Home / HADIS / RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM KIM UCHUN JANNATDA QASR BERILISHIGA KAFIL BOʻLGANLAR?

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM KIM UCHUN JANNATDA QASR BERILISHIGA KAFIL BOʻLGANLAR?

(Bir hadis sharhi)

Maʼnisiz tortishuv oʻzaro munosabatni buzadi. Yolgʻonchilik moʻmin-musulmonga xos boʻlmagan illat. Chiroyli xulq esa insonni dunyo va oxiratda yuksak darajaga koʻtaradi. Odamlar orasida mehr-muhabbatni oshiradi. Jamiyatda tinch-totuvlik hukm surishiga sabab boʻladi. 

عَنْ أَبِى أُمَامَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- أَنَا زَعِيمٌ بِبَيْتٍ فِى رَبَضِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الْمِرَاءَ وَإِنْ كَانَ مُحِقًّا وَبِبَيْتٍ فِى وَسَطِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الْكَذِبَ وَإِنْ كَانَ مَازِحًا وَبِبَيْتٍ فِى أَعْلَى الْجَنَّةِ لِمَنْ حَسَّنَ خُلُقَهُ.

Abu Umomadan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men haq boʻlaturib, tortishuvni tark etgan kishiga jannatning atrofidan bir uy, hazil boʻlsa ham yolgʻonni tark etgan kishiga jannatning oʻrtasidan bir uy va xulqini chiroyli qilgan kishiga jannatning eng yuqorisidan bir uy berilishiga kafilman”, dedilar (Abu Dovud rivoyat qilgan).

Jannatning har bir joyi, yaʼni atrofi, oʻrtasi-yu eng yuqorisi totli va chiroylidir. Dunyo lazzatlari hech qachon unga teng kelolmaydi. Shunday boʻlsa ham jannatning darajalari mavjud. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida, baʼzi amallarning fazilati haqida soʻzlamoqdalar. U zot haq boʻlsa ham, foydasiz boʻlgan narsalarda tortishish, munozara qilishdan qochadigan kishiga jannatning atrofidan bir uy, yaʼni qasr berilishiga kafil boʻlmoqdalar. Insonda tortishuv ikki turli boʻladi. Biri shu tortishuv ortidan haqiqatga, maʼrifatga va toʻgʻrilikka erishish boʻlib, shariat odobiga muvofiq kelsa, buning zarari yoʻq. Chunki u nasihat boʻladi. Zero, din nasihatdir, bunda sharʼiy maqsadga yetish bor. Masalan, Abdulloh ibn Abbosning xavorijlar bilan tortishuvi faqat haqiqatni yuzaga chiqarish boʻlgan. Ularni takfirga yaʼni, odamlarni kofirga chiqarishdek kufrona yoʻlidan sof islom aqidasiga qaytarish uchun tortishgan. Ikkinchisi esa, faqat bir-biridan afzalligini namoyon etish, havoi nafsini baland qoʻyish, ovoz koʻtarish, haqorat va soʻkish kabi hech kimga foydasi tegmaydigan koʻrinishda boʻladi. Bunda yaxshilik va haqiqatni yuzaga chiqarishni, botilni ketkazishni maqsad qilmaydi. Bu ishda yaxshilik, savob va islohot yoʻq. Mana shunday vaqt haq boʻlsak ham tortishmaslik savob boʻladi. Dunyo sinovdan iborat, inson havoi nafsi sabab qabih ishlarga moyildir. Alloh taolo bunday deydi: ﴿إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي﴾ Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka koʻp undovchidir[1]. Koʻpincha nafs odamni yomonlikka undaydi. Biz nafsga qarshi boʻlishga buyurilganmiz. Alloh taolo makoni jannat boʻladiganlar borasida: ﴿وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَى﴾ “va nafsini havolanishdan qaytargan boʻlsa”[2], yaʼni yomonlikka undovchi nafsini isyon qilishdan qaytargan boʻlsa, joyi jannatdadir, deb taʼkidlagan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam hazil boʻlsa ham yolgʻonni tark etgan kishiga jannatning oʻrtasidan bir qasr berilishiga kafil boʻldilar. Yolgʻon – bu haqiqatda voqe boʻlgan narsaning ziddini xabar berish va aldashdir. Hatto hazil qilib boʻlsa ham yolgʻon gapirmaslik kerak ekan. Abu Harayradan rivoyat qilingan bir hadisda, sahobalar: “Ey Allohning Rasuli! Siz bizga hazil qilasiz-ku?” dedi. U zot: “Men faqat haqiqatni soʻzlayman”, dedilar (Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan). Yaʼni men hazil qilganimda, faqat adolat va toʻgʻrilikni gapiraman, deganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam xulqini chiroyli qilgan kishiga jannatning eng yuqorisidan bir qasr berilishiga kafil boʻldilar. Chiroyli xulq sohibi darajasiga butun umr tun boʻyi namoz oʻqigan va kunduzlari roʻza tutgan kishigina yetishi mumkin ekan. Bu haqda u zot: “Moʻmin chiroyli xulqi bilan kunduzlari roʻza tutuvchi va tunlari qoim boʻluvchining darajasiga yetadi”, deganlar (Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan). Bu chiroyli xulqning qadri naqadar balandligidan dalolat beradi. Odamlar ozor bersa ham sabr qilib, ularga ozor bermaslik va kishilarlarga xolis yaxshilik qilish ham chiroyli xulq alomatlaridandir. Mana shular bilan inson yuqori darajaga erishar ekan.

Kim jannatda qasri boʻlishini istasa, mana shu uch buyuk ishni lozim tutishi kerak. Foydasiz tortishuvdan saqlanish, toʻgʻrisoʻzlik va chiroyli xulqli boʻlish nafaqat oxirat farovonligi, balki jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini unutmaylik!

[1] Yusuf surasi, 53-oyat.
[2] Noziot surasi, 40-oyat.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XAYRIXOHLIK

(Bir hadis sharhi) Jarir ibn Abdulloh: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namozni toʻkis ado etish, …