Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning muzdek suvi tanani yayratadi. Daraxt yo soy buning uchun hech narsa talab qilmaydi. Begʻaraz yordamchilar safiga toza havoni ham qoʻshish mumkin. U ham insondan haq soʻramaydi. Insonning ota-onasi bunday koʻmakdosh va yelkadoshlarning eng ulugʻlaridir. Ular farzanddan hech qanday mukofot kutmagan holda doim bor kuch-gʻayrati bilan unga yaxshilik qilishga harakat qiladi.
Begʻaraz yordamchilarning va sodiq oshnolarning yana biri esa, kitobdir. Inson mutolaa bilan oʻzini ham, dunyoni ham bezaydi. Albatta, dunyo sir-sinoatlarining tagiga yetishning, hamma narsani bilishning imkoni yoʻq. Lekin mutolaadan keyingi inson – orttirgan oz boʻlsa-da maʼrifati bilan – mutolaadan oldingi xuddi oʻsha insondan bir pogʻona ustun boʻlishi haq gap. Yana shu ham haqiqatki, oʻqilgan kitobdan olingan maʼlumot, bilim, axborot, qahramonlarning tajribasi, turli vaziyatlarda qanday yoʻl tutgani kabi hayotiy voqealar kelajakda birda boʻlmasa birda asqotib qoladi. Misol uchun, 1997-yilda suratga olingan “Halokat yoqasida” (“The Edge”) filmining qahramoni – sherigi bilan kimsasiz oʻrmonda qolib ketgan milliarder Charlz Morstak aynan koʻp kitob oʻqigani uchun turli xavf-xatarlarni yengib oʻtib, omon qoladi. Bu asar real voqealarga asoslangan.
Bashariyatni hamma zamonlarda turli toifalarga boʻlib tasniflashgan. Kitobxonlik borasida shunday qiladigan boʻlsak, insonlarni mutolaani yaxshi koʻradiganlar va kitobga vaqt ajratadiganlarni tushunmaydiganlarga ajratish mumkin. Ikkinchi toifaning nazarida koʻngilxushlik uchun tevarak-atrofda shuncha qiziqarli narsalar turganda, kitob oʻqish bilan shugʻullanish vaqtni behuda sarflash boʻlib, ular bu hodisada mantiq qoʻrmaydi.
Albatta, bu katta xato. Mutolaadan voz kechganlar uning zavqidan bebahra qolishi bilan birga, koʻplab foydalardan ham mahrum boʻlishidan bexabardir. Chunki ilm-fan kitobxonlikning koʻp tomonlama manfaatli ekanini, ayniqsa, inson miyasining hissiy va aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishdagi oʻrni beqiyosligini allaqachon isbotlab boʻlgan.
Baʼzi kitoblar hayotning turli jabhalaridagi boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qiladigan axborot va maʼlumot “gʻishtlari” boʻlsa, ayrimlari “koʻngil uchun vitamin” vazifasini oʻtaydi – turli his-tuygʻularni jilovlash, ruhiy taskin topish imkonini beradi. Shu tariqa kitobga oshno boʻlgan inson dunyoni yaxshiroq taniydi, uning uchun borliq qiziqarliroq va tushunarliroq boʻladi.
Qurʼoni karimning birinchi boʻlib nozil qilingan kalimasi Alaq surasining 1-oyatidagi boshidagi “Oʻqing!”[1] (اقْرَأْ) soʻzi edi. Mutolaaning ahamiyati toʻgʻrisida shuning oʻzidan kerakli xulosa chiqarib olish mumkin.
Klassik adabiyotga murojaat qilamiz. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida ukalari bilan bolalarcha oʻyin oʻynaydigan, oddiy, sodda qiz boʻlgan Raʼno xon saroyida sarmunshiylikka nomzodi qoʻyilgan Anvar bilan mushoirada gʻolib boʻladi. Ustiga ustak, boʻlajak mirzoning xato haqidagi dashnomiga munosib javob berib, gʻalabasini yana bir karra tasdiqlaydi. Eʼtibor bering-a:
– Yengding, Raʼno, yengding, – dedi Anvar, – lekin keyingi misraʼda bir xato qilding…
– Masalan?
– Tibning aytishicha, safro emas, qon kuysa, kishi jinni boʻladir…
– Qonning buzulishigʻa avvalo safroning kuyishi kerak, safro kuymay turib qon buzulmaydir… Xoʻsh, yana yozasizmi yoki yengildingizmi?
– Yengildim…[2]
Agar Raʼno oʻsha davr qizlari kabi oʻz qobigʻiga oʻralib, faqat uy-roʻzgʻor ishlari, xamir qorish, non yopish, ovqat qilish, supurib sidirish, kir yuvish, bichish-tikish kabilar bilan cheklanib qolganida, yengish tugul, bahsning oʻziga ham yaramas edi. U oʻqimishli boʻlgani uchungina gʻolib chiqadi.
Abdulla Qodiriy qahramonlarning kitobxonligi toʻgʻrisida gapirmay turib, ularning ilmu maʼrifatini koʻrsatib beradi. Shu asarda Raʼnoning maʼrifatini ochib beradigan yana bir sahna bor. “Xayrul umuri avsatuho” (“Har bir ishning oʻrtachasi yaxshi”) hadisini koʻp takrorlaydigan Solih maxdum osh yeyishga kelganda, sal ochkoʻzlik qiladi, yaʼni “avsat”dan oʻtib ketib, “aʼlo”da ish koʻradi – “bir oshamni ham goʻshtsiz yubormasliqqa tirishib” boradi. “Ogʻzing kuymasa, aʼlosi ham durust”, deydi va Raʼnoni chipxoʻrligi uchun koyiydi. Shunda qizi “Meniki adno[3] (eng quyi)”, deydi.
Raʼnoning aʼlo, oʻrtacha va quyini – “aʼlo”, “avsat” va “adno”ni bilishi va otasi koʻp aytadigan hadisiga mos tarzda javob berishi uning maʼrifatidan dalolat beradi, albatta. Bu maʼrifatning zamirida esa, shubhasiz, kitob mutolaasi yotadi.
Bevosita ayollar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish mavzuiga oʻtishdan avval, mutolaa toʻgʻrisidagi inkor etib boʻlmaydigan ayrim dalillarni keltirsak.
Avvalo, muntazam ravishda kitob oʻqiydigan kishi muqarrar tarzda doim yangi narsalarni oʻrganib borishini taʼkidlash kerak. Buning ustiga, tanadagi mushaklar harakat talab qilinganidek, miya ham mashqqa muhtojdir. Harakatsiz mushak atrofiyaga uchraydi, oyoq-qoʻllar uvishib qoladi. Miya ham mashqlarsiz “erinchoq” boʻlib qoladi, oʻz vazifasini imkoniyat darajasida bajarmay qoʻyadi. Buning oldini olish uchun topishmoqlar topish, boshqotirmalar yechish, shaxmatga oʻxshagan aqliy oʻyinlar oʻynash va kitob oʻqib turish kerak. Qandaydir qimmatli narsa yoʻqolishi, sarflanishi, eskirishi, yaroqsiz holga kelishi mumkin, kitobdan olingan bilim esa yoʻqolmaydi, uni hech kim tortib ham ololmaydi. U qachon asqotishi nomaʼlum boʻlsa-da, oʻz egasini hayotning turli sinovlariga tayyorlab boradi.
Kitob mutolaasi soʻz boyligini oshiradi, nutqni ravon qiladi. Bu kishining oʻziga ishonchini mustahkamlaydi. Oʻzgalar oldida aqliy salohiyatini namoyon qiladi va shu tariqa qadr-qimmatini oshiradi. Buyuk fransuz adibi va maʼrifatchi faylasufi Fransua-Mari Volter bejiz “Yaxshi yozadigan mualliflarining asarlarini oʻqib, yaxshi gapirishni odat qilasiz”[4], demagan.
2013-yili Emori universitetida oʻtkazilgan tadqiqotda ikki toifa odamlar miyasining faoliyati taqqoslandi. Ularning yarmi tajribadan avval kitob oʻqidi, qolgani oʻqimadi. Miyalar skanerdan oʻtkazilganda, kitob mutolaa qilganlar oʻzgalar uchun qaygʻurib, rahm-shafqatliroq boʻlgani, oʻqimaganlar esa, bu borada umuman bezovtalik sezmagani aniqlandi. Bu shundan darak beradiki, badiiy kitoblar mutolaasi odamlarni yaxshi tushunishga yordam berarkan. Bu oilaviy hayotda ham, ish-oʻqishda ham juda asqotadi.
Oilaviy hayot haqida gap ochilgan ekan, kitob oʻqish “yuqumli” ekanini ham aytib oʻtish kerak. Ota-onasi kitobxon boʻlgan, uyqudan oldin ertaklar oʻqib beradigan farzand oʻz-oʻzidan mutolaaga mehr qoʻyadi. Chunki, “qush uyasida koʻrganini qiladi”.
Mushaklar mashq bilan pishiganidek, kitob oʻqigan kishining miyasi charxlanib boradi. U aqlliroq boʻlish bilan birga, ong-tafakkuri yuqoriroq, miyasi tiniqroq ham boʻladi. AQSHda oʻtkazilgan nevrologik tadqiqot natijasida muntazam kitob oʻqidiganlarning aqliy qobiliyati rivojlangan, xotirasi mustahkam boʻlishi aniqlangan. Atigi 6 daqiqalik mutolaa stress (siqilish)ni 68 foiz kamaytirishi ham shu tadqiqotchilar tomonidan ilmiy tasdiqlangan. Chunki, har qanday yaxshi kitob kishini ijobiy maʼnoda oʻz domiga tortib, hamma narsani unuttiradi, xotirjam qiladi.
Xotira haqida soʻz yuritilar ekan, bu masalaga alohida toʻxtalish kerak. Kitob mutolaasi jarayonida inson koʻplab qahramonlarga duch keladi. Ularning feʼl-atvori, orzu-niyatlari, kechinmalari, qoʻyingki, butun ichki va tashqi dunyosi bilan tanishadi, boshidan oʻtgan voqealarga guvoh boʻladi. Hissiyotlariga hamnafas boʻlib, birga xursand boʻladi va birga iztirob chekadi. Bularning barchasi miyada jamlanib boradi va sinapslar (neyronlar oʻrtasidagi aloqa nuqtalari)ni mustahkamlash orqali uning faolligini oshiradi. Bu esa, xotiraga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Xotirasi yaxshi boʻlgan odamning diqqati ham joyida boʻladi. Chunki, mutolaa jarayonida inson butun vujudi bilan kitobdagi voqealar ichiga shoʻngʻib ketib, qaysidir maʼnoda hayotdan uziladi. Negaki, butun diqqat-eʼtibori kitobdagi voqea-hodisalarga qaratiladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ishxonada oʻz vazifasini bajarishga kirishishdan avval 15-20 daqiqa kitob oʻqigan odam diqqati jamlanganini birinchi kuniyoq aniq his qilar ekan. Shu bois boʻlsa kerak, ulugʻ rus adibi va mutafakkiri Lev Tolstoy “Hamma narsani oʻqish shart emas, koʻngilda paydo boʻladigan savollarga javob beradiganini mutolaa qilish kifoya”[5], degan. Yaʼni, koʻngli xotirjam kishining diqqati ham jam boʻladi.
Shu sababli tibbiyot sohasi mutaxassislari mutolaa hozir ommalashib borayotgan Alsgeymer kasalligining oldini olishda ham muhim profilaktik omil boʻlishini aytmoqda[6]. Doimo yangi maʼlumot olib turgan, yaʼni muntazam mashq qilib boradigan tiniq miya juda faol ishlaydi va unda xastalanishga moyillik boʻlmaydi. Bunday odamlarning turmushi sifat jihatidan yuqori, oʻzini his qilishi nisbatan yaxshi boʻladi. Kitobga oshno boʻlgan kishi hayotidan mamnun boʻlib yashaydi, dunyoga hushyor koʻz bilan qaraydi, sinovlarga duch kelganda, oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi, yangiliklarga intiladi, gʻoya ijodkorligida peshqadam boʻladi.
Ijodkorligi, tashabbuskorligi yuqori boʻlgan insonning tahlil qilish qobiliyati ham oʻsib boradi. Chunki, bora-bora kitobdagi voqealar qanday rivojlanishini – davomini hali oʻqimay turib – tahlil qilish odati shakllanadi. Koʻp takrorlanadigan odat xulqqa aylanishini barchamiz yaxshi bilamiz. Demak, kitobxonning qobiliyatlari tahlilchilik sifati bilan boyiydi.
Kitobxonlikning xotin-qizlar hayotiga taʼsiri, ularning ijtimoiy faolligini oshirishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, “Mehrobdan chayon” romanidan misol keltirilgan ikki epizodning oʻzi buning nechogʻli muhim ekanini yaqqol namoyon etib turibdi.
Albatta, jamiyatda xotin-qizlarning faolligini yuksaltirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan. Xususan, 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturda taʼkidlanganidek[7], soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, 32 foizni tashkil etdi. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foizga, tadbirkorlik sohasida 25 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 46 foizga yetdi.
Bundan tashqari, har yili 28 nafar iqtidorli qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanyapti. Bu mukofot laureatlarini oliy taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichlariga kirish imtihonlarisiz, davlat granti asosida qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, hozirgacha 855 nafar faol ayol ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Xoʻsh, qizlarimiz va ayollarimizning parlamentariy boʻlishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirok etishi, davlatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishi negizida nima yotadi? Albatta, shaxsiy saʼy-harakat va intilish. Bu intilish nimadan kelib chiqadi? Uy ishlari bilan oʻralashib qolib, ora-sira “sariq matbuot” oʻqiydigan, asosan esa, faqat seriallar bilan ovunadigan xotin-qizlar shunday darajaga yetishishi mumkinmi? Tabiiyki, yoʻq. Bularning negizi maʼrifatdir. Maʼrifat esa, mutolaa bilan chambarchas bogʻliq.
Oilaviy hayot madaniyati, turmush madaniyati, tibbiy madaniyat, huquqiy madaniyat, milliy qadriyatlarni eʼzozlash fazilati ham maʼrifat bilan mustahkamlanadi. Ayol shu xislatlarga ega boʻlsa, nafaqat farzandlarini jismonan, aqlan va ruhan sogʻlom qilib voyaga yetkazadi, balki oʻzi ham jamiyat hayotida faol ishtirok etishga intiladi. Negaki, oʻqimishli ayol farzandlar kelajagiga, yurt taqdiriga befarq boʻlmaydi.
Oʻzbekistonda yaratilgan iqtidorli yosh xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi, “Yetakchi ayollar muloqoti” platformasi oʻz qobigʻiga oʻralib qolganlar emas, birinchi navbatda, maʼrifat yoʻlini tanlaganlar uchun foydalidir. Bundan koʻzlangan boshqa maqsad ham bor – toki, boshqalar ularni koʻrib, oʻrnak-ibrat olsin, tenglashishga harakat qilsin.
Davlat tomonidan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va mavqeini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar uy bekalarining faoliyat qamrovini kengaytirishga qaratilgan. Lekin bu imkoniyatlardan foydalana bilish uchun baribir yana oʻsha maʼrifat va uning asosi boʻlgan mutolaa kerak boʻladi. Farmonu qarorlar, boshqa huquqiy-meʼyoriy hujjatlar bilan tanishish uchun ularni shaxsan oʻqib chiqish kerak. Mahalla-koʻydagi mish-mishlar bilan cheklanish oʻzini oʻzi cheklash bilan barobardir.
Shu sababli hozir yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning rolini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayollarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishini ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Zero, bugungi hayotning biror jabhasi yoʻqki, AKT kirib bormagan boʻlsin. Shu maqsadda “Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etuvchi xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish moʻljallanmoqda.
Albatta, xotin-qizlar oʻz iqtidor va qobiliyatini toʻliq namoyon etishi uchun baʼzan “eskilik qoldiqlari” toʻsqinlik qiladigan holatlar hali ham uchrab turibdi. Deylik, taʼlim sohasida qizlar va oʻgʻil bolalarga boshqa-boshqa yondashuv butunlay barham topmagan. Ayrimlar oʻgʻlini oʻqitishga qattiq bel bogʻlagani holda, “baribir birovning xasmi, oʻqib nima ham boʻlardi” degan xato oʻyda qizini oʻqitishga u qadar qattiq tirishmaydi. Aslida qiz bola qanchalar maʼrifatli boʻlsa, kelajakda ona boʻlganidan keyin farzandlari ham shunchalar aqlli boʻlib voyaga yetadi. Bu esa, jamiyat, mamlakat taqdiriga bevosita taʼsir qiladigan eng kuchli omillardan biridir. Lekin, taʼkidlanganidek, buni bilish, idrok etish va shu haqiqatga iqror boʻlish uchun yana oʻsha xulosadagi gapga kelamiz – koʻproq kitob oʻqish kerak. Ota-ona qizini, qaynota-qaynona kelinini maʼrifatli qilish uchun qaygʻurishi zarur.
Hozir AKT rivojlanishi bilan maʼrifatga yetishish ancha oson va qulay boʻlib qoldi. Toʻgʻri-da, masofadan turib ishlash imkoniyatlari yaratilar ekan, nima uchun uyda oʻtirgan holda, kutubxonaga “kirish” mumkin boʻlmasin! Bugun kutubxonalar, axborot-resurs markazlari, jahon kitob fondlarining katta qismi raqamlashtirilgan, ularga uyda oʻtirib ham aʼzo boʻlish, kerakli kitoblarni topib oʻqish hech qanaqa qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Shu maʼnoda, “Bir million dasturchi” loyihasida qizlarning faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlardan ham ikki asosiy maqsad koʻzlangan. Birinchisi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qobiliyatli qizlarni kashf etish va salohiyatini yuzaga chiqarish boʻlsa, ikkinchisi xuddi shu qizlardan oʻrnak-ibrat manbalarini yaratishdir – toki, tengdoshlari havas qilib, ularga oʻxshashga, tenglashishga intilsin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hayotdagi yutuqlar, farovonlik, xotirjamlik kabi neʼmatlarga asosan maʼrifat bilan erishiladi. Maʼrifatlilikning bosh omili esa, taʼkidlanganidek, kitobga oshno boʻlishdir. Mutolaani odat qilgan, kitobga mehr qoʻygan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Ayollar maʼrifatli boʻlganda esa, buning davlat va jamiyatga taʼsiri faqat yaqin kelajakka emas, koʻp asrlar nariga ham yetib boradi. Yodingizda boʻlsa, Hadis ilmining sultoni maqomiga erishgan Imom Buxoriyni vaqtida onasi maʼrifatga yoʻllagan. Bu allomaning “Sahihul Buxoriy” asarini musulmon dunyosi hali-hanuz Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba hisoblaydi.
Shu yorqin misolning oʻzi xotin-qizlarda va umuman hammada kitobxonlikka ishtiyoqni kuchaytirmogʻi, ruhlantirmogʻi, ilhomlantirmogʻi aniq. Lekin buning uchun ham yuqoridagi satrlarni oʻqish kerak!
© – mualliflik huquqi asosida, maqola koʻchirilganda yoki undan iqtibos olinganda, manba va mualliflar koʻrsatilishi shart!