XVIII – XIX asrlarda din davlatdan ajratilmagan edi. Shuning uchun davlat zakot yig‘ib, uni ijtimoiy dasturlarga sarflagan. 1843-yildan Saudiya birlashishni boshlagan. Abdulaziz ibn Saud davlatni boshqarsa ham imom lavozimida edi. 1921-yildagina sulton, Hijozni zabt etgandan keyin esa Qirol titulini oladi. Odamlar xalifalik sulolaviy qirollikka aylandi deb o‘ylaganda, Abdulaziz yonida islom ulamolari borligini va bunday emasligini aytadi. Qirol ixvonlarni tashkil qiladi. 1912-yilga kelib, 200 ta ixvan qishloqlari paydo bo‘ladi. Abdulaziz ixvanlar orqali hokimiyatni egalladi. Ixvanlarning bir qismi televizor va radio kabi yangiliklarni kiritib, qirolga qarshi chiqqan edi. Qirol islom ulamolaridan o‘ziga qarshi chiqqanlar xavorij ekani to‘g‘risida fatvo chiqarishini so‘raydi va bu hujjat chiqqandan keyin ularning qo‘zg‘olonini bostiradi. Ularning xavorij ekani to‘g‘risida fatvo chiqqani uchun qirol legitimligi saqlab qolinadi.
Abdulaziz “Majlisul shuaro” va “Majlisul xos” kabi diniy-siyosiy institutlarni tashkil qilish orqali ulamolar faoliyatini nazoratga oldi. Abdulaziz o‘g‘illarini Gʻarbga jo‘natayotgani va davlat g‘ayridinlar texnologiyalaridan foydalanayotgani aholining bir qismini tashvishga soladi.
Konservativ ulamolar ijtihod eshiklari yopilganini da’vo qilib, yangi masalalarga izoh berishdan cheklanadi. Saudlar esa modernist ulamolarni qo‘llaydi, chunki ularning faoliyati Saudiyada neft topilgandan keyingi olib borilgan zamonaviy islohotlarga mos keladi. Televizor va telefonga ruxsat beruvchi fatvo ham aynan modernist ulamolardan chiqqan edi.
1965-yilgi islom sammiti va 1972-yildagi musulmon davlatlari tashkiloti Faysal tomonidan panislomizmni yoyuvchi sovetlarga qarshi tuzilgan xalqaro tuzilma bo‘ldi. Faysal Arabistonni xalqaro munosabatlarda din himoyachisiga aylantirdi. Lekin davlat ichida ulamolarni siyosiy institutlarga jalb qildi. Davlatni rivojlantirish va islom dinining siyosatga aralashuvini cheklash uchun sekulyar ta’limni joriy qilib, gʻarbni qo‘llab-quvvatlagan odamlarga vazir lavozimini berdi. Diniy konferensiyalarda siyosiy mavzular senzuraga uchradi.
Oppozitsiya faoliyati cheklandi. 1953-yili Dammam qo‘zg‘oloni bostirildi va ishtirokchilar Arabistondan deportatsiya qilindi. 1962-yili Yamandagi nosiriylarga o‘tmoqchi bo‘lgan 9 ta uchuvchi samolyot to‘xtatildi va bu ishga aloqasi bor ko‘plab shaxslar qamaldi.
Muhammad Utaibi va Abdulloh al-Qahtani 1979-yili Makka shahrini qo‘lga oldi. Al-Qahtani o‘zini Imom Mahdi deb e’lon qilganida ulamolar unga qarshi fatvo berdi. Abdulaziz bin Baz ham ularga qarshi “Haramda urishish mumkin, chunki urushni ular birinchi boshladi” degan mazmunda fatvo chiqaradi. Askarlar u yerga kirganda barcha jihozlarini simpatiya tufayli mahdichilarga tashlab ketdi. Shuning uchun keyingi safar Fransiya qo‘shinlari Makkaga kirib, tozalab berdi. Davlat ham ulamolardan foydalangan holda aholi orasida obro‘sini tikladi. Bu ishlar qirol Xolid obro‘sini tushirib yuborishi kerak edi, lekin Utaibining davlatga qo‘ygan talablari faqat siyosiy bo‘lgani tufayli, ulamolar unga osongina raddiya berdi va aholi tinchlandi. Lekin bu holat xalq orasida “Juhayman o‘ldi, lekin g‘oyalari tirik”, degan gapning tarqalishiga sabab bo‘ldi. Haramning 1979-yildagi egallanishi g‘arblashtirishga qarshi harakat sifatida baholandi. Shundan keyin g‘arblashtirish anchagina sekinlashadi. Bin Salmon 2017-yilda “Biz 1979-yilga qadar zamonaviy bo‘lganmiz, islom mo‘tadil din, biz asl islomga, ya’ni 1979-yildan oldingi islomga qaytishimiz kerak”, degan gaplar bilan o‘zining “Vision-2030” loyihasini e’lon qildi.
Eron-Iroq urushida ham AQSHning Saudiyaga joylashishi uchun Bin Baz “Yovga qarshi dinni va yerni himoya qilish uchun hatto musulmon bo‘lmaganlardan ham yordam so‘rash mumkin”, degan fatvo chiqaradi. Boshqa ulamo esa fatvoni tasdiqlab, Saddam Husaynni “Iroqdagi musulmonlar qonini to‘kayotgan kofir”, deb ataydi. Shunday qilib, AQSHning Saudiyani himoya qilishi uchun sharoit yaratiladi.
Bin Baz qirol Fahd davrida Iroqqa qarshi jihod e’lon qiladi va hatto AQSH bilan birlashgan holda urushga kirish uchun fatvo beradi. 1991-1992-yillarda ikkita petitsiya aholi tomonidan imzolanadi. Imzolaganlar liberal oppozitsiya va professor-o‘qituvchilar edi. Petitsiya unchalik keskin bo‘lmagan Shuaro majlisini tuzish va korrupsiyani tugatishni talab qilgan “Bitta odam fatvo bera olmaydi” degan diniy ko‘rinishdagi g‘oya edi. Shunday bo‘lsa-da, bu asosan siyosiy vaziyatni isloh qilishga qaratilgan. Ba’zi kishilar AQSHning Saudiyadagi mavjudligini ham tanqid qilayotgan edi. Qirol bu holatni o‘z foydasiga hal qilishga harakat qildi. Majlis tuzildi va oppozitsiyadan biron kishi majlis vakili bo‘la olmadi. Faqatgina bir nafar shia vakili a’zo bo‘lib, qolganlari qirollikka yaqin vakillar edi. Inson huquqlari bo‘yicha ham o‘zgarish bo‘ldi. Ta’qib va senzura tufayli qamash noqonuniy, deb hisoblandi. Bu holat islom politsiyasi (mutava) faoliyatini keskin chekladi va ularning obro‘sini tushirib yubordi. Ziyorat turizmi va islomiy fond vazirliklarini tashkil qilish orqali esa diniy vaziyatni nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Lekin Fahdning qattiq kuch siyosati ham yo‘qolmadi. Oppozitsiyaning majlislarda xutba o‘qishi cheklandi, universitetlardan ham haydaldi. Diniy yig‘inlarni Ichki ishlar vazirligining ruxsatisiz tashkil etish taqiqlandi. Shunday qilib, oppozitsiyaning imkoniyati cheklandi. Hukumat tarafidagi ulamolarga yer olishi uchun mablag‘ va soliqlardan katta subsidiyalar ajratildi.
1993-yili Bin Baz Isroil bilan tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha fatvo chiqaradi. Ayollar avtomobil haydashi uchun ham uzoq vaqt fatvo chiqmagan edi, lekin bu ham amalga oshdi.
“Arab bahori” paytida qirolga qarshi qo‘zg‘olon qilish haromligi va bu fitnaga olib kelishi haqida fatvo chiqarildi. Lekin Suriyada zolim podshohga qarshi kurashish kerakligi haqidagi fatvoni ham Arab ulamolar kengashi chiqargan edi.
Saudiya Arabistoni o‘zining diniy siyosatidan jamiyat normalari va xatti-harakatlarini shakllantirish, islomiy qadriyatlarga muvofiqlikni ta’minlash, jamoat va shaxsiy hayotda diniy amaliyotlarga rioya qilishni rag‘batlantirish uchun foydalanadi. Mamlakat islomni moʻtadil talqin qilishni targ‘ib qilish, asosiy islom ta’limotidan chetga chiqqan ekstremistik mafkuralarga qarshi turish orqali radikallashuv va ekstremizmga qarshi kurashadi. Buning uchun diniy strategiyalardan foydalanadi. Diniy siyosat bunday tamoyillarni jamiyat hayotiga tatbiq etishga, huquqni muhofaza qilish va davlat boshqaruviga integratsiyalashgan holda jamiyatda birdamlik, barqarorlik va hukmron monarxiyaga sodiqlikni saqlashga qaratilgan. Saudiya Arabistoni o‘zining diniy siyosatini global ta’sir va yumshoq kuch vositasi sifatida ishlatadi. O‘zini musulmon dunyosida yetakchi sifatida ko‘rsatadi va xalqaro miqyosdagi diniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Diniy siyosat konservativ ijtimoiy me’yorlarni, jumladan, gender ajratish, kamtarona kiyinish qoidalari va islom ta’limotiga zid deb hisoblangan xatti-harakatlarga cheklovni qo‘llaydi. Shariat qonunlarining amalga oshirilishi Saudiya Arabistoni hayotining turli jabhalarini, jumladan, oilaviy masalalar, jinoiy sudlov, boshqaruv va jamoat xatti-harakatlarini tartibga soladi. Diniy siyosat aholiga islomiy qadriyatlarni singdirish uchun masjid, maktab va ta’lim muassasalarida diniy ta’limni targ‘ib qiladi va kengaytiradi.
Katta ulamolar qo‘mitasi diniy matnlarni sharhlash, fatvo berish, boshqaruv va jamiyatda islom tamoyillarini qo‘llashda rahbarlik qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Ezgulikni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish qo‘mitasi jamoat joylarida axloqiy xulq-atvor, diniy qoida va islomiy urf-odatlarga rioya qilishni ta’minlaydi va islomga zid deb topilgan xatti-harakatlardan saqlaydi.
Diniy siyosat sud tizimi ishlashiga ta’sir qiladi. Islom qonunlari huquqiy tartib-qoidalar, sud qarorlari va huquqiy nizolarni shariat tamoyillariga muvofiq hal qilishda asosiy manba hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni islomiy qoidalarni qo‘llab-quvvatlash, chet elda islom institutlarini qurish va o‘zini musulmon dunyosida yetakchi sifatida ko‘rsatish orqali global miqyosda ta’sir o‘tkazadi. Buning uchun diniy siyosatdan foydalanadi.
Ulamolar kengashi – ushbu kengash orqali fatvo chiqariladi. Shuningdek, undan boshqaruv jarayonida hukumat harakatlarini huquqiy asoslash uchun fatvo berishda foydalaniladi.
Shar’iy sudlar – hozirda bunday sudlardan foydalanish bir ma’noda cheklanayotgan bo‘lsa ham, asosan ular orqali davlat huquqiy tizimi faoliyat yuritadi. Oxirgi paytda yangi chiqayotgan yuridik hujjatlar Qur’on va sunnatga qarshi chiqmasa-da, unga iqtibos bermay qo‘ydi. Yangi qurilayotgan NEOM shahrida ham xalqaro qonunlardan foydalanish va hattoki alkogol ichishga ruxsat berilgan.
Yangi avlod hokimiyatga kelgandan so‘ng milliy identiklik masalasiga katta e’tibor berila boshlandi.
Jahon Musulmonlar Ligasi Saudiyaning chetdagi diniy siyosatini amalga oshiruvchi asosiy mexanizm hisoblanadi.
Saudiya Din ishlari bo‘yicha vazirligining tashqi aloqalar bo‘limi Jahon musulmonlar ligasi o‘rnini bosmoqda. Bular ikki xil tashkilot bo‘lsa ham, boshida din ishlari vazirligi tashqi targ‘ibotni moliyalashtirgan.
Islom ishlari vazirligi rejimning siyosiy islom va ekstremizmga qarshi kurash ishlariga yordam berish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirmoqda:
– masjidlar, va’z va diniy darslarni nazorat qilish;
– xayriya uyushmalarini nazorat qilish;
– Qur’on va diniy qo‘llanmalarni chop etish jarayonini nazorat qilish;
– Haj ziyorati uchun qirolning maxsus mehmonlari ro‘yxatini shakllantirish;
– xalqaro islom hamkorligiga rahbarlik qilish, mahalliy va xalqaro ommaviy tadbirlarni tashkil etish.
Saudiya Arabistonida so‘nggi paytlarda ro‘y bergan eng asosiy o‘zgarish – bu rasman ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish qo‘mitasi, deb yuritiluvchi diniy politsiyaning jamoat hayotidan deyarli yo‘q bo‘lib ketishidir. Bu tashkilot shu paytgacha jamiyat hayotida qat’iy diniy qoidalarning bajarilishini nazorat qilgan. Hozirda qo‘mita faqatgina qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi muassasaga aylangan holda mustaqil qaror qabul qilish huquqidan mahrum bo‘lgan.
Saudiya ta’lim vazirligi esa liberal Ahmad al-Issa boshchiligida maktab dasturini vahhobiylik ta’limotidan tozalashga kirishdi. 2018-yil iyul oyida esa islomiy ogohlik fani dasturdan olib tashlandi. Umuman olganda, vazirlik o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash layoqatini shakllantirish lozimligini aytib, diniy fanlarga ajratilgan soatlarni ikki barobarga qisqartirdi va falsafa fanini ham o‘quv dasturiga kiritdi. Bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatni IMPACT-se nodavlat tashkilotining Saudiya maktab darsliklarining 2022-2023 o‘quv yili nashrini monitoring qilgan holda, o‘z hisobotida darsliklarda ekstremistik kontent sezilarli darajada kamayganidan ko‘rish mumkin.
Saudiyada davlatning diniy soha moliyasini tartibga solishi qirollikning mamlakat diniy sohasini standartlashtirish siyosatining ajralmas qismidir. Hukumat mazkur mablag‘larni iqtisodiyot va qirollikning xalqaro imidjini tubdan o‘zgartirishga oid davlat loyihalari bilan bog‘laydi. Islomiy yig‘imlar faqatgina diniy burch emas, balki ular “Vision-2030” loyihasi uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘dir. 2016 va 2021-yillardagi Oliy farmonlarga muvofiq diniy yig‘im va neftdan bo‘lmagan tushumlarni samarali boshqarish alohida nazoratga olingan.
1962-yilda tashkil etilgan Jahon musulmonlari ligasi esa avvalgidek vahhobiylikni chet elda targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashdan voz kechib, Yangi Saudiyaning imidji targ‘ibotchisiga aylangan. Ushbu faoliyatda 2008-yilda tashkil etilgan G20 dinlararo forumi ham alohida ahamiyatga ega bo‘lgan platformaga aylandi. Yuqoridagi ikki tashkilot Saudiya Arabistonining yangi tolerant jamiyatga aylanayotganini targ‘ib qilmoqda.
2011-yilda o‘sha paytda Ar-Riyod hokimi bo‘lgan Muhammad bin Salmon tomonidan tashkil etilgan MISK fondi (Saudiya yoshlarini ta’lim va tadbirkorlik bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan) davlatning axborot va kommunikatsiya strategiyasi bilan shug‘ullanishida katta ro‘l o‘ynamoqda. U “Yangi Arabiston” qadriyatlarini keng yoymoqda. Ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish esa Etidal – ekstremistik ideologiyalar bilan kurashish global markazi vazifasiga kiritilgan.
Yuqoridagi davlat va nodavlat tashkilotlaridan tashqari, Oiz al-Qarniy va Muhammad al-Arifiy kabi tizimdan tashqarida, ammo unga xayrixoh ulamolar qo‘llovidan ham foydalanilmoqda. Bir necha millionlik auditoriyaga ega mazkur ulamolar jamiyatning dindor qismida islohotlarga xayrixohlik kayfiyatini shakllantirishda katta hissa qo‘shmoqda.
Saudiya Arabistoni hozirda amalga oshirayotgan diniy islohotlardan mamlakatning dinlararo bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlovchi tolerant jamiyat va ekstremizm bilan ayovsiz kurashuvchi davlat sifatidagi imidjini shakllantirish maqsad qilingan. Shuni ta’kidlash kerakki, bu allaqachon ish bera boshlagan. Jumladan, 2018-yil noyabrda xristian yevangeliya va Amerika yahudiy jamiyati vakillarining Saudiya Arabistonida Muhammad bin Salmon hamda o‘sha paytdagi Jahon musulmonlari ligasi bosh kotibi Muhammad Al-Issa tomonidan kutib olinishi misli ko‘rilmagan hodisa edi. Yuqoridagi ikki tashkilot vakillari 2019-yilda ham analogik tashrifni amalga oshirdi. 2020-yilda esa Saudiya ulamolari delegatsiyasi Muhammad Al-Issa boshchiligida Polshadagi Osvensim konslageriga Amerika yahudiylari jamiyati hamrohligida tashrif buyurdi. 2021-yilda esa Muhammad Al-Issa Vatikanda Papa Fransisk qabulida bo‘ldi. Yuqoridagi xatti-harakatlar o‘ziga xos “diniy bag‘rikenglik yumshoq kuchi”ni shakllantirishga urinishlar sifatida qaralishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida Saudiya rasmiylari katta ta’sirga ega xalqaro subyektlar bilan ham munosabatlarni shakllantirmoqda.
Ar-Riyodning “moʻtadil islom”dan foydalanishiga ko‘p qutbli dunyoning shakllanishida yana bir instrument bo‘lib ham xizmat qilmoqda. Buni biz Saudiya Arabistoni, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘rishimiz mumkin. Diniy islohotlar Ar-Riyodga o‘sib borayotgan iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi munosabatlarni mohiyatan yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida instrument sifatida xizmat qilmoqda. Rossiya va Xitoy Saudiya Arabistonidek davlat tomonidan boshqariluvchi va unga xayrixoh diniy diskursni shakllantirish harakatidadir. Shu sababli mazkur uch davlat o‘rtasidagi diniy sohadagi hamkorlik sezilarli darajada o‘sdi.
Ar-Riyod Pekinning Uyg‘ur musulmonlari bilan bo‘lgan munosabatini tanqid qilishdan tiyildi. Rasmiy Moskvaga sodiq bo‘lgan Ramzan Qodirov bilan yaqin munosabati Kreml bilan aloqalarni mustahkamlashga yordam berdi. Shu o‘rinda 2019-yilda Muhammad bin Salmon Pekinga tashrifi chog‘ida Xitoyning o‘z milliy manfaatlari doirasida anti-terrorizm va deradikallashtirish choralarini ko‘rishga to‘laqonli haqli ekanini ta’kidladi. Islom hamkorligi tashkiloti ham Xitoyni “Musulmon fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun” olqishladi.
Umuman olganda, Saudiya Arabistoni vahhobiylikni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarida yangi yutuqlarga erisha boshladi. Buni biz 2023-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi Arab davlatlari sammiti misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Umuman olganda, mazkur yangi strategiya o‘rta istiqbolda qirollikning tashqi siyosatida ko‘p vektorlikni shakllantirishi kutilmoqda. Bu esa Saudiyaning iqtisodiy taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir qiladi.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshchiligida mamlakat diniy hayotida inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Qirol Abdulaziz tomonidan boshlangan, ammo Qirol Faysal va Xolid davrida ortga qaytgan vahhobiylarning mamlakatdagi ta’sirini Muhammad bin Salmon susaytirishga harakat qilmoqda.
Hozirgacha konservativ ulamolardan shahzodaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi chiqqanlari tazyiqqa uchradi, qolganlari esa islohotlarga xayrixoh ekanini bildirdi. Vahhobiylikni chet elda yoyishga bo‘lgan harakatlar ham to‘xtatildi. Ommaviy axborot vositalarida mazkur jarayon reformatsiya va o‘zligini mustahkamlash tomon tashlangan dadil qadamlar deb baholanmoqda. Diniy politsiyaning vakolati cheklanishi ham ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Mazkur diniy islohotlar yosh mahalliy aholi tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni aholisining qariyb uchdan ikki qismini 35 yoshdan kichik yoshlar tashkil etadi.
Beyker institutiga ko‘ra, Muhammad bin Salmon sulola tomonidan nazorat qilinadigan tuzilmalarni tubdan o‘zgartirmasdan, Saudiya Arabistonining xalqaro obro‘sini oshirishdan manfaatdor. Ya’ni islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat strukturasida Saudlar hokimiyatini yanada kuchaytirishdir. Ba’zi ekspertlar mazkur munosabatni vahhobiy islomchilarning chuqur konservativ tabiati bilan bog‘liq deb ta’kidlaydi.
“Islohotlar umuman olganda hayratlanarli”, deydi siyosatshunos professor Neytan Braun, Karnegi jamg‘armasining Yaqin Sharq dasturining katta ilmiy xodimi. Shu bilan birga, “Vahhobiylik harakat sifatida tugatildi, deb aytishga hali erta. Ammo vahhobiylik va Saudiya milliy o‘ziga xosligida dinning roliga kamroq e’tibor qaratilmoqda”, deydi Braun.
Iqtisodiy, sport va ko‘ngilochar sohalardagi yangiliklar bilan birga, alohida ahamiyatga ega bo‘lgan diniy sohadagi ushbu harakatlar o‘rta istiqbolda, Muhammad bin Salmon hokimiyati konsolidatsiyasini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, ehtiyotkorlik bilan yuritilayotgan tashqi siyosat mamlakat ichidagi ultra-konservativ kuchlar va qolaversa, shialarning mamlakat tashqarisidan yordam olishi ehtimolini minimallashtirishga qaratilgan.
“Sakina” so‘zi arabcha “tinchlik”, “sokinlik” degan ma’noga ega bo‘lib, ushbu dastur jamiyatda virtual radikallashuvning oldini olishga qaratilgan. Loyiha 11-sentyabr xurujlari va Ar-Riyod teraktlaridan keyin ekstremistik mafkura va zo‘ravonlik tarqalishidan xavotirda bo‘lgan saudiyalik bir guruh diniy ulamo va faollar tomonidan 2003-yili boshlangan. Quyidagi xususiyatlar mazkur loyihani odatiy targ‘ibot yoxud repressiv amaliyotlardan ajratib turadi. Jumladan:
– dastur doirasida islom ulamolari faoliyat yuritadi. Ular internetni kuzatadi va radikallashuv belgilari yoki ekstremistik mafkuraga qiziqish bildiruvchi foydalanuvchilar bilan muloqot o‘rnatadi;
– ulamolar diniy argument va dalillardan foydalanib, islomni moʻtadilroq talqin qilishga harakat qiladi;
– Ular foydalanuvchilarga psixologik va ijtimoiy yordam taklif qiladi va agar kerak bo‘lsa, ularni boshqa dastur yoki organlarga yuboradi;
Bular onlayn chora-tadbirlar deb ataladi.
Mazkur dastur doirasida onlayn radikallashuv va ekstremizm sabablari, tendensiya va qonuniyatlari bo‘yicha tadqiqot va tahlil olib boriladi. Shuningdek, onlayn faoliyat va boshqa tadbirlar samaradorligi nazorat qilinadi va baholanadi. Maxsus xulosalar asosida hisobot va tavsiyalar e’lon qilinadi. Ushbu chora-tadbirlar tadqiqot va baholash deb ataladi.
Loyiha doirasida din olimlari, o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xavfsizlik xodimlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari kabi turli manfaatdor tomonlar uchun seminar, konferensiya va treninglar tashkil qilinadi. Loyiha onlayn radikallashuv va ekstremizmning oldini olish, unga qarshi kurash bo‘yicha ogohlikni oshirish, shuningdek, zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, loyiha boshqa mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik qiladi. Ushbu chora-tadbirlar salohiyatni oshirish va tarmoq yaratish deb ataladi.
2008-yili “Sakina” Saudiya Arabistoni islom ishlari vazirligi tomonidan rasman tan olingan va qo‘llab-quvvatlangan mustaqil, nodavlat tashkilotga aylandi. O‘sha yili axborot xavfsizligi to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilindi. Unda ekstremistik yoki radikal materiallarni internetda tarqatishda ishtirok etgan har bir kishi uchun qattiq jazo belgilandi.
2011-yilda esa “Sakina” dasturi maktab, masjid va qamoqxonalarga tashrif buyurish kabi offlayn tadbirlarni o‘z ichiga olgan holda o‘z faoliyatini kengaytirdi. Shuningdek, ko‘ngillilar va olimlarni radikal oqimlarga qarshi kurashishga jalb etish, shuningdek, mutaassiblikka moyil shaxslarga psixologik va ijtimoiy yordam berish uchun seminar, trening va konferensiyalar tashkil etildi.
2014-yilda “Sakina” ilohiyot, fiqh, tarix va axloq kabi islom bilan bog‘liq turli mavzular bo‘yicha ma’lumot va manbalar taqdim etuvchi veb-sayt ishlab chiqdi. Veb-saytda zo‘ravonlikdan voz kechgan va tinch-totuv yashashni qo‘llab-quvvatlagan sobiq ekstremistlarning guvohliklari mavjud. Veb-saytning asosiy e’tibori kengroq auditoriyani qamrab olishga, konstruktiv muloqot va munozaralar uchun platforma taklif qilishga qaratilgan.
Shuningdek, loyiha bilan sobiq ekstremistik e’tiqodidan voz kechgan ko‘ngillilar ham ishlaydi. Bu shaxslarning aksariyati ekstremistlar emas, balki islomda nimalar joiz ekani haqida savollari bor va ularga soha mutaxassislaridan javob olishni istagan odamlar edi.
Tarmoqda dastlabki muloqot o‘rnatilgandan so‘ng “Sakina” xodimi odatda ularga shaxsiy chat xonasiga ko‘chib o‘tishni taklif qiladi. Ushbu onlayn suhbatlar ham real vaqtda, ham postlar shaklida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi holatda, odatda suhbatdosh savol beradi, keyin esa “Sakina” xodimi javob beradi. Ushbu suhbatlar bir necha soat davom etishi mumkin. Ammo ba’zi foydalanuvchilar ushbu xizmatga bir necha oy davomida davomli murojaat qiladi. Muloqot stenogrammasi keyin boshqalar o‘qishi uchun internetga joylashtiriladi. Bu dasturning qamrov imkoniyatini oshiradi.
Natijalar. Radikallashuv va siyosiy zo‘ravonlikni o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz hisobotiga ko‘ra, “Sakina” loyihasi ekstremistik qarash yoki shunga o‘xshash g‘oyalarga hamfikrligini bildirgan shaxslar bilan 3000 dan ortiq onlayn muloqot o‘tkazgan va ulardan 1500 nafarini terrorchilar safiga qo‘shilishdan qaytargan.
Dastur amalga tatbiq etilganidan ko‘p o‘tmay umidli natijalar bera boshladi. Saudiya rasmiylari muvaffaqiyat darajasi 80 dan 90 foizgacha bo‘lganini da’vo qilmoqda. Bundan tashqari, 2007-yil noyabr oyida shahzoda Muhammad bin Naif atigi 35 ta takroriy jinoyat sodir etish holatlari qayd etilganini ta’kidladi. Bu ikki foizdan kam ko‘rsatkichga teng. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolar fikrini o‘zgartirish va takroriy jinoyat sodir etishining oldini olish murakkab vazifa ekani hisobga olinsa, yuqoridagi natija dastur muvaffaqiyatidan darak beradi.
Virtual suhbat xonalaridagi sessiyalar odamlarni o‘z e’tiqodi haqida munozaralarga jalb qilish orqali yolg‘onlarni ko‘rsatish va internet foydalanuvchilarga islom haqidagi “noto‘g‘ri” tushunchalardan voz kechishga yordam beradi.
2015-yildan keyin Salmon ibn Abdulaziz taxtga kelgach, de-fakto hukmdorga aylangan Muhammad bin Salmon neft qaramligidan qutulib, ko‘p tarmoqli iqtisodiyotga o‘tish choralarini boshladi. Bunda u barcha maqsadlarini “Vision-2030” ga qaratdi. Ko‘p tarmoqli bo‘lish uchun hududga inson kapitali kelishi lozim. Buning uchun esa Saudiya jozibador bo‘lishi kerak. Lekin 1989-yildan keyingi ulamolarga berilgan erkinlik natijasida qabul qilingan fatvolar jamiyatni har qanday yangilikdan chekladi. Bu qoidalar shariat politsiyasi tomonidan nazoratga olindi. Muhammad bin Salmon dunyo aholisini jalb qilish va o‘z xalqiga bo‘layotgan diniy o‘zgarishlarni tushuntirish uchun vahhobiylik natijasida o‘zgargan islomni asl holiga qaytaramiz deb qilayotgan ishlarini oqlamoqda.
Dastlabki ish ayollardan boshlandi. Bunda ayollarga 2017-yildan avtomobil haydashga ruxsat etildi, 2018-yildan esa hijob kiyish majburiyligi qonundan olib tashlandi. Shu tufayli hozirda ayollarning ishlaydigan qatlam ichidagi ko‘rsatkichi 36 foizga chiqdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 60 foiz aholisini 30 yoshdan kichiklar tashkil etadigan Saudiyadagi bu islohotlardan aholining 64 foizi mamnun.
Siyosiy elita deganda Saudiyada faqatgina Muhammad bin Salmonning yakka o‘zi ko‘z oldimizga keladi. U bergan intervyulardan birida: “Biz vahhobiylik bilan 30 yillab kurashmaymiz, uni bugunoq yo‘q qilamiz”, degan edi. Shunga ko‘ra, saudiyalik ulamolarga uch yo‘l qoldirildi. Birinchisi, diniy islohotlarda davlat pozitsiyasini yoqlab fatvolarini o‘zgartirish. Ikkinchisi, sukut saqlab, da’vatdan voz kechish. Uchinchi yo‘l – o‘lim.
Vahhobiylikda siyosiy rahbarga fitna ko‘payib ketib, qatl ko‘paymasligi uchun rahbarga bo‘ysunish talab qilinadi. Shunga ko‘ra, diniy rahnamolarning ma’lum bir qismi 10 yil oldingi “Ayollarga avtomobil boshqarish mumkin emas” va shu kabi fatvolarini hozirda o‘zgartirib fatvo berdi. Lekin ba’zi ulamolar bunga rozi bo‘lmadi va o‘rtacha har yili 140 ta o‘limga hukm qilinganlar safiga tushdi. Ular ichida tvitterda katta auditoriyasi bo‘lgan Salmon al-Odah, Avad al-Qorni va Ali al-Umariylar bor. Bu bilan ultra-konservativ kuchlar yo‘q qilinib, barcha katta auditoriyaga ega ta’sir qiluvchilar yo‘q qilinmoqda.
Ushbu o‘zgarishlar tufayli aholi keskin guruhlarga bo‘linib ketdi. Dindor qatlamning 60 foizga yaqini bu o‘zgarishlarni salbiy baholamoqda. Yoshlar esa jamiyat o‘rnatgan qoidalarga qaramasdan erkinlik istab, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini namoyish qilishga intiladi. Lekin ko‘proq bu o‘zgarishlar faqatgina shahar aholisi o‘rtasidagina kechmoqda. Markaziy shaharlardan tashqarida yashayotgan aholi o‘zining badaviy – sahroyi hayotida qolib, bo‘layotgan o‘zgarishlardan norozidir. Shu sababli Muhammad bin Salmonning “Vision-2030” rejasi bo‘yicha aholini uy bilan ta’minlash jadal sur’atlar bilan olib borilib, 2020-yilda 62 foizga yetkazildi. Solishtirish uchun 2016-yilda 49 foiz edi.
Umumiy hisobda 2019-yilda diniy o‘zgarishlardan 77 foiz saudiyalik norozi ekanini bildirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023-yilga kelib 55 foizgacha tushdi.
Saudiya davlati ichida hokimiyatni markazlashtirish uchun birgalikda harakat qilinmoqda. Xususan, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon eski tuzilmalarni jilovlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaz tomonidan boshqariladigan yangilarini yaratmoqda. Dinga aloqadorlikdan holi milliy Saudiya identikligini targ‘ib qilish uchun harakat qilinmoqda. Bunga shahzoda Xolid bin Salmon raislik qiladigan Saudiyaning xarakterlarni boyitish dasturi kabi tashabbuslar kiradi. Dinni inkor qilmasa-da, Saudiya identikligini targ‘ib qilishda, ayniqsa, madaniyat vazirligi kabi muassasalarda ochiq diniy mavzu va lug‘atlardan chekinish bor.
Sahvo harakati va shia musulmonlari kabi muxolif guruhlar ta’qibga duch kelmoqda. Bu muxoliflar uchun diniy va siyosiy maydonning cheklanganidan dalolat beradi. Shia musulmonlari davlat organlaridan uzoqlashtirilmoqda va ularga xavfsizlikka tahdid soluvchi sifatida qaralmoqda. Bu o‘zgarishlarning bevosita ta’siri Saudiya jamiyatini qayta shakllantirishda ta’sirli bo‘lsa-da, uzoq muddatli oqibatlari aniq emas. Bunga sabab hukumat keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish bilan bir qatorda mavjud tuzilmalarni saqlab qolishda davom etmoqda.
O‘zgarishlarning to‘liq yakuniga yetishini va uning jamiyatga qanday ta’sir qilishini kutish kerak. Bu islohotlarning muvaffaqiyati uzoq vaqtga cho‘zilishi hali aniq emas.
Saudiya Arabistonidagi diniy yetakchilar qirolning mamlakat rahbari sifatidagi hokimiyatini tan olganidan keyin unga qarshi chiqish, e’tiqodi tufayli muxolif harakatlarga rahbarlik qilishdan chetlanadi. Ular muxolifatga maslahat berishi mumkin bo‘lsa-da, siyosatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etish radikal xususiyat kasb etishi va xavfli ekanini biladi. Shu sababli ulardan katta xavf kutilmaydi.
Diniy muassasa, ayollarga avtomobil haydashga ruxsat berish kabi qarorlarni ma’qullashidan xulosa qilish mumkinki, ular davlat siyosatiga moslashmoqda. Davlat maqsadlari uchungina faoliyat yuritadigan din vakillari o‘z martabasida ko‘tarilmoqda. Davlat tuzilmalarida mana shunday diniy yetakchilar ko‘paygani buning dalilidir. Ko‘pgina islohotlar uzoq strategiyaning bir bo‘lagi bo‘lmay, balki ish jarayonida qabul qilinayotgani sababli, ular katta ehtimol bilan bekor qilinishi mumkin. Ezgulikni targ‘ib qilish hamda illatlarning oldini olish qo‘mitasi kabi institutlar yana obro‘ qozonishi va vahhobiylikning turli unsurlari tiklanishi mumkin. Ochiq qarama-qarshilikning yo‘qligi markazlashuvning kuchayishi tufayli elita xohishiga ko‘ra islohotlar yana eski holatiga qaytishi mumkin.
Barqaror islohotlar mamlakat ichida va xalqaro miqyosda kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xalqaro miqyosda qirollik diniy faoliyati ortidagi siyosiy motivlar tufayli islom olamida yumshoq kuchini yo‘qotishi mumkin. Mamlakatda turli guruhlar, jumladan, san’atkor va diniy arboblar o‘rtasida keskin bo‘linish, ya’ni jamiyatdan ajralib qolish kuzatilishi mumkin. Bu esa kam bo‘lsa-da, hukumatdan norozilikka yoki rasmiy diniy ta’limotdan uzoqlashishga olib keladi.
Siyosiy islohotlarsiz liberallashtirish keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki ba’zi guruhlar o‘zini chetlashtirilgandek his qilishi va davlat manfaatlaridan ko‘ra, gʻarb manfaatlarini ustuvor bilishi mumkin. Ushbu qarama-qarshi maqsaddagi toifalarni boshqarish hozirda rahbariyatdan ko‘proq nozik siyosiy boshqaruvni talab qiladi.
1992-yilda qabul qilingan Bosh qonunda shariat qirollikning asosi ekani belgilab qo‘yilgan. Mamlakat ichki va tashqi siyosatida, shuningdek, rasmiy mafkurasi shakllanishida uzoq yillar diniy ulamolar roli va ta’siri yuqori bo‘lib kelgan. Diniy ulamolar roli 1979-yil Masjidul Haramda yuz bergan terakt va Erondagi islomiy inqilobdan so‘ng ayniqsa kuchaygan. So‘nggi yillarda Saudiya Arabistonining mafkuraviy siyosatida transformatsiya kuzatilmoqda. Bu, birinchi navbatda, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshlagan islohotlar bilan bog‘liq. Mamlakatda asosiy mafkura sifatida saudiy o‘zligini ilgari surish, tashqi siyosatda “Saudiya birinchi” tamoyili va milliyatchilik g‘oyasi ustuvorligi kuchayganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Saudiyada ulamolar kengashi mamlakatning eng obro‘li diniy yetakchilaridan iborat bo‘lib, u mamlakatning nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy hayotida ham muhim rol o‘ynab kelgan. 2005-yilda Qirol Abdulloh bin Abdulaziz boshlagan o‘zgarishlar orqali ulamolar roli kamaytirib borildi. Ulamolar kengashi qirollikning rasmiy mafkurasi shakllanishida ham muhim o‘rin tutgan. Kengash a’zolari va Saudiya bosh muftiysi asosan qirol oilasidan keyingi eng nufuzli oila – Oli Shayxga mansub shaxslardan tayinlangan. Bu oila Muhammad ibn Abdulvahhobning avlodlari bo‘lib, mamlakatning nafaqat diniy, balki siyosiy hayotida ham muhim lavozimlarni egallab kelgan.
2015-yildan mamlakatda olib borilgan islohotlar natijasida siyosiy institutlar, boshqaruvdagi kadrlar va sud tizimi ham evrilishga yuz tutgan. Muhammad bin Salmon davrida konservativ qarashdagi bir qancha amaldor va ulamolar lavozimidan chetlashtirildi. Bugungi kunda boshqa institutlar qatori ulamolar kengashi vakolatlari va ta’siri kamaytirildi.
Mamlakat mafkuraviy siyosatini shakllantirishda bir qator siyosiy institut va diniy tuzilmalar rol o‘ynaydi. Bular jumlasiga Ulamolar kengashi, Islom ishlari vazirligi, Adliya vazirligi, Amru ma’ruf va nahyi munkar qo‘mitasi (diniy politsiya), Ta’lim vazirligi va Jahon musulmonlar ligasini kiritish mumkin. Jahon musulmonlar ligasi qirollik xonadoni bilan yaqin aloqasi tufayli qarorlarga ta’sir darajasi kuchlidir.
Hukumat boshlagan liberallashtirish siyosatiga diniy ulamolar qarshiligining oldini olish va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida Muhammad bin Salmon davrida bir qator yangiliklar amalga oshirildi. Islom ishlari vazirligi juma mav’izalari, ulamolar ma’ruzalari va darslari, rasmiy va norasmiy ta’lim muassasalaridagi diniy darslar, nodavlat diniy va xayriya tashkilotlari faoliyati, diniy kitoblar va Qur’oni karim nashrlarini nazoratga oldi.
Islom shariatiga asoslangan mafkuraning amal qilishida Saudiya sud tizimining ham roli yuqori darajada. So‘nggi yillarda sud tizimi ham transformatsiyaga uchradi. Garchi hukmlarni asoslashda shariat asosiy manba hisoblansa-da, islohot sud tizimini ham chetlab o‘tmaganini ko‘rish mumkin. Diniy politsiya ham transformatsiyaga uchradi. Eng muhim tartibot organlaridan hisoblangan tuzilmaning ta’siri sezilarli darajada pasaydi.
Ta’lim vazirligi mamlakatning mafkuraviy siyosatini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Maktab darsliklari qayta yozilib, mazmuni mafkuraviy evrilishga uchradi. Unda mamlakatning tashkil topishida vahhobiylikning roli kamaytirib ko‘rsatildi. Maktab o‘quvchilariga milliy mafkurani yetkazishda musulmon o‘zligidan ko‘ra, milliylikka, saudiylik o‘zligiga urg‘u berilmoqda. Saudiya jamiyatida Musulmon birodarlar g‘oyasi ta’sirini kamaytirish uchun ta’lim muassasalarida islom birodarligi g‘oyasiga asoslangan kitoblar taqiqlandi, maslak tarafdorlari bo‘lgan o‘qituvchilar ishdan chetlatildi. Diniy universitetlar rahbarligiga diniy ulamo bo‘lmagan shaxslar tayinlana boshlandi.
Saudiya Arabistoni islom olami markazi sifatida musulmon dunyosida o‘z ta’siriga ega. Mamlakat uzoq yillar teokratik boshqaruvda bo‘lgani va ulamolar yuqori ta’sirga ega bo‘lganidan dunyo musulmonlarida ideal davlat o‘laroq havas uyg‘otib kelgan.
So‘nggi yillarda Saudiya davlat mafkurasida yuz berayotgan transformatsiyaning O‘zbekistonga ta’sirini ijobiy deyish mumkin. Saudiyada vahhobiylikni yoyishdan voz kechib, moʻtadil islom haqida oliy darajalarda bayonot berila boshlangani, siyosiy qarorlar qabul qilishda ulamolar roli kamaytirilgani, diniy ta’lim va ma’ruzalar ustidan nazorat o‘rnatilishi, milliy mafkura sifatida saudiylik o‘zligiga alohida urg‘u berilishi mamlakatda sekulyarizmga moyillik kuchayib borayotganidan darak beradi.