Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, allomalar ilmiy merosini oʻrganish, ularni oʻzbek tiliga tarjima qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan koʻplab ishlar amalga oshirildi. Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur asari butun musulmonlar uchun Qurʼoni karimdan keyingi muhim manbadir. Asarda keltirilgan hadislar insonlarning maʼnaviy ongi, odob-axloqi, madaniyati va komil inson tarbiyasi uchun xizmat qilgani bois, uni har jihatdan puxta oʻrganish zarur.
Imom Buxoriyning ushbu asari borasida olib borilgan tadqiqotlar, avvalo, uning qoʻlyozma nusxalariga bevosita bogʻliq. Zero, asarga bogʻliq barcha ilmiy va faraziy taxminlarda uning ilk asr va keyingi davrlarda koʻchirilgan nusxalari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada turk tadqiqotchisi D.Fuad Sezgin (1342-1439/1964-2018) oʻzining “Tarix at-turos al-arabiy” (“Islom ilmlari tarixi”) nomli asarida “Sahihul Buxoriy” asari qoʻlyozma nusxalari boʻlimida quyidagilarni keltiradi: “Sahihul Buxoriy” asari qoʻlyozma nusxalari arab olamidagi deyarli barcha kutubxonalarda uchraydi. Nusxalar orasida biz bilgan eng qadimiy qoʻlyozma – 370-390/980-999-yillarda Marvaziy rivoyatiga koʻra koʻchirilgan “Minjana” nusxasi ham bor. Mazkur nusxa 1936-yil Kembrij universitetiga olib ketilgan” [2:228].
Asarni oʻrganish dastavval xattotlar tomonidan koʻchirishdan boshlangan. Jumladan, Quddusda yashagan Abu Nasr al-Moʻtaman as-Sojiy milodiy 1053-1113 yillarda asarni olti marta toʻliq koʻchirgan. Ushbu asar islom olamida oʻta ahamiyatli boʻlgani bois, yozib tugallanganidan hozirga qadar unga sharh va hoshiyalar bitilib, tadqiqotlar olib borilmoqda. Asar hadis ilmiga oid boʻlishiga qaramay uni turli aspektlarda oʻrganish mumkin. Jumladan, jarh va taʼdil, roviylar ismi, hadislarning sahih yoki zaif ekanini anglash va yana shu kabi mavzularni oʻz ichiga qamrab oladi. Hadis ilmi, soʻzlarning ishlatilishiga koʻra ularning turli maʼnolarda qoʻllashga oid – balogʻat ilmi, arab tilidagi soʻzlarning sintaktik va grammatik jihatidan toʻlaqonli oʻrganuvchi – nahv va sarf ilmlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, yana boshqa sohalarda ham “Sahihul Buxoriy” asarini oʻrganish haligacha davom etmoqda.
Umuman olganda, asarning islomshunoslikda oʻrganilishi boshqa sohalarga qaraganda koʻproq sonni tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, hozirga qadar asarning 150 ga yaqin sharhlari bor ekani aniqlangan. Hindistonlik mashhur olim Abdussalom Mubarokfuriyning (1289-1342/1872-1924) “Siyrot al-Imom al-Buxoriy sayyid al-fuqaho va imom al-muhaddisin” (“Faqihlar peshvosi va muhaddislar yetakchisi Imom Buxoriyning tarjimai holi”) nomli kitobida “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan 142 ta sharhni sanab, ular haqida qisqacha ma’lumot keltirgan [1:452]. Bu borada olim kitobining “Al-Jomeʼ as-Sahih” asariga yozilgan sharh va izohlar” deb nomlangan toʻrtinchi bobida bunday deydi: “Asarning ulugʻvorligi va qadri buyuk ekaniga isbot sifatida unga yozilgan sharh va izohlarni keltirish mumkin. “Sahihul Buxoriy” toʻplamiga sharh yozgan olimlar qaysi mazhab va yoʻnalishda boʻlishidan qatʼi nazar, asar rivojiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Sharh bitganlarning baʼzilari asarning umumiy holatiga sharh yozgan boʻlsa, boshqasi hadis rivoyat qilgan insonlar kitobda keltirilgan fiqh ilmiga oid mavzularni oʻrganib, tadqiq qilgan. Shorihlar – sharh yozganlardan baʼzilari oʻz sharhini mufassal yozgan boʻlsa, baʼzisi umumlashtirib, yana baʼzilari oʻzidan oldin yozilgan sharhlarni muxtasar – ixcham holatga keltirib, jamlagan. “Sahihul Buxoriy”ga oid sharhlarning hammasini yoki u haqda yozilgan kitoblarni tadqiq qilish juda qiyin ish. Ammo qoʻlimdan kelganicha, oʻsha izoh va mulohazalarni hurmatli oʻquvchiga havola etaman. Hadis olimlari oʻz asarida ishora qilgan baʼzi sharhlar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish imkoni yoʻq boʻlgani bois, ularning nomi yoki tafsilotini keltirmasdan, batafsil maʼlumot bera olmaganimizdan chuqur afsusdaman” [1:J 1: 363]. Alloma Muborakfuriy soʻzlaridan “Sahihul Buxoriy” asarining nechogʻlik muhim ahamiyatga ega ekanini anglash mumkin.
Asarning ilk sharhi sifatida Xattobiy nomi bilan mashhur Imom Abu Sulaymon Hamd ibn Muhammadning (vaf. 388/988) “Aʼlom as-sunan” kitobini keltirish mumkin. Bu kitob haqida mashhur tarixchi olim Hoji Halifa (vaf. 1068/1657) quyidagilarni aytib oʻtadi: “Aʼlom as-sunan” asari oʻta nodir sharh boʻlib, asar “Neʼmatlarni beminnat tortiq qiluvchi Allohga hamd boʻlsin” deb boshlanadi. Xattobiy “Maolim as-sunan” kitobini tugatganidan soʻng, ushbu asarni bir jildda yozib qoldirdi. Asar Balx ahli iltimosiga binoan yozilgan” [3:545]. Hoji Xalifa yuqorida aytib oʻtgan Xattobiyning “Maolim as-sunna” kitobi oltita eng toʻgʻri hadis asarlari ichidagi Imom Abu Dovudning (202-275/889-817-y.) “Sunan”iga yozilgan sharhdir.
Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asariga ilk sharh deb qaraladigan “Aʼlom as-sunan” asari nomi borasida bir qancha qarash bor. Yaʼni asar nomi aslida “Aʼlom as-sunan” boʻlganmi yoki boshqami degan savol tadqiqotchilar orasida uchraydi. Chunki uning bir qancha qoʻlyozma nusxalarida “Aʼlom as-sunan” nomidan tashqari “Al-Iʼlom as-sunan”, “Al-Iʼlom al-Buxoriy” kabi oʻnga yaqin koʻrinishlarni uchratish mumkin. Asar ustida tadqiqot olib borgan D.Muhammad ibn Saʼd soʻngi xulosa oʻrnida uning nomini “Aʼlom as-sunan” ekanini toʻgʻri deb qayd etgan [7:67]. Imom Buxoriy hayoti va ijodi haqida maʼlumot keltirib, uning “Sahihul Buxoriy” asariga yozilgan sharhlarni keltirgan olim U.Uvvatov ham oʻzining “Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan oʻrni: Buxoriy, Muslim, Termiziy” nomli kitobida Xattobiy sharhini “Al-Iʼlom” deb keltirib, muallif nomini ham xato tarzda “Al-Xitobiy” deb qayd etgan [6:75].
Xattobiy sharhidan soʻng Imom Ahmad ibn Nasr Azdiyning (vaf. 402/1012) “An-Nasihatu fi sharh al-Buxoriy” nomli asarni keltirish mumkin. Ushbu sharh borasida tafsir, qiroat va hadis ilmi olimi Yusufzoda Afandi (1127-1085/1674-1754) oʻzining “Sahihul Buxoriy” asariga izoh sifatida yozgan “Najoh al-qoriy sharh Sahih al-Buxoriy” nomli sharhida quyidagilarni aytib oʻtgan: “Imom Ahmad ibn Nasr Azdiyning “An-Nasihatu fi sharh al-Buxoriy” nomli asarida Xattobiyning “Aʼlom as-sunan” kitobida urgʻu berib oʻtilgan eslatmalarga toʻldirish kiritilib, u keltirmagan qaydlarni uchratish mumkin” [8:36]. Ammo Yusufzoda Afandining ushbu sharhi hozirgacha toʻliq kitob shaklida chop qilinmagan.
Keyingi sharh sifatida tilshunos olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Jaʼfar Taymiy al-Qazzozning (vaf. 412/1002-y.) “Sharh gʻorib al-Jomeʼ” nomli asarini keltirish mumkin. Abu Abdulloh Muhammadning ushbu sharhi Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” ga yozilgan oldingi sharhlardan tilshunoslikka oid masalalarni yoritib berishi bilan xarakterlidir. Buning isboti sifatida Yusufzoda Afandi “Najoh al-qoriy sharh sahih al-Buxoriy” sharhida [8:36] Abu Abdulloh Muhammadning sharhidan foydalanganini aytib oʻtganini koʻrish mumkin. Keltirilgan masalalarning aksari arab tilidagi soʻzlarning etimologik tarixi va turli talaffuz qilinishiga oid qarashlarni oʻz ichiga oladi.
Andalusiyalik mashhur muhaddis olim Muhallab ibn Abu Sufro Azdiyning (vaf. 435/1044) ham “Sahihul Buxoriy” asariga yozgan sharhi ushbu asarlarning ilk yozilganlaridan biridir. Muallif ushbu asarni qisqartirib, “Al-Muxtasar an-nasih fihzib al-kitab al-Jomeʼ as-sahih” deb nomlangan boshqa bir asar ham yozgan. Muhallab Azdiyning bir asarga ikkita kitob yozishi olimlar orasida kam uchraydigan holat bo‘lgani bois, muallif buni quyidagicha izohlaydi: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarida ba’zi hadislar takror kelgani bois, undagi hadislarni qisqartirib berishga, mohiyatini tushuntirishga va yodlash uchun oson bo‘lishiga katta qiziqish bildirgan insonlar taklifiga ko‘ra ushbu asar yozildi” [4:105]. Muhallab Azdiyning mazkur qisqartmasi muallif aytganidek, takror hadislarni yana qayta keltirmay, qayerda bir hadis takror kelishi mumkin bo‘lsa, shu mavzuning o‘zidayoq, ushbu hadis shu mavzuda ham keltirilgan deb aytib o‘tiladi.
Yuqoridagilarga misol sifatida Muhallab Azdiy Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” asarining “Ilm kitobi”dagi “So‘zga mashg’ulligida ilmdan so‘ralsa, so‘zini tamomlab, keyin so‘rovchiga javob berish haqida” deb nomlangan bob ostida quyidagi hadisni izohlab, ushbu hadis boshqa bobda ham takror kelganiga ishora qiladi:
عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: بَيْنَمَا النَّبِيُّ ﷺ فِي مَجْلِسٍ يُحَدِّثُ الْقَوْمَ جَاءَهُ أَعْرَابِيٌّ، فَقَالَ: مَتَى السَّاعَةُ؟ فَمَضَى رَسُولُ الله ﷺ فَقَالَ: بَعْضُ الْقَوْمِ سَمِعَ مَا قَالَ فَكَرِهَ مَا قَالَ، وَقَالَ بَعْضُهُمْ: بَلْ لَمْ يَسْمَعْ، حَتَّى إِذَا قَضَى حَدِيثَهُ، قَالَ: «أَيْنَ السَّائِلُ عَنْ السَّاعَةِ»، قَالَ: هَا أَنَاذا يَا رَسُولَ الله، قَالَ: «إِذَا ضُيِّعَتْ الأَمَانَةُ فَانْتَظِرْ السَّاعَةَ»، قَالَ: كَيْفَ إِضَاعَتُهَا؟ قَالَ: «إِذَا وُسِّدَ الأَمْرُ إِلَى غَيْرِ أَهْلِهِ فَانْتَظِرْ السَّاعَةَ»
“Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir majlisda odamlarga hadis aytayotganlarida bir aʼrobiy kelib: “Soat (Qiyomat) qachon?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻzlarida davom etaverdilar. Baʼzi odamlar: “U zot uning gapirganini eshitdilar-u, gapini yoqtirmadilar”, deyishdi, baʼzilari esa: “Yoʻq, eshitmadilar”, deyishdi. U zot soʻzlarini tugatgach: “Qiyomat haqida soʻragan qani?” dedilar. “Mana men, ey Allohning Rasuli!” dedi. “Qachon omonat zoye qilinsa, qiyomatni kutaver!” dedilar. “Uni zoye qilish qanday boʻladi?” dedi. “Qachon ish oʻz ahlidan boshqasiga topshirilsa, qiyomatni kutaver!” dedilar” [5:498].
Muhallab Azdiy hadis ostidan: “Imom Buxoriy bu hadisni “Omonatning ko‘tarilishi” nomli bobda ham keltirib o‘tgan”, deb izohlaydi [4:206]. Shu kabi alloma Muhallab o‘zidan oldingi olimlar qilmagan yangicha yondashuv orqali Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asaridagi barcha takror hadislarni yana qaysi mavzularda qayta keltirilganini birma-bir sanab o‘tgan. Bu esa o‘z navbatida “Sahihul Buxoriy”ni o‘rganib, uni yodlovchi uchun yengillik keltiradi.
Keyingi sharh sifatida “Ibn Abdulbar” nomi bilan mashhur Hofiz Jamoluddin Abu Umar Yusuf ibn Abdullohning (328-423/978-1071 y.) “Al-Ajviba a’n al-masail al-mustag‘roba mik kitab al-Buxoriy” nomli asarini keltirish mumkin. Hofiz Jamoluddin tomonidan mazkur sharh hadislardagi islomshunoslik sohasiga oid fiqh, aqida, usul al-fiqh ilmiga oid masalalarni qamrab olgani bilan xarakterlidir. Bundan tashqari, sharhda asarning to‘liq izohi emas, balki Hofiz Jamoluddindan “Sahihul Buxoriy” kitobidagi ba’zi hadislarning tushunish qiyin bo‘lgan o‘rinlari yoritib berilgan. Mazkur asar ilk bor 2001-yili Jazoir universiteti, “Islomshunoslik” kafedrasi, “Usul al-fiqh” (“Fiqh asoslari”) yo‘nalishi magistranti Abdulxoliq ibn Muhammad Mozi tomonidan tadqiq etilgan. So‘ngra 2004-yili kitob holida nashr etilgan.
Yuqorida sanalgan asarlar “Sahihul Buxoriy”ga Imom Buxoriy vafotidan bir asr o‘tar-o‘tmas bitilgan ilk sharhlar hisoblanib, ularning tadqiq etilishi va kitob holida chop etilishi olimning asari nechog’lik ulkan e’tiborga molik ekanini ko‘rsatadi.
-
Abdussalom Mubarokfuriy. Siyrot al-Imom al-Buxoriy sayyid al-fuqaho va imom al-muhaddisin. – Makka: Dor olim al-favoid, 2001. – B. 452.
-
D. Fuad Sezgin. Tarix at-turos al-arabiy. – Saudiya Arabistoni: Imom Muhammad ibn Saud universiteti, 1991. – J. 1. – B. 228.
-
Hoji Xalifa.Kashf az-zunun aʼn asama al-kutub va al-funun. – Bayrut: Dor ihya at-turos, 1941. – J. 1. – B. 545.
-
Muhallab ibn Abu Sufro Azdiy. al-Muxtasar an-nasih fi tahzib al-kitab al-Jomeʼ as-sahih. – Riyod: Dor ahli sunna, 2009. – J. 1. – B. 105.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va boshqalar. Oltin silsila. Sahihi Buxoriy. – T.: Hilol-nashr, 2016. – J. 1. – B. 498.
-
Uvvatov U. Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan oʻrni. Al-Buxoriy, Muslim, At-Termiziy. – T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi, 2020. – B. 75.
-
Xattobiy. Aʼlom as-sunan // Muhammad ibn Saʼdi tahqiqi. – Makka: Ummu al-Quro universiteti, 1988. – J. 1. – B. 67.
-
Yusufzoda Afandi. Najoh al-qoriy sharh Sahih al-Buxoriy // Shokir Muhammad Mahmud tahqiqi. – Qohira: Kulliyat dor al-ulum, 2015. – J. 1. – B. 36.