Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi sovrindori Ashraf Ishroqiy bin Jamil Markazda hamda yurtimiz ilmiy muassasalarida olib borgan ilmiy izlanishlarining yakunlari boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.
“Oʻzbekistonda islom taʼlimi: bosib oʻtilgan yoʻl va tarixiy oʻzgarishlar” mavzusida tashkil etilgan taqdimot mamlakatimizdagi diniy taʼlimning tarixiy ildizlari hamda siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarga mos holdagi rivojlanish bosqichlariga bagʻishlandi.
Malayziyalik tadqiqotchi 20 ga yaqin ilmiy ish tahlili natijasida olgan maʼlumotlari asosida Oʻzbekistonda islomiy taʼlimning tarixiy taraqqiyoti, muammolari va unga diniy va sekulyar (diniy qarashlarga neytral munosabat) omillar taʼsirini bayon qilib, asosan diniy taʼlimning shoʻro davridagi va undan keyingi holatiga eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlanganidek, istibdod davrida bu yoʻnalishdagi cheklov va taʼqiqlar tufayli islomiy taʼlim oʻzining anʼanaviy shakllarini yoʻqotib, soha uzoq muddatli muammolar girdobida qolgan. Manbalarda aytilishicha, u davrda diniy ilmlarni oʻqitishning eski uslubi hujralar orqali yashirincha tarzda saqlanib qolgan.
Stipendiat shu oʻrinda bu taʼlimning anʼanaviy va zamonaviy shakllarini muvofiqlashtirish borasida jadidlik harakatining Maxmudxoʻja Behbudiy kabi namoyandalari islomiy taʼlimni ilmiy asosda qayta tiklash yoʻlida qilgan saʼy-harakatlarni eʼtirof etdi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin mamlakatda diniy taʼlim tiklandi. Davlat tomonidan sohaga alohida eʼtibor berilib, diniy taʼlimning qonun doirasida amalga oshirilishi taʼminlandi.
Maʼruzachi moliyaviy cheklovlarni sohaning bu davrlar uchun umumiy boʻlgan muammo deb atadi. Islomiy taʼlim muassasalaridagi moddiy qiyinchiliklar koʻp zamonlarda taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatganiga urgʻu berdi.
Tadbirda bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda diniy taʼlimni rivojlantirish va uni jamiyatning maʼnaviy-axloqiy taraqqiyotiga hissa qoʻshishga yoʻnaltirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar alohida taʼkidlandi. Hukumat tomonidan jabhaga eʼtibor kuchayib, sohani zamonaviy talablar va milliy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan islohotlar natijasida diniy taʼlim muassasalari infratuzilmasi yaxshilanayotgani, yangi madrasalar, Islom akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani tilga olindi. Bu esa yoshlarning diniy maʼrifatli, keng dunyoqarashga ega, bagʻrikeng va maʼnaviy yetuk avlod sifatida shakllanishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Markaz stipendiati Yangi Oʻzbekistonda davlatning diniy taʼlimga qaratayotgan eʼtibori mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarni saqlab qolish, yoshlarning toʻgʻri diniy tushunchalarga ega boʻlishiga katta turtki berayotganini eʼtirof etdi.
Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokamalarga boy boʻldi.
Shu bilan, Ashraf Ishroqiy bin Jamilning Markazdagi ilmiy amaliyoti nihoyasiga yetdi. Unga amaliyotni muvaffaqiyatli tamomlagani toʻgʻrisida sertifikat topshirildi.