Home / MAQOLALAR / TASAVVUF TAʼLIMOTIDA TIL VA DIL BIRLIGI ZIKR VOSITASI SIFATIDA

TASAVVUF TAʼLIMOTIDA TIL VA DIL BIRLIGI ZIKR VOSITASI SIFATIDA

Tasavvuf tarixidan maʼlumki, barcha yirik mutasavvif mutafakkirlar ilmni til va dil ilmiga ajratib talqin qilishi bilan birga, ularga bir –birini toʻldiruvchi va komillik sari yetaklovchi asosiy vositalar sifatida qaragan.

Tasavvuf taʼlimotida har bir solih va soliha oʻz tiliga podshoh boʻlishi lozimligi uqtiriladi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Kim tiliga podshoh boʻlsa, Alloh uning uyat ishlarini berkitadi” deganlar [1:388].

Tariqat namoyondalari tilni ehtiyot qilmaslik falokat vositasiga aylanishini uqtirganlar: yigit tilining toyilishidan oʻladi, oyogʻining xatosidan emas. Tili bilan boʻlgan xatosi uni boshi bilan uloqtiradi. Oyogʻi bilan boʻlgan xatosi asta-sekin tuzaladi [1:192].

Tariqat namoyondalari har doim tilni yomon soʻzlardan, haqoratlardan ehtiyot qilish kerakligini uqtirgan. Chunki ular paygʻambarimizning odamlarning yuzi bilan doʻzaxga tushishiga sabab tili yomonligidandir, degan hadislariga doimo amal qilgan.

Shu bilan birga, tariqat namoyondalari soʻzni oʻylab, kam gapirish savobdir degan gʻoyaga ham eʼtiqod qilgan. Shu oʻrinda Hasan Basriyning “Kimning soʻzi koʻpaysa, xatosi koʻpayadi degan” rivoyatiga suyangan.

Abu Lays Samarqandiy oʻzining “Tanbehul Gʻofilin” asarida shunday yozadi: Qatoda (r.a.) rivoyat qildi: Paygʻambar (s.a.v.) aytdilar: “Toʻrt narsa kimga berilgan boʻlsa, dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi: zikr qiluvchi til, shukur etuvchi qalb, sabrli badan va moʻmina soliha xotin” [1:380].

Tasavvuf ahli til ilmiga solikning zohiri va botinini bogʻlovchi zikr vositasi sifatida qaragan. Zikr tasavvufda dil, fikr va tuygʻuni Allohga yoʻnaltirib, U bilan bevosita rishta bogʻlash, ismlarini zikr qilish orqali Uning cheksiz qudrati, buyuk goʻzalligini idrok etishni bildiradi. Hatto, zikr orifning taomi deb ham taʼkidlanadi. Allohning ismlari zikr qilinaversa, oxiri Alloh zokir, yaʼni soʻfiyning oʻzini zikr etadi. Solik zikr asnosida shuni his qiladi, mushohada etadi.

Zikr faqat Allohni yod aylash, uning goʻzal ismlarini eslash emas, balki dil, fikr va tuygʻuni Allohga yoʻnaltirishdir. Zikrning xususiyati haqida Najmiddin Kubro ham oʻzining “Tasavvufiy hayot” asarida quyidagicha taʼkidlagan: “Zikrni seni qandoq zikr etayotganingni koʻrish uchun zikr etma. Chunki u zokir emas, mazkurdir. Inson mudom Haq mazkuri erur. Ammo Alloh bilan oʻzi orasidagi qorongʻuliklar va kashf pardalari moneʼlik qilgani bois, u buni eshitib, his qilishdan mosuvodir” [12:169].

Ustoz  shayx, mutasavvif nazarida shogird zikrni ravon va tushunarli til bilan bayon qilishi zarur. Hech bir zikr qoidasi til orqali buzilmasligi lozim. Shuning uchun Najmiddin Kubro ham Yaʼqub Charxiy ham har qanday ibodatdan maqsad zikrdir. Zikr jon boʻlsa, ibodat qalbdir. Har qanday ibodatda ham Uning hazratidan gʻofil boʻlsa, chandon foyda bermas” deb yozadi [11].

Hazrat Alisher Navoiy ham “Nasoyimul muhabbat” asarida komil insonning  ilohiy va bashariy sifatlari haqida gapira turib, “chuchuk tilli boʻlish”ni komillikning yettinchi sharti sifatida aytib oʻtgan [6:141]. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Alisher Navoiy tasavvufda panteistik yoʻnalishning yirik vakili sifatida til ilmining zikr jarayonidagi roliga juda yuqori baho bergan. Til dilning izhori sifatida talqin qilingan.

Tasavvufiy bilish jarayoni ham ratsional va irratsional bilim tana va ruh kabi ajralmas va bir – birini bilish jarayonida toʻldirib boradi. Shuning uchun ham tasavvuf ilmi haqida gapirilganda, birlamchi bilim “kulliy” bilim boʻlib, u inson ruhiyatidagi ijodkorlik kuchini anglatadi. Ikkilamchi ilm “til ilmi” boʻlib, u Odam bolalari ustida Allohning hujjatidir”. Umidimiz borki, senga ilmi botindan bir nasiba etsin. “Va yana aytdilarki, “Hadisda” Ahli sidq bilan oʻtirsangiz, sadoqatli boʻlib oʻtiringki, ular qalb josusidir. Qalbingizga kiradi va himmatingizga nazar qiladi”[3:6].

Mutasavviflar tariqat ilmida tilning oʻrni nihoyatda ulugʻ ekanini taʼkidlab kelgan. Abu Lays Samarqandiy yuqorida keltirilgan asarida shunday yozadi: Hakimlarning baʼzilari aytdi:” Inson jasadi uch boʻlakdir; bir boʻlagi – qalbi, ikkinchisi – tili, uchinchisi – aʼzolari. Alloh taolo har bir boʻlakni karomat bilan ikrom qildi. Qalbini oʻzini tanish va tavhid bilan ikrom qildi. Tilini “La ilaha illalloh” va kitob tilovat qilish bilan ikrom qildi. Aʼzolarini namoz, roʻza va boshqa ibodatlar bilan ikrom qildi. Har biriga kuzatuvchi va saqlovchini vakil qilib qoʻydi. Qalbini saqlashga Alloh oʻzi ega boʻldi. Uning ichida nima borligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Tiliga farishtalarni vakil qildi. Alloh taolo
aytdi: “U biron soʻzni talaffuz qilmas, agar talaffuz qilsa, uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi farishta u soʻzni yozib olur” [7]. Aʼzolarga buyruq va qaytarishni boshqaruvchi qilib qoʻydi. Keyin har boʻlakka vafo qilishni xohladi. Qalbning vafosi – imonda sobit boʻlish va hasad, xiyonat hamda makr-xiyla qilmaslik, tilning vafosi – gʻiybat qilmaslik, aʼzolar vafosi Allohga gunoh qilmaslik va musulmonlardan hech kimga aziyat bermaslikdir. Kim qalbdan ketsa, munofiq, tildan ketsa, kofir, aʼzolardan ketsa osiy boʻladi [1:193].

Til ilmi tasavvuf taʼlimotida komil insonni tarbiyalashning asosiy vositalaridan  biri hisoblanadi. Chunki til insonni hayvonot olamidan judo qilgan boʻlsa, keyinchalik u insonning oʻzini anglashi orqali Allohni anglashga keng yoʻl ochib berdi. Chunki tasavvuf taʼlimotida tilga tafakkurni ifodalash vositasi sifatida qaraladi. Shu bilan birga, til va dil ajralmas, bir-birisiz mavjud boʻlmagan hodisa sifatida talqin qilinadi.

Zikr Allohni yodlash, tasavvufda Allohni tilga olish va butun fikru tavajjuhini Unga qaratishdir. Tasavvuf ahli zikrni Haqqa yetishmoqchi boʻlgan kishining ruhiy kamolotida fikriy quvvatlarini boshqarish, nafsni taqlil etish, shuningdek, tafakkurni kamolot darajasiga yuksaltirishda eng yaxshi yoʻllardan deb biladi. Bu amal Qurʼoni karimda Alloh taoloning “Meni yod qil, Men ham sizni yod qilurman”, degan oyatiga asoslanib bajariladi. Tasavvuf ahli zikr qilishni uch darajada deb biladi: birinchisi til zikri – koʻpchilikka taalluqli boʻlib, omma zikridir. Bu darajadan oʻtib, yuksala boshlagan kishi gʻaflat maydonidan chiqib, mushohada maydoniga parvoz eta boshlaydi. Ikkinchisi ixlos – kishilarning zikri – qalb zikri. Bu darajada zokirning qalb koʻzi ochila boshlaydi. U aql doirasini kesib oʻtadi va Allohni nafaqat qalbida yod etadi, balki idrok etadi. Uchinchisi maxsus zikr – bu darajada zokir fano holatiga yetadi bu tariqatda eng soʻnggi oliy zikr hisoblanadi. Chunki tariqatda fano topmoq ishning intihosidir.

Xoja  shayx Muhammad Porso oʻzining “Risolai qudsiya” asarida solihlarga zikr aytishni oʻrgatish, yaʼni “Talqini zikr” masalasini koʻtargan. Uning fikricha, “talqini zikr” birovning qoʻliga chaqmoqtosh berish bilan barobardir. Rushnolik hosil qilish uni amalda ishga solish tolibga bogʻliq. Komil inson “Talqini zikr”ni mukammal piridan taʼlim olish kerak. To taʼsiri bilinsin va natijasi hosil boʻlsin. Oʻqni sulton oʻqdonidan olmoq kerak, toki himoya qilishga arzisin. Biz “talqini zikr”ni buzrukvor shayx Xoja Muhammad Boboi Samosiydan olganmiz” deb yozgan [9:129].

Yaʼqubi Charxiy ilm ahlining zikrga boʻlgan munosabati haqida quyidagi fikrni keltiradi: “Olimning uyqusi ham ibodatdir” [13:12] deyilgani uyquga ishoratdir. Yaʼni uyquga ketgunicha zikr bilan mashgʻul boʻlsin. Uyqudan bedor boʻlsa, yana uyquga ketguncha zikr qilsin. Demak, inson jismi uyquga ketsa ham, uning ruhi, botini, qalbi, zikrda boʻlishi, asl bilan bogʻlanishda ekani nazarga olinmoqda.

Mutaxassislar fikricha, zikr irfoniy bilish jarayonida muhim xususiyatga ega boʻlib, quyidagi tamo-
yilga asoslanadi: namoz tanani, kundalik vird (vazifa)larni boshqarish uchun, zikr qalbni, fikr (tafakkur) ongni tozalash uchun, amal fano darajasiga yetish uchundir. Inson bu tamoyilni amaliyotga qoʻllash orqali kamolotga erishadi [4:91]. Bizning nazarimizda, tasavvufda til ilmi zikr, fikr va qalbni birlashtiruvchi vosita boʻlib maydonga chiqadi.

Buyuk mutasavvif mutafakkir Jaloliddin Rumiy falsafasining inson konsepsiyasida ham  til ilmi masalasi markaziy oʻrinlardan birini egallaydi. Chunki Jaloliddin Rumiy insonning til va qalbini birlashtiruvchi teurgiya masalasini yuqori darajada madh etadi. Chunki teurgiya inson vujudining uning ruhi bilan birlashib ketishiga yordam beruvchi ijodiy harakatdir, deb talqin qiladi.

Tasavvuf taʼlimotida til ilmining namoyon boʻlishida namoz va roʻza nazarda tutiladi. Buyuk shayx Yaʼqubi Charxiy taʼkidlaganidek: “Bu namozni nafyi havotir bilan, yaʼni fikrni tozalab, zohiru botini bilan tavajjuh qilgan holda oʻqisin” [13:13].

Koʻrinib turibdiki, tasavvuf taʼlimotida zikr xoh jahriy boʻladimi, xoh botiniy, baribir zikr til orqali dilga doʻnadi. Shuning uchun, Bahouddin Valad taʼkidlaganidek, inson dili va tilida Allohni zikr etarkan, shu onda uning shuurida Yaratuvchi hamda yaratilmish oʻrtasida inson ongi idrok eta olmaydigan, faqatgina qalban his qilish mumkin boʻlgan ruhiy kechinmalar roʻy beradi [3:69].

Yaʼqubi Charxiy taʼkidlaganidek: “Bizning xojamiz bu namozni oʻqiganda barcha arkon va azkorga oʻzini mashgʻul qilgan holda, tavajjuh bilan oʻqish lozim deydilar. Bular mubtadiylar – tariqatga kiruvchilar uchundir” [3:9].

Koʻrinib turibdiki, mutasavviflar Allohni zikr qilish ravon til orqali dilga koʻchish kerak. Ayniqsa, bu tariqatga kirishga bel bogʻlagan soliklar uchun juda muhimdir.

Ahmad ibn Muzaffar Roziy ham “Latoiful Qurʼon” asarida Qurʼoni karimda yigirma oltita oʻrinda namozni barkamol oʻqish haqida buyurilganini taʼkidlaydi [2:179].

Mustamliy Buxoriy taʼrifiga koʻra, zikr ikki turga: til zikri va sir zikriga boʻlinadi. Uning nazarida til zikri zikrning birinchi va boshlangʻich bosqichi boʻlib, shariat hukmida boʻladi va namoz, roʻza kabi har zamonda amalga oshadi. Sir zikri esa zikrning oxirgi bosqichi boʻlib, haqiqat hukmida boʻladi. Mutasavvif taʼrifiga koʻra, til zikri Alloh yoʻlidan borayotgan murid yoki tolibning ishidir, sir yoki qalb zikri esa Allohga yetishgan murid qiyofasidir. Yaʼni Uni sirda koʻrayotgan soʻfiyning maqomidir. Til ilmi tariqatning koʻproq jahriya yoʻnalishi namoyandalari uchun juda ham zarur boʻlgan. Zikr jamoat holidagi, yaʼni samoʼ holidagi zikr hamda oʻz til, qalb va sir zikri deb ataladigan yakka zikr turlariga ham boʻlinadi.  Zikr turli tariqatlarda turlicha koʻrinish kasb etgan. Masalan: mavlaviya tariqatida jahriy oshkora zikrning samoʼ, oyin va hazrat degan turlardan iborat boʻlgan.

Tasavvufshunos turk olimi Usmon Turar oʻzining “Tasavvuf tarixi” asarida taʼkidlaganidek, jahriy zikr qiluvchi tariqatlarning silsilalari asosan hazrati Aliga borib taqaladi. Chunki jahriyani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Alini tiz choʻktirib, koʻzlarini yumdirgan holda uch marta “La ilaha illalloh”, deganlar. Shu jumladan Hazrati Aliga ham uch marta takrorlashni buyurganlar. Shu tariqa jahriya shialar zikriga aylangan [10:43].

Naqshbandiylikda esa oshkora zikr, xufiy yashirincha zikr, abadiy sanoqli zikr va qalb zikri mavjud boʻlgan. Ular oʻzini tasavvuf ahli ekanini sir saqlagan va hech kimni voqif qilmagan. Chunki naqshbandiya tariqatiga mansub soliklar riyokorlikdan yiroq boʻlgan va hatto karomatini ham oshkor qilmagan. Ular faqat xalq manfaati va islom ravnaqi uchungina karomat koʻrsatgan. Bahouddin Naqshband zikri jahriyni  bekor qilgan va xufiya zikrni faol qoʻllab-quvvatlagan.

Shuni ham unutmaslik kerakki, mutasavviflar til ilmi namoyon boʻlishining ikkinchi vositasi zikrdir, deb ham talqin qilgan. Buning maʼnosi zikr – soʻzlash, bayon qilish, yod olish, xotiradagini unutmaslik maʼnolarini angalatadigan arabcha kalimadir. Tasavvufda bu kalima gʻaflat va nisyon – esdan chiqarishning ziddi oʻrnida talqin qilingan. Zikr tasavvuf taʼlimotida barcha qoida, usul va odobning boshidir. Buyuk shayxlar zikrni shaytonga qarshi eng ulugʻ yarogʻdir, deb bashorat qilgan. Zikr qalbdan gʻam, qaygʻu va gʻussalarni haydab, dilga quvonch, farah va kenglik bagʻishlar; tafakkur maʼrifatning yuksalishini taʼminlaydi, har qanday yomonlikning ildizini quritadi, xato va gunohlarning oldini oladi.

Muhammad Porso zikrning turlari haqida ham toʻxtalib, quyidagicha yozadi: “Haq subhonahu va taoloning bandani zikr qilishi “Sizlarni ham zikr qilaman” oyati va unga zikrning barcha martabalarida, yaʼni til zikri, dil zikri, ruh zikri, sir zikri va xufiya zikrlarda tavfiq berib yodlaganidir [8:35].

Til ilmi inson qalbining egasi boʻlgan Allohni inson qanday til bilan qanday zikr qila olishini ifodalaydi. Aslida til oʻz xususiyati bilan Allohni toʻlaligicha ifodalay olmaydi. Shunda dil uning ijrosi boʻlib xizmat qiladi. Ana shunda nomutanosib harakatlar ogʻushida inson dili munosabat qilishga chogʻlanadi va “dil ba yor” iltijosi sodir boʻladi hamda oradagi nomutanosiblikka barham beradi. Shuning uchun naqshbandiylikda dil bilan qilinadigan munosabat eng oliy munosabat sifatida ulugʻlanadi.

Abu Lays Samarqandiy yuqorida zikr etilgan kitobida hazrati Dovud (a.s)ning duolaridan biri ham shunday boʻlganini keltiradi: “Ey, Parvardigor, men Sendan toʻrt narsani soʻrayman va toʻrt narsadan panoh tilayman. Soʻraydiganlarim: zikr qiluvchi til, shukur qiluvchi qalb, sabrli badan va dunyo oxiratimda yordam beradigan soliha xotin. Ammo menga xoʻjayinlik qiladigan farzanddan, sochim oqarishni boshlamasdan oq tushiradigan xotindan, menga azob beradigan moldan va mening yaxshiligimni yashiradigan hamda yomonligimni oshkor qiladigan qoʻshnidan panoh tilayman” [1:381].

Imom Gʻazzoliy oʻzining “Ihyo ulumid din” asarida taʼkidlaganidek, “foydali boʻladigan zikr – avomli va qalb huzuri ila boʻladigan zikrdir. Zikrning nihoyasida esa, uns va muhabbat tugʻilur. Kishi zikr etilajak Alloh ila unsiyat paydo etib, koʻnglida Alloh muhabbati hosil boʻlgunga qadar bir oz zahmat chekar. Soʻngra esa Allohni xotirlamasa tura olmaydigan holga kelar” [5:54].

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, insonning ruhiy kamolot vositasi boʻlgan til va dil ilmi chambarchas bogʻliqdir. Bu esa, tasavvuf taʼlimotidagi komil inson konsepsiyasining asosini tashkil etadi. Til ilmi solihning zohiriy ilmini takomillashtirsa, dil ilmi uning botiniy ilmini mukammallashtirgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul Gʻofilin.
  2. Ahmad Ibn Muzaffar Roziy. Latoiful Qurʼon. Qurʼoni karimdagi nozik iboralar. – T.: Zilol buloq, 2022.
  3. Berdiyayev. N. Opыt paradoksalnoy etiki. – M.: Ast. 2003.
  4. Zoirov E. Yaʼqubi Charxiyning tasavvufiy irfoniy qarashlari. – Buxoro: Durdona, 2023.
  5. Imom Gʻazzoliy. Ihyo ulmid din.
  6. Karimov S. Inson qalbini poklovchi taʼlimot. Monografiya.
  7. Qof surasi. 18-oyat.
  8. Muhammad Porso. Risolai qudsiya. –T.: Movarounnahr. 2020.
  9. Porso. Risolai qudsiya.
  10. Usmon Turar. Tasavvuf tarixi.
  11. Shayx Najmiddin Kubro. Tasavvufiy hayot. – B.170; Yaʼqub Charxiy. Risolai unsiya. –B.13.
  12. Shayx Najmiddin Kubro. Tasavvufiy hayot.
  13. Yaʼqub Charxiy. Risolai unsiya.
SOHIBNAZAR KARIMOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori,
falsafa fanlari doktori

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …