Home / MAQOLA / ISLOMDA BAGʻRIKЕNGLIK VA TINCHLIKKA TARGʻIB

ISLOMDA BAGʻRIKЕNGLIK VA TINCHLIKKA TARGʻIB

Qurʼoni karim bizga qadimda yashab oʻtgan ummatlar va ularning holati haqida xabar bergan. Ular Alloh taolo tomonidan ato etilgan tinch-xotirjam va farovon hayotda yashagan. Soʻngra Parvardigori bergan neʼmatlarga noshukrlik qilib, turli xil azobga duchor boʻlgan. Yaʼni, boshlariga kelgan azobga oʻzlarining noshukrligi va kofirligi sabab boʻlgan.

Qurʼoni karimdagi Nuh alayhissalomdan sayyidimiz Muhammad alayhissalomgacha boʻlgan paygʻambarlar tarixini diqqat bilan oʻrganadigan boʻlsak, ular oʻz qavmini tinch-totuv yashashga daʼvat etganiga guvoh boʻlamiz. Alloh taolo oʻz kalomida:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ﴾

“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”[1], degan. Bu oyat insonlardan tinch-totuv yashashni va shaytonning izidan ergashmaslikni talab etayapti.

Yuqorida kelgan oyatdagi “سلم” soʻzi turli xil maʼnolarni anglatadi. Agar “سلم” [silm] soʻzi biror narsaga qayd qilinmasdan ishlatilsa yarashish, doʻstlashish va sulh tuzish maʼnosi nazarda tutiladi. Bu haqida Alloh taolo Qurʼoni karimda:

﴿وَإِنْ جَنَحُوا لِلسَّلْمِ فَاجْنَحْ لَهَا وَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ﴾

“Agar ular sulhga moyil boʻlsalar, Siz ham unga moyil boʻling va Allohga tavakkul qiling! Albatta, U Eshituvchi va Biluvchidir”[2], degan.

Baʼzan bu soʻz bilan boʻysunish va itoat qilish maʼnosi iroda qilinadi. Bu haqida Qurʼoni karimda:

﴿فَإِنِ اعْتَزَلُوكُمْ فَلَمْ يُقَاتِلُوكُمْ وَأَلْقَوْا إِلَيْكُمُ السَّلَمَ فَمَا جَعَلَ اللَّهُ لَكُمْ عَلَيْهِمْ سَبِيلًا﴾

“Agar sizlardan chetlanib, sizlarga qarshi jang qilmay, sulhni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ular uzra (qarshi chiqishga) yoʻl bermaydi”[3], degan oyat bor. Yaʼni, sizlarga itoat etsa, deyilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Albatta, sizlarning oldingizga asir boʻlgan odamni olib kelaman”, deyilgan. Chunki asir odam boʻysunadi va itoat qiladi.

Shuningdek, bu soʻz bilan nafsning pokligi va qalbning tozaligi ham nazarda tutiladi. Qurʼoni karimda:

﴿إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ﴾

“Faqat Alloh huzuriga sogʻlom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)”[4], deyilgan. Yaʼni, shirk va gunohlardan pok dil bilan kelgan kishilargagina foyda berur.

Hadisi sharifda “Haqiqiy musulmon – tili va qoʻlidan musulmonlar omonda boʻlgan kishidir”, deyilgan. “سلم” [silm] soʻzi ishlatilishi nuqtai nazaridan yarashish, doʻstlashish, sulh tuzish, qalbning pokligi va tozaligi, boʻysunish va itoat qilish maʼnolarini anglatadi.

“أمن” [amn] – xotirjamlik soʻzi xiyonatning ziddi boʻlgan omonatdorlik soʻzidan chiqarib olingan boʻlib, qalbi tinch va nafsi xotirjam degan maʼnoni anglatadi. U imon soʻzidan olingan, deb ham aytilgan. Bu ikki maʼno bir-biriga yaqin.

“Lisonul arab” kitobida “Bu soʻz biror narsaga qayd qilinmasdan ishlatilganda xavfning ziddi nazarda tutiladi”, deyilgan.

Imom Zamaxshariy: “Falonchi omonatdor. Yaʼni, hamma odam unga omonat qoʻyadi va ishonadi. Odamlar undan xotirjam boʻladi va yomonlik qilishidan qoʻrqmaydi”, degan. Shunga koʻra bu soʻz ikki xil maʼnoni ifodalaydi:

✔ Xotirjamlik, xavfu xatarning yoʻqligi, nafsning tinch va sokin boʻlishi.

✔ Ishonch, haqiqatni tasdiqlash, qalbning rohatini his qilish, aldov va xiyonatning yoʻqligi.

Demak, haqiqiy tinchlik – insonning tinch va xotirjam yashaydigan hayotidir. Tinchlik ham bir necha qismga boʻlinadi. Ular: ruhiy tinchlik, ijtimoiy tinchlik va siyosiy tinchlik.

Ruhiy tinchlik – insonlar fikrlari, tasavvurlari, eʼtiqodlari va turli xil madaniyatlariga koʻra oʻz shaharlari va vatanlarida tinch va xotirjam yashaydigan holatdir.

Tinchlikning bu turi musulmon ummatini hayoti davomida aqidalariga putur yetkazadigan narsalardan himoya qiladi. Bu esa tinchlikning eng muhimi va eng oliysi hisoblanadi. Chunki bu fikr va maqsadlari bir-biriga chambarchas bogʻliq boʻlgan jamiyatlarda haqiqatga aylanadi va rivojlanishi uchun turtki boʻladi. U ayni vaqtda jamiyatni har qanday fikriy va eʼtiqodiy dushmanlardan saqlaydigan qoʻrgʻondir.

Ijtimoiy tinchlik – jamiyatdagi odamlar orasida hamjihatlik, oʻzaro moslik va bir-biriga muvofiqlik holatidir. Shuningdek, bunda jamiyatda barcha tabaqalar orasidagi aloqalar barqaror boʻladi.

Siyosiy tinchlik – tinchlikning bu turi ichki va tashqi darajaga boʻlinadi.

Ichki darajasi odamlar orasidagi ijobiy holatlarda koʻrinadi. Boshqa bir tarafdan esa odamlar va tashkilotlar orasida namoyon boʻladi. Yana bir tarafdan jamiyatdagi turli xil siyosiy tashkilotlar orasida bilinadi. Bu xalqning hayotini toʻrt asosga koʻra idora etadi. Ular:

✔ Toʻgʻri boshqaruvchilar;

✔ Siyosiy hayotni rivojlantirish;

✔ Siyosiy ishlarda hamjihat boʻlish;

✔ Shariat yoki qonunlarga qatʼiy amal qilish.

Tashqi darajasi davlatning tinchligini halokatga olib boruvchi tashqi xatarlar va tahdidlardan saqlashda namoyon boʻladi.

Islomda tinchlik haqida turli maʼlumotlar kelgan. Albatta, diniy matnlarning asosiy maqsadi madaniyatni rivojlantirish va bunyodkorlikka asos solishdir. Barcha paygʻambarlarning daʼvati mana shunga asoslangan edi.

Muso alayhissalomning daʼvati jamiyatni siyosiy qullik va aqidaviy buzilishdan qutqarishga qaratilgan edi. Shuningdek, Iso alayhissalomning daʼvati ham fasod ishlarni isloh qilishni maqsad qilgan edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning daʼvatlari ham tarqalib ketgan qabilalarni birlashtirish va oʻzaro qon toʻkishdan saqlashga qaratilgan edi.

Bu ilohiy paygʻambarliklar jamiyatdagi odamlar orasida tarqalgan qoʻpollik, shafqatsizlik va dushmanchilik oʻrniga insoniy birodarlikni va tinchlikni tarqatgan. Barcha dinlar insonni jaholat zulmatlaridan qutqarish, qalbini imon nuri va xotirjamlik bilan toʻldirish uchun xizmat qiladi. Odamlarni isloh qilish va yoʻllarini toʻgʻrilash uchun dinning katta taʼsiri bor.

Muso alayhissalom Bani Isroilga olib kelgan ilohiy paygʻambarlik tinchlik uchun ulkan xizmat qilgan. Muso alayhissalom Firʼavnni toʻgʻyonga ketgan boʻlsa ham nihoyatda yumshoqlik bilan daʼvat etgan. Bu haqida Qurʼoni karimda:

﴿فَقُولَا لَهُ قَوْلًا لَيِّنًا لَعَلَّهُ يَتَذَكَّرُ أَوْ يَخْشَى﴾

“Bas, unga yumshoq soʻz aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qoʻrqsa”[5], deyilgan.

Iso alayhissalom ham fasodga uchragan va toʻgʻri yoʻldan ozgan qavmni toʻgʻrilash uchun paygʻambar qilib yuborilgan. Jamiyatda insoniy aloqalarni mustahkamlagan, oʻzaro birodarlikni va tinchlikni oʻrnatgan.

Islom dini tinchlikka va uni mustahkamlashga daʼvat qilgan. Lekin oʻsha dinga ergashgan kishilar hukmlarni toʻgʻri tushunmagani sababli boʻlinib ketgan. Oʻsha dinlarning oʻzi odamlar toʻgʻri yoʻldan burilib ketganiga guvohlik beradi. Chunki barcha dinlarning asl maqsadi jamiyatning birdamligi va tinchligi boʻlgan.

Islom tarixi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashganlarning baʼzisi toʻgʻri yoʻldan burilgani haqida xabar beradi. Xavorijlar toʻgʻri yoʻldan ozib, musulmonlarning qonini toʻkishga, shafqatsizlikka, dinda chuqur ketishga va oʻzlariga ergashmaganlarga qarshi urush qilishga daʼvat etgan. Bu ishlari bilan musulmonlarning tinchligiga rahna solgan. Vaholanki, barcha dinlarning asosiy taʼlimotlaridan biri tinchlikka chaqirish boʻlgan.

Jamiyatda tinchlikning asosiy natijalaridan biri odamlarning tasavvurlari va eʼtiqodlari turlicha boʻlishiga qaramasdan tinch-totuv yashashidir. Ular turli xil fitnalardan uzoq boʻlgan holda oʻzaro ishonch va xotirjamlikda hayot kechiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga islom ummati uchun namuna boʻladigan narsalarni qoldirib ketdilar. Chunki muhojir va ansorlarni bir-biriga birodar qilib qoʻyishga shoshildilar. Madina yahudiylariga tinch-totuv yashashlari uchun kafil boʻladigan maktub yozib berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya kuni musulmonlar bilan qurayshliklar orasidagi urush olovini oʻchirishga shoshilganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinchlikni saqlab qolish uchun qurayshliklar bilan sulh tuzganlar.

Shayx Abdulloh ibn Bayya bunday deydi: “Tinchliksiz hech qanday huquq yoʻq. Chunki tinchligini yoʻqotgan odam oʻz hayotida haqli boʻlgan barcha huquqlarini yoʻqotuvchidir. Tinchlik barcha huquqlarga tegishli boʻlgan eng avvalgi haq va eng oliy maqsaddir. Hayotim davomida tinchlikdan koʻra oliyroq biror maqsad yoʻq degan xulosaga keldim”. Bu soʻz Yer yuzida tinchlikning naqadar ahamiyatli ekanini anglatadi.

Barcha paygʻambarlarning daʼvatlari insonlarning huquqlarini tortib oladigan taʼqib va qullikka qarshi boʻlgan.

Tarixiy voqealar tinchlik va barqarorlik hukm surib turgan musulmon jamiyatlarida musulmon boʻlmaganlarning huquqlari taʼminlanganiga guvohlik beradi. Bunga juda koʻp misollar bor. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Baytul Maqdisda yashaydiganlarga omonlik bergan va ularning huquqlarini saqlashga kafil boʻlgan.

Bu haqida kelgan misollardan yana biri: “Moʻminlar amiri Abdulloh ibn Umarning Ilyo ahliga omonlik berganidir. U kishi ularning jonlari va mollariga, ibodatxonalariga, kasal va sogʻlom kishilariga, u yerda yashaydigan barchasiga omonlik bergan. Ularning ibodatxonalari buzilmagan va zarar yetkazilmagan. Mollaridan biror narsaga teginilmagan. Ular oʻz dinidan qaytishga majburlanmagan va birortasiga zarar berilmagan”.

Demak, insonning huquqlariga rioya qilishi uchun tinchlik dastlabki qadam ekanligi aniqdir. Chunki inson tinchlik va barqarorlik boʻlmagan joyda huquqlarining qiymatini ham taʼmini ham topmaydi.

Barcha dinlarda tinchlik Alloh taolo tarafidan odamlar uchun berilgan ulkan neʼmat ekanligi taʼkidlangan. Bu neʼmatning evaziga Allohga shukr qilish va noshukrlik qilmaslik talab etilgan. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga quyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:

✔ Islom dini jamiyatlarning barqarorligi va rivojlanishi uchun tinchlik asos ekanini taʼkidlagan. Balki tinchlikka boʻlgan ehtiyoj ovqat va doriga boʻlgan ehtiyojdan koʻra muhimroqdir.

✔ Tinchlikning mustahkamligi odamlar orasidagi mehr-oqibat, oʻzaro ishonch, jamiyatda adolatning borligiga bogʻliq.

✔ Jamiyatda tinchlikning mustahkamligidan asosiy maqsad inson oʻz huquqlarini saqlashga va ilohiy omonatni ado etishga imkon berishidir.

✔ Koʻpincha, diniy taʼlimotlardan uzoqlashish fikrning buzilishiga olib boradi va jamiyatda fitnalar tarqalishiga sababchi boʻladi.

✔ Islom dini tinchlikni saqlashga va uni mustahkamlashga katta eʼtibor bergan. Chunki jamiyatda tinchlikning hukm surishi insonlarning huquqlarini saqlashga xizmat qiladi.

Ushbu maqola Marokash Qirolligidagi Hasan II Universitetining adabiyot va gumanitar fanlar fakulteti professori, doktor Shafiq Lomaning “Samoviy dinlarda tinchlikning asosi” nomli maqolasi asosida tayyorlandi.
[1] Baqara surasi, 208-oyat.
[2] Anfol surasi, 61-oyat.
[3] Niso surasi, 90-oyat.
[4] Shuaro surasi, 89-oyat.
[5] Toha surasi, 44-oyat.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning  ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا …