Home / MAQOLALAR / MARKAZIY OSIYODA NAQSHBANDIYA-MUJADDIDIYA TARIXINI OʻRGANISHDA “MAKTUBOT”NING AHAMIYATI 

MARKAZIY OSIYODA NAQSHBANDIYA-MUJADDIDIYA TARIXINI OʻRGANISHDA “MAKTUBOT”NING AHAMIYATI 

Naqshbandiya tariqati namoyandalari va ularning turli kishilar bilan yozishmalari jamlangan “Maktub”lar tariqat tarixini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi.

Tarixda «Maktuboti Rumiy», «Maktuboti Xoja Boqibilloh», «Maktuboti Rabboniy», «Maktuboti Maʼsumiya», «Maktuboti Xoja Sayfiddin», «Maktuboti Mirzo Mazhar», «Makotibi sharifa», «Maktuboti Urgutiy»da murshidlarning maktubi kitob holatida jamlangan. Bu atrofdagi kishilar uchun dastur, yaʼni qoʻllanma boʻlib qolgan.

Maktublar odatda qogʻozga yozilib, muayyan bir shaxs nomi koʻrsatilib yuborilgan. Keyinchalik maktublar kitob holiga jamlangan. Bundan asosiy maqsad, avvalo ustozning soʻzlarini manzilga yetkazish boʻlsa, keyingi maqsad jamlangan maktublar orqali, u (murshid)ning turli masalalarga oid ilmiy qarashlarini avlodlarga yetkazish boʻlgan. Bu bilan baʼzi yechimini topmay turgan masalalar isbotini topib, ilmiy mubohasalarga sabab boʻluvchi qarama-qarshiliklar bartaraf etilgan. Shuningdek, maktublar orqali tariqatga oid bahsli fikr-mulohazalarda baʼzan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy meros masalalarini uchratish mumkin. Maktublar muayyan tariqat murshidlarining nechogʻlik taʼsir doirasiga ega ekanini ham namoyon etadi.

XVII asrning boshlarida Hindistonda faoliyat olib borgan Ahmad Foruqi Sirhindiyning (1564-1624) maktublar toʻplami mavjud.

Hindistonda naqshbandiya-mujaddidiya taʼlimoti Shoh Akbarning (1542-1605) diniy siyosati va islohotlari natijasida zaiflashib qolgan islomni qayta kuchaytirish harakati bilan bogʻliq holda dunyoga keldi. U tez fursatda rivoj topib, mamlakat boʻylab tarqala boshladi. Naqshbandiylik tariqatining mazkur yangi koʻrinishiga Ahmad Foruqi Sirhindiy asos solgan va tasavvuf tarixida “mujaddid alf soniy” (mujaddid alf soniy – ikkinchi ming yillikda tariqatni yangilovchi (quvvatlantiruvchi) maʼnosini bildiradi) nomi bilan shuhrat qozongan.

Xoja Abduboqiy Imkanagiyning (1512-1600) shogirdi Xoja Muhammad Boqibilloh Dehlaviy (1563-1603) ustozidan taʼlim olib, tariqat ijozati –irshodni olgach, oʻz yurti Hindistonga ketadi. Shu davrlarda yashagan Ahmad Sirhindiy Xoja Boqibilloh xizmatiga kirib, Markaziy Osiyo hududidan borgan tariqat silsilasiga ulanadi [Shuningdek, yana bir boshqa naqshbandiya tariqati vakili Xoja Ubayd Kobuliydan ham ijoza olganligi aytiladi. Batafsil qarang: 9: – P. 198].

Shayx Ahmad Sirhindiy 971/1564-yilda Sirhind shahrida tavallud topgan (1: 6b varaq). Otasi shayx Abdulahad ulugʻ avliyolardan boʻlib, Mavlono Abdulquddus va uning oʻgʻli Mavlono Rukniddin xizmatida yurib, chishtiya tariqati odoblarini oʻrgangan. Oʻz farzandi Ahmad Sirhindiy tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratib, islomiy bilimlarni puxta egallashi, koʻplab ustozlardan saboq olishi uchun sharoit yaratgan. Shayx Ahmad Sirhindiy dastlab Siyolkut shahriga borib, Kamol Kashmiriy xizmatiga kiradi [9: – P. 198] va keyinchalik kubroviya tariqati vakili Yaʼqub Kashmiriydan (vaf. 1003/1595-yil) hadis ilmi boʻyicha dars tinglaydi [3: – B. 460]. U yana Shoh Iskandardan qodiriya tariqati xirqasini qabul qilgan [3: – B. 427].

Shayx Ahmad Sirhindiy naqshbandiya tariqatidagi ustozi Xoja Boqibilloh vafot etgach, uning oʻrniga irshod masnadiga oʻtiradi. Shu davrdan to umrining oxiriga qadar mazkur tariqatning rivojlanishi va taraqqiy etishi uchun xizmat qilgan. U ulugʻ mufassir, muhaddis va mutasavvif ulamolardan biri boʻlib, tinimsiz izlanishlari natijasida naqshbandiya suluki yanada taraqqiy topib, naqshbandiya-mujaddidiya nomi bilan keng tarqala boshlaydi. Shu zaylda tariqatning yangi yoʻnalishi – naqshbandiya-mujaddidiya paydo boʻladi. XVII asrning oʻrtalaridan boshlab, asosan mazkur asr oxirlarida va XVIII-XIX asrlarda naqshbandiya-mujaddidiya taʼlimoti Markaziy Osiyoda yoyilib, yetakchi tariqatlardan biriga aylanadi.

Ahmad Sirhindiy «Maktubot»ining birinchi jildi (313 ta maktub) 1025/1616-yilda Badaxshoniy, ikkinchi jildi (99 ta maktub) 1028/1619-yilda Abdulhay Hisoriy tomonidan tuzilgan. Uchinchi jildi (124 ta maktub) esa Xoja Muhammad Hoshim Kishmiy tomonidan 1031/1622-yilda toʻplanib, kitob holiga keltirilgan.

Maktubotni Mustaqimzoda Sulaymon Afandi usmonli-turkchaga va  Muhamad Murod Qozoniy 1302/1887-yilda arab tiliga tarjima qilgan. Mustafo Hasanayn Abdulhodi tomonidan qilingan arabcha tarjimasi Makka shahrida 1316/1901-yil “Durarul maknunot” [Asarning ushbu tarjima nusxasi 2015-yilda qayta nashr etilgan. Qarang: 6] nomi bilan chop etilgan, 1963-yili Istanbulda faksimili nashr qilingan. Shuningdek, 1961-yil Mehmet Sulaymon Termu oʻgʻli tomonidan “Asomi Rabboniy Ahmad Farruqiy maktuboti” nomi bilan nashr ettirilgan. Husayn Hilmiy esa 1968-yili birinchi jildini, Abdulqodir Akchichek 1977-yilda ikki jild holida tarjima qilib, nashr ettirgan.

Shayx Ahmad Sirhindiy oʻzining 536 maktub majmuasi (“Maktuboti Imomi Rabboniy”) bilan ushbu tariqatning keng koʻlamda – Hind yarimoroli va Afgʻonistonda tarqalishi uchun zamin yaratib berdi. U oʻz zamonasining mashhur davlat arboblari, oʻz xalifa-shogirdlari, buyuk olimlar va mutasavviflari bilan keng aloqa oʻrnatib, Hindistondan turib boshqa joylarga maktublar yozib turar, turli mavzulardagi murakkab masalalar, irfoniy va aqidaviy muammolarni yechib berishga harakat qilgan. Masalan, 268 maktubini turkistonlik Xoja Muhammad (Abul) Qosim (ibn Xojagiy) Imkanagiyga yozib, unda naqshbandiya tariqatining beshigi boʻlgan Movarounnahrda topilgan ayrim bidʼatlar borasida achinib soʻzlaydi [4].

Shuningdek, 536 ta maktubda 316 ta [5: – S. 206] hadis keltirilgan. Maktublarning 116 tasi siyosiy soha vakillariga, 243 tasi maʼnaviyat sohiblariga, 130 tasi diniy amaldorlarga, 47 tasi turli kishilarga yuborilgan.

Maktublar Afgʻoniston (137, 400, 467), Badaxshon (117-124, 132-136, 146, 159, 161, 171, 173, 176-177, 188-190, 204, 209, 211-212, 217, 224, 228, 231, 238, 246, 257, 261, 281, 312, 317, 340, 344, 360-361, 364, 381, 382, 395, 405, 412-413, 416-417, 420-422, 424, 430-431, 433, 437-438, 442, 448-449, 461, 471, 487, 493, 502, 504, 508, 526), Balx (150, 511), Bengaliya (158, 22, 292, 359, 397), Buxoro (43-56, 163, 165), Chanpur (1), Dehli (115, 342, 533), Imkana (150, 168, 180), Xorazm (510), Xoʻtan (322), Kobil (1-20, 131,140, 146, 148-149, 166, 174, 183, 186-187, 199, 205, 222, 235, 307, 383, 463), Koʻlob (12), Nishopur (125, 126), Parkana (86) va Samarqand (142, 206, 235) kabi jami 39 ta hududdagi, 204 ta kishiga yoʻllangan.

Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati namoyandalari oʻrtasida uzoq yillik doʻstona munosabat doimiy saqlanib qolgan. Ahmad Sirhindiy bu tariqatning yetakchisi sifatida uzoq oʻlkalarga maktub yuborib, uzviy aloqani taʼminlab turgan.

Bu anʼana undan keyin ham davom ettirilib, uning silsilasida faoliyat koʻrsatgan Muhammad Maʼsum [“Maktuboti maʼsumiya” uch jilddan iborat. Qarang: 7], Sayfiddin, Mirzo Jon Jonon kabi tariqat arboblari oʻz davrida maxsus maktublar yozib, turli hududlardagi zamondosh boʻlgan tariqat pirlari bilan yozma hamfikr boʻlishgan. Mulla Abdulgʻofur Samarqandiy, Abulqosim ibn Imkanagiy, Xoja Ubaydulloh, Xoja Abdulloh kabi movarounnahrlik tasavvuf allomalariga – Ahmad Sirhindiy,  Hoji Habibulloh Hisoriy Buxoriy, Mir Boqi Buxoriy, Shayx Arab Balxiy, Nazarbek Samarqandiy, Xoja Ahmad Buxoriy, Hoji Muhammad Ashur Buxoriy, Xoja Muhammad Sharif Buxoriyga  – Muhammad Maʼsum, Xoja Muhammad Sharif Buxoriy, Muhammad Musoxon xoja Dahbediy, Muhammad Amin xoja Dahbediyga – Mirzo Jon Jonon tomonidan yoʻllangan yozishmalarda asosan tariqat faoliyati davomida paydo boʻlgan savollarga javob izlash yoki javob berish orqali faoliyatidagi muayyan boʻshliqlar toʻldirib borilganini koʻrish mumkin. Shunday maktublardan biri 1188/1774-yil safar/aprel oyida Mirzo Mazhar Joni Jonon (1701-1780) tomonidan Musoxon xoja Dahbediyga yuborilgan maktubda [Batafsil qarang: 2: 242a-244a varaq; 8: 259-260 sahifa] ham ijtimoiy hayotda uchraydigan holatlar yuzasidan fikrini bayon etib, oʻzining Dehlida yashayotgani va 80 yoshga qarab ketayotganini taʼkidlab oʻtgan.  

Xulosa, naqshbandiya-mujaddidiya murshidlarining faoliyati va oʻzaro yozishmalarni olib borish jarayonlari (maktublarni rasmiylashtirish va tasdiqlash tartibi)ga koʻra murshidlarning nafaqat oʻz muridlariga, balki uzoq oʻlkalarda faoliyat yuritayotgan tariqatning taniqli shayxlariga ham maktub yoʻllanganini uchratish mumkin. 

Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati namoyandalarining oʻzaro munosabatlari, ustoz-shogirdlik anʼanalari, ular oʻrtasidagi samimiy qarashlarini oʻrganishda maktublarning ilmiy ahamiyati yuqori ekani yuqorida sanab oʻtilgan maktublar toʻplamida batafsil bayon etilgan.

Maktublarning tarixiy ahamiyati shundaki, u naqshbandiya-mujaddidiya tariqati namoyandalarining faoliyati haqida turli qoʻlyozma va shu kabi manbalarda uchramaydigan maʼlumotlarni asosli toʻldiradi.

Muayyan shaxslarga yuborilgan maktublar keng jamoatchilikka qoʻlyozma asarlar orqali yetkazilgan.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
  1. Badriddin Sirhindiy. Hazorat ul-quds. Birinchi daftar. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (bundan keyin-OʻzR FA SHI) qoʻlyozmalar fondi inv. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. №76. 6b
  2. Mirzo Maqsud Dahbediy. Mirʼot us-solikin. Qoʻlyozma. 242a-244a varaq;
  3. Muhammad Hoshim Kishimiy. Nasimat ul-quds min hadoiq ul-uns. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. №635. – B. 460.
  4. Abdulhakim Joʻzjoniy. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi. 2007-yil, 33-son.
  5. Abdullah Orhan. İmam-ı Rabbanıʻnin mektübatʻındaki hadislerin tahriç ve değerlendirilmesi. İstanbul: Nisan, 2018. 290 s.
  6. Imom Ahmad Rabboniy. Al-Maktubot ar-rabboniyya. Beyrut-Lebanon: Dorul kutubul ilmiyya, 2015. 3 juz. 1472 b.
  7. “Maktuboti maʼsumiya”, uch jilddan iborat. Qarang: Muhammad Maʼsum. Maktuboti maʼsumiya. Fors tilida. Hindiston-Karachi. 1396/1976. 256-sahifa.
  8. Maktuboti Mirzo Mazhar Joni Jonon. Lohur: Maktabati mujadidiya, 2012. 259-260-sahifalar.
  9. Sayyid Athar Abbas Rizvi. A History of sufism in India. – New Dehli. 1992. – P. 198.
Mexrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

MUSULMONLAR VA BOSHQA DIN VAKILLARI OʻRTASIDAGI MUNOSABAT: TINCHLIK USTUVORLIGI

Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari …