Home / FOTO LAVHALAR / Hadislarni toʻgʻri anglashning oʻziga xos usuli

Hadislarni toʻgʻri anglashning oʻziga xos usuli

29-avgust kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari hamda Turkiya va Germaniyadan tadqiqotchilar qatnashdi.

Seminarda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindori, Turkiyadagi Ushak universiteti dotsenti Hikmet Gultegin “Hadislarning batafsil bayoni (Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq Gulobodiy asarlari misolida)” mavzusida maʼruza qildi.

Olim dastavval hadis ilmi boʻyicha yozilgan barcha kitoblarning asl maqsadini bayon qildi. Bu hadisning sahih, gʻayrisahih yo boshqa tasnifda ekanini toʻgʻri aniqlash va alohida olingan har bir rivoyatda Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam aynan nimalarni nazarda tutganlarini toʻgʻri anglab yetishdir. Olimlar bu ikki maqsad yoʻlida oʻlmas asarlar bitib, turli uslublarni ishlab chiqqan.

Stipendiat masalaga oʻzi ishlab chiqqan “Hadis hikoyasi” usuli orqali yondashib, hadislarni sharhlashda Gulobodiy tutgan yoʻlni asos qilib olganini aytdi. Uning fikricha, hadisni toʻgʻri idrok etishda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayoti va Qurʼonni yaxshi bilish, ular oʻrtasidagi bogʻliqlikning izchil tahlili muhim ahamiyatga ega.

Oʻtmishda jamiyat uchun maʼqul va maqbul boʻlgan ayrim amallar bugungi turmush tarziga mos kelmasligi mumkinligini inobatga olib, hadis, rivoyat yo xabarni oʻsha davrlar va hozirgi zamon shart-sharoiti bilan qiyoslagan holda ish tutish kerak. Aks holda baʼzilarda hadisni notoʻgʻri tushunishga moyillik tugʻiladi. Bu masala hatto Qurʼoni karimda ruxsat berilgan baʼzi amallarga ham taalluqli. Bunga koʻp xotinlilik, qullik, ayollarning guvohligi kabi masalalar misol boʻla oladi. Ayrim amallarga izn berilganini roʻkach qilib, bundan foydalanishga urinish turli anglashilmovchilik, kelishmovchilik va ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

Turkiyalik tadqiqotchi qadimda bir asr davomida sodir boʻlgan ijtimoiy oʻzgarishlarni endilikda oʻn-yigirma yilda boshdan kechirish mumkinligidan kelib chiqib, hadislarni zamonaviy ekvivalentlar (mezonlar) asosida ijtimoiy hayotga moslashtirib talqin qilish zarurligini taʼkidladi. Bu borada Gulobodiy qarashlari bilan birga alloma asarlarining mohiyatiga ham batafsil toʻxtaldi. Masalan, alloma voqea-hodisalarni anglamoq, tagiga yetmoq usullari haqidagi “At-Taarruf” asarini sufiylar orasida tarqalgan bidʼatlar va buzuq salafiylikka raddiya sifatida yozgan. Soxta zohidlarni keskin qoralagan. Tasavvuf tushunchasi Alloh amriga itoat, goʻzal axloq, ezgu amallar, oʻz-oʻzini tarbiyalash, halollik, sabr, ixlos, rizolik, muhabbat kabi fazilat va tuygʻular bilan ziynatlangan boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Mutafakkir taʼlimoti odamlar orasida ixtilofga sabab boʻladigan masala va muammolarni rivoyatlar yordamida tafsir qilib, hayotga nekbinlik bilan qarashga oʻrgatadi. “Hadis hikoyasi”ning mohiyati ham shu.

Hikmet Gultegin hadislarni toʻgʻri anglash va talqin etishga toʻsqinlik qiladigan bir qancha boshqa holatlarni ham yoritib berib, ularga oid hayotiy misollar keltirdi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …