Home / MAQOLALAR / MADANIYATLAR TOʻQNASHUVI GEOSIYOSIY IXTILOFLARNING MARKAZIDIR

MADANIYATLAR TOʻQNASHUVI GEOSIYOSIY IXTILOFLARNING MARKAZIDIR

XXI asr dunyo geosiyosiy jarayonlarida diniy va kibr texnologiyalarining muntazam ixtilofi yuzaga kelmoqda. Dunyoda siyosiy kuchlar muvozanati oʻzgargan boʻlsa-da, uni boʻlib olishga boʻlgan ishtiyoq hamon oʻzgargan emas.  Siyosatshunos S.Xantingtonning “Madaniyatlar toʻqnashuvi” asarida  xalqaro ziddiyatlar endilikda davlatlar oʻrtasida emas, madaniyatlar oʻrtasida yuz berishi haqida quyidagi fikrini keltiradi: “Mening taxminim shundaki, yangi davrning ziddiyatlar omili mafkuraviy, iqtisodiy asoslarda emas, balki madaniy farqlarda namoyon boʻladi. Xalqaro maydonda eng kuchli faoliyat koʻrsatuvchilar sifatida milliy davlatlar ustuvorligi taʼminlanadi. Shu tariqa asosiy toʻqnashuvlar sivilizatsiyalarga tegishli boʻlgan millatlar yoki guruhlar oʻrtasida sodir boʻladi. Kelajakda qarama-qarshiliklar sivilizatsiyalar oʻrtasidagi yuz beradi. Sivilizatsiyalar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar bugungi dunyoning mojarolari evolyutsiyasining eng soʻnggi nuqtasi sifatida namoyon boʻladi”.[1] Bu jarayonda u madaniyatlar toʻqnashuvi deganda, dinlar  oʻrtasidagi nizolarni nazarda tutadi. Bugungi kunda “Yevrosiyo” mintaqasida yashayotgan turli millat va elatlar oʻrtasida yuzaga kelgan diniy nizolar bunga sabab boʻlmoqda. Darvoqe, Yaqin Sharq masalasi buning yorqin misolidir.

Tarixiy manbalardan maʼlumki, XIV asrda “Yevrosiyo” mintaqasining katta qismiga hukmronlik qilgan Buyuk Sohibqiron davrida ham diniy nizolar yuzaga kelgan. “Yevrosiyo” mintaqasida kechgan barcha geosiyosiy jarayonlar tarixan shakllangan qatʼiy qonuniyat asosida yuz bergan va bu, oʻz navbatida, qitʼa markaziga intilish va nazorat qilishga qaratilgan. Markaziy Osiyo oʻsha davrning eng yirik kuchlari, jumladan, Moʻgʻuliston, Oltin Oʻrda, Xitoy, Turkiya va Eron kabi davlatlarning oʻrtasida joylashganligi tufayli turli manfaatlar toʻqnashuvining markazi boʻlib qolgan. Shu tariqa Amir Temur (1386–1404) – Oltin Oʻrda, Eron, Iroq, Kavkaz, Kichik Osiyo, Misr va Hindiston yerlariga  uch yillik, besh yillik va yetti yillik harbiy yurishlarni amalga oshiradi. Bu yurishlar, shubhasiz, murosasiz va shiddatli tarzda olib borilgan.[2]

Amir Temurning Turon davlati vujudga kelishi arafasida unga qoʻshni boʻlgan mintaqa hududlarida nihoyatda murakkab va keskin siyosiy jarayonlar boʻlib oʻtayotgan edi. Oʻrta va Yaqin Sharqda kurdlar (Hirot), sarbadorlar (Sabzavor, Nishopur, Astrobod, Mashhad), muzaffariylar (Fors, Kirmon, Kurdiston), jaloiriylar (Iroq, Ozarbayjon, Armaniston, Gʻarbiy Eron) Kavkaz va yana bir qancha viloyatlarda kichik-kichik mahalliy sulolalar oʻzaro kurash olib borgan.[3] Ushbu jarayonlar diniy munosabatlarning buzilishiga taʼsir qilgan hamda “Yevrosiyo” mintaqasida geosiyosiy ixtiloflar yuzaga kelishiga sabab boʻlgan.

Aksariyat Yevropa manbalarida Amir Temurni mehrsiz, qonxoʻr va jallod deb taʼrif beriladi. Bu vajlar Hindistonga qilingan harbiy yurish tafsilotlari manbalarini asoslashga qaratiladi. Amir Temur faoliyatiga nisbatan tanqidiy nazarda ijod qilgan R.Grussei keltirgan maʼlumotlariga koʻra, sohibqiron “qirgʻinbarot urush holatida ham hisobli, farosat bilan insonlarni saqlab qolishga va ularning jasorati uchun maʼlum imtiyozlarni berishga qaratilgan yuksak maʼrifatini namoyon qilgan. Natijada, Dehlida 100.000 asir qatl etilgani toʻgʻrisida maʼlumot beradi”.[4] R.Grusse fikriga koʻra, Amir Temur aslida dunyoning eng boy qismlaridan biri boʻlgan Hindistonni talon-toroj qilish maqsadi yoʻq edi. Ammo belgilangan anʼanaga muvofiq, u oʻz harakatlariga diniy tus berdi. Shak-shubhasiz, Dehli turk sultonligi asosan musulmonlardan iborat boʻlgan va koʻplab hukmdorlar hindularning islom dinini ommaviy qabul qilishi uchun muntazam harakat qilgan. Sohibqiron Hindiston hukmdorlarining butparastlikka nisbatan bagʻrikengligini his qiladi va Zafarnomada aytganidek, bu Hindistonni egallab olish uchun vaj boʻla oladi. Lekin masala Hindistonda yuzaga kelgan beqaror siyosiy vaziyat hisoblanadi.[5] Koʻplab yirik viloyat hokimlari oʻzini sulton hukmronligidan ozod qildi va mustaqil musulmon knyazliklariga qoʻshildi. 

Yana bir tarixchi olim Jastin Marossi oʻz asarida shunday bayon qiladi: “Amir Temur islom va qon toʻkishni bir-biridan  farqlamagan. Bugungi qonli jangi va ertangi ibodati unga axloqiy javobgarlik nuqtayi nazaridan murakkablik tugʻdirmagan. Jumladan, Dehlining yakson etilganligidan bir necha kundan soʻng Jamna daryosi sohilidagi masjidda gʻalabasini nishonlash maqsadida Xudoga shukronalar keltiradi. Bagʻdodda kesilgan boshlardan koʻtarilgan tepalik va oqqan qon Tigr daryosini toʻldirgan bir paytda Amir Temur VIII asrda qurilgan imom Abu Hanifa masjidiga borib namoz oʻqiydi. Bunday holat har bir qonli gʻalabadan soʻng takrorlanib kelgan. Shuning uchun Amir Temurning tashqi taqvodorligi ifodasi oʻz zamonasi talablariga mos keladi”.[6]

Mazkur talqin atrofida Sharafiddin Ali Yazdiy bu hodisani shunday izohlaydi: “Va qatl boʻlgʻon kishini sanab yetmish ming bosh Isfahonda jaʼm boʻldi. Va ul boshlardin minoralar qoʻpordilar. Haqiqat bu tururkim, ul johillar beoqibat, podshoh amrigʻa boʻyun qoʻymay, uch ming musulmon kishini nohaq oʻlturdilar. Ul jihatdin bu holat alargʻa tegdi va mundoq voqeʼa Isfahonda hargiz voqiʼ boʻlmagʻon turur. Va bu voqeʼa dushanba kuni, zulqaʼda oyining oltisida boʻlub turur”.[7] Manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, musulmonlarga nisbatan qirgʻinbarot sodir etilgan va bu holat Amir Temurni islom himoyachisi sifatida befarq qoldirmagan. Bu borada Amir Temur, masalan, Hindistonga qilgan yurishini “dinu shariatga rivoj berdim va oʻsha diyor butxonalarini buzdirdim”,[8] deb izoh bergan.

Maʼlumotlarga koʻra, Hindiston bosib olingach, aholisi ulkan talonchilik va katta qirgʻinga duch keladi, yuz ming asir qatl etiladi. Gʻalabadan soʻng unga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilinadi. “Qaysi mamlakatda dindan qaytish, xudosizlik kuchaysa va u diyor aholisi, sipohu raiyat turli maslakka kirib ittifoqi buzilsa, oʻsha mamlakat halokati yaqindir. Chinakam jahongir podshoh bunday yurtni oʻz tasarrufiga olishi lozim. Misol uchun men Iroqi ajam va Fors viloyatlarini malʼun dinsizlar vujudidan tozaladim, zolim hukmdorlarni agʻdarib, xudo bandalarini ularning jabr-zulmidan qutqazdim”,[9] deydi.

Dunyoda shu kungacha saqlanib qolgan diniy vajlar orqali urush kelib chiqqani ham sir emas. Bugun ham mafkuraviy qutblarga boʻlinish va gʻoyaviy tahdidlar keng tarqalgandir. Dunyoning qutblarga (mafkuraviy toʻqnashuvlar) boʻlinishi tarixning takrorlanayotganidan darak beradi.

K.S.Gadjiyev bu haqda shunday deydi: “Tarixdan maʼlumki, hamma davrlarda barcha urushlar gʻoyaviy xarakterga ega boʻlgan. Chunki tomonlarning har biri hayot tarziga va oʻz dushmanining qadriyatlariga tajovuz qilish orqali ustunlikka erishgan”.[10]

Amir Temur islom dinini  yoyishga butun kuch-quvvatini sarfladi. Shu boisdan ham Sohibqiron baʼzi nomusulmon davlatlarga (masalan, Gurjiston, Armaniston, Hindiston, Xitoy) qilgan yurishlarini, eng avvalo, oʻsha mamlakatlarga islom dinini yoyish (joriy qilish) va musulmonlarga koʻrsatilayotgan jabr-zulmni bartaraf qilgani bilan izohlagan.[11]

V.Kvint “Tuzuklar”dagi “dinni tarqatuvchi” maqomini Amir Temurga bergan edi:

 Birinchidan, islom olamini birlashtirish.

Ikkinchidan, yangi hududlar aholisini Muhammad alayhissalomning ummatiga aylantirish yoʻlidagi missiyasi.[12] Bu esa, Amir Temur islom dini homiysi, posboni va qahramoni boʻlganini anglatadi. Bunday asos mohiyatan koʻp masalalarga oydinlik kiritadi va barcha harbiy yurishlarining mafkuraviy negizini tashkil etadi.

XIV asrda Uzoq Sharq, Oʻrta va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Oʻrta Yer dengizi va Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalari yoʻlga qoʻyilgan edi. Markaziy Osiyo hududiga “Yer oʻqi” – tortishish kuchi sifatida qaralgan. Bugun XXI asrda ham “Yevrosiyo” mintaqasi markazi Markaziy Osiyodir.

Amerikalik siyosatchi X.Makkinder tomonidan “Hardland” nazariyasi ilgari surildi. Ushbu nazariya bugungi kunda yerning quruqlik qismida joylashgan “Yevrosiyo” mintaqasini tashkil yetadi. “Yevrosiyo” mintaqasining  markazi esa Markaziy Osiyo geomadaniy mintaqadir. Markaziy Osiyo mintaqasini nazorat qilish  uchun qudratli davlatlar oʻrtasida doimo diniy, siyosiy, madaniy, iqtisodiy kabi sohalarda ixtiloflar yuzaga kelmoqda.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, dunyo geosiyosiy xaritasida mafkuralarning oʻzgarishi, insoniyat rivojini va uning tafakkuri bilan bogʻliq muammolarni oʻzgartirgan emas. Aksincha, muammolarning yangi, shiddatliroq, global ziddiyatlarini keltirib chiqarmoqda. Shu tufayli, bugungi dunyoning global muammosi umuminsoniy qadriyatlar mohiyatini anglab yetishdagi qiyinchilikda namoyon boʻlmoqda. Dunyoning yaxlitligi va uning istiqbolini faqat umuminsoniy qadriyatlar kafolatlashi mumkin. Masalan, milliy manfaatlar ehtiyojini qay vositalar asosida toʻldirishga qaratilgan siyosat bilan ifodalandi. Amir Temurning tashqi siyosatida gʻayritabiiy gʻalabalarni taʼminlab bergan geosiyosiy faoliyatni oʻrganish hamon katta qiziqish va bahs-munozalarga sabab boʻlib kelmoqda. Holbuki, Sohibqironning “Yevrosiyo” mintaqasida olib borgan yurishlari ayrim muarrixlar tomonidan bosqinchilik va talonchilik sifatida talqin etib kelinayotgan boʻlsa, ayrimlar uning timsolini ideallashtirishga intiladilar. Umuman, ilmda bir tomonlama yondashuvlar hech qachon xolislikka olib kelgan emas. Davlat manfaatlari xoh ichki, xoh tashqi siyosat boʻlsin, hokimiyat irodasi bilan taʼminlanadi. Shu jihatdan har qanday manfaatlar himoyasidagi urush zoʻravonlik, bosqinchilik bilan kuzatilishi uning tabiatida mavjud hodisa. Binobarin, insoniyat tarixida maʼrifatli urushlar boʻlmagan. Amir Temur bobomiz bu ikki qutbli kurashlarda boshqalardan koʻra aqlli, uddaburon, muvaffaqiyatli, insofli va diyonatli inson edi. U goʻzal shaharlarni, bogʻlarni, ekin-tikin qilingan yerlarni yaxshi koʻrgan. Mabodo, dalalarni payhon qilish, shaharlarni vayron qilishga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, bu faqat zarurat yuzasidan, vaziyat taqozosi bilan amalga oshirilgan. “Yevrosiyo” mintaqasida vujudga kelgan geosiyosiy vaziyatni tarixiy obyektivlik nuqtayi nazaridan emas, muayyan manfaatlar doirasida talqin etish va bunda Amir Temurning “bosqinchilik” qiyofasini shakllantirish istagi saqlanib kelayotganligi mafkuraviy kurashlarning hamon davom etib kelayotganligidan dalolat beradi. Xalqning shonli tarixi va shavkatli shaxslari qanchalik qoralansa, uning avlodlarini shunchalik koʻproq tahqirlanishi oson kechadi. Shunday ekan, Amir Temur hukmronlik qilgan davrning bugungi zamonaviy urushlardan qanday farqi bor ekanligini fahmlash uchun “demokratiya” bayrogʻi tigʻi ostida bugun minglab emas, millionlab begunoh odamlar qurbon boʻlayotgani tarixiy haqiqatdir. Afsuski, mazkur mafkuraviy talqinlar zamirida, aksincha, muammolarning yangi, shiddatliroq, global ziddiyatlari yotadi. U islom dini Gʻarb uchun katta tahdid soluvchi yirik madaniyat sifatida qaraydi. Bunday munosabat madaniyatlar oʻrtasidagi mavjud ziddiyatlarni chuqurlashtirish mumkinligini pisand qilmaydi. Ziddiyatlarning negiziga chuqurroq qaraydigan boʻlsak, bugungi kunda muammolarning inson omili bilan bogʻliq boʻlgan nosogʻlom tendensiyalarning tobora ortib borayotganligini kuzatish mumkin. U xalqaro miqyosdagi gegemonlik qilish kayfiyati bilan boshqalardan ustunlik qila olish ruhiyatini shakllantirishga qaratilgan. Bunday siyosat turli vositalar orqali muayyan davlatning xalqaro tizimdagi nufuzining ortib borishi, ikkinchi bir davlat mavqeining pasayishi evaziga amalga oshiriladi. Shu sababdan global jarayonlar oʻz bagʻrida murosasiz ixtiloflarning yashirin ziddiyatlarini saqlab keladi. 

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Alimardonov T.T. Amir Temur imperiyasi. – T.: Yangi asr avlodi, 2021. –B.199.
  2. Boltayev B. “Amir Temurning milliy davlatchilik siyosati: tarix va hozirgi zamon” mavzuidagi Amir Temur tavalludining 670-yilligiga bagʻishlangan ilmiy konferensiya materiallari. Amir Temur davlatining xavfsizligi va xalqaro aloqalarni kengaytirish uchun kurash. – T.: Fan, 2006. – B.256.
  3. Джастин Мароцци. Тамерлан: завоеватель мира. Изд. «Астрел». – С. 48.
  4. Груссе Рене. Империя степей. Атилла, Чингизхан, Тамерлан. Изд. «Санат», 2006. – С. 322–330.
  5. Гаджиев, К. С. Введение в политическую философию: учеб. пособие / К. С. Гаджиев. – М.: Логос, 2011. – С.405.
  6. Тильман Нагель.Тимур-завоеватель и исламский мир позднего средневековья. – Ростов­-на-­Дону: Феникс, 1997. – С. 395.
  7. Temur tuzuklari. – T.: Sharq, 2005. – B.112.
  8. Kvint V. Amir Temurning strategik yetakchiligi: “Tuzuklar” ga izohlar. – Toshkent –Sankt-Peterburg, 2021.– B.63.
  9. Uvatov U. Sohibqiron arab muarrixlari nigohida. –T.: Sharq,1997. – B.79.
  10. Хантингтон Сэмюэл. Столкновение цивилизации? //Экономическое обозрение. 1998. № 1. – С. 67.
  11. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. – T.: Sharq, 1997. – B.115.
  12. https://cyberleninka.ru/article/n/evraziya-v-mirovoy-politike-retrospektivnyy-i-perspektivnyy-diskursy/viewer
DILNOZA TOGʻAYEVA,
OʻzDJTU 2-bosqich doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …