Fan, ta’lim va iqtisodiyotning jadal integratsiyalashuvida respublika hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni zamon talablari asosida yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga egadir. Qazishmalarni keng koʻlamda tashkil etish, yoshlarni arxeologik izlanishlar bilan tanishtirish va noyob qadimiy me’morchilik namunalarini ochiq osmon ostidagi muzeylar shaklidagi turizm obyektlariga aylantirish zarur [2]. Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish kerakligini ko‘rsatdi. Yirik arxeologik yodgorliklarda keng koʻlamli tadqiqotlarni olib borish, qadimiy tarix va boy madaniyatimizni xalqimiz hamda jahon hamjamiyatiga targʻib qilish zarur. Tarixiy-madaniy merosning ilmiy axborot mazmuni, uning inson hayotining bir sohasi sifatidagi badiiy va amaliy ahamiyati yodgorliklardan foydalanish amaliyotining asosiy maqsadini belgilaydi [14:41].
XX asr davomida tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilishning turli modellari, usullari, xalqaro me’yorlari va qonunlari ishlab chiqilganiga qaramay, ularni saqlash muammosi dunyoning koʻplab mamlakatlarida eng keskin masalalaridan biri boʻlib kelgan [10:163-170]. Bu borada Butunjahon merosi konvensiyasi muhim ahamiyatga egadir. Ushbu Konvensiya ham madaniy, ham tabiiy merosni muhofaza qilish boʻyicha eng muhim xalqaro hujjatdir [16:200]. Har qanday davlat madaniy merosni muhofaza qilishning umumbashariy tamoyillariga amal qiladi. Madaniy merosni kelajak avlodlarga yetkazish uchun uni saqlaydi. Madaniy meros xavfsizligini ta’minlashi, ulardan foydalanish, oʻrganish va ommalashtirishi shart [10:163-170].
Hozirgi kunda dunyoda arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish sohasidagi nazariy va falsafiy yondashuv rivojlanmoqda. Unda tabiatni muhofaza qilishni tadqiq qilish tartib-qoidalarining fanlararo tabiatini belgilash zarur. Arxeologik obidalarda foydalaniladigan rejalashtirish jarayonlari va yondashuvlarning mantiqiy asoslari muhokama qilinadi. Ushbu yondashuvlarning asosi quyidagilardan iborat:
– arxeologik materiallarni himoya qilish uchun tabiatni muhofaza qilish talablari bilan bir qatorda ularni o‘z joyida qoldirish;
– qiymatga asoslangan boshqaruv tartib-qoidalarini har tomonlama tushunish;
– merosning ijtimoiy-madaniy oʻlchovlarini hisobga olish;
– ma’muriy amaliy mulohazalarni hisobga olish, madaniy meros joylarini saqlab qolishdir.
Avvalo, tabiatni muhofaza qilish nazariyalarining adabiyotlari koʻrib chiqiladi. Arxeologik merosni muhofaza qilish va taqdim etish sohalarida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarining mantiqiy asoslarini tushunish madaniy meros sohasida rejalashtirish yondashuvining asosini tashkil qiladi [15:149].
Butun dunyoda, birinchi navbatda, rivojlangan mamlakatlarda madaniy meros obyektlari yaxshi holatda saqlab qolinadi yoki tiklanadi. Ular har qanday xalq tarixi va ma’naviyati mezonidir. Bu nafaqat katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi, balki jamiyatda boʻlinishni keltirib chiqaradi. Chunki madaniy meros obyektlari yangi qurilish ishlarida qiyinchilik keltirib chiqaradi. Me’moriy yodgorliklar oʻzining tarixiy sharoitida, ham yirik me’moriy ansambllarda, ham yakka tartibdagi obyektlarda saqlanishi kerak. Aholining turli guruhlari oʻtmish yodgorliklarini turlicha qadrlaydi. Binoni buzish masalasi ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqaradi. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish va madaniy merosni saqlash yangi hodisa ekani bilan izohlanadi [8:328].
Hozirgi zamonda madaniy merosni saqlash sayyoramizning koʻplab shaharlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda [6:188]. Oʻzbekistonning arxeologik obyektlari va ularni saqlab qolish masalalari hozirgi kunda juda dolzarbdir. Tahlillar natijasida davlat himoyasiga olingan obyektlarning 25 foizidagina muhofaza belgilari – yorliqlar mavjud [4:292-298]. Bundan tashqari, aksariyat madaniy meros obyektlarning kadastr hujjatlari yoʻq, chegaralari belgilanmagan [1]. XXI asrda meʼmoriy merosni muhofaza qilish, shahar tarixiy muhitini asrab-avaylash, undan turizmda samarali foydalanish amaliyoti istiqbolli yoʻnalishlardan biridir. Tarixiy shaharni madaniy hodisa sifatida aniqlash, aksiologik yondashuv asosida yagona ekspozitsiyani tashkil etuvchi yodgorlik, inshootlarning me’moriy-badiiy oʻziga xosligini muzeylashtirish katta ahamiyatga ega. Arxitektor, tarixchi, arxeolog, oʻlkashunos, san’atshunos, etnograf va sotsiologlar bilan hamkorlikda shahar hayotining tarixiy-madaniy va ijtimoiy-maishiy jihatlarini muzeylashtirishga e’tibor qaratish hozirgi kunda nihoyatda muhim ahamiyatga egadir [5:47-52].
Muzeylashtirishni keng ma’noda har qanday obyektning muzey holatiga oʻtish, deb hisoblash mumkin. Bu atama odatda koʻchmas, atrof-muhit va nomoddiy meros obyektlariga nisbatan qoʻllanadi [11]. Shuning uchun, Jizzax viloyatidagi obyektlarni muzeylashtirishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda muzeylashtirishning tarixiy tajribasi asos sifatida olingan.
Muzeylashtirish jarayonida yodgorlikning axborot salohiyatini maksimal darajada oshirish kerak [7:61]. “Muzeyefikatsiya” atamasi mahalliy muzeyshunoslik fanida nisbatan yangi tushuncha boʻlib, faqat XX asr ikkinchi yarmida keng tarqalgan.
Tarixiy, madaniy va tabiiy obyektlarning muzey ko‘rinishiga oʻtishini ta’minlaydigan faoliyat yoʻnalishini muzeylashtirish deb ataladi. Muzeylashtirishning maqsadi tarixiy-madaniy, badiiy, ilmiy qadriyatlarni aniqlash va saqlashdir. Koʻpincha bu atama koʻchmas, nomoddiy va atrof-muhit obyektlariga nisbatan qoʻllanadi [7:397], lekin umuman olganda, barcha muzey obyektlariga tegishlidir.
Arxeologik merosni saqlash va yangilash muammosi boy tarixshunoslikka ega. Uning asosiy qismi muzey faoliyatining alohida boʻlimi sifatida arxeologik merosni muzeylashtirish masalalariga bagʻishlangan. Aynan shu faoliyat yoʻnalishi, aksariyat tadqiqotchilar fikriga koʻra, arxeologik meros obyektlarini saqlash, oʻrganish va namoyish etish uchun sharoit yaratishi mumkin. Tadqiqotchilarning koʻrib chiqilayotgan masalalarga qiziqishi 1950-1960-yillardagi muzeylarning gullab-yashnashi davrida yuzaga keldi. Ikkinchi jahon urushining madaniy merosga yetkazgan zarari fonida qolgan yodgorliklarni asrab-avaylash zaruratga aylandi.
Arxeologik merosni saqlash shakllarini kengaytirish masalasi bugungi kunda Rossiyada eng dolzarb masalalardan biridir. Yaqin vaqtgacha tarixiy va madaniyatni yangilashning eng keng tarqalgan usullari quyidagilar edi:
1) madaniy meros obyektidan uning asl funksiyasiga koʻra foydalanish;
2) madaniy meros obyektidan funksiyasi oʻzgargan holda foydalanish (saqlab qoʻyilgan obyektni uning asosiy sifatlariga zarar yetkazmasdan moslashtirish);
3) obyektni ilmiy jihatdan oʻrganish va u toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni nashr etish;
4) tarixiy-madaniy meros obyektini muzeylashtirish.
Arxeologik merosning koʻchmas obyektlari uchun madaniy merosni yangilashning obyekt toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni e’lon qilish va muzeylashtirish usuli qoʻllaniladi. Biroq, ularning birinchisi arxeologik yodgorliklarning saqlanishini ta’minlay olmaydi. Faqat muzeylashtirish arxeologik meros obyektining axborot, jozibador va ekspressiv salohiyatini toʻliq aniqlashga yordam beradi. Shu bilan birga u obyektga minimal zarar yetkazgan holda foydalanishni ta’minlaydi [13:360].
Muzeylashtirish muammosiga toʻxtaladigan boʻlsak, birinchi navbatda ishlash kerak boʻlgan obyektlarning turlarini aniqlash kerak. Zamonaviy tadqiqotchilar quyidagi turlarni ajratib koʻrsatadi:
– arxeologik majmua – arxeologik yodgorliklar majmuasi (qoʻshni aholi punktlari, qabristonlar va boshqalar bilan mustahkamlangan turar-joy).
– arxeologik yodgorliklar (tepaliklar, aholi punktlari, qabristonlar va boshqalar);
– arxeologik joylar (alohida inshootlar – binolar, koʻpriklar, qal’alar, ariqlar);
Har qanday obyektni muzeylashtirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi:
– aniqlash;
– oʻrganish;
– restavratsiya (oʻrganishdan keyin zarur boʻlgan konservatsiya, restavratsiya, kamroq rekonstruksiya ishlarini olib borish);
– ekspozitsiya maydonini tashkil etish (ekspozitsiyalarni yaratish, turistik marshrutlar va dasturlarni tashkil etish, zarur infratuzilmani yaratish va boshqalar) [7:403].
Tarixiy-madaniy hududlar tizimida arxeologik yodgorlik hal qiluvchi rol oʻynamaydi, balki tarixiy-madaniy majmuaning ajralmas qismi hisoblanadi. Albatta, agar bu tarixiy-madaniy hudud arxeologik hudud sifatida belgilanmagan boʻlsa, unda arxeologik yodgorliklar mavjud. Yodgorliklardan konservatsiya va aktuallashtirishning asosiy obyektlari sifatida foydalaniladi.
Muzey-qoʻriqxona tarixiy-madaniy merosni saqlash va ulardan foydalanishning tashkiliy-huquqiy shakli boʻlib, muzey-qoʻriqxonada arxeologik obyekt toʻliq ochiladi. Muzey faoliyati toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni saqlash, oʻrganish va moslashtirishga qaratilgan. Yodgorlik keng doiradagi tashrif buyuruvchilar uchundir (tarix va arxeologiya sohasidagi mutaxassis va oddiy sayyohlar uchun).
Arxeologik park – bu bizga gʻarbdagi muzey an’analaridan kelib chiqqan tushuncha boʻlib, dastlab muzey-qoʻriqxonaga qaraganda arxeologik merosni asl joyida muzeylashtirishning erkinroq shaklidir.
Arxeologik parkda asosiy arxeologik ekspozitsiyasi ushbu arxeologik majmua mavjudligi bilan to‘ldiriladi. Faol rivojlanishi davrida hududda yashagan odamlarning hayoti va turmush tarzi bilan bogʻliq etnografik ekspozitsiyalar bilan ham toʻldirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, arxeologik merosni rekonstruksiya qilish va modellashtirish kabi muzeylashtirish usulidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Bu turdagi muzeylarning paydo boʻlishi XIX asr 70-yillarida Shvetsiya va Norvegiyada boʻlgan. Keyinchalik bu muzeylar Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham paydo boʻlgan.
Bu holat shoshilinch choralar koʻrishni talab qildi. Avvalo, yogʻoch me’morchilik obyektlari va etnografik yodgorliklar saqlanishi kerak edi. Keyinchalik ma’lum bir madaniy jamoa yoki davlat tarixining tegishli davri turmush tarzi va sharoitini aks ettiruvchi butun tarixiy-me’moriy majmualar, arxeologik yodgorliklarni yaratish rejalashtirilgan edi [12:60-61].
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hududida qadimgi davrdan boshlab rivojlangan qishloq, shahar va sivilizatsiya markazlarining boy oʻtmishini arxeologik jihatdan tadqiq etish va bu jarayonlarni tiklash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston hududi tosh davridan boshlab oʻzlashtirilgan. Mamlakatimiz jahondagi ilk shaharsozlik va davlatchilik shakllangan markazlardan biridir. Tariximiz va madaniyatimizning chuqur ildizga ega ekani ilmiy asoslangan.
Bugungi kunda butun dunyoda turizmning roli barqaror ravishda oshib bormoqda. Bu uning odamlar hayoti va umuman mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sirining kuchayishi bilan bogʻliq. Turizm jahon iqtisodiyotiga tobora koʻproq ta’sir qilmoqda. Madaniy meros obyektlari turizmning oʻziga xos belgisiga aylanmoqda. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida sayyohlik kompaniyalari yangi xizmatlarni taklif etish va mahsulotlarni ishlab chiqish muhimligi va zarurligini tobora koʻproq anglab yetmoqda.
2023-yil 16-20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida BMT Butunjahon turizm tashkiloti – UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida “Eng yaxshi turizm qishloqlari” nomzodligi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Sessiya doirasida eng yaxshi turistik qishloq ro‘yxatiga O‘zbekistondan 5 ta manzil kiritildi. Farg‘ona viloyatidagi “Avval”, Navoiy viloyatidagi “Sentob”, Surxondaryodagi “Sangardak”, Samarqanddagi “Konigil” qishloqlari va Jizzax viloyatidagi Forish tumani “Uxum” qishlog‘i shular jumlasidandir [3]. Shu oʻrinda, Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirish uchun uni muzeylar faoliyatini ilmiy konsepsiyalari, texnik axborot uskunalari, 3D buyumlar va eksponatlar bilan qoʻllab-quvvatlash lozimdir. Jizzax viloyatida joylashgan arxeologik yodgorliklar (Jizzax shahrida Qaliyatepa, Zomin tumanida Qʻorgʻon, Sh.Rashidov tumanidagi “Oq oltin” MFY, Sayhonsoy qishlog‘i yaqinidagi Sayhontosh rasmlari (Takali tosh rasmlari) ni muzeylashtirish ushbu hududda turizm sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga egadir.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, turizm aslida boʻsh vaqtdan unumli foydalanish va hordiq chiqarish bilan bogʻliqdir. Shu bilan birga u turizm xizmatlari bilan bogʻliq tarmoqlarni ham qamrab oladi. Zero, viloyat hududida turizmni tashkil etish va rivojlantirish barcha sohalarning iqtisodiy yuksalishiga, aholining bir qismini ish bilan ta’minlash muammosini hal etishga xizmat qiladi. Endi bu sayyohlik obyektlarini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va kengaytirishga e’tibor qaratish lozim.
Umuman olganda, muzeylashtirish metodologiyasi loyihasini ishlab chiqishning muhim shartlari shundan iboratki, bu arxeologik merosni topish, tekshirish, qayta tiklash va ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarning yagona tizimi sifatida qaralishi lozim. Bu, oʻz navbatida, tanlangan hududning tegishli resurslari, ya’ni muzeylashtirishga oid obyektlar va tarixiy-arxeologik yodgorliklar bilan toʻyinganlik darajasini hisobga olishni taqozo etadi. Diniy binolarni muzeylashtirish koʻp qirrali, nozik va murakkab jarayondir. Bugungi kunda mamlakatimizda muzeylashtirilgan arxeologik yodgorliklar soni juda ozligicha qolmoqda. Shu bilan birga, muzeyning bunday shakllariga ehtiyoj, albatta, mavjud.
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4068-son Qarori.
-
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentyabrdagi “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 792-son Qarori.
-
Jizzax haqiqati. 2023-yil 18-oktabr. №85.
-
Kuryazova D. O‘zbekistondagi arxeologik obyektlar va ularni muzeylashtirish yo‘li bilan saqlab qolish masalalari. O‘tmishga nazar. 2-qism/ Maxsus son. 2020. – B.292-298.
-
Mukhamedova M.S. The role of museuming the historical cities and ethnographic neighborhoods of Uzbekistan in cultural tourism. International journal of pedagogics (ISSN – 2771-2281). Volume 02. Issue 09. – P. 47-52.
-
Ильин О.Н. Инвестиции в сохранение объектов культурно-исторического наследия крупного города: Дисс. на соиск. учен. степ. к.э.н.: Спец. 08.00.05. – Санкт-Петербург, 2009. – C.188.
-
Каулен М. Е. Музеефикация историко-культурного наследия России. – М.: Этерна, 2012. – C.432. (61), 397, 403.
-
Линч К. Образ времени / Пер. с англ. В.Л.Глазычева; Сост. А.В.Икопников; Пол ред. А.В. Икопникова. – М.: Стройиздат. 1982. – C. 328., ил. – Перевод изд.: The image of the city / Kevin Lynch. – The M.I.T. Press.
-
Минеева И.М. Музеефикация археологического наследия на территории музея-заповедника “Ирендык” в Башкортостане: вопросы методологии // Наследие и современность. Альманах Института Наследия. – М.: Изд-во Института Наследия, 2006. – Вып. 13. – C.132-146.
-
Плошница Е. Проблемы музеефикации культовых памятников в Республике Молдова. Вопросы музеологии 1 (7) / 2013. – С.163-170.
-
Российская музейная энциклопедия [Электрон ресурс].: http://www.museum.ru/rme/mb_musf.asp (murojaat sanasi:15.03.2023.).
-
Севан О.Г. Музеи под открытым небом в Европе. [Электронный текст] // Обсерватория культуры. – М.: РГБ, 2006. – №3. – C. 60-61.
-
Тишкин А.А., Гребенникова Т.Г. Современные формы актуализации археологического наследия. / Бобров В.В. (отв. ред.) Археологическое наследие Сибири и Центральной Азии (проблемы интерпретации и сохранения) // Материалы международной конференции. – Кемерово: Кузбассвузиздат, 2016. – С.360.
-
Шулепова Э.А. Музеефикация памятников как механизм использования культурного наследия в регионе. Автореф. дисс. на соис. уч. степ. док. культ. – М., 1998. – С. 41.
-
Conservation of cultural heritage in the arab region. Issues in the conservation and management of heritage sites. ICCROM – International centre for the study of the preservation and restoration of cultural property. Max creative, UAE. 2016. – P.149.
-
World Heritage – Challenges for the Millenium. 2007, UNESCO World Heritage Centre. – P.200.