Home / ALLOMALAR / XORAZMNING ILK ROVIYLARI

XORAZMNING ILK ROVIYLARI

Uygʻonish davri tarixini oʻrganish jarayonida shu narsaga amin boʻlamizki, Xorazm oʻlkasi VIII asrdan musulmon dunyosiga juda koʻplab olimlarni yetishtirib bera boshlaydi. Birgina “Xorazmiy” taxallusi bilan ijod qilgan olimlarning oʻzi juda koʻpchilikni tashkil qilgan [8]. Xorazm olimlarga boy, ilm markazlarining buyugi va eng yuksagi edi. Ushbu arab boʻlmagan diyor islomiy taʼlim va gʻoyalarda katta iz qoldirgan yuzlab ulamo, faqih, muhaddis, mufassir va adiblarni yetishtirib chiqardi. Xorazm xalqi ilm va madaniyatga muhabbatli kishilar boʻlib, Maqdisiy ularni “zakovat, ilm, isteʼdod va odob ahli” deb taʼriflaydi [4:284]. Boshqa oʻrinda esa “Xurosonda  xorazmlik shogirdi boʻlmagan fiqh, Qurʼon va adabiyot imomini topmaslik juda ham nodir holat” degan edi [9: 27].

Hayratlanarlisi shuki, Xorazm arablar tomonidan egallanganidan koʻp oʻtmay, bu diyordan koʻplab olimlar yetishib chiqa boshlaydi. Ayniqsa, hadis ilmida bu yaqqol koʻzga tashlanadi. Hijriy 158 va 159-yillarda tugʻilgan Mujohid ibn Muso hamda Dovud ibn Rashid Xorazmiy Xorazmda hadis ilmini oʻrganishni boshlab berganlardan va bu yerdagi ilk hadis roviylaridandir. Shundan keyin Xorazmdan koʻplab roviy va muhaddislar yetishib chiqa boshlaydi.

Shu paytgacha Xorazmda hadis ilmi mavzusi alohida tadqiqot obyekti sifatida oʻrganilmagan boʻlsa-da, baʼzi adabiyotlarda bu boʻyicha ayrim maʼlumotlar uchraydi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida olib borilayotgan tadqiqotlarni, shuningdek Z.Munavvarov, misrlik tadqiqotchi Hind Husayn Toha va turkiyalik tarixchi G.Dursun kabi tadqiqotchilar asarlarini bunga misol qilishimiz mumkin.

Umuman olganda, Xorazm roviylari yoki muhaddislari mavzusi kam oʻrganilgani va bu borada adabiyotlar kamligi uchun maqolani yoritish jarayonida asosan yozma manbalarga murojaat qilindi.

Mavzuni yoritishda muammoli xronologik, tarixiy-qiyosiy, tarixiy-bayon va boshqa metodlardan foydalanildi.

Islom dini Movarounnahr va Xorazmga VIII asr boshlarida kirib kelgan boʻlsa, shu asrning ikkinchi yarmidan turli islomiy ilmlar rivojlana boshladi. Hadisshunoslik eng taraqqiy etgan sohalardan biri boʻldi. Samarqand, Buxoro va Nasaf kabi shaharlar qatori Xorazmdan ham koʻplab buyuk muhaddislar yetishib chiqdi [5]. Mujohid ibn Muso Xorazmiy va Dovud ibn Rashid Xorazmiyni shular qatoriga qoʻshish mumkin.

Mujohid Xorazmiyning toʻliq ismi Abu Ali Mujohid ibn Muso ibn Farrux boʻlib, uni zamondoshlari hofiz, imom va zohid deb tan olgan. Mujohid ibn Muso 775 (h. 158) yilda Xorazmda tugʻilib, boshlangʻich taʼlimni shu yerda olgan va umrining katta qismini Bagʻdodda oʻtkazgan. U yerda Sufyon ibn Uyayna, Yahyo ibn Salim at-Toifiy, Hoshim ibn Bashir, Abdulloh ibn Idris, Qosim ibn Molik al-Muzaniy va boshqa muhaddislardan taʼlim olgan [8: 90]. U kishidan Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasaiy, Ibn Moja, Abu Dovud va boshqalar hadis rivoyat qilgan [2:292].

Barcha muhaddislar Mujohid ibn Musoning hadis rivoyatida ishonchli ekanini taʼkidlagan. Xorazmlik muhaddis Abu Bakr Barqoniy (948-yil tugʻilgan) Muhammad ibn Abbosdan rivoyat qilib, bunday deydi: “Bizga Ahmad ibn Muhammad ibn Masʼada Fazzoriy soʻzlab berdi, u Jaʼfar ibn Darstavayhdan, u Ahmad ibn Muhammad ibn Qosim ibn Muhrizdan soʻzladi: Yahyo ibn Maʼiyndan Mujohid ibn Muso Xorazmiy haqida soʻradim, u: “Siqa, ishonchli”, dedi” [5].

Ibn Abi Hotim ar-Roziy (vaf.938) “Al-Jarh vat-tadil” asarida otasidan Mujohid ibn Muso haqida soʻraganini va otasi “u ishonchli” deb javob berganini yozadi [10]. Xatib al-Bagʻdodiy ham (vaf.1071) oʻzining “Bagʻdod tarixi” asarida Yahyo ibn Maʼiyndan xorazmlik roviy haqida soʻraganida, mashhur muhaddis “u ishonchli odam, unda hech qanday ayb yoʻq” deb javob berganini yozadi [10].

Mujohid ibn Musodan koʻplab mashhur muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Undan kelgan hadislar “Sahihi Muslim”, toʻrt “Sunan” va boshqa hadis toʻplamlarida uchraydi [5].

Imom Nasaiy xorazmlik roviydan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: “Bizga Mujohid ibn Muso xabar qildi: “Ismoil ibn Ulayya bizga Yunusdan, u Hasandan, u Abu Muso Ashʼaridan rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ikki musulmon bir-biriga qilich oʻqtalsa va bittasi sherigini oʻldirsa, oʻldirguvchi ham, oʻldirilgan ham doʻzaxdadir”, dedilar. Shunda bir kishi: “Ey Rasululloh, mana bu-ku qotil, oʻldirilgan nima uchun?” dedi. U zot: “Chunki u ham sherigini oʻldirmoqchi edi”, dedilar” [5].

“Sahihi Ibn Hibbon” asariga murojaat qiladigan boʻlsak, quyidagi hadisni keltirish mumkin: “Bizga Abu Yaʼlo xabar berdi: Mujohid ibn Muso bizga xabar berdi: “Isʼhoq Azraq aytdi: “Zakariyo ibn Abu Zoida bizga Muhammad ibn Abdurahmon ibn Saʼd ibn Zuroradan, u Ibn Kaʼb ibn Molikdan, u otasidan rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining mol va shuhratga boʻlgan hirsi uning dini uchun qoʻylar orasiga qoʻyib yuborilgan ikki och boʻridan ham yomonroqdir”, dedilar” [5].

Imom Zahabiy (vaf.1348) “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida roviylardan biri Mujohid ibn Muso boʻlgan bir hadisni keltiradi. Unga koʻra, Abdulloh ibn Abu Qatoda otasidan rivoyat qilgan: “Rasululloh (s.a.v) “peshin namozi (farzi)ning avvalgi ikki rakatida qiroat qilardilar. Baʼzida ayrim oyatlarni bizga eshittirib qoʻyardilar. Birinchi rakatni uzunroq, ikkinchi rakatni qisqaroq oʻqirdilar. Asr namozining ham avvalgi ikki rakatida (shunday) qiroat qilardilar” (Fotihadan keyin zam sura oʻqilishi toʻgʻrisidagi bu sahih hadisni Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilgan) [2:293].

Mujohid Xorazmiy sakson olti yoshida, 858 (h. 244) yil rabiul avval oyida, juma kuni vafot etgan. Imom Zahabiyning xabar berishicha, Mujohid ibn Muso Ahmad ibn Hanbaldan olti yosh katta boʻlgan [11].

Keyingi roviy Abu Fazl Dovud ibn Rashid Xorazmiy ham asli xorazmlik boʻlib, Bagʻdodda yashagan. Bani Hoshimning mavlolaridan boʻlib, ilm talabida yurt kezgan hadis ilmi sohibidir. Xorazmlik roviydan Muslim ibn al-Hajjoj, Ibn Moja, Nasaiy, Abu Dovud va koʻplab muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Milodiy 776 (h. 159) yilda tugʻilib, 854 (h. 239) yilda vafot etgan [2:188; 6:75; 8:90].

Barcha ulamolar Dovud ibn Rashidning hadis rivoyatida ishonchli ekanini taʼkidlagan. Xususan, Yahyo ibn Maʼiyn: “Dovud ibn Rashid – siqa”, deb aytgan boʻlsa, Ibn Saʼd (vaf.845) “At-tabaqot al-kubro” asarida “Dovud ibn Rashid Xorazm ahlidan, u Valid ibn Muslim, Baqiy ibn Valid, Ismoil ibn Abbos va boshqa shomliklardan rivoyat qilgan boʻlib, ishonchli roviy”, deb xabar beradi [12].

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy esa “At-tarix al-kabir” asarining “Dinor bobi”da xorazmlik roviy haqida shunday maʼlumot keltirgan: “Abu Fazl Dovud ibn Rashid Bagʻdodda yashagan. Abul Malih Hasan, Valid ibn Muslim va boshqalardan (hadis) eshitgan” [12]. Ibn Abi Xatim ar-Roziy (vaf. 938) ham “Jarh va taʼdil” asarida Dovud ibn Rashidni “ishonchli (sodiq)” roviy ekanini yozadi [12].

Abu Fazl Xorazmiy rivoyat qilgan hadislardan misol keltirsak. Xatib Bagʻdodiy (vaf.1071) “Tarixi Bagʻdod” kitobida bunday hadis keltiradi: “Abdulmalik ibn Muhammad ibn Abdulloh Voizning bizga xabar berishicha, u Abu Sahl Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ziyod al-Qattondan, u Muhammad ibn al-Munadiydan, u Dovud ibn Rashid (Xorazmiy)dan, u esa Ibn Aliyadan, u Hajjoj ibn Abi Usmondan, u Yahyo ibn Abi Kasirdan, u Abu Salamadan, u esa Abu Hurayradan bunday rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Juvon ayolning roziligi olinmaguncha, u nikoh qilinmaydi, qizdan esa bu haqda ruxsat soʻraladi”. “Ey, Rasululloh, uning ruxsati qanday boʻladi?”, deb soʻrashdi. Rasululloh: “(uning ruxsati) sukut qilishidir”, dedilar [12].

Imom Zahabiy (vaf. 1348) oʻz kitobida quyidagi hadisni keltiradi: “Men Abul Maʼoiliy Ahmad ibn Isʼhoqqa oʻqib berdim. U kishiga Muborak ibn Abul Juvd, u kishiga zohid Ahmad ibn Abu Gʻolib, u kishiga Abdulaziz ibn Ali, u kishiga Abu Tohir Muxallis, u kishiga Abdulloh Bagʻaviy, u kishiga Dovud ibn Rashid, u kishiga Abu Ismoil Muaddib roviy Aʼmashdan, u kishi Abu Solihdan rivoyat qiladi:

Abu Hurayra soʻraydi: “Ey Rasululloh, menga jannatga kiritadigan narsani loʻnda qilib oʻrgating”. Shunda u zot: “gʻazablanma” dedilar” [2:189; 12].

Imom Zahabiy asaridagi quyidagi ajib hikoya Abu Fazl Xorazmiyning ichki olami naqadar chiroyli, xulqi goʻzal, qalbi pok ekanini koʻrsatadi va insonni oʻyga toldiradi. Shuningdek, yurtimizda yashab oʻtgan ota-bobolarimiz naqadar buyuk boʻlganini bildiradi.

Bir kuni Dovud ibn Rashid Xorazmiy Ibrohim Harbiyga aytadi: “Bir kecha namoz oʻqish uchun turganimda kiyimim yupqaligidan sovqotib, uxlab qolibman. Tushimda: “Ey Dovud, ularni uxlatib, sizni uygʻotdik. Biz uchun iltijo qilib yigʻlamaysizmi?” degan ovozni eshitdim”. Harbiy: “Dovud shundan keyin uxlamadi, yaʼni tungi tahajjudni tark qilmadi, deb oʻylayman”, degan” [2:189].

Xulosa va takliflar.   Avvalgi eʼtiqodi zardushtiylik boʻlgan Xorazm vohasiga islom dini kirib kelishi va yoyilishi bilan bir vaqtda bu hududda “son-sanoqsiz” olimlar dunyoga kelishni boshlaydi. 1203-yilda Gurganch shahrida boʻlgan eronlik adib Muhammad Avfiy shaharda ilm odamlarining koʻpligidan hayratlanib: “Bu shaharda ilm ahli Koʻk yuzidagi yulduzlar kabi koʻp”, degan edi [7:249].

Aksariyat kishilar Xorazmdan faqat Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi dunyoviy fan olimlari yoki Mahmud Zamaxshariy kabi katta tilshunoslar yetishib chiqqan, deb biladi. Lekin bu diyorda ulugʻ roviylaru muhaddislar ham tugʻilgani, ular rivoyat qilgan hadislar buyuk muhaddislarning hadis toʻplamlarida keltirilgani va bu oʻlkaga hatto Imom Buxoriy ham hadis izlab kelgani [3: 47] ayni haqiqatdir.

Agar Musulmon Renessansi davridagi Xorazmga ilm-fan tomonidan qaraydigan boʻlsak, u oʻzida jilolanib turgan va har bir toshi alohida, oʻzgacha yogʻdu taratadigan mozaikani ifodalaydi. Rostdan ham, Xorazm arablar fathidan boshlab to moʻgʻullar istilosigacha boʻlgan davrda ilm-fanning deyarli barcha sohalaridagi olimlarni yetishtirib berdi, ularga beshik boʻldi. Bu diyor buyuk faylasuflarni ham, matematik va astronomlarni ham, tabibu adiblarni ham, ulugʻ muhaddis va mashhur faqihlarni, mufassiru mutakallimlarni ham kamolga yetkazdi.

Birgina hadis ilmini oladigan boʻlsak, Xorazmda afrigʻiylar va maʼmuniylar davrida quyidagi sodiq roviy va muhaddislar yetishib chiqqan: Dovud ibn Rashid, Mujohid ibn Muso, Abdulloh ibn Ubay, Abu Yusuf Yaʼqub ibn Jarroh, Abu Abdulloh Solih ibn Molik, Abul Husayn Muhammad ibn Husayn Hayyot, Abu Umar Horis ibn Surayj Naqqol, Ali ibn Ahmad Vasiy, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Bemor, Abu Bakr Muhammad ibn Dovud Safardariy, Saʼid Usmon Atakiy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad Hazorasbiy, Abu Bakr Ahmad ibn Ibrohim Habbobiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barqoniy va hok. Olimlarning barchasi VIII-X asrlarda yashagan va  “Xorazmiy” nisbasi bilan tanilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bir taklifni ilgari surish mumkin: qaysi sabablar va omillar tufayli ilk Renessans davrida Xorazmdan har xil sohalarda koʻp va benazir olimlar yetishib chiqqanini va bu vohaning qaysi jihati tashqaridagi olimlar eʼtiborini oʻziga jalb qilganini alohida oʻrganish, tadqiq qilish kerak. Bir tomondan qaraganda, bu yerda faqat aniq va tabiiy fan olimlarini koʻrsak, boshqa tarafdan diniy ilm vakillarini koʻramiz. Uchinchi taraf ham borki, ularning bu iqlimda yashab, ijod qilgani aqlni shoshirib qoʻyadi. Bular aqlni birinchi oʻringa qoʻyuvchi moʻtaziliylar. Ha, shunday, oʻrta asrlarda Xorazmning oʻziga xos jozibasi boʻlganki, u asrlar davomida olimlar eʼtiborini oʻziga jalb etgan. Balki, bu Xorazmning sulh yoʻli bilan fath qilingani [1:83] va buning natijasida islom dini bu yerda ilm-maʼrifat orqali yoyilgani bilan bogʻliqdir. Bu boradagi keyingi tadqiqotlar bu fikrni yo tasdiqlaydi, yoki inkor qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Bazzoziy Muhammad ibn Muhammad al-Kardariy. Al-Bazzoziy fatvolari (arab tilida). 1-jild. – Bayrut, 2009.
  2. Zahabiy Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad. Mashhur daholar siyrati. – T., 2017.
  3. Islom ensiklopediyasi. 1-jild. – T., 2020.
  4. Maqdisiy. Ahsan ut-taqosim fiy maʼrifatil aqolim (arab tilida). –Qohira, 1991.
  5. Mirzayev B. Mujohid ibn Muso – xorazmlik ishonchli roviy // https://www.bukhari.uz/?p=24082
  6. Munavvarov Z. Renessans olimlari qomusi. – T., 2021.
  7. Orazsahedov A. Tarihte Gürgenç şehri. Doktora tezi. – Konya, 2018.
  8. Samʼoniy Abdulkarim. Nasabnoma. – T., 2017.
  9. Hind Husayn Toha. Xorazm iqlimida arab adabiyoti (arab tilida). – Bagʻdod, 1976.
  10. http://hadithtransmitters.hawramani.com/?p=98478#04dea2
  11. https://www.islamweb.net/ar/library/content/60/2094
Mardon XASANOV,
UrDU mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

SOʻGʻDLIK MUHADDISLAR TARIXI

Hijriy ilk asrlar (milodiy VII asr)dan boshlab Movarounnahr, ayniqsa koʻhna Samarqand hududidan koʻplab olimlar yetishib …