qilib, tarqatishga davlat siyosati darajasida ahamiyat berish boshlangan.

II/VIII asr ikki avlod davrini oʻz ichiga oladi. Birinchisi 140/757-yildan keyin yashagan kichik tobeinlardir. Ikkinchisi esa, ummatga sunnatni rivoyat va dinni naql qilgan uchinchi halqa tabaa tobeinlardir. Mana shu avlod bidʼat va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarni fosh etib, islom sivilizatsiyasining rivojlanish jarayoniga katta taʼsir koʻrsatgan. Shu asr oʻrtalarida sunnat va roviylarga qarshi chiqqan bidʼatchi zindiqlar eng yuqori choʻqqiga chiqqandi. Bu avlod oʻshalarning yolgʻon toʻqimalarini ajratib, dinni himoya qilgan. Hatto, xalifa Mahdiy Muhammad ibn Abdulloh Mansur (744-785) [16:221] oʻz odamlaridan birini ularning xabarlarini kuzatish uchun xufya tarzda zindiqlar orasiga kiritgan. Lekin ular shunchalik koʻpaygan ediki, hatto kuzatishga tayinlangan odam ham pirovardida bidʼatchi zindiq boʻlib chiqardi.

Mana shunday tubanlik davrida bu avlodning ulamolari bulgʻangan har bir narsadan sunnatni himoya qilishda faollik koʻrsatgan. Shuningdek, sunnatni keng qamrovli tartiblash va boʻlimlarga ajratishni boshlagan. Hadislarni tekshiruvlardan oʻtkazib, qogʻozlarga bitib jamlagan. Garchi, sanadni surishtirish sahobalar asrining oxiri va katta tobeinlar davrida boshlangan boʻlsa-da, “ilmi rijol” (roviylarni bilish ilmi) ayni shu paytda rivojlangan. Bu avlod hadislarni bob va fasllarga ajratib, tartibga solishda kashshof boʻlgani kabi ilmi rijolni tasnif etishda ham peshqadam boʻlgan. Roviylar tarixi haqida ham yozish boshlangan. Shu bitiklarni birinchilardan boʻlib Lays ibn Saʼd (vaf.174/790), Abdulloh ibn Muborak (vaf.181/797), Zamra ibn Robia (vaf. 202/817), Fazl ibn Dukayn (vaf. 218/833) kabi allomalar tasnif etgan [10:88].

Shu avlod vakillari roviylarning buyuk bilimdonlari boʻlib, sunnat ilmlarining asoschilari hisoblanadi. Molik (vaf. 179/797), Shofeʼiy (vaf. 204/820), Savriy (vaf. 161/778), Avzoiy (vaf. 157/774), Shuʼba (vaf. 160/777), Ibn Muborak, Ibrohim Fazoriy (vaf. 188/804), Ibn Uyayna (vaf. 198/814), Ibn Mahdiy (vaf. 198/814), Vakiʼ (vaf. 196/812) [1:10] kabi allomalar shular jumlasiga kiradi.

Ushbu asrdagi hadislarning yozilishini uch shaklga boʻlib oʻrganish mumkin. Birinchisida yozishning rivojlanishi boʻlib, bunda hadislarning tasnifida tartiblash va boblarga ajratish ustuvor boʻlgan. Shuningdek, bu davrda yozilgan kitoblarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan bir qatorda, sahobalarning soʻzlari va tobeinlarning fatvolari ham jamlangan. Bundan avvalgi sahifalarda faqat nabaviy hadislar boʻlgan, xolos.

Bu asrdagi yozish usuli shundan iborat boʻlganki, bir-biriga mutanosib hadislar bitta umumiy bobga jamlangan, soʻng kitobga tartib bilan joylangan. Asarlarning asosi sahoba va tobeinlar davridagi sahifalarga yozilgan hadislardan, shuningdek, sahobalarning ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelgan soʻzlari, tobeinlarning fatvolaridan tashkil topgan. Bu bitiklar “muvatto”, “musannaf”, “jomeʼ”, “sunan” kabi kategoriyalarga boʻlingan.

Ikkinchi oʻrganiladigan jihati hadis asarlarini tasnif etgan mashhur allomalar boʻlib, ayrimlarining nomlari yuqorida keltirildi.

Uchinchisi shu davrda tasnif etilgan har xil asarlarni qisqacha oʻrganishdan iboratdir. Namuna sifatida Imom Molikning “Muvatto”sini olsak. Oʻz zamonasining imomi boʻlgan Abu Abdulloh Molik ibn Anas Asbahiyni tarixchi Imom Zahabiy hofiz, imom, ummat faqihi va shayxulislom [18:154] kabi sifatlar bilan ulugʻlagan.

Imom Shofeʼiy: “Muvatto” Allohning Kitobidan keyingi eng sahih asar”, degan. Allohning Kitobidan keyingi eng sahih kitoblar Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”lari ekani haqidagi keyingi ulamolarning soʻzlari bilan bu gap oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻq, albatta. Chunki Imom Shofeʼiyning soʻzi “Sahihul Buxoriy” va “Sahihi Muslim” vujudga kelishidan oldin aytilgan.

Shunday qilib, II/VIII asrda hadis kitoblari yozilib, hadis toʻplamlari tuzilgan. Shuningdek, hadis ilmlari shariatning qimmatli manbasiga aylangan.

III/IX asr umum islom ilmlari, xususan, nabaviy sunnati ilmlarining gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Bu davrda ilm talabida safar qilish va hadis roviylarini oʻrganish ilmi faollashib, hadislarni yozib borish yanada kengaydi. Ummat suyangan va islom manbalari deb eʼtibor berilgan “musnad”, olti sahih kitoblar turkumiga kiruvchi “sihoh” va “sunan” asarlari yuzaga keldi.

Bu asrda hadis ilmi, jarh va taʼdil (roviylarning ishonchli va ishonchsizligini oʻrganuvchi ilm) asoschilari boʻlgan Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh, Ali ibn Madaniy, Yahyo ibn Main, Muhammad ibn Muslim ibn Vora, Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Zarʼa, Abu Hotim Roziyon kabi koʻplab hadis hofizlari va daho allomalar yetishib chiqqan.

Bu allomalar qoʻlida “aqida kitoblari” nomi bilan tanilgan yangi kitobat turi paydo boʻlgan. U aqidaga bogʻliq Qurʼon va sunnat matnlarini birlashtirgan. Bu matnlarni tushunishda sahoba va tobeinlarning yondashuvini va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarga boʻlgan munosabatni umumlashtirgan. Bularga Ahmad ibn Hanbal “sunnat”i, oʻgʻli Abdulloh “sunnat”i, Abu Nasr Marvaziy “sunnat”i va boshqa nomlar berilgan.

Shuningdek, allomalarning kitoblarida bidʼatchi va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarning pardalarini yirtish, sirlarini ochish, odamlarni ulardan ogoh etish va ularning xatarini ummatga bayon qilish uchun raddiya yoʻli tutilgan.

Abbosiylar davlati xalifalari Maʼmun, Muʼtasim va Vosiq davrida moʻtazila va jahmiylar oʻz rivojlanishining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan. Ular qarashlari va aqidalari bilan xalifalikning markaziga kirib borgan. Shunda ummatning oʻsha davrdagi buyuk allomalari sobit turib, raddiyalar bilan ularga javob qaytargan. Jumladan, Ahmad ibn Hanbalning “Ar-Raddu alal jahmiya”, Usmon ibn Said Dorimiyning “Ar-Raddu alal jahmiya”, “Ar-Raddu alo Bishril Marisil Moʻtaziliy”, Imom Buxoriyning “Xalqu afʼolil ibod” kabi raddiyalari bitilgan [14:14-34].

II/VIII asrdagi kichik tobeinlarning hadislarni yozishdagi xizmati, yolgʻondan ajratib himoya qilgani, ularni bob va fasllarga ajratib, tartibga solishda kashshof boʻlgani kabi III/IX asr avlodi ham sunnatga xizmat qilish, roviylarning ishonchli va ishonchsizligini aniqlashda, havoi nafs yoʻlida oʻzlarini olim hisoblagan va bidʼatchilarni bostirishda katta saʼy-harakat qilgan.

Sunnatga xizmat qilishdagi bu saʼy-harakat, quyidagi yozilgan turli asarlarda namoyon boʻlgan. Bular matn, yaʼni musnad, sihoh, sunan kitoblari, turli mavzu va sohalardagi roviylarning holatini oʻrganadigan asarlar, shuningdek, oʻsha davrda koʻpaygan aqida kitoblaridan iboratdir.

Adashgan firqalar va bidʼatchilarni bostirish, ular bilan kurashish, sirlarini oshkor etish va odamlarni ularning yomonligidan ogohlantirishda ahli sunnaning imomlaridan biri Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal katta xizmat koʻrsatgan. Allohning izni bilan uning va boshqa allomalarning saʼy-harakatlari sabab bidʼat bostirilgan. Bidʼatchilar magʻlub boʻlib, ortga qaytgan. Bu haqda Shamsiddin Zahabiy batafsil maʼlumot bergan [19: 232-298].

Bu asrda hadislarning yozilishi bir necha turga boʻlingan. Birinchisi II/VIII asrda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari sahobalarning soʻzlari va tobeinlarning fatvolari bilan qoʻshib yozilgan. III/IX asrga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari boshqa soʻzlardan ajratilgan.

Ikkinchisi hadisning sahih va zaiflik darajasini koʻrsatishga eʼtibor qaratilgan.

Uchinchisi, sunnatni yozish natijasida asarlarning xilma-xil turlari yaratilgan. Sunnatni yozishda asarlarning quyidagi turlari paydo boʻlgan:

Imom Ahmadning “Musnad”i kabi sahobalarning alohida toʻplangan hadislari. “Musnad” asarlar;

“Olti sahih kitoblar” kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini sahihligini aniqlab, boʻlim va boblarga ajratib yozilgan “sahih” va “sunan” asarlar;

Imom Shofeʼiyning “Ixtiloful hadis”, Ali ibn Madaniyning “Ixtiloful hadis”, Ibn Qutaybaning “Taʼlif muxtalifil hadis” kitoblari kabi “muxtaliful hadis”, yaʼni bir-biriga qarshi maʼnoli hadislar va ularning muammolari haqidagi asarlar.

Shunday qilib, hijriy III asr hadis ilmining eng rivojlangan davriga aylangan. Bu muvaffaqiyatga erishishda yurtimizdan yetishib chiqqan Dorimiy, Buxoriy, Termiziy kabi buyuk allomalarning hissasi beqiyos boʻlgan.  Shu asrdan keyin kelgan muhaddislar asosan avvalgilar toʻplagan hadislarni turli toʻplamlarga jamlash, tartibga solish yoki ularga sharh yozish bilan shugʻullangan.

IV/X asr umumislomiy, xususan, sunniy ilmlarni kitobga tushirishning oltin davri hisoblanadi. Shu asrda Imom Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon yashab ijod qilgan. Alloma va shu davrdagi boshqa muhaddislar, tabiiyki, sunnat va uning ilmlariga xizmat qilishda oʻzidan oldingilarga ergashgan. Shuning uchun ham ular sahih hadislarni taxrij qilishda ikki “Sahih”, yaʼni Imom Buxoriy va Imom Muslimning shoh asarlaridan foydalangan. Bunday taxrij asarlarga misol tariqasida “Sahihi Ibn Xuzayma”, “Sahihi Ibn Hibbon”, “Sahihi Ibn Sakan” va “Mustadrakul Hokim”ni keltirish mumkin.

Bu asarlarning darajasi haqida aytadigan boʻlsak, “Sahihi ibn Xuzayma” asari Buxoriy va Muslimning toʻplamlaridan keyingi sahihlarning eng ishonchlisi hisoblanadi. Suyutiy bunday degan: “Sahihi ibn Xuzayma” martabasi jihatidan “Sahih ibn Hibbon”dan yuqori, chunki uning tadqiqi kuchlidir. U hadislarni sahihga ajratishda isnoddagi ozgina shubhali narsaga ham toʻxtalgan” [5:115]. Baʼzilar “Sahih ibn Hibbon” asarini “Sahihi ibn Xuzayma”dan yuqori qoʻygan. “Sahih ibn Hibbon”ni  “kutubi tisʼa” (“toʻqqiz ishonchli kitob”)ga kiritgan.

Taxrij qilish deganda, hadisni rivoyat qilish – rivoyat qilganda ham dalil va mavzusi rivoyatlar zanjiri bilan keltirilgan asl manbalarda sahihlik darajasi va maʼnosini koʻrsatgan holda namoyon qilishdir. Yuqoridagi asarlarni taʼlif etishda oʻsha jihatlarga katta eʼtibor berilgan.

Mashhur muhaddislar, ulamolar va ularning hayot yoʻli, qoldirgan ilmiy merosi biz uchun nafaqat qimmatli manba, balki ilmning mashaqqatli yoʻlida qatʼiyat va shijoat bilan ishlash uchun ajoyib ibrat hamdir. Hadis ilmining fidoyilari qatorida Abu Hotim Muhammad ibn Hibbonning ham bu soha rivojiga qoʻshgan hissasi behad kattadir.

Hadis ilmining yozilishidan boshlab Ibn Hibbongacha, qolaversa, undan keyingi davrgacha boʻlgan rivojlanish bosqichlarini diniy bilim yurtlarida darslik sifatida taʼlim berish shu sohada taʼlim olayotgan talabalar bilimini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi mumkin. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abu Hotim Roziy. Al-Jarh vat taʼdil. J.1. – Bayrut: Dor ihyout turosil arabiy, 1952.
  2. Akram Ziyo Umariy. Buhusun fi tarixis sunnatil musharrifa (Nashr etilgan joyi va nashriyoti koʻrsatilmagan). 1984.
  3. Ahmad ibn Hanbal. Musnadi Ahmad. J.4. – Bayrut: Olamul kutub, 1998.
  4. Ahmad ibn Hanbal. Musnadi Ahmad. J.5. Olamul kutub, 1998.
  5. Jaloliddin Suyutiy. Tadribur roviy. J. 1. – Ar-Riyod: Maktabatul kavsar.
  6. Ibn Saʼd. Tabqotul kubro. J.7. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1990.
  7. Ibn Hibbon. Mashohir ulamoil amsor. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1959.
  8. Imom Dorimiy. Sunani Dorimiy. 1. – Bayrut: Dorul kitobil arabiy, 1987.
  9. Muslim ibn Hajjoj. Sahihi Muslim. J.2. – Ar-Riyod: Doru Tayyiba, 2006.
  10. Muhammad Matar Zahroniy. Tadvinus sunnatin nabaviya. – Ar-Riyod: Dorul hijra, 1996.
  11. Muhammad Mustafo Aʼzamiy. Dirosotun fil hadisin nabaviyi va tarixu tadvinih. J.1. – Bayrut: Al-Maktabul islomiy, 1980.
  12. Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. J.1. – T.: Hilol-Nashr, 2018.
  13. Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. J.2. – T.: Hilol-Nashr, 2018.
  14. Robiʼ ibn Hodiy Umayr Madxaliy. Makonatu ahlul hadis. – Quvayt: Dorus salafiya, 1985.
  15. Fuod Sezgin. Tarixut turosil arabiy. J.1. – Ar-Riyod: Jomiʼatul imom Muhammad ibn Saud, 1991.
  16. Xayriddin Zirikli. Al-Aʼlom. J.6. – Bayrut: Dorul ilm lilmaloyin, 2002.
  17. Xatib Bagʻdodiy. Taqyidul ilm. – Qohira: Dorul istiqoma, 2008.
  18. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J.1. –Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1998.
  19. Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. J. 11. – Bayrut: Muassasatur risola, 1996.
  20. Yusuf ibn Abdulbar Namiriy. Jomiʼ bayonil ilmi va fazlih. J.1. –Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1978.

 

QODIRXON MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINDA CHUQUR KЕTISHNING JAMIYAT XAVFSIZLIGI VA BARQARORLIGIGA SALBIY TAʼSIRI (2-qism)

Gʻuluv – dinda chuqur ketish, amallarni bajarish­da haddidan oshish, asl eʼtiqodiy manbalarni notoʻgʻri talqin etishga olib …