Home / MAQOLALAR / FAXRIDDIN ROZIY QALAMIGA MANSUB “MAFOTIHUL GʻAYB” ASARINING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

FAXRIDDIN ROZIY QALAMIGA MANSUB “MAFOTIHUL GʻAYB” ASARINING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Mashhur alloma, mufassir, mutakallim, mantiqshunos, tilshunos, tabib va faylasuf Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali Faxriddin Roziy [1:5] hijriy 544, milodiy 1148-yili Ray shahrida tugʻilgan. U oʻz davrida “Xatibning oʻgʻli” sifatida tanilgan, “Din faxri” deb eʼtirof etilgan [2:248].

Olim dastlabki ilmni otasi Ziyovuddin (Ray shahrining xatibi)dan olgan. Taʼlim olishni Xurosonning Marogʻa shahrida boshlagan boʻlsa-da, umrining koʻp qismini ilm talabida Markaziy Osiyo, Eron va boshqa hududlardagi turli ilm markazlarida oʻtkazdi. U yerda olim, shoir va davlat arboblari bilan tanishdi. Fozil ibn Oshur “At-tafsir var rijaluhu” kitobida Faxriddin Roziy Xuroson, Buxoro, Samarqand, Xorazm shaharlariga borgani, Iroq, Shom diyorlarida boʻlgani, fors va boshqa tillarni yaxshi oʻzlashtirgani [3:276] haqida yozadi. U koʻproq Markaziy Osiyoning yirik shaharlari boʻlgan Buxoro, Samarqand va Xorazmda boʻlib, Xorazmshoh saroyida uch yil xizmat qilgan. U oʻz davrining yetuk olimi boʻlib yetishgan. Hirotda uning uchun maxsus madrasa taʼsis etilib, Faxriddin Roziy u yerda “Shayxulislom” nomi bilan tanilgan va mudarrislik qilgan.

Hamma davrlarda boʻlganidek, Faxriddin Roziyning ham muxoliflari chiqib, uni diniy eʼtiqod, fiqh va aqida borasida islom asoslariga putur yetkazish va dinni buzishga uringanlikda ayblagan. Olim ularga: “اعتقادات فرق المسلمين و المشركين” (“Eʼtiqodot farqi muslimini val mushrikin”)  [3:281] asarida raddiya bergan.

Faxriddin Roziy umrining soʻnggi yillarini Hirotda oʻtkazgan va hijriy 606, milodiy 1209-yili shu yerda vafot etgan. Ibn Xulokon “وفيات الأعيان”  “Vafiyatul ayon” kitobida: “Rivoyatga koʻra karromiylar tomonidan zaharlangan, shuning natijasida oʻlgan” [2:249] degan fikrni bayon etgan.

Faxriddin Roziy ikki yuzdan ortiq asar taʼlif etgan [3:282]. Uning ijodini ikki bosqichga boʻlish mumkin. Ibn Sinoning “Al-ishorat val-tanbehot” (“Ishoralar va tanbehlar”) asariga sharh hisoblangan “Sharhil ishorat” asari olim ijodining ilk davriga oiddir. Faxriddin Roziy ilmiy faoliyati, xususan, falsafiy risolalarida qadimgi yunon olimlari Aristotel, Geraklit, Epikur va Demokrit, shuningdek, Sharqning mashhur mutafakkirlari Forobiy va Ibn Sino asarlaridan keng foydalanib, ularga sharh yozgan.

Alloma fanlar rivoji muammolariga munosabatini yunon mutafakkirlari taʼlimotiga tayangan holda asoslagan. Qindiy, Forobiy va Ibn Sino kabi olimlar fikri va taʼlimotini yanada kuchaytirgan. Nafaqat muhim va dolzarb savollarga javob topishni, balki ularni haqiqat bilan bogʻlashni ham maqsad qilgan.

Ibrohim Shamsiddin “Tafsirul kabir” asari muqaddimasida Faxriddin Roziyning 75 ta asarini [1:13-14] qayd etgan. “Ilm majolisi”, “Ar-risola al-kamoliya fi al-haqoyiq al-ilohiya” (“Ilohiyot va metafizikaga oid ilmiy asar”), “Sharhil ishorat”, “Tahsilul haq” (“Haqiqatni anglash”), “Nihoyatul uqul” (“Tafakkur chegaralari”), “Risala fin-nafs” (“Nafs haqida risola”), “Ilmul axloq” (“Axloq ilmi”) [2:249] asarlari shular jumlasidandir.

Uning “Munozarotu alloma Faxriddin” (“Alloma Faxriddin munozaralari”) asarida Movarounnahr olimlari bilan turli masalalar boʻyicha qilgan munozara va mubohasalari oʻrin olgan.

Yana metafizikaga oid “Kitobu mahsulul afkori al-mutaqaddimin val- mutaaxxirin” (“Oldingi va zamondosh olimlar fikrlari mahsuli”) asari jamiyat hayotida alohida eʼtiborga loyiq. Alloma ushbu asarida yosh avlodni buyuk ajdodlar hayotidan oʻrnak olib yashashga, hayot soʻqmoqlarida toʻgʻri qadam qoʻyish uchun foydali xulosa va saboq chiqarishga chaqiradi.

Faxriddin Roziy Qurʼoni karim tafsiri borasida ham bir qancha asarlar yozgan. “Kitobut tafsiri kabir”, “Kitobut tafsiri sagʻir” [3:282] va 1000 ta masalani oʻz ichiga olgan “Kitobut tafsiri Fotiha” asarlari shular jumlasidandir.

Mashhur “Kitobut tafsiri kabir” yoki “Mafotihul gʻayb” (“Gʻayb sirlarini ochuvchi”) asari 16 jilddan iborat boʻlib, alloma ijodining keyingi davrida yozilgan. U boshqa tafsirlardan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi:

  1. Qiroat turlari va usullarini bayon qilish;
  2. Oyatlarni lugʻaviy izohlar bilan tafsirlash;
  3. Avvalgi ulamolar tafsirlaridan unumli foydalanish;
  4. Fiqhiy masalalarni yoritish, oyatlardan chiqarilgan hukmlar haqida soʻz yuritish;
  5. Oyatlarning nozil boʻlishi haqidagi rivoyatlarni keltirish;
  6. Oyatlarni zohiriy maʼnolari bilan sharhlash;
  7. Mutashobih oyatlarni taʼvil qilishda chuqur ketmaslik;
  8. Kavniy (olamning yaralishi)ga doir oyatlarni falsafiy tahlil qilish.

“Mafotihul gʻayb” asarini islomga oid dastlabki falsafiy tafsirlardan biri, deyish mumkin. Oyatlarni tafsir qilishda olim Muqotil ibn Sulaymon Marvaziy, Abu Isʼhoq Saʼlabiy, Muhammad ibn Jarir Tabariy, Abu Bakr Boqiloniy kabi mufassirlar asarlaridan unumli  foydalangan [4:12].

Alloma Fotiha surasining oʻzini 300 sahifada [4:10] tafsir qilgan. Sura tafsirida quyidagi fikrlarni bayon qilgan: “Fotiha surasida 10 ta narsa jamlagan. Bular “الله” (Alloh), “الرب” (Rabb), “الرحمن” (Rahmon), “الرحيم” (Rahim) va “المالك” (Malik) kabi 5 ta rabboniy va “العبودية” (Ubudiyat), “الاستعانة” (yordam soʻrash), “طلب الهداية” (hidoyat soʻrash), “طلب الاستقامة” (istiqomat soʻrash), “ طلب النعمة” (neʼmat soʻrash) kabi 5 ta bandaga xos sifatlar.

Shuningdek, inson  5 ta unsur – “بدنه” (badan), “نفسه الشيطنية” (shaytoniy nafs)”,“نفسه الشهوانية” (shahvoniy nafs),“نفسه الغضبية” (gʻazabiy nafs) va “العقليجوحره الملكية” (aqliy malakiy javhar)dan tashkil topgan. Bu besh unsur Alloh taoloning yuqoridagi 5 ta ismi sifati bilan muolaja qilinadi. “الله” (Alloh) lafzi “العقليجوحره الملكية” (aqliy malakiy javhar) ruhiyatda itoat va ibodatga shavq va zavq hosil qiladi. بِذِكْرِ اللهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُأَلَا (Rad surasi, 28-oyat).  Shaytoniy nafsni “الرب” (Rabb) ismi ehson va yaxshilikka chaqirish bilan bandani gunohlarni tark etishga undaydi. “الرحمن”  (Rahmon) ismi gʻazabiy nafs uchun malham boʻladi. Chunki bu ism qahr va latifdan tashkil topgan: الملك يَوْمَئِذٍ الحق للرحمن (Furqon surasi, 26-oyat). “الرحيم” (Rahim) ismi shahvoniy nafsni davolaydi. “مالك يوم الدين” kalimasi esa jasad va badanlarni davolaydi. Chunki badan gunoh ishlarni qilishga juda moyil boʻlgan nafsdir. Uni muolaja qilishda qattiq turish kerak. Shundagina u itoat qiladi, gunoh ishlarni tark etib, ibodatga kirishadi”.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Islom besh (narsa)ga bino qilingan: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq, Muhammad Uning bandasi va rasulidir”, deb guvohlik berish, namozni toʻkis ado etish, zakot berish, haj qilish va Ramazon roʻzasini tutish” (Muttafaqun alayh). Boshqa bir rivoyatda islom 5 ustun ustiga qurilgani aytiladi: Shahodat kalimasi (ustuni)da “الله” )Alloh( lafzi, namoz (ustuni)da “الرب” (Rabb) lafzi, zakot (ustuni)da “الرحمن” (Rahmon) lafzi, Roʻza  (ustuni)da “الرحيم” (Rahim), haj (ustuni)da esa “المالك” (Malik) lafzi.

Alloma Fotiha surasi tafsirida qiblani 5 tur – “Baytul maqdis”, “Kaʼba”, “Baytul maʼmur”, “Arsh” va “Allohning huzuri (yaʼni, Allohning ulugʻligi)ni his qilib turish”ga boʻladi.

Fotiha surasida kelgan Allohning 5 ismi sifatini yana 5 kalima – “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “La ilaha illalloh”, “Allohu akbar”, “La havla vala quvvata illa billahil aliyyul azim” bilan bogʻlab, Isro surasi “Subahanalloh” bilan (سبحان الله الذى اسرى بعبده ليلا) boshlanishi, “Alhamdulillah” kalimasi bilan esa 5 ta sura boshlanishi, “La ilaha illalloh” kalimasi bilan Oli Imron surasi الم (١) اللَّهُ لا إِلَهَ إِلا هُوَ boshlanishini aytib oʻtadi. “Allohu akbar” kalimasi tasrixan (ochiq) zikr qilinmagani, faqat 2 oʻrinda:  وَلَذِكْرُ اللهِ أَكْبَرُ (Ankabut surasi, 45-oyat) va  وَرِضْوَانٌ مِنَ اللَّهِ أَكْبَرُ (Tavba surasi, 72-oyat) zikr qilinganini keltiradi. “La havla vala quvvata illa billahil aliyyul azim” kalimasi esa Qurʼonda sarixatan (aniq, ochiq) zikr qilinmagani, chunki u jannat xazinasidan boʻlib, xazina doim maxfiy boʻlishini aytadi. Shuningdek, 5 ismi sifat 5 ta zikr asosi boʻlishini bayon etadi: “الله” (Alloh) lafzi “Subhanalloh”, “الرب” (Rabb) lafzi “Alhamdulillah”, “الرحمن” (Rahmon) lafzi “La ilaha illalloh”, “الرحيم” (Rahim) lafzi “Allohu akbar”, “المالك” (Malik) lafzi “La havla vala quvvata illa billahil aliyyul ʼazim”ga dalolat qiladi, degan.

Barcha oyatlarni muallif uch jihatdan koʻrib chiqqan: zohiriy (tashqi),  botiniy (ichki) va tarkib topishi (murakkabligi). Ularning har biri oʻz oʻrnida bir necha qismga ajratilgan. Aytish joizki, tafsir ilmi bilan shugʻullanuvchi boshqa tasnifchilar bu jihatga deyarli toʻxtalmagan.

“Bahrul muhit” tafsiri muallifi Abu Hayyon (Faxriddin Roziy vafotidan 50-yil keyin tugʻilgan): “Faxriddan Roziy tafsir kitobida barcha narsalarni jamlagan. Hatto tafsir ilmiga hojati boʻlmagan narsalarni ham kiritgan” deb yozadi [3:282]. Roziyning tafsirini oʻrgangan olimlar oʻrtasida: “Roziy tafsirini oʻzi toʻliq yozishga ulgurmagan. Balki Anbiyo surasigacha yozgan. Qolganini shogirdlari nihoyasiga yetkazgan [3:280]. Faxriddin Roziyning tafsirini Ahmad ibn Muhammad ibn Abul Xazm Makkiy Najmiddin Mahzumiy (vafoti hijriy 727-yil) toʻliq shaklga keltirgan” [2:251], degan qarashlar bor. Lekin tafsir kitobi boshidan oxirigacha bir xil uslubda yozilgan.

Imom Suyutiy: “Roziy tafsir kitobini hukamolar soʻzi, balogʻat, fasohat, falsafa va boshqa narsalar bilan toʻldirgan” [3:280], deb sifatlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Faxriddin Roziy asarlarida insoniyat doim imon-eʼtiqodli, halol, odil, vatanparvar, mehnatsevar, rahm-shafqatli, muruvvatli boʻlishga chorlangan. Asarlari hozirgi kunda ham ilm-fan va madaniyatning noyob durdonalari sifatida jamiyat aʼzolarining maʼnaviy yuksalishiga katta hissa qoʻshmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Ibrohim Shamsiddin, Ahmad Shamsiddin. Tafsirul kabir. Faxriddin ar-Roziy. 1-jild. – Bayrut: Dorul-kutub, 2013.
  2. Mustafo Muhammad Husayn Zahabiy. At-tafsir val mufassirun. 1-jild. – Qohira: Dorul hadis, 2012.
  3. Shomiy ibn Abdulloh ibn Ahmad. Atlas aʼlomul mufassirin. – Ar-Riyod, 2022.
  4. Tafsiri Faxriddin Roziy. – Dorul fikr, 2005.

 

Abdurasul ABDULLAYEV,
OʻzXIA kafedra doktoranti

Check Also

ALLOH TAOLONING TAKVIN SIFATI HODISMI?

Alloh taolo butun olamni yaratgan, komillik sifatlari bilan sifatlangan, aybu nuqsonlardan pok va hech narsa …