Home / MAQOLALAR / XIII–XIV ASRLARDA MOVAROUNNAHRDA ARXITEKTURA INSHOOTLARI

XIII–XIV ASRLARDA MOVAROUNNAHRDA ARXITEKTURA INSHOOTLARI

XIII–XIV asrning oʻrtalarida Turon meʼmorchilik va hunarmandchiligida asta-sekin qayta tiklanish jarayoni boshlandi, biroq bu holat Elxoniylar Eronidagi kabi keng miqyosli emas edi. Bu davrda meʼmorchilikda shohona ambitsiyalar mavjud emas edi va shu sababli mahobatli binolar qurilgani kuzatilmaydi. Bu temuriylardan avvalgi oʻziga xos davr boʻlib, yorqin namoyon boʻlmagan. Biroq maʼlum darajada meʼmorchilik va sanʼatda temuriylar uslubi shakllanishiga zamin hozirlagan.

Vaqt oʻtishi bilan, Turon hududida oʻrnashgan baʼzi moʻgʻul xonlari turli sabablar tufayli islomni qabul qila boshladi. Biroq ular deyarli shaharsozlik rivojlanishiga va masjidu madraslar qurilishiga hissa qoʻshmadi.

Turonda moʻgʻullarga qaramlik davriga oid yozma manbalar deyarli mavjud emas. Yozma manbalar ozligi tufayli bu davr meʼmorchiligini yoritishda asosan arxeologik va keyingi davr yozma manbalari va zamonaviy tadqiqotchilar ishlaridan foydalanish mumkin. Xususan, ushbu mavzuni yoritishda Ibn Battutaning “Sayyohatnoma” [3] va Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarlari [5], shuningdek, tadqiqotchilardan Bobojon Gʻafurov [6], Oʻmirqul Qarayev [4], Lobar Asrorova [1], xorijliklardan Bernard OʻKeynning [2] ilmiy tadqiqotlaridan foydalanildi.

Chigʻatoy ulusi davriga oid meʼmoriy inshootlar ozchilikni tashkil etadi. Buni ularning koʻchmanchilik anʼanasiga sodiq qolishga urinishi deyish mumkin. Bu holat Oltin Oʻrdada ham kuzatiladi [2:277-287]. Oʻtroq aholi asosan Turonning gʻarbida, jumladan, Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻlib, ularning koʻpchiligi musulmon edi. Bugungi kungacha saqlanib qolgan meʼmoriy obidalarning aksariyati oʻsha yerlarda joylashganini taʼkidlash joiz.

XIII asr oʻrtalarida, xususan, XIV asrda amalga oshirilgan qurilish ishlarining kengayishi Turon hududida shahar hayoti va iqtisodiyotning nisbatan oʻsganini koʻrsatadi [6:466]. Qurilish xarajatlari diniy ulamo va zodagonlar, hatto, moʻgʻullarning hukmron tabaqasi alohida vakillari tomonidan ham moliyalashtirilgan. Biroq quruvchilar mahalliy ustalar edi. Turon meʼmorlari va turli amaliy sanʼat ustalari oʻz ishlanmalarini rivojlantirgan.

Bu davrga oid bir qancha meʼmoriy yodgorliklar saqlanib qolgan bo‘lib, ular asosan maqbaralardan iborat. Biroq XIII–XIV asrlardagi qurilish faqat ushbu turdagi binolar boʻlgan deb ham boʻlmaydi. Yozma manbalardan maʼlumki, bu davrda madrasa va koʻshklar ham qurilgan. XIII asr oʻrtalarida Buxoroda ikkita yirik madrasa, xususan, moʻgʻul xoni Kebekxon Nasaf yaqinida masjid ham qurdirgan. Qoʻhna Urganchdagi balandligi 62 metrli minora XIII asr arxitekturasining noyob yodgorligi hisoblanadi. Yana bir shunga oʻxshash minora XX asrda boshlarida qulab tushgan. Bu ikki minora masjidning bir qismi sanalgan. Bu davrning saqlanib qolgan eng qadimiy binosi shayxul olam Sayfiddin Boxarziy maqbarasi hisoblanadi. U XIV asrda toʻliq taʼmirlangan, keyinchalik maqbaraning qadimiy binosi yonida mayda naqsh va sirkor koshinlar bilan bezatilgan ziyoratxona va kichik xilxona qurilgan. Maqbaraning eng oxirida taʼmirlangan qismi ziyoratgohning kirish qismi hisoblanadi. Bu qadimiy yodgorlik sodda tarzda qurilgan bo‘lib, meʼmorchilikning rustika[1] uslubida barpo etilgan [1:23], biroq u muhtasham bino hisoblanadi. Maqbaraning oʻzi kichikroq gumbaz, ziyoratxona esa kattaroq gumbaz bilan yopilgan. 1333-yilda Ibn Battuta bu yerga kelib, uni oʻz “Sayohatnoma”sida xotirlaydi [3:66]. Shayxning bizgacha yetib kelgan Buxoro yaqinida joylashgan maqbarasida xonaqoh mavjud emas [6:470].

Shuningdek, Buxoro shahrida bunyod etilgan Bayonqulixon maqbarasi ayni shu davrga xos yodgorliklardan boʻlib, Sayfiddin Boxarziy qabri yaqinida qurilgan. Maqbara binosi mayda naqsh va sirkor koshinlar bilan bezalgan ziyoratxona va kichik xilxonadan iborat. Bayonqulixonning qabr toshi londonlik kolleksioner qoʻlida saqlanadi. Sayfiddin Boxarziy maqbarasi ham shu davr yodgorliklaridan biri hisoblanadi. XIII asr oxiri – XIV asr boshlariga kelib, Xorazm shaharlari ham qayta tiklana boshlagan. Ayni shu davrga kelib, bu yerda Shayx Muxtor Valiy maqbarasi qurilgan. 1287-yilda tasavvufning yirik namoyandasi Shayx Muxtor Valiy vafot etgan va shundan keyin bu maqbara qurilishi boshlangan. Qabr ustiga gumbazli dahma qurilib, keyinchalik hujrali xonaqoh bilan kengaytirilgan. Maqbara turli oʻlchamdagi gʻishtlardan qurilgan boʻlib, yogʻoch oʻymakorligi bilan nafis bezatilgan toʻrt eshik bugungi kungacha saqlanib qolgan [1:23].

Keyingi davr manbalarida Turonning sharqiy qismidagi qurilishlar haqida alohida maʼlumotlar bor. XIV–XVI asrlarda Ashpar, Taroz, Alabur, Otbosh va Issiqkoʻl shahrida turli qalʼalar, Olmaliq yaqinidagi Tugʻluq Temur maqbarasi, Talas vodiysida Tikturmas, Manas gumbazi va boshqalar qurilgan. Moʻgʻuliston xoni Muhammadxon (1408–1416) tomonidan ham inshootlar qurilgan. Bu haqda Muhammad Haydar Mirzo shunday yozadi: “Muhammadxon Chotirkoʻlning shimoliy qirgʻogʻida toshdan rabot qurdirdi… Oʻsha rabotning olti eshigi, balandligi yigirma gaz[2] boʻlgan. Darvozasidan kirsangiz, oʻng tomonida oʻttiz gazga yaqin yoʻlak… Uning gʻarbiy chekkasida (rabot) oʻn besh gazli masjid qurilgan. Har tomondan yigirmadan ortiq eshiklar bor. Bu inshootlarning hammasi  butunlay toshdan (qurilgan)” [4:148].

