Home / MAQOLALAR / TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 6-QISM

TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 6-QISM

Ibn Abu Mulayka roziyallohu anhu

Hazrati Ali roziyallohu anhuning xalifaligi davrida yoki undan oldinroq Makkada tugʻilgani rivoyat qilingan. Hazrati Oysha, Abu Maxzura, Ibn Abbos, Ibn Umar, Ibn Zubayr roziyallohu anhum kabi koʻplab kishilardan hadis rivoyat qilgan[1].

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu xalifaligi davrida Makka va Toif qoziligi, Masjidul Haromda esa muazzinlik va imomlik qilgan[2].

117/735-yilda vafot etgan[3].

 

Osim ibn Umar ibn Qatoda roziyallohu anhu

Madinalik[4]. Siqa (ishonchli) roviy boʻlgan va koʻp hadis rivoyat qilgan Osim otasi Jobir ibn Abdulloh, Anas ibn Molik va Mahmud ibn Labid roziyallohu anhum kabi shaxslardan rivoyat qilgan.

Bashir ibn Muhammad bilan birga xalifa Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhudan qarz soʻragan va xalifa ularga 400 dinor pul bergan[5]. Bu voqeadan keyin xalifa Umar ibn Abdulaziz magʻoziy sohasida mutaxassis boʻlgani uchun undan Shom masjidida odamlarga magʻoziy va sahobalar manoqiblarini aytib berishini soʻragan[6].

Ushbu vazifani ado etgandan soʻng Madinaga qaytgan va 120/738-yilda Madinada vafot etgan[7].

 

Ibn Shihob Zuhriy roziyallohu anhu

Manbalarda 50/670 va 58/678-yillar oraligʻida tugʻilganiga doir rivoyatlar mavjud. Tobyeinlardan boʻlgan Zuhriy, koʻplab sahoba va tobyeinlardan hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhuning xalifaligi davridagi hadislarning tadvini faoliyatida muhim rol oʻynagan[8].

Zuhriy oʻttiz yoshlarida talabalik paytida roʻzgʻor muammosiga yechim topish uchun Damashqqa ketgan. Xalifa Abdulmalik ibn Marvon roziyallohu anhu davrida devonga qayd etilgan, unga eng yuqori darajadan maosh va yerlar ajratilgan. Damashqda zakot masʼuli sifatida ham ishlagan. Shuningdek, Umaviylar xalifaligida xalifalar huzurida turli vazifalarda ishlagan. Ikkinchi Yazid davrida qozilik vazifasini bajargan. Hishom ibn Abdulmalik roziyallohu anhuning farzandlariga muallimlik qilgan[9].

Siqa (ishonchli) roviy boʻlgan Zuhriy 124/742-yilda vafot etgan[10].

 

Abu Isʼhoq Sabiʼiy roziyallohu anhu

Hazrati Usmonning xalifaligi tugashidan ikki yil oldin, 34/655 yilda tugʻilgan[11]. Zayd ibn Arqam, Abdulloh ibn Umar, Adiy ibn Xotim, Baro ibn Ozib roziyallohu anhum kabi kishilardan hadis rivoyat qilgan[12].

Muoviya roziyallohu anhu davrida Vizantiya bilan boʻlgan jangda qatnashgan va Muoviya ilgari otasiga bergan 300 dirhamlik maoshni unga ham tayinlagan[13].

Hijriy 127/745-yilda vafot etgan[14].

 

Ato Xurosoniy roziyallohu anhu

50/670-yili tugʻilgan[15]. Said ibn Musayyab, Ato ibn Abu Raboh, Ibn Burayda, Nofyeʼ, Amr ibn Shuayb roziyallohu anhum kabi shaxslardan hadis rivoyat qilgan[16].

Oʻzining aytishicha, roʻzgʻorini musulmonlar va davlat rahbarlari bergan narsalar bilan taʼminlagan[17].

135/752-yilda, 85 yoshida Erihoda vafot etgan[18].

[1] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 89.
[2] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 78.
[3] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 90.
[4] Mizziy. Tahzib. J. 13. – B. 529.
[5] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 5. – B. 269; Ibnul Javziy. Muntazam. J. 7. – B. 203.
[6] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 5. – B. 116; Ibn Hajar. Tahzib. J. 5. – B. 54.
[7] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 5. – B. 337.
[8] Fuat Futsi. Ibn Shihob Zuhriy. – B. 96.
[9] Özkan. Zuhriy. TDIE. J. 44. – B. 545.
[10] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 5. – B. 356.
[11] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 393.
[12] Suyutiy. Tabaqot. J. 1. – B. 87.
[13] Zahabiy. Siyar. J. 5. – B. 394.
[14] Zirikliy. Aʼlom. J. 5. – B. 81.
[15] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 143.
[16] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 140.
[17] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 142.
[18] Zahabiy. Siyar. J. 6. – B. 143.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

VATAN OSOYISHTALIGINI QOʻRIQLASH MUQADDAS BURCH

Barchamizga maʼlumki, har qanday taraqqiyot – u xoh diniy, xoh ijtimoiy, xoh iqtisodiy, xoh oilaviy …