Home / MAQOLALAR / TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAK(KASB)LARI

TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAK(KASB)LARI

Kaʼbul Axbor (r.a.)

104 yoshida vafot etgani rivoyat qilinganiga koʻra, milodiy 551-yili atrofida tugʻilgan boʻlishi mumkin[1]. Kaʼb Paygʻambar (a.s.) davrlarida yashagan, lekin u zotni koʻrmagan. Keng tarqalgan fikrga koʻra, Hazrati Umarning xalifaligi davrida musulmon boʻlgan[2]. Kaʼb Hazrati Umar va Suhayb kabi sahobalardan rivoyat qilgan, uning rivoyatlari Abu Dovud, Termiziy va Nasoiyning “Sunan” asarlaridan joy olgan[3].

Kaʼb dastlab qissagoʻylik qilgan, Hazrati Paygʻambar (a.s.)ning qissa hikoya qiladigan kishi davlat rahbaridan ruxsat olishi lozim[4]ligi toʻgʻrisidagi soʻzlarini eshitib, bu ishni tashlagan, ammo Muoviya uni qaytadan qissagoʻylik qilishga buyurgach, yana bu faoliyatini davom ettirgan[5].

Kaʼb 32/652-653-yili Humsda vafot etgan. Vafot sanasi 34/655 yoki 35/656 boʻlganiga doir rivoyatlar ham mavjud[6].

 

Abu Idris Havloniy (r.a.)

8/630-yili Havlonda tugʻilgan. Hazrati Umar, Abu Dardo, Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Samit, Abu Hurayra roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan[7].

Shom olimi Abu Idris Havloniy, Damashq voizi, qissagoʻyi va qozisi boʻlgan. Abdulmalik uni qissagoʻylikdan ozod qilib, qozilikda qoldirganida, “Istayotgan vazifamdan ozod qilib, qoʻrqqan vazifamda qoldirdilar” degan[8].

80/699-yili[9], 72 yoshida vafot etgan.

 

Yahyo ibn Yaʼmar (r.a.)

Basrada tugʻilgan. Abu Zarr Gʻiforiy, Hazrati Oysha, Abu Hurayra, Ibn Abbos, Ibn Umar roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis naql qilgan. Qurʼoni karimga nuqtali harakatlarni kiritgan ilk shaxs[10].

Yazid ibn Muhallab uni Xurosonda devon kotibi etib tayinlagan[11]. Marv qozisi vazifasida ham ishlagan[12].

Vafot sanasi bilan bogʻliq turli rivoyatlar mavjud. Xalifa ibn Hayyotning aytishicha, Yahyo 80/699-yildan soʻng vafot etgan[13].

 

Said ibn Musayyab (r.a.)

Hazrati Umar(r.a.)ning xalifaligidan ikki yil oʻtgach, 15/636-yilda tugʻilgan[14]. Madinaning peshqadam faqihlaridan biri boʻlgan[15]. Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Hazrati Oysha, Abu Hurayra, Ummu Salama roziyallohu anhum kabi koʻplab sahobalardan hadis rivoyat qilgan[16]. Undan Ato Xurosoniy, Amr ibn Shuʼayb, Amr ibn Dinar, Zuhriy, Qatoda (r.a.) kabi shaxslar hadis tinglagan[17].

Davlat xazinasidan unga 30,000 dirhamga yaqin maosh ajratilgan boʻlsa-da, u bu maoshni olmagan[18]. Otasi yogʻ savdosi bilan shugʻullangan[19]. U ham otasi kabi yogʻ savdosi bilan shugʻullangan va yogʻ savdosi aylanmasida 400 dinordan ortiq sarmoyaga ega boʻlgan[20]. Shuningdek, u mato tijorati bilan ham shugʻullangan[21]. Tijoratning yaxshi kasb ekani, insonning roʻzgʻorini taʼminlab, shaxsiyati va dinini saqlashga yordam berishini taʼkidlagan[22].

94/713-yilda[23] 79 yoshida Madinada vafot etgan.

[1] Kandemir. Kaʼbul Axbor. TDIE. J. 24. – B. 1.
[2] Ibn Hajar Asqaloniy. Isoba. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1994. J. 4. – B. 579.
[3] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 490.
[4] Ahmad ibn Hanbal. Musnad. J. 11. – B. 241.
[5] Ibn Hajar Asqaloniy. Isoba. J. 5. – B. 483.
[6] Kandemir. Kaʼbul Axbor. J. 24. – B. 2.
[7] Ibn Hajar Asqaloniy. Tahzib. – Bayrut: Doiratul maorif, 1908. J. 5. – B. 85.
[8] Zahabiy. Tarix. – Bayrut: Dorul gʻarbil islamiy, 2003. J. 2. – B. 891.
[9] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 46.
[10] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 60.
[11] Kirca. Yahyo ibn Yaʼmar. TDIE. J. 20. – B. 447.
[12] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 260.
[13] Xalifa ibn Xayyot. Tabaqot. – Bayrut: Dorul fikr, 1993. J. 1. – B. 349.
[14] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 218.
[15] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 2. – B. 289.
[16] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 218.
[17] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 219.
[18] Kandemir. Said ibn Musayyab. TDIE. J. 35. – B. 563.
[19] Ibn Hibbon. Siqot. J. 4. – B. 274.
[20] Ijliy. Maʼrifatus siqot. J. 1. – B. 405.
[21] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 241.
[22] Kandemir. Said ibn Musayyab. J. 35. – B. 563.
[23] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 245.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

SUNNAT VA HADISLARNI INKOR ETUVCHI TOIFALAR: TARIXIY VA ZAMONAVIY OʻXSHASHLIKLAR

Hadis ilmi tarixi va uning tadrijiy bosqichlarini oʻrganish, sunnat va hadisga nisbatan noxolis bildirilgan fikrlarga …