Home / MAQOLALAR / ISLOMDA XALQARO ALOQALAR, ELCHILIK MUNOSABATLARI ASOSLARI

ISLOMDA XALQARO ALOQALAR, ELCHILIK MUNOSABATLARI ASOSLARI

Tashqi aloqalarda hukumat siyosatini amalga tatbiq qilish va o‘z mamlakatini xorijiy davlatlarda namoyon qiluvchi elchilar arab madaniyatida uzoq tarixga egadir [4:22]. Islom dini paydo bo‘lganidan keyin musulmonlar elchilarga buyuk ehtirom ko‘rsatgan. Buni Rasululloh (s.a.v.) siyratlaridan ham bilish mumkin.

Aslida “Rasululloh” kalimasi “Allohning elchisi” degan ma’noni bildiradi. Islom diplomatiyasida elchilar maqomi haqida so’z yuritganda, ularning o’rni beqiyosligini ta’kidlab o’tish joiz. Qur’oni karimdagi elchilarga doir oyatlarga sof aqidaviy jihatdan yondashilsa, elchi Allohning kalomini yetkazish uchun tayinlangan shaxs yoki farishta ekani ayon bo’ladi.

Islomda elchi iborasi uch turdagi zotlarga nisbatan qo’llaniladi:

  1. Farishtalar.
  2. Payg’ambarlar.
  3. Aqidaviy ahamiyatga ega bo‘lmagan maxsus vazifa yuklatilgan shaxs yoki choparga.

Yuqoridagi uch ko’rsatgichga muvofiq Qur’oni karimda elchi so’zi 27 ta oyatda keltirilgan [3:13-14].

Elchilar daxlsizligini ta’minlash borasidagi eng yaqqol misolni isyonkor qabila vakillarining poytaxt Madina shahriga kelganida ularga bo‘lgan munosabatdan ko‘rish mumkin. Ushbu isyonkor qabilalar davlatga soliq to‘lamasligini, bunga muqobil boshqa diniy ibodatlarini ado qilishini, bu istaklarining qabul qilinishi bo‘yicha davlat bilan orasida so‘rovlar bo‘lmasligini aytib, vakillarini Madinaga jo‘natadi [2:32]. Kelgan elchilar ba’zi sahobalar uylari va davlatga oid musofirxonalarda joylashtirishni va ertasi kuni xalifa huzuriga kiritishni talab qildilar. Abu Bakr (r.a.) ularni g‘oyat sovuqqonlik bilan tinglar, gapini tamomlaganidan so‘ng, bu so‘zlari qabul qilinmasligi, isyonchilarning hokimiyat bilan savdolashishiga izn berilmasligi, davlatga itoatdan tashqari ular bilan hech bir sulh haqida so‘z ham bo‘lmasligi va hokimiyat bilan qarama-qarshi chiqish mavzusida erkin ekanini aytadi. Ularga bir kun ichida darhol Madinani tark etishi kerakligi, aks holda elchilik sifatlarini yo‘qotishini va hukumatning ularga daxlsizlik kafolatini ta’minlamasligini aytganida, elchilar darhol shaharni tark etgan.

E’tibor qilinsa, kelgan elchilar hokimiyatga isyon qilgan qabilalar vakillari edi. Faqat ularda elchi sifati bo‘lgani uchun Madinada rasmiy mehmon sifatida musofir edi. Shu nuqtada hokimiyat bilan shartlashishga kirishgan bu elchilar daxlsizligi ta’minlangani kabi, qavliy yoki fe’liy bosqinga ham uchramadi.

Elchilarga nisbatan bu yondashuvdan nafaqat davlat rahbari, balki boshqa lavozimdagi shaxslarning ham ayni shaklda ish tutganini aytish mumkin. Chunonchi, Kinda qabilasi qo‘zg‘olonchilari boshliqlaridan bo‘lgan Ash’as ibn Qays (vaf. 40/661) va uning tarafdorlarini Ikrima ibn Abu Jahl (vaf. 13/634) qal’ada qamal qilgan. Qutula olmasligini bilganidan so‘ng Ash’as o‘zi va yaqinlari nomidan omonlik tilashga majbur bo‘lgan. Uning istagi qabul qilinib, muzokara olib borilgan. Ash’as qo‘zg‘olonchilar rahbari bo‘lishiga qaramay, elchi sifatida muzokaraga kelgani uchun unga hech qanday zarar ko‘rsatilmasdan, yaxshi muomala qilingan [7:114].

Bularga qo‘shimcha qilib, xalifa qo‘mondonlarga xorijiy elchilarga yaxshi munosabatda bo‘lishini, dushman elchilari huzuriga kelganida ularga izzat-ikrom ko‘rsatishini, hol-ahvolini so‘rashini qat’iy talab qilardi [6:4]. Shuningdek, xorijiy elchilar davlat chegaralari va qo‘shinning zaif nuqtalarini o‘rganishining oldini olish uchun qarorgohda uzoq bo‘lmasligini va askarlar bilan suhbatlashishiga yo‘l qo‘yilishiga e’tiborsiz qolmasligi kerakligini ta’kidlar edi.

Elchining aybsizligi va himoyasi bilan bog‘liq bu yondashuvlar keyingi davrlarda ham an’analarga aylandi. Islom huquqshunoslari bu borada ko‘plab huquqiy tamoyillarni o‘rtaga tashladi [5:211–215].

Islomning ilk davrida elchilik munosabatlari, avvalo, jang oldidan xabar almashish ko‘rinishida ham yuzaga chiqadi. Masalan, Bani Nazir jangida ham elchi yuborilgan.

Bani Nazir qabilasi Adal, Qorra qabilalari va Ma’una qudug‘idagi qochib ketganlar bilan o‘ta razil bitim tuzdi. Ular yig‘ilib, Rasululloh (s.a.v.)dan Qur’on va islom haqida eshitishni so‘radi. Bu borada fikrlashib, agar qanoatlantirsa, imon keltirishini aytadi. Ular o‘zaro kelishib, har bir kishi kiyimi ostida xanjar olib kelishga qaror qilgan edi. Ular Rasululloh (s.a.v.)ga birdaniga suiqasd uyushtirishmoqchi edi. Lekin Rasululloh (s.a.v.) bundan xabar topib, hojat talabida tashqariga chiqdilar va Madinaga qarab yo‘l oldilar.

Amr ibn Umayya (r.a.) qaytganida Rasululloh (s.a.v.)ga Bani Kilob qabilasidan ikki kishi o‘ldirilgani haqida xabar berildi. Rasululloh (s.a.v.) bir necha sahobiylar bilan Bani Nazirga shartnomaga muvofiq tovon to‘lashga yordam berish uchun bordilar. Shunda ular: “Ey Abul Qosim, muammoni hal etish uchun o‘tir bu yerga”, dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) devor yoniga o‘tirdilar. Bir-biri bilan yolg‘iz qolganda shayton aralashib dedi: “Sizlardan qay biringiz shu tegirmon toshini ko‘tarib, uning boshiga ota oladi?” Qarindoshi Amr ibn Jihosh toshni otadigan bo‘ldi. Keyin Jabroil alayhissalom tushib, ularning maqsadlarini yetkazdi. Rasululloh (s.a.v.) Madinaga yo‘lga tushishga shoshdilar. So‘ngra orqalaridan sahobiylari yetib keldi. Ularga Bani Nazirning fitnalari va keyin shunday yo‘l tutganliklari haqida aytdilar. So‘ngra Nabiy (s.a.v.) ularga Muhammad ibn Maslamani yubordilar. U borib: “Arab diyorini tark etishingiz uchun sizlarning o‘n kun vaqtingiz bor. Agar o‘n kundan keyin biror kishi qolsa, bo‘yniga qilich tortiladi”, dedi. Ketish uchun taraddud ko‘rishni boshladilar. So‘ngra ularga munofiqlar boshchisi Abdulloh ibn Ubay elchi jo‘natib: “Sizlar mahkam bo‘linglar va hech qayerga ketmanglar. Albatta, mening ikki ming kishilik qo‘shinim bor, qal’alaringizga kirib siz uchun jon beradi”, deb, xabar yetkazdi.

“…Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangiz, albatta, biz ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi harakat)da hech qachon hech kimga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilisha, albatta, biz sizlarga yordam berurmiz” (Hashr surasi, 11-oyatlar) [1:547].

Sizlarga Qurayza va G‘atafon qabilasi yordam beradi deganida ular quvvatni his qildi-da, Rasululloh (s.a.v.)ga: “Biz bu yerdan chiqib ketmaymiz, qo‘lingdan kelganini qilaver”, dedi. Ular baland bayroqni olib, Bani Nazirni qamal qilish uchun yurdi. Olti kechadan so‘ng taslim bo‘ldilar. Bani Nazirni Qurayza qabilasi yordamsiz qoldirdi. Munofiqlar sardori va o‘rinbosarlari ularga xiyonat qildi:

“(Ular) xuddi shaytonning o‘xshashidirlar. Qaysiki, u insonga: “Kofir bo‘l!” deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo‘lgach, (shayton unga): “Men sendan bezorman”, deydi” (Hashr surasi, 16-oyat) [1:547].

Rasululloh (s.a.v.) ularga o‘zi bilan quroldan tashqari xohlagan narsasi, yuklari va mollarini olib ketishga ruxsat berdilar. Kuchi yetgan narsani oldilar va hatto uylari eshigi, derazalari, taxtalari va tomlari xodalarini olib ketishdi.

“Ular uylarini o‘z qo‘llari va mo‘minlarning qo‘llari bilan buzar edi. Bas, ey, ko‘z egalari! (Ulardan) ibrat olingiz!” (Hashr surasi, 2-oyat) [1:545].

Bundan tashqari, Bani Qurayza, Bani Qaynuqo g‘azotlarida ham elchilar yuborilib, tomonlar xabar almashgan.

Hudaybiya sulhi voqealari atrofida Madina bilan Makka, aniqrog‘i, Quraysh o‘rtasida ham elchi almashinib, Usmon ibn Affon (r.a.) Qurayshga elchi qilib yuborilgan.

Rasululloh (s.a.v.) bilan qurayshliklar o‘rtasidagi hodisa haqida so‘z yuritiladigan bo‘lsa, Budayl ibn Varqo Rasululloh (s.a.v.)ga Quraysh jangga tayyorgarlik ko‘rayotganini va Baytul Haramga kiritmaslik choralarini ko‘rayotgani haqida xabar berdi. Rasululloh (s.a.v.) unga urush uchun emas, faqatgina Umra ziyorati uchun kelganini aytdilar. Shuningdek, yarashuv va tinchlikka tayyor ekanliklari, agar Quraysh bundan bosh tortsa, ular jangda boshlari kesilgunicha yoki Alloh O‘z ishini amalga oshirguncha kurashishini aytdilar.

Budayl qaytganida Qurayshga bor gapni aytdi. Ular Mikraz ibn Hafsni elchi qilib yubordi. Rasululloh (s.a.v.) Budaylga nima degan bo‘lsalar, unga ham shuni aytadilar. So‘ngra qurayshliklar habashlar raisi Hulays ibn Ikrimani yuboradi. U musulmonlarga yaqin kelganida Rasululloh (s.a.v.) ularga: “Bu kishi diniy odatlarni hurmat qiladigan kishidir. Qurbonlikka atalgan hayvonlarni haydab uni qarshi olinglar”, dedilar. Uni “Labbayka”ni aytib kutib oldilar. Hulays bu holatni ko‘rganida: “Subhanalloh, bunday odamlarni Baytulloh ziyoratidan to‘smaslik kerak. Lahm, Jizom, Himyar qabilalari ziyorat qilishadi-yu, lekin nega Abdul Muttalib o‘g‘lini ziyoratdan to‘sadilar. Ka’ba Rabbiga qasam, Quraysh halokatga uchrabdi. Albatta, bu qavm Umra qilish maqsadida kelibdi”, dedi. So‘ng Quraysh oldiga qaytib bu gaplarni aytganida, ular: “Mana bu yerga o‘tir. Sen sahroyisan va senda hiyla-nayrang yo‘qdir”, dedi.

So‘ng Quraysh ahli ular oldiga Urva ibn Mas’ud Saqafiyni yubordi. Rasululloh (s.a.v.) unga ham Budaylga aytgan gaplarini aytdilar. Urva: “Ey Muhammad, har turli yig‘inda kishilar sening atrofingda to‘planadi. Sen ularga ishonib o‘z qavmingni qirib tashlaysanmi? Men aniq bilamanki, bu kimsalar urush boshlansa, seni dushman qo‘liga tashlab qochadi”, dedi. Abu Bakr (r.a.) unga g‘azab qilib: “Ey Urva, bu gapingga sen Lot nomli butingni tishlabsan. Biz u zotni tashlab qochamizmi?!” deb javob berdi.

Urva gaplashyotganida Rasululloh (s.a.v.)ning soqollarini ushlab turar edi. Lekin Mug‘iyra ibn Shu’ba uning qo‘liga qilich dastasi bilan urib: “Rasululloh (s.a.v.)ning soqollaridan qo‘lingni tort!” dedi.

Urva sahobiylarni Rasululloh (s.a.v.)ga ko‘rsatgan hurmat-ehtiromini ko‘rdi. U Quraysh ahlining oldiga qaytganida ularga: “Ey Quraysh qavmi, Kisro, Qaysar va Najoshiy podshohlarini oldiga borganman, lekin Muhammadga sahobiylari ko‘rsatgan izzatni boshqasida ko‘rmaganman. Allohga qasamki, agar tupursa uning hurmatidan tupugini ham yerga tushirmasdan yuz-qo‘llariga surishadi. Agar biror ishga buyursa, o‘sha ishga shoshilishadi. Agar tahorat qilsa, suv quyib berish uchun bir-biri bilan tortishadi. Uning huzurida past ohangda gapirishadi va yuziga tik qaramaydi. U sizga to‘g‘ri taklifni qildi, uni qabul qiling”, dedi. Bu muzokaralar olib borilayotgan  vaqtda bir guruh bemulohaza ish yuritadigan yoshlar tunda sezdirmay bordi. Ular yetmish yoki saksonta bo‘lib, Taniym tog‘i oldiga musulmonlar to‘xtagan joyda to‘xtab, musulmonlar bilan sulhni buzishga harakat qilmoqchi edi. Lekin musulmonlar ularni qo‘lga olib, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga keltirishdi. Rasululloh (s.a.v.) ularni afv etdilar. Bu holatda Quraysh qalbiga qo‘rquv solib qo‘yish ham mumkin edi. Shu onda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi:

“U (Alloh) Makkaning ichkarisida (kechgan jangda) ularning (Makka mushriklarining) ustidan sizlarni g‘alaba qildirganidan keyin ularning qo‘llarini sizlardan, sizlarning qo‘llaringizni ulardan to‘sgan (jangni to‘xtatgan) Zotdir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir” (Fath surasi, 24-oyat) [1:514].

Bu vaqtda Rasululloh (s.a.v.) faqatgina umra maqsadida kelganlarini bildirish uchun Qurayshga Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni elchi qilib yubordilar. Unga Makkadagi mo‘min va mo‘minalar oldiga borib, fath yaqin ekani va Alloh islom dinidagilarni qo‘llab, Makkada imonli kishi yashirinmasligini aytib ularni xursand qilishni buyurdilar.

Usmon roziyallohu anhu Abon ibn Sa’d himoyasi ostida Makkaga kirib, xabarni Qurayshga yetkazganida, unga Baytullohni ziyorat qilishni taklif etishdi. U esa Rasululloh (s.a.v.) man qilingan bo‘la turib tavof qilishdan bosh tortdi.

Qurayshliklar Usmon roziyallohu anhuni hibsga oldi. So‘ngra rad javobini yuborishganida musulmonlar orasida Usmon roziyallohu anhuni qatl qilingani haqida gap tarqaldi. Elchining o‘ldirilishi – bu urush degani. Rasululloh (s.a.v.) bundan xabar topganlarida: “Bu gap rost bo‘lsa, Quraysh bilan jang qilmasdan ketmaymiz”, dedilar.

Islomning ilk davri, xususan, Rasululloh (s.a.v.) davrlari o‘zgalar bilan olib borilgan aloqalar faqat tinchlik maqsadida bo‘lgani, e’tiqodi, kelib-chiqishidan qat’i nazar, har bir taraf hurmat qilingani, bu esa, keyingi davlat rahbarlari uchun ham asos bo‘lib xizmat qilgani bilan xarakterlanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. –T.: Toshkent islom universiteti, 2021.
  2. Abu Ubayd. Kitob al-amvol. – Qohira: Dorul kitabil arabiy, 1975.
  3. Ibragimova N. Islomning ilk davrida elchilik munosabatlari. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2017.
  4. Muhammad Nodir Attor. Adabul liqoya fi hayatid diblumasiy va hululiha fit turosil islomiy. – Ar-Riyod: Dor al-Mayman.
  5. Ahmet Yaman, İslâm Hukukunda Uluslararası İlişkiler. – Ankara, 1998.
  6. Voqidiy. Futuhush Shom. J.1. – Qohira: Dorul kitobil arabiy, 1978.
  7. Voqidiy. Kitobur ridda. (Hamidulloh tahqiqi). – Parij, 1989.
UMID RAHMATULLAYEV,
Toshkent islom instituti mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

MAʼNAVIY HAYOT VA SIYOSIY FAOLIYAT

Jamiyat maʼnaviy hayoti tushunchasi muayyan davr va jamiyatga xos belgilar, davlat siyosati bilan bogʻliq xilma-xil …