Abu Salama ibn Abdurahmon (r.a.)
20/642-643-yili atrofida tugʻilgan[1]. Hazrati Oysha roziyallohu anho uning tugʻishgan ammasi boʻlgan[2]. Ishonchli, koʻp hadis bilgan faqih kishilardan boʻlgan[3]. Abu Hurayra, Ibn Abbos, Ibn Umar (r.a.) kabi kishilardan hadis olgan va undan Zuhriy, Yahyo ibn Said Ansoriy, Shaʼbiy kabi olimlar hadis tinglagan[4].
Said ibn Os Madina voliysi boʻlganida uni qozilikka tayinlagan. Abu Salama Said ibn Os valiylikdan ozod qilinguniga qadar vazifasini davom ettirgan[5].
Abu Salama 94/712-713-yilda[6] 70 yoshlar atrofida Madinada vafot etgan.
Urva ibn Zubayr (r.a.)
23/643-yilda Madinada tugʻilgan[7]. Urva asosan hadis va fiqhga eʼtibor qaratgan, Hazrati Oysha, Hazrati Ali, Abu Hurayra va boshqa koʻplab sahobalar (r.a.)dan hadis rivoyat qilgan[8]. 87/706-yilda Madina voliysi Umar ibn Abdulaziz (r.a.) tomonidan tashkil etilgan oʻn kishilik maslahat kengashida faoliyat yuritgan[9].
Urva 94/713-yili, 71 yoshida[10] Fur mahallasida vafot etgan va oʻsha yerga dafn qilingan.
Abu Bakr ibn Abdurahmon (r.a.)
Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifaligi davrida tugʻilgan[11]. Madinadagi yetti faqihdan biri boʻlib, koʻp hadis bilgan va ishonchli roviy boʻlgan Abu Bakr[12] otasi Abdurahmon ibn Horis, Hazrati Oysha, Abu Hurayra, Ibn Masʼud va Ummu Salama (r.a.) kabi shaxslardan hadis tinglagan[13].
Sultonlar bilan tez-tez uchrashib, davlat arboblari bilan yaqinlik aloqada boʻlgan. Umar ibn Abdulazizning Madina xalifaligi davrida oʻn kishidan iborat maslahat kengashida qatnashgan[14].
94/713-yili Madinada vafot etgan[15].
Said ibn Jubayr (r.a.)
45/665-yilda Makkada tugʻilgan. Hadis oʻrganishni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning dars halqasida boshlagan. Adiy ibn Xotam Toiy, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abu Said Xudriy (r.a.) kabi kishilardan hadis naql qilgan[16].
Iroq voliysi Hajjoj tomonidan Kufa qoziligi va Kufa imomligi vazifasiga tayinlangan[17]. Keyin Hajjoj Saidni bu vazifadan olib, vazirlik va kotiblik vazifasiga tayinlagan[18].
Saidning 94 yoki 95/713-714-yilda vafot etganiga doir rivoyatlar mavjud[19].
Ibrohim Naxaʼiy (r.a.)
46/666-yilda tugʻilgan[20]. Hadis rivoyat qilishda siqa (ishonchli) boʻlganligi xususida ijmo qilingan kam sonli kishilardan biri. Rivoyat qilgan hadislarining baʼzilari “Kutubi sitta”dan joy olgan[21].
Ibrohim unga zakot berilishiga qaramay, berilgan zakotlarni qabul qilmagan, davlatdan olgan inʼomlar bilan va yerni ijaraga olib, dehqonchilik qilib roʻzgʻorini taʼminlagan[22]. Shuningdek, davlat rahbarlaridan berilgan sovgʻalarni ham qabul qilgan[23]. Unga berilgan kiyimlar va 1000 dirhamni qabul qilgani rivoyat qilingan[24].
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi