Home / YANGILIKLAR / ULUGʻ ALLOMALARIMIZNING DUNYO TAMADDUNIDAGI OʻRNI: TAHLIL, TAKLIF VA XULOSA

ULUGʻ ALLOMALARIMIZNING DUNYO TAMADDUNIDAGI OʻRNI: TAHLIL, TAKLIF VA XULOSA

Mamlakatimizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Buyuk ajdodlar merosi – uchinchi Renessans asosi» mavzuida VIII xalqaro kongress oʻtkazilmoqda. Unda IRCICA, ISESCO, TURKSOY singari xalqaro tashkilotlar, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbar va xodimlari, dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar qatnashmoqda.

Toshkent shahrida 23-avgust kuni boshlangan tadbirlar ayni paytda Samarqandda davom etyapti. 24-avgust kuni Samarqand xalqaro turizm markazidagi kongress-xollda nufuzli anjumanning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov va boshqalar mamlakatimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Prezidentimiz qarori asosida bundan yetti yil muqaddam tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi megaloyihalardan biridir.

Shuningdek, bu borada Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati tomonidan oʻtkazilayotgan xalqaro anjumanlar, amalga oshirilayotgan loyihalar, chop etilayotgan kitob- albomlar muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Tabrikda taʼkidlanganidek, kongressning bu galgi sakkizinchi yigʻilishi doirasida mamlakatimizda bunyod etilayotgan, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi megaloyiha — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining joriy va kelajakka moʻljallangan ilmiy dastur hamda rejalari muhokama qilinishi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Bunda buyuk alloma va mutafakkirlarimizning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizasiyasi ravnaqiga qoʻshgan munosib hissasi, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati boʻyicha fundamental tadqiqotlar oʻtkazishga oid dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, hech shubhasiz, oʻzaro hamkorligimiz uchun yangi imkoniyat va istiqbollar ochib beradi.

Marosimda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi videorolik namoyish etildi.

Ochilish marosimidan soʻng xalqaro kongressning yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi muzeylarining loyiha va konsepsiyalari muhokama qilindi. Mahalliy hamda xorijlik mutaxassislarning fikr-mulohaza va takliflari tinglandi.

Kongressning yettita shuʼba majlislarida yalpi yigʻilishda muhokama etilgan muzeylarning ekspozisiyalari boʻyicha taqdim qilingan loyihalar koʻrib chiqildi.

Olimlar ishtirokida “Markaziy Osiyo islomgacha boʻlgan davrda”, “Jaholatga qarshi maʼrifat: islom maʼnaviy merosini ommalashtirishning dolzarb masalalari”, “Taʼlim va fan — islom sivilizatsiyasining asosi”, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida”, “Arxitektura, sanʼat va hunarmandchilik: kelajak uchun meros”, “Innovatsion muzeylar — kelajak muzeyi: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeylari koʻrgazmasida yangi texnologiyalar”, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida: dunyo va milliy kolleksiyalar boʻyicha ishlarning yangi yoʻnalishlari” kabi mavzularda seminarlar, muhokamalar tashkil etildi.

Ularda Oʻzbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yoʻli, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib qilish, xalqimizning boy madaniy va maʼnaviy merosini oʻrganish, asrab-avaylash hamda ommalashtirishda mahalliy olimlar va xalqaro ilmiy ekspertlar hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni taʼminlashga urgʻu berildi.

Tadbir doirasida “Yangi Renessans: madaniy merosni saqlashda kino va medianing oʻrni” mavzuida TURKSOY xalqaro forumi oʻtkazilmoqda. Unda turkiy tilli mamlakatlarning kino sanoati vakillari ishtirokida “Kino — meros himoyachisi: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti”, “Global mediahamkorlik: merosni asrash boʻyicha madaniyatlararo loyihalar” kabi tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi multimediabloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkumi taqdimoti, “Baqtriya tarixi”, “Oʻzbekiston arxeologik marvaridlari”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va nemis mennonitlari”, “Muxtor Avezov” loyihalari taqdimoti oʻtkaziladi.

Xalqaro kongress davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati bilan hamkorlik yuzasidan bir qator xalqaro tashkilotlar, akademiyalar oʻrtasida memorandumlar imzolandi.

Forum 26-avgustga qadar davom etadi. Uning doirasida jami 12 ilmiy yoʻnalishdagi mavzularni qamrab olgan ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi. Xususan, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, uni saqlash va ommalashtirish, shuningdek, islom sivilizasiyasining qimmatli madaniy va maʼnaviy mulkini kyelajak avlodga yetkazish kabi muhim masalalar muhokama qilinadi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy merosni saqlash va qayta tiklash masalalari, shuningdek, madaniy boyliklarni yosh avlodga yetkazishda yangi innovatsion yondashuvlarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Soʻz — anjuman ishtirokchilariga

Sali SHAHSIVARI,

“Al-Furqon” islom merosi fondi menejeri (Buyuk Britaniya):

— Bugungi kunda dunyodagi koʻplab yirik kolleksiyalar va mashhur muzeylarda Oʻzbekistonning moddiy va nomoddiy merosiga oid noyob durdonalar saqlanmoqda, ularni oʻrganishda va bu hakda maʼlumotlar toʻplashda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyatining xizmatlari katta. Qisqa vaqtda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar tayyorlanishi oson kechadigan jarayon emas, buning zamirida qancha mehnat, zahmat borligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun biz “WOSCU”ning bu boradagi ishlarini qoʻllab-quvvatlaymiz va mazkur tashkilot bilan bundan buyon ham hamkorlik qilishga tayyormiz.

Muzaffar ShEKER,

Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti:

— Diniy-maʼrifiy sohada amapga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etganda, ayniqsa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan ishlar oʻzbek xalqi maʼnaviy qudratini dunyoga namoyon qilishini taʼkidlamaslikning iloji yoʻq. Oʻzbekiston ming yillik tamaddunga ega. Bu zamin odamlari mana shu istiqbolli sivilizatsiyaning sohiblari hisoblanadi.

Oʻzbekiston hududida yashab oʻtgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Hazrat Bahouddin Naqshband va boshqalar mana shu tamaddun rivojlanishiga hissa qoʻshishgan. Bugungi kunda dunyodagi aksariyat aholi aynan Moturidiy taʼlimotidan foydalanadi. Yana islom olamida Termiziy ham buyuk muhaddis hisoblanadi. Yetakchi taʼlimotlardan yana biri — Naqshband tariqati. Qisqacha aytganda, ulugʻlar ulgʻaygan mana shu makonning kelajagi porloq! Bugungi kunning faollari esa ushbu buyuk meros sohiblari hamda targʻibotchilari hisoblanadi. Tan olish kerakki, bunday imkoniyat hamma xalq va davlatda ham mavjud emas.

Tan HUSIM,

Qatar Milliy kutubxonasi direktori:

— Aytish kerakki, madaniy merosni rivojlantirish yoʻlida Oʻzbekistonda juda katta ishlar amapga oshirilgan. Tarix, bilim, tadqiqot, arxitektura — Oʻzbekiston merosi va madaniy boyligining koʻplab elementlarini bir kongressda jamlamokda. Bu yerda olimlar oʻzaro fikr almashmokda, doʻst tutinmokda, kelgusi hamkorlik rejalarini muhokama qilmoqda. Bularning barchasi, albatta, juda ajoyib. Bizga mana shunday imkoniyat yaratib berilganidan juda xursandmiz.

Men oʻz kutubxonamiz misolida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha turli yoʻnalishlardagi hamkorlik imkoniyatlari haqida taqdimot qilaman. Biz bu boradagi sheriklik loyihalarini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdormiz.

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2024-yil 25-avgust, №172-173(8795-8796)

Check Also

Ilmiy xodimlar – Turkiyada malaka oshirishda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimining 3 nafar ilmiy xodimi …