Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etilgan “Buyuk ajdodlar merosi — Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress 23-avgust kuni Toshkentda boshlanib, shu kunlarda oʻz ishini Samarqandda davom ettirmoqda.
Kongressda IRCICA, ISESCO, TURKSOY singari xalqaro tashkilotlar, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbar va xodimlari, dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
24-avgust kuni Samarqanddagi kongress markazida xalqaro forumning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi.
Tabrikda kongressda bugun va kelajakka moʻljallangan ilmiy dastur va rejalar muhokama qilinayotgani diqqatga sazovorligi alohida taʼkidlangan. Xususan, “Oʻzbekiston madaniy myerosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-maʼrifat maskanlariga yetkazib berildi. Ana shu ishlarning davomi sifatida anjuman kunlarida mazkur turkumdagi yana 10 ta yangi jild taqdimoti oʻtkazilishi ham muhim madaniy hodisadir, deya qayd etilgan. Shuningdek, fundamental tadqiqotlarni oʻtkazishga qaratilgan dastur, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishdagi chora-tadbirlar oʻzaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishiga eʼtibor qaratilgan.
— Davlatimiz rahbari tabrigida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi eshiklari olimlar va tadqiqotchilar uchun hamisha ochiq ekanini eshitib, har birimizning qalbimizda gʻurur va iftixor uygʻondi, — deydi OʻzFA vitseprezidenti Bahrom Abduhalimov. — Joriy yil iyul oyida mamlakatimizning yetakchi olimlari ishtirokida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” Respublika forumini oʻtkazgan edik. Forumda Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bogʻliq 600 dan ortiq taklif bildirildi. Bugungi kongress ham ana shu takliflardan kelib chiqib, xalqaro tajribani chuqurroq oʻrganish maqsadida tashkil etildi.
Kun tartibiga koʻra, olimlar ishtirokida “Markaziy Osiyo islomgacha boʻlgan davrda”, “Jaholatga qarshi maʼrifat: islom maʼnaviy merosini ommalashtirishning dolzarb masalalari”, “Taʼlim va fan islom sivilizatsiyasining asosi”, “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida”, “Arxitektura, sanʼat va hunarmandchilik: kelajak uchun meros”, “Innovatsion muzeylar – kelajak muzeyi: Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy muzeylari koʻrgazmasida yangi texnologiyalar”, “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida: dunyo va milliy kolleksiyalar boʻyicha ishlarning yangi yoʻnalishlari” kabi mavzularda seminarlar, muhokamalar tashkil etildi.
Unda Islom sivilizatsiyasi markazi va xorijiy dizaynerlar oʻz loyihalari, konsepsiyalari bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, ilmiy xodimlar tomonidan muzeylar va Imom Buxoriy markazining koʻrgazmalari konsepsiyalari taqdim etilmoqda. Milliy mutaxassislar hamkorlikdagi loyihalarni, jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeyining koʻrgazmalari boʻyicha videoroliklar namoyish qilinyapti.
— Kongryessning asosiy maqsadi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi megaloyihasini xalqaro ilmiy jamoatchilikka taqdim etishdan iborat, — deydi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. — Ayni paytda faoliyatimizning toʻlaqonli ishga tushishi uchun jadal harakatlar boshlangan.
Markaz dunyo ahamiyatiga molik ulkan madaniy, maʼrifiy maskan sifatida qad rostlamoqda. Barcha saʼy-harakatlarimiz mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar ahamiyatini ochib berishga qaratilgan.
Markaz zimmasidagi ulkan vazifalarni ado etish uchun mamlakatimiz va xorijdagi barcha ilmiy kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Akademik tadqiqotlardan olingan ilmiy xulosalar markazda amaliy yoki nazariy shaklda oʻz ifodasini topadi. U ham ilmiy, ham jozibador maskanga aylanadi. Ayni damda sohaga oid muloqotlarga moʻljallangan ilm oʻchogʻi boʻladi. Shu sabab yirik xalqaro anjumanda eʼtiborni koʻproq markazning kutubxona va muzeylari fondini xalqaro andozalarga mos, bugungi kun talablaridan kyelib chiqib boyitish, markaz faoliyatini yanada kengaytirishga qaratildi.
Xalqaro kongress dunyoning 35 dan ziyod davlatidan 300 ga yaqin olimlar, tadqiqotchilar, madaniy meros sohasida faoliyat yuritayotgan ekspertlar hamda madaniyat, sanʼat arboblarini bir maydonga jamladi. Fursatdan foydalanib, ularning fikrlari bilan qiziqdik.
— Mamlakatingizda barcha sohalar qatori taʼlim, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat, buyuk ajdodlar merosini saqlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni muntazam kuzatib boramiz va behad quvonamiz, — deydi “Sandro Tetti” Rim nashriyot uyi asoschisi va direktori Sandro Tetti. — Zotan, Oʻzbekiston zaminidan jahon tamadduniga munosib hissa qoʻshgan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Oʻzbek xalqining bebaho madaniy merosi bugun dunyoning turli hududlarida saqlanmoqda va oʻrganilmoqda. Shu bilan birga, jahonning yuksak minbarlaridan turib, islom diniing insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotgani bejiz emas. Zotan, bugun dunyo ahli ana shunday ezgu daʼvatlarga, xayrli tashabbuslarga katta ehtiyoj sezmoqda.
— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom merosini tadqiq etishga qaratilgan bir qator xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻygan, — deydi Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi — IRSIKA rahbari Mahmud Erol Qilich. — WOSCU boshqaruvi aʼzolaridan biri sifatida aytishim mumkinki, ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalarning Islom olami va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini oʻrganish, muqaddas dinimizning insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish oʻta muhim masala. Guvoh boʻlyapmizki, markaz binosi sharqona anʼanalar hamda zamonaviy arxitektura talablari asosida qad rostlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatida qayta bunyod etilayotgan Imom al-Buxoriy majmuasi ham tez orada Islom olamining eng mashhur qadamjolaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Bunga kuni kecha ushbu inshootlarga qilgan tashrifimiz davomida guvoh boʻldik.
— Kongryess davomida markaz ekspozitsiyalari mazmunini yaxshilash boʻyicha ekspert baholari va tavsiyalar olinadi, Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosini saqlashga qaratilgan bir qator muhim loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib boriladi, — deydi Qatar Milliy kutubxonasi direktori Tan Husim xonim. — Shuni maʼlum qilishdan mamnunmanki, bizning kutubxona islom merosi durdonalari saqlanayotgan dunyodagi yirik maʼrifiy maskanlar qatorida turadi. Kelgusida ushbu kutubxona bilan hamkorlikda kitob-albomlar, nodir asarlarning faksimile nusxalarini yaratish niyatidamiz.
VIII xalqaro kongress doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlarning 71-80 jildlari, shuningdek, bir qator bezakli nashrlar taqdimotlari oʻtkazildi, kitob-albomlar koʻrgazmalari tashkil qilindi. Xorijiy mamlakatlardagi bir qancha ilmiy-maʼrifiy muassasalar, tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Yalpi yigʻilishdan soʻng kongress oʻz ishini yettita shoʻba doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeylarining ekspozitsiyalari boʻyicha taqdim qilingan loyihalarni muhokama qilish bilan davom ettirdi. Shuningdek, AQSH va Rossiyadan kelgan mutaxassislar ishtirokida Islom sivilizasiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeyi uchun zamonaviy texnologiyalar loyihalarining taqdimoti oʻtkazildi. Muhokama va maʼruzalar yakuni boʻyicha muzey zallari ekspozitsiyalari uchun taklif etilgan loyihalar tasdiqlandi.
Kongress oʻz ishini davom ettirmoqda. Kun tartibida Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, uni saqlash va ommalashtirish maqsad qilingan. Shuningdek, islom sivilizasiyasining qimmatli madaniy va maʼnaviy mulkini kyelajak avlodga yetkazish kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.