Home / MAQOLALAR / MAMLAKAT MAORIFSIZ XUDDI MOʻRT GʻISHTDAN QURILGAN UYDEK BOʻLIB QOLADI

MAMLAKAT MAORIFSIZ XUDDI MOʻRT GʻISHTDAN QURILGAN UYDEK BOʻLIB QOLADI

Har yili 1-oktabr arafasida uztoz-murabbiylarni tabriklaymiz, qoʻliga topshiradigan yosh avlod taʼlim-tarbiyasidagi gʻoyat muhim oʻrni haqida koʻp alqovlarni aytamiz.

Bu yaxshi.

Lekin bir-ikki kun oʻtganidan keyin oʻqituvchilarni yana choʻqqidan yerga tushirib qoʻyamiz. “Ha, nima, vazifasi shu boʻlgandan keyin qilsin-da”, “Aslida hamma ayb oʻqituvchilarda”, “Onasi (otasi) oʻqituvchi ekanmi, shuni oldinroq aytmaysizmi, yoʻq, boʻlmaydi” kabi oʻrganib qolgan jumlalarimiz jonlana boshlaydi. Yana direktorlarning gʻiybatini qilishga kirishamiz. Davlat oyligini oshirib qoʻysa ham maktablarda pul yigʻish va hokazo “nayranglar” toʻxtamayotganidan noliymiz.

Inson boshiga tushmaguncha hech bir voqea-hodisaning lazzatu iztirobini bilmaydi. Hamma narsani boshqalarga oson tutaveramiz. Vaholanki, farzandimizga bitta gapni uqtirguncha qancha esimiz ketishini oʻylab ham koʻrmaymiz, lekin 30-40 bola bilan ishlaydigan oʻqituvchi ustiga bemalol magʻzava toʻkamiz.

Mana, bir vaziyatni olaylik. “Kitob oʻqi” degan gap hammaga ham yoqavermaydi. Bunday gaplarni “pardalab” aytish kerak. Buni ota-ona ham eplashi mumkin. Lekin har doim ham emas va faqat oila doirasida, xolos. Umumiy kitobxonlik madaniyatini esa faqat oʻqituvchi rivojlantira oladi. U bolaning miyasiga pedagogik usullar bilan taʼlim va unga ishtiyoqni shunday singdiradiki, tarbiyalanuvchi oʻzi bilmagan holda muallimga ergashadi. Bu borada Oybek domlaning xotiralarida mahallaning chirogʻi haqida yozilgan gap yaxshi oʻgit boʻladi. Bolalar chiroqni sindiraveradi, “bunday qilma”, degan gapni tushunmaydi. Kunlardan bir kun ulugʻ yoshli bir odam qorongʻu tushganda chiroq ostiga yigʻilgan bolalarning oldiga keladi-da, “Falon odam qish chillasi tunda uyiga qaytayotib, eshagining oyogʻi toyib, mana bu ariqqa tushib, vafot etgan edi. Agar chiroq butun boʻlib turganida, shunday boʻlmas edi”, deydi. Oʻshandan keyin mahallaning chirogʻi sira ham sindirilmagan ekan.

“Baland soʻzlar” ishlatilganda, koʻpchilik burnini jiyiradi. Shunday esa-da, oʻqituvchilik eng sharafli kasb ekanini faqat soʻzda emas, qalbda ham tan olib, mashaqqati haqida fikr yuritib turaylik endi!

Faqat bayramoldi kunlari emas, har kuni, deylik, maktabdan qaytgan farzandni koʻrgan lahzalarda!

Axir, insoniyatni bugungi taraqqiyot darajasiga taʼlim, ilm, muallim yetkazdi-ku. Bu taʼkid zamirida juda katta mehnat borligini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz.

Taʼlim olayotgan inson tanovuldan qorni toʻygan odamdan farqli boʻladi. Ilm “yeyilmaydi”, ilm mashaqqat bilan oʻrganiladi va uqiladi. Bizga hech kim kitob oʻqib bermaydi, oʻqib bergan taqdirda ham uqtirib bermaydi. Faqat oʻqituvchi jon kuydiradi.

Muallimning ishi dunyodagi eng ogʻir (eng sharafli boʻlsa ham) kasb ekanini hamma biladi. Hayotning oqu qorasini idrok eta olmaydigan bolaga ilm oʻrgatish, oʻzi uchun mutlaqo notanish narsalar toʻgʻrisida unga bilim berishning murakkabligi va mashaqqatini eʼtirof etishdan bosh tortadigan odamni topib boʻlmasa kerak.

