Xorija ibn Zayd roziyallohu anhu
29/650-651-yilda tugʻilgan. Madinadagi yetti faqihdan biridir[1]. Koʻp hadis rivoyat qilmagan. Rivoyat qilgan hadislarini otasi Zayd ibn Sobit, onasi Ummu Saʼd bint Saʼd, amakisi Yazid va Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumlardan naql qilgan[2].
Zayd faroiz (meros ilmi) sohasi mutaxassisi boʻlgan[3]. Shuningdek, Umar ibn Abdulaziz (r.a.)ning oʻn kishilik maslahat kengashi aʼzosi boʻlgan[4].
70 yilga yaqin umr koʻrgan Xorijaning, 99 yoki 100/718-719-yilda vafot etganiga doir rivoyatlar mavjud[5].
Omir ibn Shurahbil Shaʼbiy roziyallohu anhu
19/640-yili Kufada tugʻilgan va u yerda yashagan[6]. Hijriy 21, 27, 28 yillarida tugʻilganiga doir rivoyatlar mavjud. Saʼd ibn Abu Vaqqos, Said ibn Zayd, Abu Muso Ashʼariy, Adiy ibn Xotim va Abu Hurayra roziyallohu anhum kabi kishilardan hadis rivoyat qilgan[7].
Abdulloh ibn Yazidga kotiblik qilgan[8]. Hajjoj uni Shaʼbiylar va hamadonliklarning masʼul shaxsi deb eʼlon qilgan[9]. Abdulmalik ibn Marvon uslubi goʻzalligi uchun uni Rum podshosiga elchi qilib yuborgan[10]. Ibn Hubayra esa Omirni qozilikka tayinlagan, ammo u oʻz xohishi bilan bu vazifasidan ketgan[11]. Umar ibn Abdulaziz esa uni Kufa qoziligiga tayinlagan[12].
Shaʼbiy 104/722-yilda vafot etgan[13].
Abu Burda Ashʼariy roziyallohu anhu
Otasi Abu Muso Ashʼariyning Basra qoziligi davrida tugʻilgan[14]. Otasi, Ali ibn Abu Tolib, Zubayr ibn Avvom, Huzayfa ibn Salom, Abu Hurayra roziyallohu anhum kabi shaxslardan hadis rivoyat qilgan[15].
Abu Burda Baytulmolda faoliyat olib borgan[16] va Kufada qozilik qilgan[17].
Tugʻilgan yili haqida maʼlumot mavjud emas, ammo, 104/722-yili 80 yoshdan oshib, vafot etgani aytiladi[18].
Abon ibn Usmon ibn Affon roziyallohu anhu
Madinada tugʻilgan[19]. Siqa (ishonchli) roviy boʻlgan Abon, otasi Hazrati Usmon va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumolardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa Amr ibn Dinor va Zuhriy (r.a.) kabilar hadis naql qilgan[20].
Xalifa Abdulmalik ibn Marvon davrida hijriy 76-83 yillar oraligʻida yetti yil Madina voliysi sifatida faoliyat olib borgan[21].
105/723 yili Madinada vafot etgan[22].
Ikrima Barbariy roziyallohu anhu
Asli faslik va Barbariydir[23]. Hazrati Oysha, Abu Hurayra, Uqba ibn Omir, Abu Said, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhum kabi koʻplab sahobalardan hadis rivoyat qilgan[24].
Farzandlarining taʼminoti uchun koʻp joylarni kezib, mehnat qilgan Ikrima, odamlar bergan sovgʻalarini qabul qilmas, lekin davlat rahbarlari tomonidan berilgan hadyalarini qabul qilgan. Bilol ibn Mirdosning unga bergan 3000 dirhamini qabul qilgani rivoyat qilinadi[25].
105/723-yili Madinada vafot etgan. Uning 106, 107 yoki 108-yilda vafot etganiga doir rivoyatlar ham mavjud[26].
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi