Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F.Abduxoliqov boshchiligidagi Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaning Kembrij shahridagi qator ilmiy-madaniy muassasalarda uchrashuv va muloqotlar oʻtkazdi.
Kembrijdagi Pembruk kollejida Sharq badiiy adabiyotining noyob durdonasi hisoblangan Firdavsiyning “Shohnoma” asariga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada Buyuk Britaniya, Avstriya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Niderlandiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston, Qozogʻiston vakillari ham qatnashdi. Konferensiyada “Shohnoma” asarining dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari tahlili, Sharq badiiy adabiyotining bugungi madaniy hayotga taʼsiri muhokama qilindi.
Anjumanda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F.Abduxaliqov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan ilmiy markazlar, Xalqaro islom akademiyasi faoliyati, ushbu muassasalar tomonidan boy ilmiy maʼnaviy merosimizni oʻrganish, uni xalqimiz va dunyo ilmiy jamoatchiligiga tanishtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Konferensiya davomida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar va Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilishining ahamiyati haqida film namoyish etildi. “Oʻzbekiston madaniy merosi durdonalari jahon toʻplamlarida” albomi taqdimoti oʻtkazildi. Koʻrgazma ishtirokchilari Oʻzbekistonning qadimiy tarix va boy ilmiy-madaniy merosga ega ekanini qayd etib, Samarqand va Buxoro kabi betakror shaharlarga tashrif buyurish istagani bildirishdi. Kembrij universiteti professori Jan Mishel Massing Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab, jumladan bunday dedi: “Oʻzbekistonning boy tarixini dunyo boʻylab keng targʻib qilish juda katta ahamiyatga ega. Ushbu meros Yer yuzi boʻylab tarqalib ketgan. Ularni toʻplash, oʻrganish uchun dunyo olimlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish zarur. Tashkil etilgan koʻrgazma ham ushbu maqsadni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yuksak eʼtirof etdi. Joriy yil may oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan Temuriylar davri qoʻlyozmalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻzining dolzarbligi va ahamiyati bilan chet ellik olimlar eʼtiborini tortgani taʼkidlandi. Keyingi yillarda ham hamkorlikda bu kabi xalqaro ilmiy konferensiyalarni oʻtkazish zarurati qayd etildi.
Konferensiyaga bagʻishlab uyushtirilgan tantanali kechada Kembrij universiteti professori Firuza Melvill soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasiga yuqori baho berdi. Ushbu markaz konsepsiyasini jahon standartlari asosida mukammal hayotga tatbiq etishda bor kuch-gʻayratini sarflashga tayyorligini maʼlum qildi. Tadbirda F.Melvillga Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlangan “Devoni Husayniy” asarining noyob namunasi taqdim etildi.