Shu bois ham oʻqituvchining faqat maoshini emas, jamiyatdagi mavqeini oshirishimiz zarur. Dunyo tajribasida bu xususda oʻrnak olarli jihatlar koʻp. Masalan, Italiyada uchta kasb egasi tirband yoʻlda qolib ketmasligi lozim – shifokor, oʻt oʻchiruvchi va oʻqituvchi. Fransiyaning badavlat odamlari obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish uchun oʻqituvchilar yashaydigan hududdan uy olishga intiladi. Angliyaliklar nutqida: “Bu bola daho, u oʻqituvchidek fikrlaydi!” degan ibora bor. Yaponlar soyasini bosib olmaslik uchun oʻqituvchidan yetti qadam ortda yuradi. Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel oylik kamligidan norozilik bildirgan fuqarolarga murojaat qilib: “Maoshingiz sizni oʻqitgan oʻqituvchilarning ish haqidan yuqori boʻlishini kutmasligingiz kerak”, degan edi.

Oʻqituvchi taʼlim berish vositasida kelajakni belgilaydi. XX asrning eng nufuzli siyosatchilaridan biri Uinston Cherchill bejiz “maktab oʻqituvchilari shunday qudratga ega boʻladiki, bosh vazirlar buni orzu qiladi, xolos”, demagan.

Bizda qoʻlida zarracha hokimiyat boʻlgan odam oʻqituvchiga yopishadi – tanqid qiladi, bevosita vazifasi boʻlmagan ishlarni yuklaydi. Hamyoni sal qappayganlar oʻqituvchiga xizmatkordek qaraydigan boʻlib qoladi.

Ularning yumushini yengillatishni ham oʻylaylik endi!

Ishining ahamiyati yo ilmiy aytganda, foydali ish koeffitsiyenti oʻqituvchinikining yarim foiziga ham teng kelmaydigan “zoʻr”larga xizmat mashinasi beramiz, alohida tibbiy xizmat koʻrsatamiz, davralarda “keling-keling” qilamiz. Har kuni darslar va “gʻuju-gʻuju”dan asabi oʻn barobar koʻp charchaydigan oʻqituvchilar (asosan ayollar) ishga piyoda yo “yoʻl moshin” (tirband avtobusda) bilan borib-keladi. Kasal boʻlsa, oʻquvchilar xursand boʻladi (“Bugun dars boʻlmas ekan!”).

Mayli xizmat mashinasi bermaylik, alohida tibbiy xizmat bilan ham taʼminlamaylik. Lekin jilla qursa, sal qadrlaylik-da endi!

Oʻqituvchining hisobotlari, zimmasiga yuklab qoʻyilgan boshqa qogʻozbozlik tashvishlari va “ijtimoiy burchlari” – alohida masala. Quyidagi qisqa dialogda buning zardobini oʻqituvchining oʻz ogʻzidan bilib olamiz.

Oʻqituvchining sochini olayotgan sartarosh soʻrabdi:

– Nega taʼlim tizimimiz borgan sari yomonlashib ketmoqda?

Oʻqituvchi biroz oʻylanib aytibdi:

– Tasavvur qiling, soch oladigan ish qurolingizning qoʻllanishini tuman, shahar va viloyat miqyosida kimlargadir yozma ravishda asoslab, tushuntirib berishingiz kerak boʻladi. Har bir mijozning sochini olish boʻyicha kunlik, haftalik, oylik, choraklik, yillik, 3-yillik, 5-yillik istiqbolli rejalar tuzasiz, keyin hisobotini yozasiz. Soch yuvish tartibini, shampun va boshqa kosmetik moddalarni izohlab, yozma maʼlumot tayyorlashingiz soʻraladi. Ha aytgancha, oʻzingiz xohlagan oʻtkir qaychidan foydalanish taqiqlanadi. Bundan tashqari, oyda ikki-uch marta komissiya keladi. Har bir mijoz bilan “avvalgi va keyingi holat” boʻyicha selfi qilib, hisobotga qoʻshasiz. Keyin buning haqiqat ekanini ogʻzaki suhbatda oʻzingiz yoki sartaroshxona rahbari bilan birga isbotlab berasiz. Baʼzida mijozlaringizning uyiga borib, sochlari qanday oʻsayotganini, muammolari bor-yoʻqligini, qanday psixologik yordam kerakligini soʻrab turishingiz kerak. Shunday sharoitda ishlay olarmidingiz?!

Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning oyligi bosqichma-bochqich oshib boryapti. Lekin boshqa soha vakillarining daromadiga nisbatan olib qaraganda, hali baribir kishini xotirjam qiladigan darajada emas. Internet sahifalarida eng koʻp va eng kam maosh oladiganlar eʼlon qilinib turadi. Shulardan birida aytilishicha, ilgʻorlik bank, sugʻurta, lizing, kredit va IT sohalari xodimlarida ekan. Eng kam maosh esa oʻqituvchi va shifokorlarniki boʻlib chiqdi.

Aslida mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishini hisobga olib, eng koʻp oylikni oʻqituvchilarga toʻlashimiz kerak emasmi?!

Faqat balandparvoz gaplar bilan cheklanayotganga oʻxshab qolyapmiz. Bu oddiygina pafos. Oʻylab koʻrsak, boshqa gaplar siyqasi chiqqanidan keyin odamning ensasini qotirsa, pafos avvalboshdanoq hech kimga yoqmaydi. Negaki, pafosda mohiyat, asos boʻlmaydi. Chunki, amalda hammasi zoʻr boʻlsa, pafosga zarurat qolmasdi – buni hamma yaxshi biladi. Odamlar yana shuni aniq biladiki, yaxshi narsa alqovga muhtoj boʻlmaydi. Pafos esa – quruq narsa. Shundan kelib chiqib, ish tutaylik-da.

Bizga yaxshi, aqlli, maʼrifatli oʻqituvchilar qanchalar kerak ekanini hamma biladi, barchamiz bu haqda bong urishga tayyormiz. Lekin amalda hamma oʻzgalardan harakat kutadi. Uch kunlik farzandini donish tarbiyasiga olib borgan ota “uch kun kechikibsiz” degan tanbeh eshitgani toʻgʻrisidagi hikoyat koʻpchiligimizga yaxshi tanish. Shunday ekan, kelajakni qoʻsh qoʻllab topshiradiganimiz yoshlarga taʼlim-tarbiya beradigan odam uchun birovning qoʻliga qaramaydigan, tamagirlik qilmaydigan boshqacha shart-sharoit kerak. Bunga esa, imkon qadar tezroq kirishish zarur. Uch kunlik goʻdak tarbiyaga kech qolgan boʻlsa, birinchi sinf bolasi qanchalar ortda ekanini oʻylab koʻrish vaqti allaqachon kelgan. Yaʼni, biz hozirning oʻzidayoq ancha kech qolgan maqomdamiz. Xalqning maʼrifati yaxshilanmasa, ertaga davlat barbod boʻlishini anglab yetgan holda harakat qilaylik-da. Mamlakat maorifsiz xuddi moʻrt gʻishtdan qurilgan uydek boʻlib qoladi, axir!

Oʻqituvchi eng boobroʻ odam, chor-atrofdagi mahalla-qasabaning vijdoni boʻlsin. “Qora mehnat egasi” boʻlib, maktabga majburiy mehnatga yuborilgan odamning kayfiyati bilan bormasin. Biz farzandimizga dakki bergani uchun qasos oʻtida yonib, har turli qoʻpolliklarga bormasdan, oʻqituvchi kelayotganini koʻrib, sal chetga chiqishga, tavoze bilan oʻtkazib yuborishga odatlanaylik. Shunda yosh avlod bu zotni hurmat qilishni oʻrganadi. Mansabga mingan, lekin taʼlimni yaxshilash uchun qaygʻurmasdan, faqat hujjatbozlik va hisobottalablik bilan shugʻullanuvchi kimsalar ham. Ahamiyatini bir-ikki kitoblik soʻz bilan aytib boʻlmaydigan darajadagi muhim ishni qilayotgan odamni qadrlash – kelajak uchun jon kuydirish.

Oʻqituvchilar Shveysariyada – 6200, Germaniyada – 4400 yevro, AQSH va Finlyandiyada 3900 dollar oylik oladi. Fransiyada haftasiga 19 soatlik dars uchun 3300 yevro toʻlanadi. Rossiyada 800 dollar, qoʻshni Qozogʻistonda esa malakasiga qarab 1000 dollargacha maosh beriladi.

Yaponiya oʻqituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obroʻsi va deputatning daxlsizligi berilgani bois bugun shunday darajaga yetgandir balki. Bu davlatda oʻqituvchiga 4000 dollar toʻlanadi va maktablarda bir boʻsh oʻringa 20 nomzod boʻladi.

Yuqorida aytilganidek, Oʻzbekistonda oʻqituvchilar oyligi 5-6-yil oldingiga qaraganda birmuncha yuqori. 2017-yilda oʻrtacha 1,1 million soʻm berilgan boʻlsa, 2021-yilda 2,3 millionga soʻmga yetdi. Hozir 6-7 million oladiganlar ham bor. Lekin buncha oylik olish uchun ikki smenada ishlash, zimmaga qoʻshimcha yuklamalar va boshqa tashvishlarni olish kerak.

Boshqalardan kattaroq oylik bilan taʼminlamasak, hech boʻlmasa yengilliklar beraylik. Deylik, oʻrnakka loyiq oʻqituvchilarni ragʻbat tariqasida sanatoriyga yuboraylik. Bepul! Yoki arzon uy-joy bilan taʼminlaylik, kommunal toʻlovlarini qisqartiraylik, arzon kredit beraylik, jamoat transportida bepul yursin. Boshqa oʻqituvchilar ularga tenglashishga intiladi, malaka va mahoratini oshiradi, oʻqiydi, izlanadi, oʻrganadi.

Davlat kelajagi taʼlim-tarbiyaga bogʻliq ekan, oʻqituvchilarni rozi qilib, hurmatini joyiga qoʻyaylik-da endi!

Madina MASHRABXON

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …