Fargʻona vodiysi – shimol tarafdan Tyanshan, janubdan Hisor-Oltoy togʻ tizmalari bilan oʻralgan. Uzunligi sharq – gʻarb yoʻnalishida 170 kilometrni tashkil qiladi. Vodiy sharqda daralar va soʻqmoqlar orqali Sharqiy Turkiston va Xitoy bilan, gʻarbda Oʻratepa va Xovos yoʻli orqali Jizzax choʻli va Zarafshon vodiysi bilan bogʻlangan. Shu bilan birga, Fargʻona vodiysi Chirchiq, Ohangaron daryolari havzasi va Toshkent vohasi bilan ham qadimdan uzviy aloqada boʻlgan. Tabiiyki, bu aloqalar va bogʻlanishlar uzoq vaqtlar davomida Fargʻona madaniyatining shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Fargʻona vodiysining Soʻx soyi boʻyidagi Selengʻur gʻorida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida u yerda bundan 700-500 ming yil muqaddam inson yashagani aniqlangan. Bu makon juda qadim zamonlardan dehqonchilikka moslashgan, chunki bu yerning tabiati ilk tarixiy davrlardayoq insonni oʻtroqlikka undagan. Haqiqatan ham, deyarli chor atrofdan togʻlar bilan oʻralgan, aytarli katta boʻlmagan geografik hududda qudratli suv oqimi – Sirdaryoning, shuningdek, Norin, Qoradaryo, Qurshob, Oqbura, Aravon, Isfayram, Soʻx, Isfara, Qora ungʻur, Koʻgart, Kosonsoy va boshqa katta kichik irmoqlar, daryo va daryochalar hamda soylarning mavjudligi inson tarixining ilk davrlaridayoq uni shu soylar va suvlar boʻyiga undagan [3:43-98].
Vodiyda inson tarixining ilk ovchi – yigʻuvchilik davriga xos manbalar hozircha faqat Selungʻur togʻidan topilgan boʻlsa, ilk dehqonchilikdan darak beruvchi ashyolar anchagina. Ular soʻnggi neolit va hatto ilk jez davriga, yaʼni miloddan avvalgi (bundan keyin – m.a) VI-IV ming yilliklarga xos boʻlib [4:288], hozirgi Andijon va Namangan viloyatlari chegarasidan, Norin tumani hududidagi qadimgi Eylaton shaharchasidan topilgan. Bu topilmalarga koʻra, qadimda ushbu makonda yashagan odamlarga dehqonchilik madaniyati xos boʻlib, ular don yetishtirish va bogʻdorchilik bilan shugʻullangan. Topilgan ashyolarga koʻra, Fargʻona madaniyati xuddi oʻsha davrdagi Yaqin va Oʻrta Sharq madaniyatidan past boʻlmagan. Aravondagi qoyadan topilgan, m.a. V-IV asrlarga taalluqli rasmlarda odamlar bilan birga yovvoyi hayvonlar tasvirlangan. Unda hayvonlarning koʻpayishi va muvaffaqiyatli ov manzaralaridan iborat diniy xarakterdagi tasvirlar keltirilgan. Yana oʻsha yerda topilgan m.a. III-I asrlarga xos bir rasmda mashhur Fargʻona otlarining koʻpayishi bilan aloqador manzara tasvirlangan.
Aravon rasmlaridan maʼlum boʻlishicha, u davrda Fargʻona aholisi hayotida yovvoyi va xonaki hayvonlar ahamiyati katta boʻlgan. Markaziy Osiyo haqidagi eng qadimgi yozma xabarlar qadimgi fors podsholarining yozuvlarida va yunon tarixchilarining asarlarida keltiriladi. Bu yozma xabarlarning eng qadimiysi m.a. VI asr oʻrtalari va ikkinchi yarmiga taalluqlidir. Milodiy I-IV asrlarda va undan biroz keyin Markaziy Osiyo xalqlari haqida yanada koʻproq xabarlar keltiriladi. Lekin bu yozma xabarlarning birortasida Fargʻona nomi toʻgʻridan-toʻgʻri tilga olinmaydi. Masalan, qadimgi yunon tarixchisi Gerodot (m.a. 486-424-yillar) Eronning ahamoniy shohlariga qaram yerlar va xalqlarni qayd etib, oʻninchi satrapiyaga (mulkka) parikaniylar va ortokoribantiylar kirishini va ular shohga har yili 450 talant kumush soliq toʻlashini aytadi [1:572]. Lekin bu koʻrsatilgan qabila yoki elatlar qanday mamlakat yoki yurtda yashashini aniq aytmaydi. A.Bernshtamning talqiniga koʻra, ortokoribantiylar – Behistun yozuvlarida eslatilgan “saka tigraxauda”, yaʼni “choʻqqi qalpoqli saklar” qabilasi boʻlib, ular Sirdaryodan sharqroqda yashagan. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo saklarining yana ikki qabilasi boʻlgan, ular – “saka tiamtara daraya”, “daryo (yoki dengiz) ortidagi saklar” va “saka haumavarka (yoki amurgiy)”, yaʼni “hauma” (may) qaynatuvchi saklar”. A.Bernshtam bu keyingi ikki qabilani ham Sirdaryodan sharqroqqa, yaʼni Fargʻona vodiysining shimoli-sharqiy qismiga “joylashtiradi”.
Gerodot eslatgan ikkinchi qabila – parikaniylarga kelsak, m.a. I asrda yashagan Rim tarixchisi ularni parikanlar deb ataydi. Yana A.Bernshtamning aytishicha, “Fargʻona” atamasi ana shu parikanlarning nomidan kelib chiqadi va aslida bu atama “Pargona” boʻlib, bu soʻz mahalliy xalq tilida “togʻlar orasidagi vodiy” maʼnosini anglatgan. Bu holda haqiqatan ham vodiyning har tomondan togʻlar bilan oʻralgani qayd etilib, uning asl nomi “Pargona” boʻlib, keyinchalik arablashtirish natijasida u “Fargʻona” shaklini olgan, deyish mumkin. Keyinchalik Xitoy manbalarida keltirilgan vodiy nomlarining biri “Palona” ekanida ham “Pargona” nomi shakliga yaqinlik seziladi.
Fargʻonaning tarix sahnasiga chiqishining yana bir omili – m.a. II asr oʻrtalarida Yunon-Baqtriya davlati yakson qilinib, Markaziy Osiyoning talay qismida Kushon davlatining tarkib topishi boʻldi. Kushon podsholigi qadimgi davrning ancha sirli va u haqda maʼlumotlar kam boʻlgan davlatlaridan hisoblanadi. M.a. II asrning birinchi yarmida yo Xitoyda rivojlanayotgan siyosiy vaziyatning taʼsiri natijasida yoki Yunon-Baqtriya davlatining parchalanishi tufayli, yoinki bu ikki hodisa bir vaqtga toʻgʻri kelgani sababli Markaziy Osiyoning gʻarbiy qismida koʻchmanchi, yarimkoʻchmanchi hamda turli irq va til guruhlariga mansub boʻlgan Tyanshan qabilalari harakatga kelib, ular orasida kushonlar ustunlikka erishadi va Fargʻonani ishgʻol qilib, Kushon podshohligiga asos soladi. Keyinchalik bu podshohlik hududlari Gʻarbiy Hindistongacha yoyiladi. Odatda “kushon” nomi Xitoy manbalaridagi “usun” nomi bilan bir deb hisoblanadi. Xitoy manbalarida Fargʻona uchun alohida iyeroglifli atama – “Davan” atamasi boʻlgan. Ajablanarlisi shuki, bu xitoycha nomning maʼnosi bir tomondan, yuqorida aytilgan “Pargona” nomining maʼnosiga yaqin boʻlsa, ikkinchi tomondan, u turkcha “dovon” maʼnosini ham anglatib, bu holda goʻyo “dovon ortidagi yurt” (yaʼni sharqdan, Xitoy tarafdan qaralganda) maʼnosini ham anglatadi. Yuqorida keltirilgan xabarlardan koʻramizki, Fargʻona dunyo ahamiyatiga molik voqealarda faol qatnashgan. Fargʻonaning arab xalifaligi bilan muloqoti boshlangan davrlardan to IX asr boshlarigacha qariyb yuz yil davomida Fargʻona oʻz podshohi – Ixshid boshchiligida oʻz mustaqilligini saqlab turadi. Shu bilan birga, Fargʻona doimo turklar bilan uzviy aloqada va ularning taʼsirida boʻladi. Shu sababli arablar davrida ham Fargʻona jamiyati etnik jihatdan turklashishda davom etadi. Ikkinchi tarafdan esa ixshidlar uzoq vaqtgacha islomni tan olmagan boʻlsa ham, aholi asta-sekin islom, jumladan, Fargʻona arab xalifaligi tarkibiga kirganidan soʻng bu yerda xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida bir muddat turgʻunlik yuz beradi. Bu yerda kushonlar davridayoq boshlangan feodallashuv jarayoni arab fathi davrida biroz toʻxtab qoladi. Bu davrda xalifalikning markaziy qismlari – Iroq, Suriya va Misrda feodal munosabatlar jadal rivojlanadi. VII asr boshlarida arab jamiyati hali ijtimoiy tuzumning qabila – urugʻchilik bosqichida turgan boʻlsa, markazlashgan yagona xalifalik shakllanishi bilan xalifalikning ilgʻor viloyatlarining xoʻjalik, iqtisodiy va madaniy yutuqlarini oʻzlashtirish natijasida u feodal munosabatlarga toʻlaqonli ravishda kirishadi. Shunga koʻra, VIII asr oʻrtalarida xalifalikning markaziy viloyatlarida feodalizm Movarounnahrdagiga nisbatan ancha yuqori pogʻonaga koʻtarilgan edi. Lekin xalifalikning yagona iqtisodiy doirasiga kirish, qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishining rivojlanishi, xalifalikning boshqa viloyatlari bilan faol savdo munosabatlari olib borish natijasida VIII asr oxirlaridan shaharlar rivojlandi, ishlab chiqarish kuchlari taraqqiy topib, Markaziy Osiyo hududida ham xalifalikning boshqa yerlaridagi kabi taraqqiy etgan feodalizm davri boshlanadi. Markaziy Osiyoning boshqa hududlari kabi Fargʻonada ham fan va madaniyat yangi tarixiy sharoitda taraqqiy etadi.
Shunday qilib, IX asrda butun xalifalikda fan va madaniyatning kuchli rivojlanishi yuz berdi. Markaziy Osiyo xalqlari ham bu jarayonda xalifalikning boshqa xalqlari kabi faol ishtirok etadi. Bu payt xalifalik tarkibiga kirgan xalqlar “islom madaniyati” deb ataladigan, lekin aslida turli xalqlar madaniyatining oʻzaro singishi natijasida yuzaga kelgan yagona madaniy harakat qatnashchilari boʻlib qoldi. Ilm-fanda ham hamkorlik oʻrnatiladi. Xalifalikda fan va madaniyat sohasida qudratli toʻlqin, koʻp jihatdan oʻsha davrda boy ilmiy iboralar bilan sugʻorilgan arab tili yagona xalqaro tilga aylangani tufayli yuz berdi. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy “Saydana”sida quyidagi soʻzlarni aytgan: “Arablar tiliga butun dunyo mamlakatlarining ilmlari agʻdarilgan: ular bezalib, qalblarga yoqadigan boʻldi, ulardan tilning koʻrki ortib, tomirlarga yoyildi”.
Turli xalqlar vakillari, xususan, Markaziy Osiyo olimlari qatorida Fargʻoniy ham oʻz ilmiy asarlarini arab tilida yozgan. Yunon, sanskrit, fors (pahlaviy), suryoniy tillarida yozilgan ilmiy asarlar arab tiliga tarjima qilinardi. Bu esa kelib chiqishiga koʻra turli xalqlarga mansub boʻlgan olimlarga turli zamonlardagi turli xalqlarning ilmiy merosidan bahramand boʻlish imkonini berdi. Natijada, turli-tuman mahalliy va milliy tarkibdagi islom ilm va madaniyati yuzaga keldi. Ular orasida Markaziy Osiyoning, jumladan, Fargʻonaning ham ulushi bor edi. Chunki bu hudud olimlari xalifalikda fanning shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. Al-Fargʻoniy davri boʻlmish VIII asr oxiri va IX asr hamda uning atrof-muhitini tavsiflash bilan birga, oʻsha davrning quyidagi xususiyatlariga ahamiyat berish lozim. Bu davrda feodalizm katta odimlar bilan rivojlangani uchun obyektiv sharoit ishlab chiqarish kuchlarini takomillashtirishni va shu bilan bogʻliq ravishda ishlab chiqarishni katta shaharlarda toʻplashni taqozo qilardi. Feodalizmdan avvalgi ilk davrlarda shahar faqat harbiy-maʼmuriy vazifani oʻtagan boʻlib, ularning nufuzi bir necha ming kishidan iborat boʻlsa, rivojlangan feodalizm davrida yangi shaharlar quriladi, eskilari esa misli koʻrilmagan darajada kattalashib ketadi. Armaniston, Eron va ayniqsa, Markaziy Osiyoda IX – X asrlarda shaharlar soni ham, kattaligi ham ortib boradi. Qohiraning barpo qilinishi arab Sharqida Oʻrta asrlar rivojlanish davrining yakuni deb hisoblanadi.
Baʼzi shaharlar shu qadar yiriklashdiki, ularni haqli ravishda Oʻrta asrlar aglomeratsiyasi deyish mumkin. Chunonchi, shunday shaharlardan biri Bagʻdod edi. U yettita kichik shaharlarning qoʻshilishidan yuzaga kelgan. Qohira ham shulardan biri, u ikkita shaharning qoʻshilishidan hosil boʻlgan edi. Shaharlar shu tariqa iqtisodiy va madaniy markazlarga aylanadi. Ishlab chiqarish kuchlari va shahar hunarmandchilik ishlab chiqarishining oʻsishini fundamental va tatbiqiy fanlar sohasidagi tadqiqotlarni yoʻlga qoʻymasdan va tashkil qilmasdan taʼminlab boʻlmas edi. Ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilishga obyektiv talab paydo boʻldi. Harbiy yurishlar davrida xalifalar faqat “yer va suv toʻplash” bilan mashgʻul boʻlgan paytlarda bunday talab hali yoʻq edi. Xalifalar Mansur (754-775) va Horun ar-Rashid (786-809) davrida ahvol tubdan oʻzgardi. Aslida, aynan ular davrida xalifalikda maʼrifat davri boshlandi. Ilmiy ishlarning tashkil qiluvchisi va rahbari xalifa Maʼmun (813-833) edi. U xalifalik olimlarini “Baytul hikma” – “Donishmandlar uyi”ga birlashtirdi. Beruniy aytganidek, “ilm oʻz zoti bilan matlubdir, haqiqatan ham, barcha narsadan lazzatli. Ilmdan boshqa qanday narsada manfaat zohirroq va qandayida foyda koʻproq boʻladi, faqat ilm bilangina ham din, ham dunyo uchun xayrli ishlarni qilish va ularga zarar keltirishdan saqlanish mumkin. Agar ilm boʻlmaganida, biz jalb qilayotgan narsa yomonlik emasligiga va chetlanayotgan narsa yaxshilik emasligiga ishonch boʻlmas edi”. Agar ilmga shunday yondashadigan fidoyilar boʻlmaganida, hech qanday xalifa yoki vazir ilmni bu darajada yoya olmas edi. Shuning uchun xalifalar davrida ilmning haqiqiy tashkilotchi va rahbarlari yirik va serqirra olimlar edi. Ular fanning har sohasidan chuqur bilimli boʻlib, xodimlarni tanlash va joylashtirish ularga bogʻliq edi. Sanad ibn Ali, Habash Hosib, Xolid Marvarrudiy, Yahyo ibn Abu Mansur, Muhammad Xorazmiy kabi olimlar shular jumlasidandir. Xalifalar Vosiq va Mutavakkil davrida shunday sharafli vazifa Ahmad Fargʻoniyga nasib etdi. Shunday qilib, xalifalikda VIII asr oxiri va IX asrda fan hamda madaniyat sohasidagi ulkan koʻtarilish asosan xalq ommasi ongi va tafakkuridagi progressiv oʻzgarishlar tufayli yuz bergan edi.
Fargʻoniy yashagan davr ijtimoiy-siyosiy hayotda suronli voqealar, fan va madaniyatda ulkan koʻtarilish davri edi. Fargʻonaning Axsikat, Koson, Oʻzgand, Oʻsh, Andijon, Margʻilon, Xoʻjand, Asbara singari katta shaharlari Sirdaryoning yoqasida yoki uning yaqinida joylashgan. Yana allaqancha kichik shaharlar ham bor. Ular oralab sharqdan gʻarbga Xitoydan keladigan Buyuk ipak yoʻli oʻtadi. 712-713-yillarda lashkarboshi Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi islom-arab qoʻshini Fargʻonaga bostirib kirdi. Bu fotihlar Fargʻonada muqim yashayotgan aholi oʻrtasida islom dini va arab tilini yoya boshladi. Fargʻona xalqi buddiy, zardushtiy, moniy eʼtiqodlariga rioya qilar edi. 819-820-yillarda Xalifa Maʼmun Fargʻonani Buxorodagi oʻziga qaram hokimiyat ixtiyoriga oʻtkazdi. Shu yoʻsinda Fargʻona oʻlkasi juda katta yerlarni oʻz ichiga olgan arab xalifaligining sharqiy viloyati boʻlib qoldi. Bu vaqtlar arab xalifaligi gʻarbda Misr, Magʻrib (shimoliy Afrika) orqali Ispaniyagacha, sharqda esa Eron, Xuroson, Movarounnahr orqali Shosh va Fargʻonaga qadar choʻzilar edi. Bagʻdod xalifalik markazi edi.
Darhaqiqat, ajdodlarimiz VII-VIII asrlarda arablarga qarshi uzoq muddat davomida kurash olib bordi. Bu kurashda Fargʻona hukmdorlari goh Oʻrta Osiyoning Choch, Soʻgʻd mulklari bilan, goh turklar va xitoyliklar bilan ittifoq tuzdi. Ammo oxir-oqibat bu kurashda fargʻonaliklar magʻlub boʻldi va Fargʻona vodiysi Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Bu yerda asta-sekinlik bilan islom dini yoyildi va shariat qonunlari qaror topdi [2:68].
Xulosa qilib aytganda, Fargʻona vodiysining islomgacha boʻlgan davridagi diniy-ijtimoiy hayoti murakkab va boy tarixga ega. Bu davrda hududda koʻpxudolik dinlar, xususan, zardushtiylik va buddizm keng tarqalgan. Mahalliy qabila va xalqlar turli madaniy anʼanalar va eʼtiqodlarga ega boʻlib, jamiyat qabilaviy tuzilmaga asoslangan edi. Buyuk Ipak yoʻli orqali amalga oshirilgan savdo-sotiq bu hududga turli din va madaniyatlarning kirib kelishiga sabab boʻlgan. Sanʼat va madaniyatning rivojlanishi natijasida ibodatxonalar, haykallar va boshqa sanʼat asarlari yaratilgan. Bularning barchasi Fargʻona vodiysining islomgacha boʻlgan davrdagi diniy-ijtimoiy hayotining rang-barangligi va murakkabligini koʻrsatadi.
-
Анарбаев А. Ахсикат – столица древний Ферганы. – Т.: Тафаккур, 2013.
-
Bosworth C.E. The new islamic dynasties. A chronological and genealogical manual. – Edinburgh: University Press, 1996.
-
Кляшторный С.Г. Древнетюркская руническая надпись на бронзовом перстне из Ферганы // Археологические работы в Таджикистане 1957 году. Вып. IХ. – Сталинабад., 1959.
-
Xoʼjayev А. Fargʼona tarixiga oid maʼlumotlar (Qadimiy va Ilk oʼrta asr Xitoy manbalaridan tarjimalar va ularga sharhlar). – Fargʼona., 2013.