Home / MAQOLALAR / HADIS RIVOYATI BILAN TANILGAN SAHOBALARNING KASBLARI 2-QISM

HADIS RIVOYATI BILAN TANILGAN SAHOBALARNING KASBLARI 2-QISM

Abdulloh ibn Abbos (r.a.)

Hijratdan uch yil oldin Makkada tugʻilgan[1]. Rasululloh vafot etganlarida 13 yoshda[2] boʻlgan Abdulloh ibn Abbos 1660 hadis rivoyat qilgan. 120 hadisini faqat Buxoriy, 9 hadisini faqat Muslim rivoyat qilgan, 75 hadisini esa ham Buxoriy, ham Muslim birgalikda naql qilgan[3].

Turmushini, otasi Abbos ibn Abdulmuttalibning uzum bogʻlarida ishlab chiqarish bilan davom ettirib taʼminlagan[4]. Faqatgina savdo bilan shugʻullanib qolmay, 656-yilda Hazrati Usmon vositasida Haj amiri etib tayinlangan. Hazrati Ali davrida esa Basra voliyligi vazifasini bajargan[5].

Yetmish bir yil yashagan Ibn Abbos, 68/687-688-yili vafot etgan[6].

 

Jobir ibn Abdulloh (r.a.)

Hijratdan oʻn olti yil oldin (m. 607) Madinada tugʻilgan[7]. Mingdan ortiq hadis rivoyat qilgan olti sahobadan biri boʻlib, 1540 rivoyati hadis toʻplamlarida oʻrin olgan. U rivoyat qilgan hadislardan 58 tasi Buxoriy va Muslimda, shuningdek, 26 tasi faqat “Sahihul Buxoriy”da, 126 tasi esa faqat “Sahihi Muslim”dan joy olgan. Rivoyatlari jami Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ida ham mavjud[8].

Jobirning Uhud jangida shahid boʻlgan otasi Abdulloh ibn Amrning qarzlarini Paygʻambarning (s.a.v) tavsiyasi bilan bogʻidagi xurmolarni “ajva” va “azqu zayd” navlariga ajratib toʻlagani naql qilinadi. Jobirning turmushini esa savdo va dehqonchilikdan olgan daromadlari bilan taʼminlagani ham rivoyat qilinadi[9]. Shuningdek, oʻsha davrning xalifasi Abdulmalik ibn Marvon tomonidan unga besh ming dirham berilgani qayd etilgan[10].

Hayotining soʻnggi davrlarini koʻzi ojiz holda oʻtkazgan Jobir 78/697-yili[11] 94 yoshida vafot etgan.

 

Abu Said Xudriy (r.a.)

Hazraj qabilasiga mansub. Abu Said Madina muftiysi sifatida tanilgan[12]. Koʻp hadis rivoyat qilgan sahobalardan boʻlib, Abu Saidning 43 hadisi ham “Sahihul Buxoriy” ham “Sahihi Muslim”da zikr qilingan. Buxoriy mustaqil ravishda 16, Muslim esa 52 hadis rivoyat qilgan[13]. Jami rivoyat qilgan hadislari soni esa 1170 tani tashkil etadi[14].

Otasi Uhud jangida oilasiga hech narsa qoldirmasdan shahid boʻlganida, onasi uni yordam soʻrash uchun Rasulullohga yuborgan, Allohning Rasuli esa unga: Soʻrashdan saqlangan kishini Alloh iffatli qiladi, odamlardan hech narsa kutmay, oʻz qoʻlidagi bilan kifoyalangan kishini Alloh boy qiladi, sabr qilishni istagan kishiga sabr beradi, deb aytganlar. Bundan keyin Jobir hech kimdan biror narsa soʻramagan[15]. Ishlari izga tushgan va madinalik musulmonlar orasida sanoqli boylardan biri boʻlgan. Ilk bor Handaq gʻazotida qatnashgan, keyinchalik 12 ta gʻazotda ishtirok etgan. Baʼzi sariyya[16]larda vazifa olgan, hatto sariyya qoʻmondonligi vazifasini bajargan.

Sahobalarning faqihlaridan biri boʻlgani tufayli, Abu Said Rasululloh (s.a.v.)ning vafotlaridan keyin Madinada fatvo berish va taʼlim bilan shugʻullangan[17]. Uning kasbiga oid aniq maʼlumot mavjud boʻlmasada, Hijoz mintaqasining muhim savdo markazlaridan biri boʻlgani sababli Hazrati Paygʻambar bilan muloqotda boʻlganidan keyin savdo bilan shugʻullangan boʻlishi mumkin. Shuningdek, sariyya va gʻazotlarga qatnashgani sababli u yerlarda olingan gʻanimatlardan ham ulush olgan boʻlishi mumkin.

Allohning Rasulining sahobalaridan va ansorlarning fazilatlilaridan biri boʻlgan Abu Said 74/693-694-yili vafot etgan[18].

[1] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 380.
[2] Zahabiy. Tazkiratul huffoz. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1998. J. 1. – B. 33.
[3] Çakan. Abdulloh ibn Abbos. TDIE. J. 1. – B. 77.
[4] Azizova. Çalişma hayati ve meslekler. – B. 131.
[5] Çakan. Abdulloh ibn Abbos. TDIE. J. 1. – B. 76.
[6] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 394.
[7] Kandemir. Jobir ibn Abdulloh. TDIE. J. 6. – B. 530.
[8] Kandemir. Jobir ibn Abdulloh. TDIE. J. 6. – B. 531.
[9] Azizova. Çalişma hayati ve meslekler. – B. 142.
[10] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 193.
[11] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 194.
[12] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 168.
[13] Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J. 1. – B. 36.
[14] Zahabiy. Siyar. J. 3. – B. 172.
[15] Küçük. Abu Said Xudriy. TDIE. J. 10. – B. 273.
[16] Paygʻambarimiz (s.a.v.) shaxsan qatnashmagan yurishlar.
[17] Kandemir. Riyazus salihin Peygamberimizden hayat olçuleri. – Istanbul: Arqam, 2011. J. 1. – B. 166.
[18] Ibnul Javziy. Muntazam. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1992. J. 6. – B. 144.
 Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

HAZRATI PAYGʻAMBAR (S.A.V.)NING TURMUSH TARZI

Paygʻambarlar nubuvvat sifatlaridan tashqari, ularga ergashish va oʻrnak boʻlish uchun inson sifatidagi xususiyatlarga ham egadirlar. …