Home / ALLOMALAR / OʻRTA ASRLARDA RAZMOZ QISHLOGʻIDAN CHIQQAN ROVIYLAR

OʻRTA ASRLARDA RAZMOZ QISHLOGʻIDAN CHIQQAN ROVIYLAR

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan yuksak darajada rivojlangani bois ilm-fan rivojining oltin davri deb eʼtirof etilgan. Aynan shu davrda Xorazm, Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Shosh, Fargʻona va Margʻinon kabi uzoq tarixga ega koʻhna va navqiron shaharlar hamda ular atrofida joylashgan Dabusiya, Afshona, Zamaxshar, Kushoniya, Ishtixon, Sogʻarj, Xushufagʻon, Razmoz kabi shahar, qoʻrgʻon va qishloqlardan ham minglab allomalar yetishib chiqqani barchaga maʼlum. Ular ilm-fanning tibbiyot, astronomiya, jugʻrofiya, filosofiya, matematika, adabiyot kabi tabiiy va ijtimoiy hamda tafsir, hadis, aqida, fiqh kabi diniy ilmlar rivojiga benazir hissa qoʻshgan. Oʻzining koʻhna va qadimiyligi bilan tarix sahifalaridan oʻrin olgan qishloqlardan biri “Razmoz”dir.

Manbalarda qayd etilishicha, “Razmoz” Samarqand vohasidagi Ishtixon va Kushoniya oraligʻida joylashgan boʻlib, Samarqand bilan uning oraligʻi yetti farsax masofani tashkil etgan[1]. Oʻrta asrlarda bu qishloqdan koʻplab allomalar yetishib chiqqan.

Abu Bakr Razmoziy (vaf. 987 yoki 989-y.). Uning toʻliq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar ibn Jobir ibn Qarqon ibn Vodeʼ Razmoziy Soʻgʻdiydir[2]. Aksar manbalarda Abu Bakr Razmoziy deb qayd etilgan. U oʻz davrining zodagoni va yer egasi boʻlib, tijorat bilan ham shugʻullangan. Yoqut Hamaviyning “Muʼjamul buldon” kitobida keltirilishicha Abu Bakr Razmoziy hadis boʻyicha asosiy taʼlimni Hasan ibn Sohib Shoshiy, Abu Naʼim Abdulmalik ibn Muhammad ibn Adiy Astarboziy va Zohir ibn Abdulloh ibn Xusayn Soʻgʻdiy kabi ustozlardan olgan va ulardan hadislar rivoyat qilgan.

Oʻz navbatida, Abu Bakr Razmoziydan oʻz davrining yetuk roviylari boʻlmish hofiz Abu Saʼd ibn Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy va Abu Hafs Umar ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Shohin Shohiniy Samarqandiy[3]lar hadis tinglagan va rivoyat qilgan. Jumladan, Abu Saʼd ibn Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy: “Men Abu Bakr Razmoziydan eshitgan hadislarning hammasi hasan edi”, degan.

Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” kitobida qayd etilishicha, Abu Bakr Razmoziy 377/987 yoki 379/989-yilda vafot etgan[4].

Sulaymon Razmoziy. Allomaning toʻliq ismi Sulaymon ibn Dovud ibn Muhammad Razmoziydir. U boshlangʻich taʼlimni tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Razmozda olgan. Keyinchalik Buxoro va boshqa shaharlarga borib, u yerdagi olimlardan hadis oʻrgangan va zamonasining ishonchli roviysi boʻlib yetishgan. Sulaymon Razmoziy Sarbul fayiy degan joyda qozi lavozimida ham faoliyat olib borgan.

Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand” asarida uning Jamoliddin Abu Nasr Ahmad ibn Abdurahmon Buxoriydan rivoyat qilgan quyidagi hadisi keltirilgan: Sulaymon Razmoziy: “Bizga qozi, imom Jamoliddin Abu Nasr Ahmad ibn Abdurahmon Buxoroda xabar berdi”, – dedi. U: “Bizga shayx, imom Shamsulaimma Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad Halvoniy rahmatullohi alayh xabar berdi”, – dedi. U: “Bizga imom Abu Ali Husayn ibn Nazr Nasafiy rahmatullohi alayh hadis aytdi, – dedi”. U: “Bizga Abu Yoqub Yusuf ibn Bakr ibn Abdulloh hadis aytdi”, – dedi. U: “Bizga Haysama ibn Sulaymon hadis aytdi”, – dedi. U: “Bizga Ahmad ibn Farj esa Muhammad ibn Saʼid Toifiydan, u esa Ibn Jurayjdan, u esa Aʼtodan, u esa Ibn Abbos roziyallohu anhudan, u esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytdi”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan uch toifa kishilar iblis va uning askarlaridan himoyalangandir: ertayu kech Allohni yod (zikr) etadiganlar, Allohning gʻazabidan qoʻrqib yigʻlaydiganlar va saharda istigʻfor aytadiganlar”, – dedilar.

Najmiddin rahmatullohi alayh mazkur hadisni nazmga solib bunday degan ekan:

Malʼun Iblis va uning askarlarining yomonligidan,
Uch toifa kishilar himoyalangan, bu kelgan xabarlarda.
Allohni zikr qiluvchi va yigʻlaguvchi qoʻrqib Allohdan,
Hamda Allohga duo qiluvchi saharlarda[5].

Abu Isʼhoq Razmoziy. Uning toʻliq ismi Abu Isʼhoq Ibrohim Zanun Dihqon Razmoziydir. U aksar manbalarda Abu Isʼhoq Razmoziy nomi bilan qayd etilgan. U hadis borasida Abu Salim Aʼlo ibn Maslama va Mahmud ibn Xaddosh Toliqoniylardan taʼlim olgan va ulardan hadis rivoyat qilgan.

Oʻz navbatida, Abu Isʼhoq Razmoziydan Abu Amr Muhammad ibn Isʼhoq Usfuriy va Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim Samarqandiy kabi allomalar hadis oʻrgangan va rivoyat qilgan[6].

Abu Muhammad Razmoziy. Abu Muhammad Razmoziy Soʻgʻdiy ham oʻz zamonasining hadis roviylaridan boʻlgan. U ustozi Abu Isʼhoq Kasiydan hadis oʻrganish va rivoyat qilish borasida taʼlim olgan va undan hadislar rivoyat qilgan.

Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” asarida keltirilishicha Abu Muhammad Razmoziydan Muhammad ibn Karom kabi roviylar hadis rivoyat qilgan[7].

Abu Abdulloh Razmoziy.  Abu Abdulloh Razmoziy Soʻgʻdiy Samarqandiy ham oʻz zamonasining taniqli hadis roviylaridan boʻlgan. Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” kitobida keltirilishicha Abu Abdulloh Razmoziy asosan Husayn ibn Abdulloh Rabanjaniydan hadis rivoyat qilish metod[8]larini oʻrganib, undan hadislar rivoyat qilgan.

Oʻz navbatida Yusuf ibn Maʼruf Ishtixoniy kabi roviylari Abu Abdulloh Razmoziydan hadislar rivoyat qilgan[9].

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan ilmiy xulosa olinadigan boʻlsa, Oʻrta asrlarda Razmoz qishlogʻida ham oʻziga xos hadis maktabiga asos solinib, hadislar sanadini chuqur oʻrganadigan roviylar faoliyati keng rivojlangan. Koʻrinib turibdiki, mintaqaning boshqa joylaridan koʻplab allomalar ilm oʻrganish maqsadida Razmozga kelgan. Buning natijasida Razmozdan koʻplab hadis roviylari yetishib chiqib, hadis va sanad ilmi ravnaqiga katta hissa qoʻshgan.

Albatta, bu muxtasar maqola Oʻrta asrlarda Razmozda tugʻilib oʻsgan va faoliyat olib borgan barcha allomalarning hayoti va ilmiy merosini aks ettirmaydi. Unda arab manbalarida qayd etilgan baʼzi maʼlumotlar keltirildi, xolos. Shu bois Razmoz qishlogʻi tarixi va u yerdan yetishib chiqqan allomalar hayoti va ilmiy ijodini oʻrganish boʻyicha keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib borish dolzarb masala boʻlib qolaveradi.

[1] Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 5. – Bayrut, 1979. – B. 454.
[2] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 3. – Bayrut. – Lubnon, 1998. – B. 60.
[3] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 3. – Bayrut. – Lubnon, 1998. – B. 390;
[4] Qarang: Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 6. – Bayrut. – Lubnon, 1998. – B. 122; Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 5. – Bayrut, 1979. – B. 454
[5] Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand. – Tehron, 1999. – B. 225.
[6] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 6. – Bayrut. – Lubnon, 1998. – B. 122
[7] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 6. – Bayrut. – Lubnon, 1998. – B. 122
[8] Metod soʻzi  yunoncha “metodos” soʻzidan olingan boʻlib, bilish yoki tadqiqot yoʻli, nazariya, taʼlimot degan maʼnolarni anglatadi. Yaʼni voqelikni amaliy va nazariy egallash, oʻzlashtirish, oʻrganish, bilish uchun yoʻl-yoʻriqlar, usullar majmuasi, falsafiy bilimlarni yaratish va asoslash usuli.
[9] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 6. – Bayrut, 1998. – B. 122
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …