Home / FOTO LAVHALAR / OKSFORDDAGI OʻZBEKISTONGA OID XAZINALAR

OKSFORDDAGI OʻZBEKISTONGA OID XAZINALAR

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtayotgan haq maʼnoda dunyo ilmiy markazlaridan sanalgan Oksford Islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurishdi.

Oksford Islomshunoslik markazi vakillari va olimlari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va boshqalar ishtirok etdi.

Yangi Oʻzbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb ilmiy tadqiqotlar haqidagi, shuningdek, bu boradagi xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishga oid taqdimotlar tinglandi.

Oʻz navbatida Oksford Islom tadqiqotlari markazi vakillari ham qator davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Islom olami tarix atlasi” loyihasini taqdim etdilar. Loyihada dunyoning har bir mintaqasining Islom sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrni, muhim kashfiyotlar, olimlar hayoti va faoliyati, shuningdek, musulmon sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi koʻrib chiqiladi. Muzokaralar chogʻida ushbu loyiha turkumida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bagʻishlangan jildni yaratish boʻyicha ikki tomonning saʼy-harakatlarini birlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda hamkorlik aloqalari huquqiy jihatdan yanada  mustahkamlandi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oksforddagi islom tadqiqotlari markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, ikki tomon oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli tadqiqot va tahlil ishlarini yanada mustahkamlashga kelishildi. Bu memorandum asosida, ikki markaz oʻrtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirish, ilm-fan va madaniy merosni oʻrganish boʻyicha hamkorlik qilishga yoʻnaltirilgan bir qator loyihalar amalga oshiriladi.

Tadbir doirasida soʻnggi yillarda chop etilgan kitob va albomlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Oksford islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qurʼoni faksimilesi, shuningdek, “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlar sovgʻa qilindi.

“Oʻzbekiston boy tarix va betakror madaniy merosga ega qadimiy mamlakat, – dedi Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy. Men Oʻzbekistonga koʻp marotaba borganman. Ammo soʻnggi yillarda mamlakatingiz tashqi dunyo bilan aloqalari tobora kengaya boshladi. Yangi Oʻzbekiston rahbari barcha xorijiy hamkorlar qatori biz olimlar, xorijiy tadqiqotchilar uchun ham eshiklar ochiq ekanini aytmoqda. Jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha olib borilgan muzokaralar kutilgan natijalarni berishiga ishonaman”.

Shundan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari dunyoning eng qadimiy kutubxonalaridan biri boʻlgan Oksforddagi Bodlean kutubxonasiga tashrif buyurishdi va u yerda Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar bilan tanishishdi.

“Oʻzbekiston buyuk allomalar, shoir va mutafakkirlar yurti, – deydi Bodlean kutubxonasi Sharq qoʻlyozmalari boʻlimi kuratori Nikolas Kontovas. Jumladan, Hazrat Alisher Navoiyning ul zot hayotligi davrida koʻchirilgan qoʻlyozmalari kutubxonamiz fondining nodir javohirlaridan sanaladi. Bunday bebaho asarlarni bemalol butun insoniyatning xazinasi deyish mumkin”.

Kutubxonada oʻzbekistonlik olimlar Oʻzbekiston madaniy merosiga oid oʻndan ortiq qoʻlyozmalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyning shaxsiy dastxati boʻlgan “Xamsa” qoʻlyozmasi katta tassurot qoldirdi. Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” asari ham oʻziga xos tarixga ega. Uni salkam uch asr ilgari oksfordlik olim Jon Geyvs sotib olgan va kitob hoshiyasida zarhal qaydlar kiritgan. Kitob sahifalarida usmonli turk tilidagi bitiklar ham uchraydi.

Oʻzbekiston ilmiy delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Londonda “Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy koʻprik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi

Mamlakatimiz elchixonasida  Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Imom …