Ma’lumki, O‘zbekiston 2016-yildan o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Mazkur davrda barcha sohalar qatori diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, bu borada normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi, diniy ma’rifat bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada, salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Shu bilan birga, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ayrim jihatlar mavjud bo‘lib, shu sababdan diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarning natijalarini tahlil etish dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida o‘rin berildi [1:25-28].
Bu boradagi tadbirlarni xalqaro miqyosda hal etish bo‘yicha ham hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida mazkur tashkilotning oliy organi 2018-yilning 12-dekabr oyida o‘tkazgan yalpi majlisda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi [3:1].
Bu paytga kelib diniy-ma’rifiy soha faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish davr taqozosiga aylandi. Shu sababdan, mazkur soha faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Mazkur Farmon O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimining uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, boshlang‘ich bosqichdan oliy va undan keyingi diniy ta’limgacha jarayonlarni qamrab oldi [2:1,4].
Bundan tashqari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorga muvofiq Qo‘mita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblangan Konfessiya ishlari bo‘yicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 tadan 17 ta a’zoga – O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaytirildi [5:145-147].
Mazkur davrda qorilar musobaqasini o‘tkazish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2018-yilning yanvar-aprel oylarida Respublika miqyosida bir necha bosqichdan iborat (tuman, shahar, viloyat, respublika) Qur’oni karim tilovati bo‘yicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Shu bilan birga, mazkur davrda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi, viloyatlarda esa kalom, hadis, fiqh, aqida ilmi va tasavvufni o‘rganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab ochildi [9].
Bundan tashqari, mamlakatda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor aholi o‘rtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar «Jaholatga qarshi ma’rifat» degan ezgu g‘oyaga asoslandi. 2018-yilning sentyabr oyida esa terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib a’zo bo‘lib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi [9].
Jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi kafolatlarini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanligi hisobga olinib, bu borada ham talay ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019-yil 4-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori e’lon qilindi [4:95-98]. Mazkur Qaror asosida jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi kafolatlarini ta’minlashni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi. Shu bilan birga, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida ayollar bilan ishlash bo‘limi tashkil etildi. Bu esa o‘z navbatida ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning samarali bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu paytda diniy-ma’rifiy ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, O‘zbekiston Islom akademiyasi va Toshkent Islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi [8]. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Akademiya tarkibidagi malaka oshirish Markazi hududiy filiallari tashkil etildi. Amalga oshirilgan mazkur tadbirlar diniy ta’lim rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ajdodlarimizning merosini keng targ‘ib qilish bilan bir qatorda dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik, insonparvarlik tamoyillari hamda diniy-ma’naviy hayotda sodir bo‘layotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni ta’minlash yo‘lida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida “Ziyo” media-markazi tashkil etildi [10]. Ushbu markaz bu boradagi yangiliklarni ommaga tez va xolis yetkazishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa obyektlarning rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi [2:1,4].
Bu boradagi ishlar keyingi yillarda ham amalga oshirildi. Jumladan, 2021-yilning 5-iyul kuni yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi [6:4-22]. Mazkur Qonunda bir qancha yangiliklar nazarda tutildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan holda etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi [11].
Bundan tashqari, Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi va hokaxo [6:4-22].
Mazkur sohadagi o‘zgarishlarni qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, 2017-2020-yillar davomida millatlararo munosabatlar va din sohasida 50 dan ortiq qonun hujjatlari va 40 ga yaqin qarorlar qabul qilindi. Bu huquqiy hujjatlarning aksariyati fuqarolarning dini va millatidan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini kengaytirish, shu jumladan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini oshirishga qaratildi [7].
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida diniy bag‘rikenglikni, konfessiyalararo munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash borasida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi, shuningdek, muntazam ravishda turli diniy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Bu davrda islom dini ta’limotini chuqur o‘rganish, uni ilmiy tadqiq etishga yo‘naltirilgan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Shu va boshqa omillar yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning ta’minlanishi va uning yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
-
“O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF–4947-son Farmoni// O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami 2017-yil 13-fevral, 6-son (766).
-
“Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni// Xalq so‘zi gazetasi, 2018-yil, 17-aprel, № 75(7033).
-
O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi// Xalq so‘zi gazetasi, 2018-yil, 14-dekabr, № 259 (7217).
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori//O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami 2019-yil 16-sentyabr, 37-son (901).
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami 2018-yil 23-aprel, 16-son.
-
Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni// O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami. 2021-yil iyul, 27-son (995).
-
https://isrs.uz/uz/maqolalar/millatlararo-totuvlik-va-dinlararo-bagrikenglik-uksalis-pojdevori
-
https://lex.uz/docs/3791929
-
https://strategy.uz/index.php?news=1014
-
https://www.gazeta.uz/uz/2018/04/17/farmon/
-
https://www.gazeta.uz/uz/2021/07/06/law/