Paygʻambarlarga imon keltirish imonning asoslaridan biridir. Aqida kitoblarida har bir musulmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam – Alloh taoloning bandasi, barcha anbiyo va rasullarning sayyidi va oxirgisi, degan eʼtiqodda boʻlishi lozimligi bayon qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilatlaridan biri u zotga salavot aytishdir. Bu bilan banda oʻz Xoliqiga va Uning Elchisiga yana ham yaqin boʻladi.
Qurʼoni karimning Ahzob surasida bunday marhamat qilingan:
﴿إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّۚ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا﴾
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Paygʻambarga salavot ayturlar. Ey imon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yoʻllang”.
Hatto Yaratganning Oʻzi ham Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot aytar ekan. Buning maʼnosi shuki, Alloh taolo salavot bilan u zotga oʻz rahmatini yuboradi, ulugʻlaydi, maqomini koʻrsatadi va farishtalar huzurida shaʼniga maqtovlar aytadi. Oyati karimaning davomida oʻzini moʻmin-musulmon sanagan har bir insonga Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish va salom yoʻllash amr qilinmoqda. Shunga asosan Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish va salom yoʻllash musulmonlar uchun farz hisoblanadi. Bu xususda ulamolar: “Umr davomida jilla qursa bir marta, yaxshisi har bir majlisda yo u zot sollallohu alayhi vasallamning ismlari zikr qilinganda bir marta salavot aytish kerak”, degan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishning fazilati borasida koʻplab hadislar kelgan.
أَنَسُ بْنُ مَالِكٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلاَةً وَاحِدَةً صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ عَشْرَ صَلَوَاتٍ وَحُطَّتْ عَنْهُ عَشْرُ خَطِيئَاتٍ وَرُفِعَتْ لَهُ عَشْرُ دَرَجَاتٍ».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir salavot aytsa, Alloh taolo unga oʻnta salavot aytadi, oʻnta xatosini kechiradi va darajasini oʻntaga koʻtaradi”, dedilar”.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir martagina salavot aytsak, Alloh taolo bizga oʻn marta salavot aytar, oʻnta xatoimizni kechirar va darajamizni oʻn barobar oshirar ekan, inshoalloh.
Juma kuni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishning fazilati naqadar yuksak ekani koʻplab hadislarda qayd etilgan.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهَا اَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «مَنْ صَلَّى عَلَيَّ يَوْمَ الجُمْعَةِ كَانَتْ شَفَاعَةٌ لَهُ عِنْدِي يَوْمَ القِيَامَةِ».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga juma kuni salavot aytsa, unga qiyomat kuni shafoatim nasib qiladi”, dedilar”.
عَنْ اَبِى ذَرٍّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: » مَنْ صَلَّى عَلَيَّ يَوْمَ الجُمْعَةِ مِائَتِي صَلاَةً غُفِرَ لَهُ ذَنْب مِائَتِي عَامٍ».
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga juma kuni yuz marta salavot aytsa, uning yuz yillik gunohi kechiriladi”, dedilar”.
عَنْ أَوْسِ بْنِ أَوْسٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “إِنَّ مِنْ أَفْضَلِ أَيَّامِكُمْ يَوْمَ الْجُمُعَةِ فِيهِ خُلِقَ آدَمُ عَلَيْهِ السَّلاَم، وَفِيهِ قُبِضَ، وَفِيهِ النَّفْخَةُ، وَفِيهِ الصَّعْقَةُ فَأَكْثِرُوا عَلَيَّ مِنْ الصَّلاَةِ، فَإِنَّ صَلاَتَكُمْ مَعْرُوضَةٌ عَلَيَّ”، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللَّهِ وَكَيْفَ تُعْرَضُ صَلاَتُنَا عَلَيْكَ وَقَدْ أَرَمْتَ؟ أَيْ يَقُولُونَ قَدْ بَلِيتَ، قَالَ: «إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ قَدْ حَرَّمَ عَلَى الأَرْضِ أَنْ تَأْكُلَ أَجْسَادَ الأَنْبِيَاءِ عَلَيْهِمْ السَّلاَم».
Avs ibn Avsdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kunlaringizning afzali jumadir. U kunda Odam alayhissalom yaralgan, shu kunda joni olindi, u kunda qiyomatning qoim boʻlishiga sur chalinadi va shu kunda qayta tirilish uchun sur chalinadi. Menga salavot aytishni koʻpaytiringlar. Albatta, salavotlaringiz menga koʻrsatib turiladi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, salavotlarimiz sizga qanday koʻrsatiladi, jismu tanangiz yoʻq boʻlib ketgan boʻladi-ku!” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh azza va jalla Yerga paygʻambarlar alayhimussalomning jasadlarini “yemoq”ni harom qildi”, dedilar” .
Musulmonlar mazkur oyat va hadislarga amal qilgan holda, doim Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom aytishni lozim tutgan. Chunki bu ummat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashgani tufayli jaholatdan maʼrifatga, zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga chiqishga musharraf boʻlgan.
Har yili rabiʼul avval oyi kelishi bilan islom olamida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar aytishga alohida eʼtibor berilib, keng miqyosda mavlud (tavallud) marosimlari oʻtkaziladi. Bu tadbirlarda salavot Paygʻambar alayhissalom ulugʻlanadi, musulmonlarning u zotga muhabbati ziyoda boʻladi. Zotan, imon Alloh va Rasuliga muhabbatsiz mukammal boʻlmaydi. Yaratganning Elchisiga haqiqiy muhabbat esa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni har narsadan ustun qoʻyishdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday marhamat qilingan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «فَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qoʻlida boʻlgan Zot (Alloh)ga qasamki, meni ota-onangizdan ham, farzandingizdan ham koʻproq yaxshi koʻrmas ekansiz, birortangiz chin moʻmin boʻla olmaysiz”, dedilar”.
Yana bu marosimda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, xulqlari va sunnatlari zikr etiladi. Oʻtganlar haqqiga Qurʼon oyatlari tilovat qilinadi. Qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga erishish umidida duolar qilinadi. Nabiy alayhissalomga salavot aytilgan lahzada qilingan duolar shak-shubhasiz ijobat boʻladi.
Nafaqat bunday marosimlarda, balki imkon boʻlgan har vaqtda Alloh taolodan bu dunyoda u zotning xulqlari bilan xulqlantirishini, sunnatlariga ergashtirishini, oxiratda shafoatlariga muyassar qilishini soʻrashning ajru mukofoti, albatta, goʻzal oqibati boʻladi, inshoalloh.