Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY MEROSI VA MILLIY QADRIYATLARIMIZ UYGʻUNLIGI

IMOM BUXORIY MEROSI VA MILLIY QADRIYATLARIMIZ UYGʻUNLIGI

Bobolarni eʼzozlash azaliy milliy qadriyatimizdir. Agar bobolarimiz butun dunyo manfaatlari uchun xizmat qilgan, ularning dahosidan insoniyat foydalanayotgan boʻlsa, bunday buyuk shaxslardan nafaqat faxrlanish, balki ularga munosib avlod boʻlishga intilishimiz lozim. Buning uchun, eng avvalo, ularning maqsad-muddaolari va kashfiyotlari mohiyatini chuqur anglab yetishimiz, ilmiy yutuqlarini zamonaviy talablar nuqtayi nazaridan rivojlantirishimiz zarur. Bundan tashqari, yangi kashfiyotlarni amalga oshirishimiz hamda bobolarimiz dahosini dunyoga targʻib qilishimiz lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi Qarori bevosita ana shu vazifalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Allomalarimiz nafaqat dunyoviy fanlar sohasida, balki eʼtiqod va diniy ilm sohasida ham ming yillar mobaynida dunyo musulmonlariga ustozlik qilgan. Bu haqda buyuk islomshunoslar “Islom dini Arabistonda shakllangan boʻlsa, Movarounnahrda kamolga yetgan” degan fikrni aytadi. Haqiqatdan ham, hadis ilmida peshqadam allomalar Imom Buxoriy, Imom Dorimiy

, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, kalom ilmida Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy kabi yetuk ulamolar islom dini taraqqiyoti borasida ulkan ishlarni amalga oshirgan. Shuningdek, ular bu dindagi bagʻrikenglik, insonparvarlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshib, islom dinining maʼrifiy yoʻnalishi ravnaqida salmoqli oʻrin egallagan.

Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi bir tomondan islomshunoslik yoʻnalishidagi tadqiqotlarning yurtimizda yanada taraqqiy etishiga sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan, islomshunos olimlarimizning jahondagi shu sohaga ixtisoslashgan markazlar tadqiqotchi olimlari bilan hamkorligi rivojlanadi deb oʻylaymiz.

Maʼlumki, bugungi geosiyosiy jarayonlar faollashgan, jahon miqyosida milliy manfaatlar uchun kurash keskinlashgan davrda ayrim nosogʻlom kuchlar islom dinidan oʻzining tor geopolitik maqsadlarini qondirish yoʻlida foydalanishga urinmoqda. Bu borada ular koʻpchilikning islom dini va uning asl mohiyati haqidagi bilimi yetarli darajada emasligidan foydalanib, islomni tajovuzkor, shafqatsiz va agressiv kuch sifatida koʻrsatishga intilmoqda.Ular bu maqsadini amalga oshirish uchun islom dini boʻyicha bilimi sayoz, soddadil va ishonuvchan musulmon yoshlaridan ham foydalanmoqda. Bunday oqimlarning halokatli yoʻli asl islom dini tabiatiga xos emasligini Imom Moturidiy asoslab bergan, undan keyin esa allomaning shogirdi Abu Muin Nasafiy jamoatchilikka izohlab bergan. Xullas, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar jangari oqimlar yoʻli islomga zid ekani haqida xalqni oʻz vaqtida ogohlantirgan. Bunday asarlar hozirgi zamon jihodchilarining gʻoyaviy yoʻliga zarba beruvchi qoʻllanma boʻlib xizmat qilishi mumkin. Markaz olimlari yuqoridagi holatdan kelib chiqib, allomalarimizning ana shunday asarlarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Bu yoʻlda ham xorijiy olimlar bilan hamkorlik yaxshi natijalar berishi mumkin, deb hisoblaymiz.

Markazda xorijlik olimlar bilan bevosita va bilvosita muloqot olib borishga keng imkoniyat yaratildi. Bir tomondan Markazda tashkil etiladigan xalqaro anjumanlarda xorijlik olimlar ham kelib maʼruza qilsa, ikkinchi tomondan yurtimiz olimlari ham markaz tavsiyasi bilan chet elda oʻtkaziladigan ilmiy anjumanlarda ishtirok etmoqda.

Markazda bir necha yoʻnalishda tadqiqot ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Bunda, eng avvalo, hadisshunoslik yoʻnalishini koʻrsatishimiz mumkin. Bu borada Markaziy Osiyoda katta tajriba toʻplangan. Muhaddislar hadislarni oʻrganish, ularning sanadi va sahihligini aniqlash boʻyicha oʻziga xos tajriba toʻplagan. Bu tajriba keyingi 200-yil ichida yoʻqotildi. Chunki mustamlakachilik davrida hadisshunoslik tajribalari yoʻqotilgan, kuchli eʼtiqodga ega ayrim musulmonlar esa tafsir va shariat asoslarini oʻrganish bilangina chegaralanib qolgan edi. Markaz tadqiqotchilari oldida yoʻqotilgan hadisshunoslik tajribasi va anʼanalarini tiklashdek masʼuliyatli vazifa turibdi. Bu vazifani ado etish uchun xalqaro tajribadan foydalanish lozim. Bu boʻyicha xodimlarimizni hadisshunoslik sohasida katta tajribaga ega mamlakatlarga ilmiy stajirovkaga yuborish, xalqaro seminar, davra suhbatlari, konferensiya va simpoziumlar oʻtkazishga toʻgʻri keladi.

Markazda hadisshunoslik bilan bir qatorda, qurʼonshunoslik, tafsirshunoslik, tasavvuf yoʻnalishlarida ham tadqiqot olib boriladi. Bu ish tadqiqotchilardan arab tili qoidalaridan yaxshi xabardor boʻlishni talab qiladi. Shu sababli ilmiy xodimlarga arab tili qoidalari boʻyicha darslar tashkil etiladi. Tadqiqotchilar islomshunoslik sohasidagi izlanishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun ularni yurtimiz tarixi, manbashunoslik, mantiq va falsafa fanlari sohasidagi bilimlarini ham chuqurlashtirishga toʻgʻri keladi.

Olimlarimizga ilmiy tadqiqot metodologiyasi boʻyicha qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etish tadqiqotlar sifatini yanada oshirgan boʻlar edi. Markaz olimlari toʻplagan tajribalar asosida ilmiy maqola, monografiya va ilmiy ishlar toʻplamlari nashr etiladi. Markazda tadqiqot natijalari “Imom Buxoriy saboqlari” nomli ilmiy jurnalimizda oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida eʼlon qilib boriladi.

Hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 100 dan ziyod ilmiy maqolalar mahalliy va xorijiy nashrlarda eʼlon qilindi. Markaz nashriyotidan ilmiy xodimlar va boshqa mualliflar tomonidan 50 dan ziyod ilmiy-ommabop kitob, risola va albomlar nashr etildi. Jumladan, “Samarqandlik allomalar”, “Imom Buxoriy taʼrifi”, “Islomda bolalar odobi”, “Qoʻlyozmalar katalogi” va “Imom Buxoriy majmuasi kitob-albomi” kabi kitoblar nashrdan chiqdi. Diniy aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm, missionerlik, soxta tariqatlar va jamoalar maqsadlari, gʻoyaviy-aqidaviy negizlari, zamonaviy koʻrinishlari va faoliyat uslublarini oʻrganish va ularga qarshi kurashning ilmiy-maʼrifiy asoslariga bagʻishlangan Olimxon Isaxon oʻgʻlining “Haqiqat niqobidagi yolgʻon”, Doktor Imoduddin Xiytiyning “ISHIDning botil daʼvolariga raddiyalar” (tarjima va izohlar muallifi A.Xofiy) kitoblari nashrdan chiqdi va xalqimizga yetkazildi.

Umid qilamizki, bunyod etilayotgan ushbu markaz dunyo miqyosida muqaddas dinimiz obroʻsini saqlash, islomning tinchlikparvarlik va insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, buyuk bobokalonlarimizning oʻlmas maʼnaviy merosini yuzaga chiqarish, uni butun insoniyat mulkiga aylantirish, oʻsib kelayotgan yoshlarni Ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, dinimiz shaʼnini bulgʻayotgan buzgʻunchi kuchlarning vayronkor faoliyatini maʼrifiy yoʻl bilan jilovlash va bu yoʻlda jahonning tinchliksevar kuchlarini gʻoyaviy birlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, xorijdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik oʻrnatishga alohida eʼtibor berilmoqda. Ilmiy-tadqiqotlar yoʻnalishida xalqaro hamkorlik geografiyasi yil sayin kengayib bormoqda. 2022-yilda Markaz Malayziya Islom universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Bu bilan uning xorijiy hamkorlari soni 35 taga yetdi.

Anglashuv memorandumlaridagi asosiy bandlar qoʻshma ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish, birgalikda turli mavzularda seminar, konferensiya va simpoziumlar oʻtkazishni nazarda tutadi. Shundan kelib chiqqan holda, davomli ravishda turli tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Xususan, 2023-yilda Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ISESCO), Turkiyaning Marmara, AQSHning Michigan, Misrning Al-Azhar universitetlari bilan hamkorlikda “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi”, “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi”, “Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy merosi va uning ilk Sharq Renessansi va islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi oʻrni va ahamiyati”, “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon”, “Oʻzbekistonda falsafa tarixi maktabi va Uchinchi Renessans”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Abu Mansur Moturidiy faoliyati va moturidiya aqidaviy mazhabi”, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” kabi mavzularda 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” islom merosi fondi, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti, Fransiyaning Parij-Sorbonna-Panteon universiteti, Fransiya milliy tadqiqotlar markazi, AQSHning Indiana universiteti, Malayziya xalqaro islom universiteti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusida 10 ta xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi. “Tinchlik uchun pedagogika” dasturi doirasida AQSH Tinchlik instituti bilan birgalikda “Strategik rejalashtirish va tatbiq etish” mavzusida 3-seminar-trening tashkillashtirildi.

Xorijda ham qoʻshma tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, Markaz tashabbusi bilan Shveysariyaning Bazel universiteti, Turkiya ilmiy-tadqiqot markazlari, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom sanʼati”, “Islom xattotligi”, “Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari” kabi mavzularda jami 6 ta xalqaro koʻrgazma, islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha “Movarounnahrda kitobat madaniyati” deb nomlangan festival va savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Buyuk Britaniyaning London islom madaniyati markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti, “Al-Furqon” islom merosi fondida “Qoʻlyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirishning ahamiyati mavzusida” davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Germaniyaning Frayburg universitetida “Taʼvilotul Qurʼon” asarining oʻzbek tiliga tarjima qilingan 29-30-juzlari, “Sahihul Buxoriy sharhi” kitobining taqdimoti oʻtkazildi.

Markazning 3 nafar ilmiy xodimi Turkiya Qoʻlyozma asarlar Bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boʻlimida qoʻlyozma va toshbosmalarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha malaka oshirdi. Bundan tashqari, 4 nafar ilmiy xodim Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida arab tili, zamonaviy fiqh masalalari, ilohiyot, aqida, hadis va tasavvuf ilmi yoʻnalishlarida tashkil etilgan 1 oylik malaka oshirish kurslarida oʻqib keldi. 2 nafar ilmiy xodim Pamukkale universitetining Islomiy ilmlar institutida tashkil etilgan 2 haftalik malaka oshirish kursini tamomladi. Bir nafar ilmiy xodim Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazida 5 oylik ilmiy malaka oshirish kursini oʻtab keldi.

Markaz vakillari Turkiyaning Istanbul shahrida oʻtgan “Zamonaviy islom olamida muammolar va yechimlar” – II xalqaro simpoziumida “Oʻzbekistondagi diniy hayot va diniy tashkilotlar”, Germaniyaning Frayburg universitetida tashkil qilingan “Milliy davlatlar va Qurʼon: Postsovet hududida tarjimonlar, rivoyatlar va munozaralar” xalqaro ilmiy seminarida “Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qurʼon tafsiri tarjimasi”, Turkiyaning Bursa shahrida oʻtkazilgan “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumida “Temuriylar davrining mashhur kalom ilmi ulamolari” mavzusidagi maʼruzalar bilan ishtirok etdi.

Bular, albatta, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bir yillik faoliyatiga doir maʼlumotlar. Oʻzbekistondagi boshqa turdosh muassasalar faoliyati ham tahlil qilinsa, mamlakatimizning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shioridan hech ham ogʻishmasdan dadil olgʻa borayotgani yanada yaqqol namoyon boʻladi.

SHOVOSIL ZIYODOV,
                                                                         Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
 t.f.d., professor

Check Also

TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 2-QISM

Abu Salama ibn Abdurahmon (r.a.) 20/642-643-yili atrofida tugʻilgan[1]. Hazrati Oysha roziyallohu anho uning tugʻishgan ammasi …