Islom dinida yoshlarning ilm olishiga juda katta eʼtibor berilgan. Yoshlarni ilmga yoʻnaltirish islom dinining talabi, desak toʻgʻri boʻladi. Hatto ilm olish islomda ibodat darajasiga koʻtarilgan. Bu Qurʼoni karim oyatlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham oʻz ifodasini topgan:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ
“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar”.[1]
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu haqda:
» طلب العلم فريضة على كل مسلم ومسلمة»
“Ilm talabida boʻlish har bir erkagu ayol musulmonga farzdir”
إنَّ طالِبَ العِلمِ لَيَستَغفِرُ لَهُ كُلُّ شَيءٍ ؛ حَتّى حِيتانُ البَحرِ ، وهَوامُّ الأرضِ ،
“Tolibu ilm uchun har bir narsa, hatto dengizdagi baliqlar ham, yerdagi hasharotlar ham (Allohdan) magʻfirat soʻrab duo qiladi”.
Moʻmin kishi dunyosi uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni takomillashtirib borishi lozim. Shuningdek, har bir musulmon Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:
اطلبوا العلم ولو في الصين
“Xitoyda boʻlsa ham ilmni olinglar”, degan hadislariga binoan dunyo ishlariga oid ilmni qayerda boʻlsa ham olishi shart.
Ammo diniy bilimlarni egallashda moʻmin kishi juda ehtiyot boʻlishi, uni kimdan olayotganiga eʼtibor qaratishi, din-diyonati mustahkam, teran fikrli, dunyoqarashi keng ustozni tanlay olishi kerak. Bu haqda Anas ibn Molik bemor boʻlganda uning ziyoratiga kelgan yoshlarga bunday degan:
أنس بن مالك أنه دخلوا عليه في مرضه فقال: اتقوا الله يا معشر الشباب انظروا ممن تأخذون هذه الأحاديث فإنها من دينكم.
“Ey yoshlar jamoasi, Allohdan qoʻrqinglar! Hadislarni kimdan olayotganingizga qaranglar, chunki u diningizdir.”
Muhammad ibn Siriyn bunday degan:
محمد بن سيرينَ أنه قال: إنَّ هذا العِلمَ دِينٌ، فانظُروا عمَّن تأخُذون دينَكم
“Albatta bu ilm (hadis) dindur. Uni kimdan olayotganingizga qaranglar”[2]
Chunki ilmi yetarli boʻlmagan kimsalardan nazoratsiz ravishda “hujra” koʻrinishida diniy taʼlim olish ilmu tolibning fikrlash doirasi tor boʻlishiga olib keladi, taʼbir joiz boʻlsa, uni mutaassib va manqurtga aylantiradi. Bunday taʼlim jamiyatda dinda chuqur ketgan mutaassib oqimlar va turli tafriqalar paydo boʻlishiga olib keladi. Natijada, jamiyatda parokandalik, notinchlik yuzaga keladi. Shu sababli Oʻzbekistonda Qurʼoni karimni oʻrganuvchilar uchun maxsus Qurʼon oʻquv kurslari ochilgan.
Islom faqat diniy ahkomlardangina iborat emas, balki u jamiyat maʼnaviyati va maʼrifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-maʼnaviy talabini qondiruvchi dindir. Ammo mutaassib kishi bunday fikrdan yiroq boʻlib, dunyoqarashi torligi va diniy ilmsizligi sababli islomiy arkonlar ijrosi barobarida koʻplab muammoga duch keladi.
Shariat diniy mutaassiblik va dinda chuqur ketishga doimo qarshi boʻlgan. Qurʼoni karim va hadisi shariflarda dindagi bu bidʼatlar qattiq qoralangan. Chunki bu ikki illat turli zamonlarda turli nom ostida katta zarar yetkazgan va bu hol hozir ham davom etmoqda.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam din va eʼtiqodda qay darajada boʻlish zarurligini koʻrsatib:
قال النبي صلى الله عليه وسلم: خير الأمور أوسطها
“Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar[3].
Sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallam:
قال النبي صلى الله عليه وسلم: خيرُكم مَنْ لم يتركْ آخرتَهُ لدُنياهُ، ولا دُنياهُ لآخِرَتِهِ، ولم يكنْ كَلَّا على الناسِ
“Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir”[4], degan muborak hadislari bilan musulmon kishi qanday yoʻl tutishi zarurligini belgilab berganlar.
Dinda chuqur ketish va taassub jamiyat tinchligiga tahdid boʻlsa, dinda oʻrtamiyona yoʻlni tanlash esa jamiyat tinchligining eng muhim omilidir.
Darhaqiqat, tinchlik va osoyishtalik din va jamiyat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Taraqqiyotning barcha bosqichlari tinchlikka chambarchas bogʻliqdir. Shu sababli insoniyat oʻz taraqqiyotining barcha bosqichlarida, avvalo, tinchlikka intilib kelgan. Shu boisdan ham yurt tinchligi – bebaho neʼmat, ulugʻ saodat va barqaror taraqqiyot garovidir. Qolaversa, u barcha ezgu ishlarning roʻyobga chiqishida muhim omil sanaladi.
Alloh taolo Qurʼoni karimda:
كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلَا تَعْثَوْا فِي الْأَرْضِ مُفْسِدِينَ
“…Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!”[5] deb butun insoniyatni tinchlik va xotirjamlikda yashashga chaqiradi.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy neʼmatlaridan biridir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulugʻ neʼmat ekanini taʼkidlab, bunday deganlar:
يقول النبي ﷺ: نعمتان مغبون فيهما كثير من الناس
“Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”.[6] Yaʼni bu neʼmatlar borligida ularga eʼtibor bermaymiz, yoʻqligida esa qaygʻuramiz.
Inson oʻziga berilgan tinchlik neʼmatining bebaho ekanini anglashi lozim. Tinchlik ortidan jamiyat uchun keladigan neʼmatlarning sanogʻi yoʻq. Darhaqiqat, tinchlik sababli ilm-fan yuksalib, mamlakat rivojlanadi. Yoshlar kelajagi uchun ulkan imkoniyatlar vujudga keladi, ularning ertangi kuni uchun intilishi kuchayadi.
Albatta, neʼmatning bardavomligi, uning shukriga bogʻliqdir. Shukr esa neʼmatning katta-kichikligiga qarab, har xil boʻladi. Baʼzi neʼmatlarning shukri faqat tilda “Alhamdulillah – Allohga shukr” deyish bilan ado boʻladi. Ammo, ayrim neʼmatlar borki, ularning shukri til bilangina ado boʻlmaydi, balki uni qoʻlda saqlab qolish uchun muttasil harakat qilish lozim. Bunday harakat orqali berilgan neʼmatning shukri ado etiladi. Tinchlik va xotirjamlik aynan mana shunday neʼmatlar sirasiga kiradi. Zero, bu neʼmat noshukurlik sabab bir bor qoʻldan ketsa, uni qaytarib olish uchun yillar kamlik qiladi. Unga toʻlanadigan tovonni esa hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi.
Shu sababli tinch va osuda hayotimizga, sihat-salomatlikda yashayotganimizga shukr qilishimiz zarur. Hozirgi murakkab sharoitda xalqimiz, avvalo, oʻsib kelayotgan yosh avlod ongida tinchlikni asrash va uni qadrlash haqidagi tushunchani shakllantirish katta ahamiyatga egadir.