Chigʻatoy ulusining poytaxtlaridan boʻlgan Olmaliqdagi koshindan ishlangan Tugʻluq Temur maqbarasi chindan ham oʻziga xos jozibaga ega. Tugʻluq Temur maqbarasi faqat ark va gumbazlardan barpo qilingani bilan Buxoro va undan gʻarbdagi maqbaralarga oʻxshaydi. Shuni taʼkidlash joizki, Buxorodagi Bayonqulixon maqbarasidan farqli oʻlaroq, Tugʻluq Temur maqbarasi islom meʼmorchiligi bilan shug‘ullanuvchi tarixchilar eʼtiboridan chetda qolmoqda. Tugʻluq Temur maqbarasi hozirgi kunda Xitoyning Shinjon Uygʻur provinsiyasi shimoliy qismida, Qozogʻiston bilan chegaradosh Huochen shahrida joylashgan. Bu yerlar qadimda Olmaliq shahri deb atalib, Chigʻatoyxon davrida yozgi qarorgoh (yayloq) vazifasini oʻtagan. Keyinchalik Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi poytaxtiga aylangan. Oʻsha shaharda joylashgan maqbara aftidan 1363-yilda Chigʻatoyxonning soʻnggi avlodi Tugʻluq Temurxon (1359–1363) vafotidan keyin qurilgan [2:278].

Maqbara haqida tarixiy manbalarda ham ma’lumot berilgan. Xususan, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidi” asarida maqbara 760/1358–1359-yilda asli iroqlik usta Shaʼrbof[3] tomonidan bunyod etilgani aytib oʻtilgan [5:508]. Biroq bu jumla hozirda saqlanib qolmagan [2:280]. Shuni taʼkidlash joizki, Muhammad Haydar mirzo maqbaraga nisbatan forscha “borgoh” atamasini qoʻllagan. Bu atama sud (yargʻu), sud oʻtkaziladigan chodir maʼnosini anglatgan.

Gʻishtdan qurilgan maqbaraning eni oʻn bir metr, boʻyi oʻn olti metrga yaqin boʻlib, kirish qismida monumental ark joylashgan. Maqbaraning oʻrtasidan shiftgacha oʻn toʻrt metrni tashkil qilib, tashqi koʻrinishi oq suvoqli gʻishtli gumbazdan ishlangan. Ichkarida Tugʻluq Temur va uning farzandlari qabri joylashgan.

Oqlangan devorlardan tashqari asosan koʻk va oq koshinlar ham ishlatilgan. Peshtogʻi yashil, koʻk, binafsha, jigarrang, qora va oq ranglardan tashkil topgan oʻzaro bogʻlangan yulduzlar va gulsimon naqshlari koshinlar bilan bezalgan. Arkasida koʻk va oq koshinlar bilan kufiy xatida “Alloh” soʻzi bitilgan. Yogʻoch eshik atrofidagi bejirim ishlangan koshinlar hozirgi kungacha saqlangan boʻlib, pastki qismi ham xuddi shunday jimjimador qilib bezatilgan. Biroq ichki qismi bezatilmagan.

Bino rejasida gumbaz ostida joylashgan asosiy markaziy xonadan tashqari bir qancha kichik qoʻshimcha xonachalar koʻzda tutilgan. Pastki qismida toʻrtta yuqori qavat, yaʼni kirish eshigi qarshisida qoʻshimcha yana uchta xonacha bor. Bu xonalardan tashqari, soʻfiylar ibodati uchun moʻljallangan chillaxona ham barpo etilgan. Ular doimo marhum Tugʻluq Temurga atab duoi fotiha qilgan [2:281].

Maqbara yonida oʻziga oʻxshash, biroq kichikroq bino boʻlib, oddiygina gʻishtli karniz bilan bezatilgan. Bu yordamchi binoda Tugʻluq Temur qizining qabri borligi aytiladi [2:283].

Binoning xattotlik namunasi XIV asr Chigʻatoy meʼmorchiligi xattotligiga xos boʻlsa-da, gʻayrioddiy xususiyatga ega. Yaʼni أ “alif” pastki qismining chap tomonidagi egrilik tufayli ل “lom” yoki boshqa keyingi harfga qoʻshilib ketadi. Buning boshqa misollarini Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos ziyoratgohi va Bayonqulixon maqbarasida ham koʻrish mumkin. Yana bir oʻziga xos jihati “dol”ning kichraytirilgan shakli boʻlib, bu oʻxshashlik oz boʻlsa-da, 1361-yilga oid Shohi Zindadagi Qutlugʻ ogʻa maqbarasida ham uchraydi [2:286].

Manbalarda keltirilishicha, Turonning sharqiy qismida yana koʻplab meʼmoriy obidalar boʻlgan. Bularga misol qilib 711/1311–1312-yilga taalluqli Imom Muhammad faqih Bolosogʻuniy maqbarasi, Mavlono Sirojiddin Abu Yaʼqub Yusuf Sakkokiy daxmasini sanab oʻtish joiz [5:508-509].

Yuqoridagilardan tashqari, Najmiddin Kubro, Toʻrabekxonim, Muhammad Bashar maqbaralari XIV asrning nodir meʼmoriy yodgorliklari sirasiga kiradi. Bu davrda maqbaralar bilan birga masjid, madrasa va saroylar ham qurilgan. Koʻhna Urganchda qurilgan qoʻsh minorali masjidning birgina minorasi saqlanib qolgan.

XIV asrning 60-yillarida, ya’ni moʻgʻullar hukmronligining oxirlarida Samarqandda bir necha yirik meʼmoriy inshootlar qurilgan. Ulardan biri 1360–1361-yillarda qurilgan Qutlugʻ Oqo maqbarasidir. Oʻziga xos uslubda qurilgan ushbu yodgorlik baʼzi manbalarda Amir Temurning xotinlaridan biri Qutlugʻ Oqo nomi bilan bogʻliq ekani aytiladi.

Peshtoqdagi yozuv parchalarida maqbara qurilgan vaqti 762/1361-yil deb koʻrsatilgan. Bu yozuvlardan shuni anglash mumkinki, inshoot aslzodalar uchun qurilgan. Daxmada yosh bolaning qabri ham bor. Maqbaraning peshtoqi va ichkarisi ziynati oʻymakor sirli koshin bilan ishlangan boʻlib, uni ham Hoji Ahmad maqbarasi meʼmori qurgan.

Bundan tashqari, XIV asr 30-yillariga kelib, Qusam ibn Abbos majmuasining ziyoratxona qismi qaytadan quriladi. Asli XI asrga oid boʻlgan binoning gumbazi yangidan qurilib, sirli koshin bilan qoplangan. Devoriy gumbaz qoʻyilgan sakkiz ustunli qismining janubi-gʻarbiy tomonidan islimiy naqshda hijriy “753”[4] sanasi jimjimador qilib yozilgan.

XIV asrga oid koʻplab, yaʼni Shohizinda majmuasidagi bir qancha maqbaralar (Qussam ibn Abbos maqbarasi yonidagi ziyoratgoh, 1360-yilgi maqbara, Xoja Ahmad maqbarasi va boshqalar), Najmiddin va Toʻrabekxonim maqbaralari bor. Panjikentdagi Muhammad Bashoro maqbarasi, Xoʻjanddagi hozir vayron boʻlgan Duvaxon (Tuvanbek) maqbarasi va boshqalar shular jumlasidandir. Aksariyat maqbaralar tashqi koʻrinishi va meʼmorchiligi jihatdan ikki guruhga boʻlinadi: nisbatan koʻp boʻlgan guruhi bir gumbazli, ikkinchi guruhi esa Sayfiddin Boxarziy maqbarasi kabi ikki gumbazli ziyoratgohdan iborat maqbaralardir. Bu davrda gumbazsimon peshtoq asosida bir qancha yangi loyihada maqbaralar qurilgan. Shuningdek, bu davrda qoʻsh va hatto uch qavatli maqbaralar qurilgani koʻzga tashlanadi.

Chigʻatoy xonadoni vakillaridan Kebekxon Qarshi yaqinida “Kebekxon maqbarasi” nomi bilan tanilgan maqbara qurdirgan. Bu maqbara bugungi kungacha saqlanib qolmagan.

Bu davrning meʼmoriy bezaklari juda murakkab va rang-barang boʻlib, amaliy kasblarning yanada rivojlanganidan dalolat beradi. Gil va sirlangan koshindagi gul tasvirlari binolarni bezashda keng qoʻllanilgan. Baʼzan pishiq gʻishtga  oʻyilgan naqshlar koʻk yoki osmon tusidagi yaltiroq ranglar bilan qoplangan, boshqa hollarda faqat yozuv koʻzga tashlanadi, ikkinchi darajali ichki naqshlar esa oʻymakorlik uslubida ishlangan gʻishtlar ostiga qoldirilgan. Binolarni bezashda sirlangan koshinlar juda koʻp ishlatilgan. Baʼzan ular sirlangan yuzani oltin yoki rangli tasvirlar bilan bezagan. Devorlari oddiy, ammo oqlangan tarzda, teng oraliqlarda vertikal ravishda oʻrnatilgan sirlangan gʻishtlar bilan bezatilgan. Devorlarning suvalgan yuzasi baʼzan juda chiroyli naqshlar bilan qoplangan. Binoni bezashning anʼanaviy usuli saqlanib qolgan. Masalan, XI–XII asrlarga oid oʻymakor (sirli koshinsiz) naqshlar XIV asr meʼmorlik amaliyotida ham uchraydi.

Eng murakkab oʻsimliksimon va geometrik (islimiy) tasvirlar goʻzalligi va rang-barangligi, pishiq gʻishtga ishlangan naqshlar, sirlangan koshin va devor rasmlari kishi eʼtiborini tortadi. Bu ajoyib namunalarni yaratgan turonlik kulollar yoxud oʻymakorlar zukkoligi haqiqatdan ham kishini hayratga soladi.

Shuningdek, muhtasham meʼmoriy yodgorliklarda xattotlik sanʼati namunalari ham bor boʻlib, oʻzining avvalgi yuksak saviyasini saqlab qolganini ham aytish joiz. Ularning birida fors tilida buni yasagan ustaning ismi va inshoot qurilgan sana bor: “Amali Usto Abdurrahmon; soli haftsadu bistu yak” (milodiy 1321-yil) [3:470].

Xulosa sifatida shuni taʼkidlash kerakki, moʻgʻullar bosqini Turon meʼmorchiligiga oʻzining salbiy taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Bosqinning ilk chogʻlarida shahar taraqqiyoti bir muddat toʻxtab qoldi. Biroq ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati va qurilish sohasidagi boy tajribasi natijasida anʼanaviy meʼmorchilik bilan birga, yangicha yondashuv asosida meʼmoriy inshootlarni qurish ishlari asta-sekinlik bilan rivojlana bordi. Shuni ham taʼkidlash kerakki, koʻchmanchi moʻgʻullarning ham oʻtovlar qurish bo‘yicha oʻziga xos anʼanasi bor edi. Moʻgʻullarning oʻtroqlikka oʻtishi natijasida ular Turonda mavjud meʼmoriy anʼanalarni qabul qilgan holda yangi-yangi binolar qurish ishlariga bosh-qosh boʻla boshladi. XIV asrda Turonda iqtisodiyotning nisbatan oʻsishi qurilish ishlarining kengayishiga olib keldi. Natijada, bu holat qandaydir maʼnoda temuriylar davri meʼmorchiligi va sanʼatiga zamin hozirladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Asrorova L.Q. Alouddin Buxoriy “Hayratul fuqaho” asarining islom manbashunosligida tutgan o‘rni. Tarix fan. bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasi. – T., 2019.
  2. Bernard OʼKane. Chaghatai Architecture and the tomb of Tughluq Temür at Almaliq. Brill. Muqarnas. Vol. 21. Essays in Honor of J.M.Rogers. 2004.
  3. Ibrohimov N. Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyoga sayohati. – T., 1993.
  4. Караев О.К. Чагатайский улус. Государство Хайду. Могулистан. Образование кыргызского народа. – Бишкек, 1995.
  5. Muhammad Haydar Mirzo. Tarixi Rashidiy. – T.: Sharq, 2010.
  6. Ғафуров Б.Ғ. Тоҷикон. – Душанбе: Дониш, 2008.
[1] Rustika – lotincha, rusticus oddiy, dagʻal qilib terilgan devor turi.
[2] 1 gaz 105 santimetrni tashkil etadi.
[3] Shaʼrbof – Iroq tomonlarda toʻquvchini shunday atashganligini Muhammad Haydar mirzo oʻz asarida taʼkidlagan.
[4] Milodiy 1352-yil.
Zafar SHAMSIDDINOV,
O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …