Muhaddis olimlar Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislarni oʻz uslubidan kelib chiqib jamlagan. Vaqt oʻtgandan keyin avvalgi muhaddislar tomonidan yozilgan asarlarni boshqa muhaddis yangi uslubda tartiblagan. Ayniqsa, musnad uslubida taʼlif etilgan asarlarni mavzularga boʻlgan holda qayta tartibga solish boʻyicha koʻplab ishlar olib borilgan. Buxorolik olim Abdulloh Subazmuniyning “Musnad”i boshqa usulda qayta tartiblangan kitoblar jumlasiga kiradi. Olimning bu asarida imom Abu Hanifa (vaf. 150/767)ning ustozlari rivoyat qilgan hadislar jamlangan. Jumladan, unda “Ma asnadahu al-imom Abu Hanifa an Abdulmalik ibn Umayr” [15:68], yaʼni “Imom Abu Hanifaning Abdulmalik ibn Umayrdan isnod bilan keltirgan hadisi”, deb keltiradi.
Muhaddis olim Abdulloh Subazmuniyning toʻliq ismi Abdulloh ibn Muhammad ibn Yaʼqub ibn Horis ibn Xalil Ustoz Imom Hofiz Faqih Subazmuniy Horisiy Kaloboziy (258-340/872-952) boʻlib, u Buxorodan yarim farsax (1,5 km.) uzoqlikdagi Subazmun qishlogʻida 258/872-yili tavallud topgan. Olim faqih va muhaddis boʻlib tanilgan.
Abdulloh Subazmuniy hanafiy mazhabining mashhur faqihlaridan hisoblanib, manbalarda muhaddis va tilshunos olim boʻlgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham keltirilgan. Oʻz zamonasida odamlar imom Subazmuniydan doimiy ravishda olgan maslahatlarida biror marta xato uchramagani uchun unga “Ustoz” laqabini bergan. Olim Iroq, Hijoz va Xuroson shaharlariga koʻplab sayohat qilganidan “Al-Javvol” (jahongashta, sayohatchi) laqabini olgan, shuningdek, hadis va adabiyotdan dars ham bergan. Muhaddis olim 340/952-yili shavvol oyining 5-juma (4-mart) kunida vafot etgan. Uning tugʻilgan va vafot etgan yillari xususida ixtilof yoʻq. Qabri oʻzi tugʻilib oʻsgan Subazmun qishlogʻida joylashgan [5:291] [9:82]. Shuningdek, Ahmad ibn Mahmud Buxoriy “Tarixi Mullozoda (Buxoro mozorolari)” asarining “Subazmundagi qabrlar toʻgʻrisida”gi bobida olimning mozori haqida “… ulugʻ shayx va mashhur imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Yaʼqub ibn Horis Subazmuniy qaddasallohu taolo ruhahuning pokiza qabri ham oʻsha yerdadir” [1:92], degan maʼlumotni keltirgan. Bu fikrni muhaddis, tarixchi, hanafiy faqihi Abdulhay Laknaviy ham (vaf. 1304/1887) “Al-Favoid al-bahiyya” asarida tasdiqlagan [5:291]. Hozirda bu qabriston faoliyatini toʻxtatgan. Shuningdek, aniq maʼlumotlar boʻlmani bois olim qabrini aniqlashning imkoni yoʻq.
Abdulloh Subazmuniy haqida yozilgan manbalarda uning bir necha asarlari bor (lahu tasonif) ekani aytilgan [3:496]. Hozirga qadar uning “Musnad Abi Hanifa” va “Kashf al-osor fi manoqib Abu Hanifa” (bu asar qisqacha qilib “Kashf al-osor” deyiladi – D.M) asarlari yetib kelgan. Ushbu “Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa” asari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida 3105-raqami ostida saqlab kelinmoqda. Ammo “Musnad Abu Hanifa” asarining Oʻzbekistondagi nusxalari haqida maʼlumot mavjud emas.
Shuningdek, olim “Kashf al-osor fi manoqib Abu Hanifa” asarining Muhammad ibn Bishr rivoyatida: “U Abu Hanifa orqali koʻp rivoyat qilgan boʻlib, aksariyati gʻaribdir va ularning koʻpini “Musnad” kitobida keltirib oʻtdik” [8:85a], “U rivoyat qilgan hadislar koʻp boʻlib, ularni “Musnad” kitobida zikr qildik”, deb keltirgan. Ushbu maʼlumotga tayanib, “Musnad” asari “Kashf al-osor”dan oldin yozilgan, degan xulosaga kelish mumkin. Bu kabi holatlar koʻp takrorlansa-da, biroq Abdulloh Subazmuniy boshqa asari haqida maʼlumot keltirmagan.
Muhaddisning “Musnad”ida Imom Abu Hanifaning shayxi zikr etilib, soʻngra u rivoyat qilgan hadislar bayon qilingan. Masalan, “Abu Hanifa Hakam ibn Utaybadan rivoyat qilgan hadislar”, deb Hakamdan qanday hadislar rivoyat qilgan boʻlsa, ularni birma-bir keltirgan. Bu holat odatdagi musnad yozish uslubidan farq qiladi[1]. Asarda, umumiy hisobda Imom Abu Hanifaning 79 ta shayxi ishtirok etgan. Mazkur asar Abu Muhammad Asyutiy tomonidan tadqiq qilinib, 2008-yilda nashr etilgan [15:336]. Unda 915 ta hadis jamlangan boʻlib, mashhur muhaddis Ibn Manda (vaf. 395/1005) rivoyati orqali yetib kelgan. Shuningdek, aniq maʼlumotlar boʻlmagani bois olim qabrini aniqlashning imkoni yoʻq.
Abdulloh Subazmuniyning ushbu “Musnad” asari keyinchalik boshqa hanafiy muhaddislari tomonidan qayta ishlangan. Ulardan biri alloma Muso ibn Zakariyo ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Soid Haskafiy Qoziy Sadruddin (vaf. 650/1252)dir. U asarni muxtasar holatga keltirgan. Olim Halabga kelib, shu yerda yashab, faoliyat yuritgan va faqih boʻlib tanilgan. Keyinchalik Qohiraga borib, Jahorkas madrasasida fiqh va boshqa fanlardan dars bergan. Shu bilan birga, Halab va Qohirada hadis rivoyat qilish bilan ham shugʻullangan. Umrining oxirini Qohirada oʻtkazgan va oʻsha yerda vafot etgan. Haskafiy Imom Iftixoruddin Abdulmuttalib ibn Fazl Hoshimiy Abu Hoshimdan hadis eshitgan boʻlsa, Dimyotiy kabi ulugʻ muhaddisga ustozlik qilgan [14:316].
Haskafiy orqali yetib kelgan asarda, hadislar bir necha bor takror kelgan boʻlsa, qolganlarida isnodning oʻzi zikr qilingan. Bu esa, boshqalar ham bu hadisni naql qilganini bildiradi. Muxtasar qilingan joyda “Qola Abu Muhammad…” (Abu Muhammad dedi…), deb taʼkidlangan oʻrinlar koʻp uchraydi [12:176]. Bular orqali Subazmuniy keltirgan isnodlar oʻrnini bilish mumkin. Bu esa, bir hadisning koʻplab isnodlari mavjudligini koʻrsatish yoʻlidir. Chunki hadis ilmi qonuniyatlariga koʻra, hadis isnodlari qancha koʻp boʻlsa, oʻsha rivoyat kuchli hisoblangan. Masalan, Imom Abu Hanifa oʻz shayxidan bir hadis aytsa, uni Abu Hanifaning nechta shogirdi rivoyat qilgan boʻlsa, oʻshalarda hadis matni keltirilmagan.
Haskafiydan soʻng uning kitobini shayx, alloma Muhammad Obid Sindiy Madiniy (vaf. 1257/1839) fiqhiy masalalar tartibiga koʻra joylashtirgan. Sindiyning toʻliq ismi Muhammad Obid ibn Ahmad Ali ibn Muhammad Murod ibn Yaʼqub Hofiz ibn Mahmud Ansoriy Xazrajiy boʻlib, Sindda (Pokiston) dunyoga kelgan. Bobosi oilasini arab yerlariga olib borgan va oʻsha joylarda yashab qolgan. Olim avval Hijozda, keyin Yamanda yashagan. Oʻz davrida hadis, fiqh va hatto tabobatni ham oʻrgangan [7:5]. Bir qator kitoblar, xususan, “Mihnat al-Boriy fi jamʼ rivoyat al-Buxoriy”, “Tartib musnad al-imom ash-Shofeʼiy”, “Al-Mavohib al-latifa sharh musnad al-imam Abu Hanifa” va boshqalarni yozgan.
Sindiy “Musnad”ni Abu Hanifa ustozlarini bilmagan tolibi ilmlarning undan hadislarni oson topishi uchun fiqhiy tartibda joylashtirgan [11:138]. Asar fiqhiy tartibda boʻlsa ham unda fiqhga oid boʻlmagan imon, shamoyil, ilm va boshqa shu kabi masalalarga ham oʻrin ajratilgan. Kitob nomini “Tartib musnad al-imom Abu Hanifa bi rivoyat al-Haskafiy” deb nomlagan [7:5]. Ushbu asar Abu Barakot Haqqunnabiy Sindiy Azhariy tomonidan nashrga tayyorlangan va 2016-yili Misrda chop etilgan.
Asardagi oʻttiz uch kitobda besh yuz yigirma toʻqqiz hadis oʻrin olgan boʻlib, u “As-Sindiy musnadi” nomi bilan yuritilgan. Eng katta bob namozga oid boʻlib, unda 119 ta hadis keltirilgan. Asarda yana raqamlanmagan baʼzi hadislar boʻlib, ular 77 tani tashkil etgan va ular “va fi rivayatin”, yaʼni “yana bir rivoyatda” deb berilgan. Bu rivoyatlarda oʻzidan yuqorida boʻlgan va raqamlangan hadislarning mazmuniga mos boshqa hadis keltirilgan. Masalan, nikoh kitobida, Abu Hanifa Yunus ibn Abdullohdan, u otasidan, otasi Robi ibn Sabra Juhaniydan, u yana otasidan rivoyat qilgan: “Rasululloh (s.a.v.) Makka fathi kuni ayollarga vaqtincha uylanishdan qaytardilar”. Bu rivoyatga raqam qoʻyilgan boʻlib, uning ortidan “yana bir rivoyatda” deb: “Haj yili mutʼadan qaytardilar” va davomida “yana bir rivoyatda” deb: “Rasululloh (s.a.v.) fath kuni ayollarga vaqtincha uylanishdan qaytardilar”, deyilgan [7:106]. Agar bularni ham alohida hisoblasa, kitobda jami 196 ta hadis keltirilgan boʻladi. Shu oʻrinda aytish lozimki, bu asar hadis ilmiga oid ekani uchun faqat hadislar sanab oʻtilgan boʻlib, fatvolar berilmagan, sharh ham qilinmagan. Asarning istibro va rahn kitoblarida bittadan rivoyat zikr qilingan. Shu bilan birga, Sindiy kitobning kirish qismida “Amallar niyatga bogʻliq” hadisini keltirgan [7:39] va uni asosiy hadislar qatoriga qoʻshmagan.
Asarning yana bir xususiyati hadislarni bahs orasida rivoyat qilishdir. Jumladan, namoz kitobining 18-hadisida Sufyon ibn Uyayna (vaf. 198/814) shunday degan: “Abu Hanifa va Avzoiy Makkada Dorul hannotda uchrashdi. Avzoiy Abu Hanifaga: Sizlarga nima boʻlganki, namozda qoʻllaringizni rukudan oldin va keyin koʻtarmaysizlar?” deganida, Abu Hanifa: “Chunki bu boʻyicha Rosululloh (s.a.v.)dan sahih hadis kelmagan”, dedi. Avzoiy: “Qanday qilib sahih emas, Menga Zuhriy Solimdan, u otasidan (Abdulloh ibn Umar), u Rasululloh (s.a.v.)dan hadis aytgan: “U zot namoz boshlashda rukudan oldin va keyin qoʻllarini koʻtarar edilar”, dedi. Abu Hanifa unga: “Bizga Hammod Ibrohimdan, u Alqama va Asvaddan, ular Ibn Masʼuddan hadis aytib bergan: “U zot faqat namozga kirishlarida qoʻl koʻtarganlar, bu ishni qaytib qilmaganlar”, dedi. Shunda Avzoiy: “Men senga Zuhriydan, Solimdan, otasidan deb hadis aytsam, sen Hammoddan, u Ibrohimdan kelgan hadisni aytding!”, dedi. Abu Hanifa: “Hammod Zuhriydan faqihroq, Ibrohim Solimdan faqihroq, Alqama fiqhda Ibn Umardan kam emas. Ibn Umarning sahobiy fazilati bor. Asvadning ham koʻplab fazilatlari bor. Abdulloh Abdulloh-da!”, deganida Avzoiy sukut saqlab qoldi” [7:70].
Subazmuniy oʻz “Musnad”ini Imom Abu Hanifa ustozlari asosida tuzib chiqqani uchun ham uni qayta tartiblash jarayonida bu holat saqlanib qolgan. Umumiy hisobda Imom Abu Hanifaning 89 nafar shayxi – ustozi zirk qilingan. Hatto ular orasida bir nafar ayol shayxi boʻlganini ham bilish mumkin. Shuningdek, ustozlari orasida Hammod, Ato ibn Abu Raboh kabi olimlarning boʻlishi va ulardan koʻp dars olganiga ham ishora qilish holatlari kuzatiladi. Shu bilan birga, Muhammad Obid Sindiy asarga “Al-Mavahib al-latifa fil haram Makkiy bi sharh Musnad al-imom Haskafiy” nomi bilan sharh ham yozgan. Musnadlar orasidagi eng katta sharh ehtimol shu boʻlishi mumkin [11:155]. Bundan tashqari, Muhammad Hasan Sunbuhaliy (vaf. 1305/1887) Sindiy asarini “Tansiq an-nizom bisharh Musnad al-imom” nomi bilan sharhlagan va uning muqaddima qismida asardagi roviylar haqida qimmatli maʼlumotlarni keltirgan [11:157]. Bu asarda 521 ta hadis sharhlangan [10:682]. Biroq bu asarning qirish qismi juda qisqa boʻlib, ilmiy tadqiq qilinmagan. Shu bilan birga, bu asarga Ali Qori tomonidan yozilgan sharh Hindistonda 1312/1894-yili Haraviy tomonidan nashr etilgan [11:138].
Ikkinchi olim Mahmud ibn Ahmad ibn Masʼud Jamoluddin Qunaviy Dimashqiy (vaf. 771/1369) ham Abdulloh Subazmuniy asarini muxtasar qilib, “Al-Mutamid muxtasar al-Musnad” (“Musnadning muxtasariga tayanch”), deb nomlagan [11:143]. Ammo asarning qoʻlyozma nusxasiga “Al-Mutamid ahodis al-Musnad”, deb nom berilgan [13:23a]. U asarni fiqhiy masalalar tartibiga koʻra, oʻttiz uch bobga boʻlib chiqqan. Soʻngra uni “Al-Mustanid sharh al-Mutamid” nomi bilan sharhlagan. Biroq bu asar haqida boshqa maʼlumot yoʻq. Shu oʻrinda aytish mumkinki, ushbu olim tafsir, kalom, fiqh va boshqa sohalarda ham qalam tebratgan serqirra ijod sohibidir.
Uchinchi olim esa, Zaynuddin Qosim ibn Qutlubugʻo (vaf. 879/1474) boʻlib, u ham Horisiy (Subazmuniy) asarini Abu Abdulloh Muhammad ibn Husayn ibn Xusrav Balxiy (vaf. 576/1183) kabi boblarga boʻlgan holda rivoyat qilgan va u “Ibn Qutlubugʻo Musnadi” deb yuritilgan [11:149]. Boshqa oʻrinda “Tabvib Musnad lil Horisiy” [4:972] nomi bilan zikr qilingan.
Imom Subazmuniyning “Musnad” asari hanafiy mazhabida yozilgan Isfahoniy va boshqa olimlarning “Musnad”laridan hajman katta boʻlib, muhaddislar hamda keng xalq ommasiga moʻljallangan manbalardan biri sifatida qadrlidi. Buni “Musnad”ga yozilgan muxtasar va sharhlarning koʻpligidan ham bilish mumkin. Shu bois, hanafiy olimlarining hadis toʻplamlari orasida Imom Subazmuniyning “Musnad” va Xorazmiyning “Jomeʼ al-masonid” asarlari eng koʻp zikr qilingan.
Hanafiy olimlari keyingi davrlarda oʻz mazhabiga nisbatan qilingan tuhmat va turli koʻrinishdagi ziddiyatlardan, jumladan, hadislar xususidagi ixtiloflardan oʻzlarini hadis ilmiga oid asar yozish bilan himoya qilgan. Natijada, hanafiy olimlari tomonidan yaratilgan hadis kitoblari paydo boʻla boshlagan. Bu turdagi kitoblarda asosan Imom Abu Hanifadan rivoyat qilingan va ushbu mazhabda hujjat sifatida ishlatiladigan hadislar jamlangan. Mana shunday manbalardan Abdulloh Subazmuniyning “Musnad” va “Kashf al-osor fi manoqib Abu Hanifa” asarlari oʻrin olgan.
Hanafiy mazhabi olimlaridan Abu Muayyad Muvaffaq ibn Ahmad ibn Isʼhoq Makkiy Xorazmiy (vaf. 568/1172) Abu Hanifaga nisbat berilgan 15 ta musnadlardan fiqhiy masalalarda saylanma yozgan va ular orasida eng koʻp foydalangani Abdulloh Subazmuniy Buxoriyning “Musnad”idir. Shuningdek, Abu Muayyad Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad Xorazmiy (vaf. 665/1266) kabi olimlar ham oʻz asarlarini yaratishda undan keng foydalangan.
Hanafiy muhaddislarining asosiy eʼtibori va olib borgan ishlari Imom Abu Hanifaning muhaddislik faoliyatini toʻliqroq koʻrsatishga qaratilgan. Shuningdek, ular imomni “hadislarni yaxshi bilmaydi”, degan asossiz gaplardan himoya qilish uchun ham hadislardan hujjat toʻplagan.
Xulosa qilib aytganda, Abdulloh Subazmuniyning “Musnad” asari koʻplab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar Abdulloh Subazmuniyning asari ustida olib borilgan izlanishlar koʻlami keng ekanini koʻrsatadi. Ayni paytda, Imom Subazmuniy “Musnad”ining mintaqamiz olimlari tomonidan tadqiq qilinishi ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, Sindiy asaridagi roviylarni chuqur oʻrganish yurtimizdan yetishib chiqqan barcha hanafiy muhaddislar haqida toʻliqroq maʼlumot olish imkonini bergan.
- Buxoriy Ahmad. Tarixi mullozoda dar zikri mozoroti Buxoro / tarjimon Rahimov K. – T.: Fan, 2019.
- Yoʻldoshev N., Qurbonov H. Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi. – Buxoro: Buxoro nashriyoti, 2001.
- Zahabiy. Mizon al-iʼtidol fi naqd ar-rijol. Shahri koʻrsatilmagan. Dor ihyo al-kutub al-arabiyya, 1963. – J. 2.
- Kattoniy Abdulhay. Fihras al-fahoris val asbat. – Bayrut: Dor al-Gʻarb al-islomiy, 1982. – J. 2.
- Laknaviy Abdulhay. Al-Favoid al-bahiyya fi tarojum al-hanafiyya. – Bayrut: Dor al-Arqam, 1998.
- Sindiy Obid. Al-Mavohib al-latifa sharh musnad al-imam Abi Hanifa. – Dimashq: Dor an-navodir, 2013. – T. 1.
- Sindiy Obid. Tartib musnad al-imom Abi Hanifa bi rivoyat al-Haskafiy. – Qohira: Dor al-ehson, 2016.
- Subazmuniy Abdulloh. Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa. –Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti, – Qoʻlyozmalar asosiy fondi. – Qoʻlyozma № 3105. – 256 varaq.
- Suxareva O.A. Kvartalnaya obщina pozdnefeodalnogo goroda Buxarы. – M.: Nauka, 1976.
- Tartib Musnad al-Imom al-Aʼzam / Min rivoyat al-qodiy al-imom al-muhaddis alloma Sadr ad-din Muso ibn Zakariyo al-Haskafiy rh. li-Xotimat al-Hofiz Muhammad Obid as-Sindiy al-Ansoriy rh. Maa sharh Tansiq an-nizom fi Musnad al-Imom li-Muhammad Hasan as-Sunbuliy rh. Yangi nashr. – Karachi: Maktabat al-Bushro, 2010.
- Urkazaiy, Muhammad Amin. Masonid al-imam Abu Hanifa. – Karachi: Al-Qodir barnatak sentr. 1978.
- Xaskafiy Muso. Muxtasar musnad Abu Hanifa. – Qohira: Qoʻlyozma. Al-Azhar kutubxonasi. № Inv. № 311832. – 176 varaq.
- Qunaviy Mahmud. Al-Mutamid ahodis al-Musnad. Qoʻlyozma / Ustoz Muhammad ibn Turkiy at-Turkiy shaxsiy kutubxonasi. 40 varaq. https://www.alukah.net/library/0/112140/.
- Qurashiy Abdulqodir. Al-Javohir al-muziyya. – Al-Qohira: Hijr, – T.3.
- Horisiy Abu Muhammad. Musnad Abi Hanifa / tahqiq Abu Muhammad Asyutiy. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2008.