Home / YANGILIKLAR / ISLOM – TINCHLIK VA EZGULIK DINI

ISLOM – TINCHLIK VA EZGULIK DINI

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish boʻy koʻrsatadi. Mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining tumush obodligi osoyishtalik tufaylidir.

Shu nuqtayi nazardan aytish joizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 15-16-oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida oʻtkazilayotgan “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi nufuzli xalqaro konferensiya nafaqat yurtimizda balki dunyoda tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini targʻib qilishda muhimdir.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentyabrda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

Davlatimiz rahbarining ushbu ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Mazkur xalqaro konferensiyada Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar qatnashayotgani buning yorqin ifodasi.

Konferensiyada bugungi taxdikali va murakkab davrda tinchlikparvar islom dinining bagʻrikenglikka yoʻgʻrilgan taʼlimotini oʻrganish, oʻzaro tajriba almashish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash masalalari batafsil muhokama qilinadi. Shuningdek, anjuman Oʻzbekistonning bagʻrikenglik va hamjihatlikka asoslangan namunaviy siyosatini jahonga tanitish yoʻli hamdir.

Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilishi va iqtidorini namoyish etishi kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol qilinayotgan bir davrda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashamoqda. Xalqaro konferensiya islom dinining tinchlikparvar, maʼrifatga yoʻgʻrilgan gʻoyalari xususida mamlakatimiz va xorijiy olimlar, ekspertlar, ulamolarning oʻzaro fikr yuritishi uchun qulay muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda fuqarolar diniy erkinligini taʼminlash, bagʻrikenglik, islom maʼrifiy gʻoyasini targʻib etish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eʼtiborli jihati, yurtimizda yangi masjidlar, ulugʻ ajdodlarimiz nomi bilan atalayotgan majmualar qad rostlamoqda, diniy taʼlim muassasalari ochilyapti. Sohada xalqaro hamkorlik tobora rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolar diyorimizga tez-tez tashrif buyurmoqda, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Bularning barchasi yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch va oʻzgacha gʻurur bagʻishlaydi.

Islom dini ayrim yovuz maqsadli kimsalar zoʻr berib aytayotganidek, jaholat tarqatadigan din emas, aksincha, oʻz mohiyatiga koʻra, haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik va bagʻrikenglik dini. Chin maʼnoda uning dunyoda yoyilishi insoniyatga adolat, xavfsizlik va osoyishtalikni inʼom qilib, uni jaholat, adolatsizlik, tartibsizlik va urushlar zulmatidan saqlaydi

Islom dini tinchlikni targʻib qilishi haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koʻplab xalqaro minbarlarda oʻz fikr va tashabbuslarini bildirgan. Ulardan kelib chiqib, BMT 2017-yil 21-dekabr kuni “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Mazkur hujjatda terrorizm, zoʻravonlik, ekstremizm hech din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emasligi va u bilan bogʻliq holda talqin qilinmasligi lozimligi belgilab qoʻyildi.

Islom insoniyat baxtli boʻlishiga xizmat qiladi. Bu oliy maqsadni amalga oshirish uchun targʻibot, tushuntirish, dalilni asoslash yoʻllariga tayanadi. Dinimizda majburlash va boʻysundirish yoʻq. Islom dini insoniyatni tinchlikka, omonlikka, bagʻrikenglikka, doʻstlik va hamjihatlikka, bunyodkorlikka, ilm-maʼrifatga daʼvat etadi. Shuning uchun ham yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar oʻz asarlarida insoniyatni ezgulikka, yaxshi amallarga chorlovchi misralarni bayon etgan va bunga umri davomida amal qilib yashagan.

Islom soʻzining maʼnolaridan biri ham tinchlikdir. Muqaddas dinimizda xotirjamlik inson qalbidan boshlanishi taʼkidlanadi. Qalbdagi osoyishtalik oilaga koʻchadi. Islom oila tinchligi uchun zarur boʻlgan barcha chorani ishga soladi. Oiladagi tinchlik qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar orasiga, soʻngra jamiyatga koʻchadi. Davlat miqyosidagi tinch yashashga esa jamiyat tinch boʻlgandagina erishiladi.

Muqaddas dinimiz nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat va hatto barcha mavjudotni rahm-shafqatli va mehribon boʻlishga chaqiradi. Odamlarni ezgulikka chaqirishda faqat tinchlik va farovonlik muhiti boʻlgandagina muvaffaqiyatga erishiladi. Zero, tinchlik islom maqsadlari va manfaatlarining eng yuqori pogʻonasida turadi.

Insoniyatning tinchlikka ehtiyoji suv va havoga boʻlgan muhtojligi kabidir. Shuning uchun Qurʼoni karimda tinchlikning hayotiy zarurligi haqida bir necha oyatlar kelgan.

Tinchlik Aploh taoloning bandalariga neʼmati va marhamatidir. Keyingi yillarda ham davlatimiz rahbari tomonidan bu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda, asosan, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilishga urgʻu berildi.

Bugungi vaziyat har birimizdan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashishni, ularning bilimi va savodxonligini tinmay oshirib borishni, shu yoʻl bilan jaholatga maʼrifatni qarshi qoʻyib, ular qalbini chetdan boʻlayotgan barcha xurujdan qaʼiy himoya qilishni talab etadi. Bu borada hamma birdek harakatda boʻlishi, ogoh turishi, yurtimiz tinchligi, barqarorligi uchun oʻzaro hamkorlik qilishi darkor.

Loqaydlik, beparvolikka berilgan yoki oʻzim omon qolsam boʻldi, kabi notoʻgʻri fikrda yurgan kimsalar buning oqibati nimaga olib kelishi toʻgʻrisidagi quyidagi hadisi sharifni oʻrganishi kifoya:

“Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhudan, u kishi Paygʻambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar: “Allohnint haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qurʼa orqali joy olgan kishilarga oʻxshaydi. Ularning baʼzisi kemaning yuqorisidan, baʼzisi pastidan joy oldilar. Pastdagipar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagiparning oldidan oʻtar edilar. Ular: “Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun oʻz ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq boʻlarkan”, dedilar. Agar ularni istakpari ila qoʻyib qoʻysalar, hammalari halok bulurlar. Agar ularning qoʻllaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar” (Imom Buxoriy rivoyat qipgan).

Jamiyatda bir illatning oldini olgan, uni koʻrganda qarshi kurashgan birgina inson, butun bir millatni qutqargan boʻladi.

Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yoʻqotgan mamlakat va u yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, taʼbir joiz boʻlsa, nurafshon nurni yoʻqotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga oʻxshaydi. Bu voqeliklarni koʻrib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, oʻzlari uchun inʼom qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab-avaylashlari lozim. Shuning uchun ham biz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli gʻarazli xuruj va hamlalardan, fitna hamda boʻhtonlardan himoya qilishimiz, manfur kimsalarning makr va puch gʻoyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor etib, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib qilishni dolzarb vazifa sifatida bilishimiz lozim.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi masul xodimi
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2024-yil 15-oktyabr, 210-son

Check Also

Londonda “Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy koʻprik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi

Mamlakatimiz elchixonasida  Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Imom …