Home / HADIS / MUHADDISLARNING KASB-HUNARLARI

MUHADDISLARNING KASB-HUNARLARI

Inson boshqalarga muhtoj boʻlmasligi va rizqini taʼminlashi uchun halol mehnat qilishi va biror kasb-hunarga ega boʻlishi kerak. Biz ham oʻz tadqiqotimizda yashagan asrlarida hadis ilmi bilan shugʻullangan baʼzi muhaddislarning kundalik hayotda qanday hunar bilan shugʻullanib rizq topganlari haqida maʼlumot berishga harakat qildik. Tadqiqotimiz maqsadi kasbga ega boʻlgan muhaddislarni maqtash yoki kasbi boʻlmagan muhaddislarni tanqid qilish emas, balki ularning qanday rizq topib, hayot kechirgani haqida maʼlumot berishdir. Tadqiqotimiz hadis ilmiga qoʻshadigan hissasi bilan birga, odamlar Islomning mehnatga bergan ahamiyatini anglab yetadilar va muhaddislarning ilmiy tomonlaridan tashqari qanday hunar bilan rizq topganlari, kundalik hayotda nima bilan shugʻullanganlari haqida maʼlumotga ega boʻladilar.

Tadqiqotimizda Kattoniyning “Risola”[1]sida zikr qilingan muhaddislar asos qilib olingan boʻlsa-da, oʻz davrida hadis ilmi sohasida nufuzli boʻlgan yoki hadis ilmida oʻrin olgan va adabiyotda kasblari bilan bogʻliq yetarli maʼlumot mavjud boʻlgan hadischi olimlar toʻplangan. Tadqiq etilishiga muhtoj boʻlgan mavzu boʻlgani va hadis ilmiga oz boʻlsa ham hissa qoʻshishi mumkinligi tufayli tadqiqotga arzigulik mavzu ekanini aytsa boʻladi.

Tarix davomida odamlar oʻzlarining turmushini taʼminlash maqsadida mehnat qilib kelishgan. Shu kabi Islom ham shaxsning mehnat qilishiga ahamiyat bergan. Avvalo paygʻambarlar va Allohning diniga ishonganlar, Alloh belgilagan oʻlchovlar doirasida oʻz rizqlarini topishga harakat qilganlar.

Ilm sohasi boʻlgan hadis ilmida ham koʻplab olimlar yetishgan va bu olimlar hadis ilmi bilan shugʻullanishlari bilan bir qatorda kundalik hayotda ham turli faoliyat bilan shugʻullanganlar. Dunyo molini muhim deb bilmagan va juda saxiy boʻlgan muhaddislar, boshqalarga muhtoj boʻlmaslik uchun turli ishlarda ishlaganlar. Shu sababdan muhaddislar davlat lavozimlarida ishlash orqali, savdogarlik qilish orqali, choʻponlik qilish orqali, madrasalarda muallimlik qilish orqali yoki yelkalarida yuk koʻtarish orqali oʻz turmushini taʼminlashga harakat qilganlar va bu ishlarini bajarishda Islom belgilagan chegaralardan chiqmaslikka uringanlar.

Halol kasb va hunar egallashning ahamiyati

Inson rizqini taʼminlashi uchun mehnat qilishi kerak. Islom dini ham insonlarni turmushini taʼminlash uchun mehnat qilishga targʻib qilgan. Iqtisodiy hayot inson hayotining bir qismi boʻlgani kabi Islomning ham bir qismi hisoblanadi. Islomning ikki asosiy manbai boʻlgan Qurʼon va sunnat esa iqtisodiy hayotga oid ong darajasini shakllantirishga harakat qiladi.

Qurʼoni karimda mehnatga oid koʻplab oyatlar mavjud. Alloh taolo “Insonga faqat oʻzi qilgan harakatigina (mansub) boʻlur. Uning qilgan saʼyi (harakati) yaqinda (Qiyomatda) koʻrinur”[2] deb, mehnatning ahamiyatiga eʼtibor qaratgan. Shunga qaramay, musulmonlar toʻliq ilmga, taqvo yoki oxirat hayotiga yuzlanib, oʻz turmushini taʼminlash uchun mehnat qiladigan ishni tark etmasliklari kerak. Yaʼni musulmon kishi dunyo va oxirat muvozanatini saqlashi lozim. “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan boʻlgan nasibangni ham unutmagin…”[3] oyati ham insonlarga shuni nasihat qiladi.

Islomda daromad yoʻli mehnatdir. Shaxsning mehnat qilishining ahamiyati bilan birga daromadi ham Islom belgilagan chegaralarga koʻra halol yoʻldan boʻlishi lozim. Bu haqda Qurʼoni karimda, “Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halolu poklarini tanovul qilingizlar va oʻzlaringiz imon keltirgan Allohdan qoʻrqingizlar![4] deb aytiladi. Demak, rizqimizni halol va pok yoʻllardan taʼminlashimiz lozim. Rizqimizning halol va pok boʻlishi uchun ham mehnat hayotimizda adolatli boʻlishimiz, “Oʻlchov va tarozini adolat bilan toʻla ado etingiz!”[5] (6:152) oyatini oʻzimizga shior qilishimiz lozim.

Hazrat Paygʻambar (s.a.v.) hadislarida ham daromadning ahamiyati bilan bogʻliq nasihatlar berilgan. Paygʻambar (a.s.) moʻmin kishi rizqini oʻzi taʼminlashi kerakligini taʼkidlab, Hech kim oʻz qoʻli mehnatidan koʻra yaxshiroq ovqat yemagan. Allohning paygʻambari boʻlgan Dovud ham oʻz qoʻli mehnati va kasbidan yegan”[6] deb marhamat qilganlar. Shuningdek, bu hadis bizga namuna boʻlgan paygʻambarlar ham oʻz turmushlarini halol yoʻllardan qoʻli mehnati bilan taʼminlaganini koʻrsatadi. Umuman olganda, barcha musulmonlar, shu jumladan, muhaddislar ham boshqalarga muhtoj boʻlmasligi va boshqalardan soʻramasligi kerak. Boshqalardan soʻrash oʻrniga mehnat qilib, saʼy-harakat koʻrsatib, oʻzlari va oilalari uchun rizq topishlari kerak. Shunday qilib, paygʻambarimiz (s.a.v) bu haqda: Sizdan biringiz arqonini olib, yelkasida bir bogʻ oʻtin koʻtarib kelib sotishi, odamlardan soʻrashidan yaxshiroqdir. U soʻragan kishisi unga yo beradi, yo bermaydi[7], deb aytganlar. Bu hadis bilan paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) insonning eng ogʻir sharoitlarda ham tilanchilik qilish oʻrniga mehnat qilishi yaxshiroq boʻlishini nasihat qilganlar.

Shuningdek, kishi oʻz zimmasiga olganlarni parvarish qilishni eʼtiborsiz qoldirishning gunoh ekani[8]ni taʼkidlagan paygʻambarimiz (s.a.v.) yoqtirgan kishining bir hunari bor-yoʻqligini soʻrar, hunari yoʻqligini aytganlarni yomon koʻrganini, moʻminning hunari boʻlmagani taqdirda oʻz turmushini dini bilan taʼminlashini qoralab aytganlar[9].

Mehnat qilish masalasida paygʻambarimiz (s.a.v.)ning sahobalari ham bizga namuna boʻlib qolganlar. Abdurrahmon ibn Avf Madinaga hijrat qilganida paygʻambarimiz (s.a.v.) uni Saʼd ibn Rabiʼ bilan birodar deb eʼlon qilganlar. Badavlat boʻlgan Saʼd oʻz molining yarmini Abdurrahmonga berishni taklif qilgan, lekin Abdurrahmon bu taklifni qabul qilmagan. Bundan koʻra, Saʼddan savdo qilinadigan bir bozorni soʻragan va turmushini oʻsha yerda qilgan savdo orqali taʼminlagan[10].

Sahobalardan tashqari, ulamolar ham ilm bilan shugʻullanmoqchi boʻlganlarga yoʻl koʻrsatganlar. Mehnatning ahamiyati tufayli Sufyoni Savriy ilm oʻrganmoqchi boʻlgan kishidan turmushini taʼminlash uchun ishi bormi-yoʻqmi deb soʻrar, agar boʻlsa ilm oʻrganishini, boʻlmasa avval turmushini taʼminlashni buyurar edi[11]. Ubayd ibn Jannod, muhaddislarga yuzlanib, kishiga avval qayerda yeb-ichishi va qoʻnim topishini bilishi, keyin esa ilm oʻrganishi yarashadi deb aytgan[12].

Shu bilan birga moʻmin kishi hayotining har bir sohasida ishonchli boʻlishi, yolgʻon gapirmasligi, boshqalarni aldashga urinmasligi kerak. Bu sohalarning boshida halol mehnat turadi. Paygʻambar (a.s.)ning bozorda yurganlarida nam guruchni quruq guruchning ustiga qoʻyib, molining aybini yashirgan sotuvchiga Bizni aldagan bizdan emas[13] deb ogohlantirganlari, musulmonning toʻgʻri boʻlishi va hiyla qilmasligi kerakligini koʻrsatadigan mazmunli bir misoldir.

Abu Hurayradan naql qilingan hadisda halol daromadning ahamiyatiga ishora qilib, Hazrat Paygʻambar: Alloh pokdir, faqat pok boʻlganlarni qabul qiladi. Alloh paygʻambarlarga nimani amr qilgan boʻlsa, oʻsha narsani moʻminlarga ham amr qilgandir. Alloh paygʻambarlarga: Ey Paygʻambarlar! Pok va halol boʻlganlardan yeying va solih amallar qiling deb amr qilgan. Moʻminlarga ham: Ey iymon keltirganlar! Sizga bergan rizqlardan pok boʻlganlarini yeying» deb amr qilgan. Keyin Paygʻambar (a.s.): Bir kishi Alloh yoʻlida uzoq safarlar qiladi, sochi parishon, yuzi chang boʻlgan holda qoʻllarini osmonga koʻtarib: Ey Parvardigorim! deb duo qiladi. Holbuki uning yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, ozuqasi haromdir. Alloh bunday kishining duosini qanday qabul qilsin[14] deb marhamat qilganlar.

Xuddi shunday halollik bilan bogʻliq Imom Gʻazzoliyning “Ihyou ulumid din” nomli asarida savdogar Yunus ibn Ubaydning mana bu goʻzal amalini zikr qiladi: “Yunus namoz oʻqish uchun doʻkonini jiyaniga ishonib topshirib, doʻkondan chiqib ketadi. Shu paytda jiyani bir matoni oʻz narxidan qimmatga sotadi. Namozdan qaytishda Yunus xaridorning qoʻlidagi matoni koʻrib, uning doʻkonidan va oʻz narxidan qimmatga olinganini anglaydi. Xaridor rozi boʻlgan holda ortiqcha pul toʻlagan boʻlsada, ortiqchasini xaridorga qaytarib beradi”[15].

Har bir musulmon halol daromad topishga masʼul boʻlgani kabi, hadis ilmi bilan shugʻullanuvchi shaxs ham birinchi navbatda oʻzi va oilasining turmushini taʼminlaydigan darajada kasbga ega boʻlishi va turmushini halol yoʻldan taʼminlashi lozim. Hadischi olim kuchiga qarab hadis ilmi bilan shugʻullanishi, faqirlikdan uzoq turishi uchun bir kasb-hunar egasi boʻlishi lozim. Aks holda, muvozanatga eʼtibor berilmaganda, baʼzi muhaddislar oʻz vaqtlarini faqat hadis ilmiga ajratib, boshqa ish bilan shugʻullanmagani tufayli kasodga uchragani, aksincha, tijorat va savdo bilan shugʻullanganlar turmushlarida koʻproq muvaffaqiyatga erishgani, faqat hadis oʻrganish bilan kifoyalangan shaxs moliyaviy qiyinchilikka tushgani kuzatiladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom, insonlarni mehnat qilib oʻz ehtiyojlarini ham taʼminlashlarini xohlaydi. Buning ham Islom belgilagan chegaralar doirasida halol yoʻldan boʻlishini talab qilgan.

[1] Kattoniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Fayz Jaʼfar ibn Idris Hasaniy Idrisiy. Risolatul mustatrafa li bayoni mashhuri ktubis sunnatil musharrafa. Muhammad Muntasir Zamzamiy tahqiqi. – Bayrut: Dorul bashoiril islamiyya, 2000.
[2] Najm surasi, 39-40-oyatlar.
[3] Qasas surasi, 77-oyat.
[4] Moida surasi, 88-oyat.
[5] Anʼom surasi, 152-oyat.
[6] Imom Buxoriy. al-Jomeʼus sahih. Buyuʼ, 15.
[7] Buxoriy. Zakot, 50.
[8] Muslim. al-Jomiʼus sahih. Zakot, 40; Xatib Bagʻdodiy. al-Jomiʼ li axloqir roviy. – Riyoz: Maktabatul maorif, n.y.n. J. 1. – B. 97.
[9] Xatib Bagʻdodiy. Jomiʼ. J. 1. – B. 98.
[10] Buxoriy. Buyuʼ, 1.
[11] Xatib Bagʻdodiy. Jomiʼ. J. 1. – B. 98.
[12] Xatib Bagʻdodiy. Jomiʼ. J. 1. – B. 99.
[13] Muslim. Imon, 164.
[14] Muslim. Zakot, 65.
[15] Gʻazzoliy. Ihyou ulumid din. – Bayrut: Dorul maʼrifa, n.y.n. J. 2. – B. 79.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASH VA SHARHLASHDA ZARUR BOʻLGAN OMILLAR

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kimsalar tomonidan hadislarning notoʻgʻri talqin qilinishi, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi …