Kishilik jamiyatida har doim siyosiy tuzumning almashinuvi natijasida yuz bergan o‘zgarishlar mohiyatini odamlarga tushuntirishda matbuot muhim rol o‘ynagan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda faoliyat olib borgan jadid ma’rifatparvarlari faoliyatida ham gazeta va jurnallar muhim ahamiyat kasb etdi. Turkistonda mustamlakachi ma’muriyat gazetalarning uzoq muddat faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qildi. Shunday bo‘lsa-da, ular o‘zbek xalqi milliy ongining uyg‘onishida, dunyoqarashining shakllanishida, erk va hurriyat g‘oyalarini odamlar ongiga singdirishda muhim rol o‘ynadi.
O‘zbek matbuoti tarixi jadid harakati va ziyolilari nomi bilan bog‘lanadi. Jadidlik amaliy faoliyatdagi harakatdir. Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni taraqqiyotga uzviy aloqadorligini ta’minlash, teatr sahnasini ibratxonaga aylantirish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matbuotni tashkil etish va uning taraqqiyoti ham shu darajada muhim edi.
Jadidlar davrida matbuotning jamiyatga ta’siri kuchli edi. Darhaqiqat, jadidlar millat ma’naviyatini isloh etish, odamlarni ma’rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida matbuotning qadrini baland ko‘tardi [10].
O‘zbekistonda milliy matbuotning tug‘ilishi, shakllanishi va rivojlanishi tarixi yuz yildan ziyodroq vaqtni o‘z ichiga oladi. XX asr boshlarida, aniqroq aytganda, 1906-yilda dunyo yuzini ko‘rgan “Taraqqiy” gazetasi o‘zbek milliy matbuotining qaldirg‘ochi edi. Undan keyin 1917-yilgacha 10 ta gazeta va jurnal nashr etildi. Afsuski, bu nashrlar mustamlakachilar manfaatlariga emas, aksincha, o‘zbek xalqi milliy ongining o‘sishiga xizmat qilgani uchun podsho Rossiyasi senzurasi siquvi ostida, ayrim hollarda iqtisodiy qiyinchilik tufayli uzoq yashamadi. Shunga qaramay, bu nashrlarning har biri tarixchilardan maxsus o‘rganishni taqozo etadi [5:3].
Turkistonda jadid matbuotining shakllanishida umumturk matbuoti muhim rol o‘ynadi. Kavkaz, Volgabo‘yi, Istanbulda o‘z faoliyatini milliy asosda yo‘lga qo‘ygan gazeta va jurnallar muhim ahamiyat kasb etdi. Gazetalar turkiy xalqlar hayotiga XIX asr 30-yillarida kirib keldi. Turkiyada nashr qilingan turkcha “Taqvimi vaqoye” (Voqealar kalendari) nafaqat mamlakatda, balki turk dunyosidagi ilk rasmiy gazeta edi. 1860-1862-yillardan keyin Turkiyada gazeta nashr qilish ommalashdi. Ozarbayjonda 1875- yilda gazeta chiqa boshladi. 1883-yilda Bog‘chasaroyda nashr qilina boshlagan “Tarjimon” gazetasi eng mashhuri bo‘ldi. Bu gazeta 20 yildan ko‘proq vaqt davomida birgina Rossiyada emas, balki dunyoning barcha hududlarida yashovchi turkiy xalqlarning ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy jihatdan birlashishini targ‘ib qilgan asosiy nashr bo‘lib keldi.
1904-yilda boshlangan rus-yapon urushida Rossiya yengildi. 1905-yilda mamlakatda yuz bergan g‘alayonlar natijasida podsho Nikolay II Manifesti e’lon qilindi. Unda barcha fuqarolarning, shu jumladan, tobe millatlarga so‘z, matbuot, vijdon erkinligini ta’minlash va’dasi berildi. Bularning barchasi jadid matbuotining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Rossiya imperiyasi Turkistonni mustamlaka qilgan vaqtdan boshlab, asosiy e’tiborini aholini jismonan mahv etish bilan birga, ularning ongini ham egallashga qaratdi. Bunda asosiy vositalardan biri “Turkestanskiye vedomosti” gazetasi bo‘ldi.
Turkistonda davriy matbuot aslida jadidlardan ilgariroq, ya’ni 1870-yilda paydo bo‘ldi va o‘lkaga kirib kelgan Rossiya imperiyasi manfaatlariga xizmat qildi. Uning tarixi quyidagicha edi: 1867- yil 14-iyulda Toshkentda Turkiston harbiy okrugi shtabi qoshida harbiy hujjatlarni kerakli miqdorda ko‘paytirish maqsadida bosmaxona tashkil qilinadi. 1868-yilda u o‘rtacha hajmdagi kitob chiqarishga moslashtiriladi. 1869-yilda harbiy vazir D.A.Milyutin “Turkestanskiye vedomosti” gazetasini chiqarishga ruxsat beradi. Shu tariqa 1870-yilning 28-apreli (yangi hisobda 10-may) dan boshlab Toshkentda rus tilida gazeta chiqa boshlaydi [4:37]. Bu bosmaxona va u yerda nashr qilinayotgan gazeta harbiylar nazoratida bo‘lib, ularning manfaatiga xizmat qila boshladi. Shu yilning o‘zida, ya’ni oradan ikki oy o‘tib, birinchi marta o‘zbek tilida “Turkestanskiye vedomosti” chop etila boshlandi. Gazeta nashr qilina boshlangan yildan to 1917-yilga qadar bo‘lgan faoliyati davomida asosan mustamlakachilar mafkurasini targ‘ib qilgan. Aynan o‘zbek va qirg‘iz tillarida chop etilgan “Turkiston viloyatining gazeti” ham “Turkestanskiye vedomosti”ning o‘zbekcha nusxasi bo‘lib, farqi mustamlakachilarga xizmat qilayotgan mahalliy ijodkorlar tomonidan tayyorlanib, nashr etildi. Bunday targ‘ibot va tashviqot mustamlakachilar manfaatlariga xizmat qilgan.
1881-yilning 20-noyabrigacha Shohimardon Ibrohimov, 1881-1883-yillarda Hasan Chanishev muharrirlik qildi. 1883- yildan gazeta mustaqil faoliyat olib bordi va unga Turkiston general-gubernatori Chyernyayev buyrug‘i bilan N.Ostroumov muharrir etib tayinlanadi. Gazeta 1917-yil fevral voqealariga qadar faoliyat olib boradi. N.P.Ostroumov Qozon diniy akademiyasida mashhur missioner N.Ilminskiy qo‘lida o‘qigan. Sharq tillaridan, xususan turkiy tillardan yaxshigina xabardor bo‘lgan. Ammo u zabt etilgan o‘lkalarni ruslashtirishni hayotining bosh g‘oyasiga aylantirgan ashaddiy shovinist edi [4:38].
Gazetaning asosiy faoliyati rus ilm-fani, madaniyati, g‘oyasi va mafkurasini targ‘ib qilish, Rossiya shaharlariga borgan turkistonliklarning safar taassurotlarini muntazam yoritib borishdan iborat edi.
Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, “Turkiston viloyatining gazeti” istilo etilgan generallar tarafidan nashr etilgan, ruslig‘ning shavkat va saltanatini ko‘hna madrasalarning tumtaroq tili ila osmonlarga chiqargan bir gazeta edi” [11].
Avloniy esa “Turkiston viloyatining gazeti”ga quyidagicha baho bergan: “…bu gazeta – Turkiston o‘zbeklari uchun birinchi gazeta bo‘lg‘oni kabi yerlik xalqni razolat, safolatga boshlag‘on tarixiy bir qora guruh gazeta… Bu maorif madaniyatiga dushmon bo‘lg‘oni hamda tabiiy el orasig‘a bid’at, xurofot tarqatishqa bor kuchi bilan kirishgan va bu yo‘lda bir qancha muvaffaqiyatlarga uchrag‘on edi” [11].
Shunday vaziyatda bor haqiqatni yozadigan, milliy kayfiyatni ifodalaydigan sof o‘zbekcha nashrga ehtiyoj tug‘ilayotgan edi. Zero, bu paytga kelib, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, So‘fizoda va yana ko‘plab qalamkashlar matbuotda o‘z so‘ziga ega edi. Ularning “Turkiston viloyati gazeti”ga yozganlari missioner Ostroumov tomonidan “qaychilanib” chiqarilar, ba’zi paytlarda esa chop etilmasdi.
Bularning barchasini ko‘rib turgan va o‘zbek xalqi qarashlarini ifodalaydigan milliy gazetaga ehtiyoj tug‘ilganini anglagan Ismoil Obidiy 1906-yil 27-iyundan “Taraqqiy” nomli o‘zbekcha gazetaga asos soldi. Gazeta Toshkentdagi V.Ilinning xususiy bosmaxonasida chop etilib, O‘rta Osiyoga tarqatilgan [11].
“Taraqqiy” ilk o‘zbek milliy gazetasi sifatida tarixga kirdi. U nashr etilgan kun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yildagi qarori bilan Matbuot kuni deb e’lon qilindi.
“Elning eng suyib o‘qiydurg‘on” bu gazetasi o‘z davrida juda katta shuhrat qozongan. Ismoil Obidiyni “Ismoil Taraqqiy” deb atagan [9]. I.Gasprinskiy maxsus “Taraqqiy” nomli maqola yozib, toshkentlik hamkasblarini tabriklagan. “Lisoni Turkiston taraflarinda maqbul turk shevasinda” ekanidan, “maslaki taraqqiyparvar”ligidan xursandlik izhor etgan, o‘lkada shunday gazetaga ko‘pdan ehtiyoj bo‘lganini ta’kidlagan edi [6]. “Taraqqiy”dan mashhur Abdulla To‘qay ham xabardor edi [2:391]. Gazetani tashkil qilishdan uni materiallar bilan ta’minlashgacha Munavvarqori va Abdulla Avloniyning roli katta bo‘lgan [4:59]. Gazetaning 20-soni nashr etilgach, hukumat tomonidan taqiqlangan.
“Taraqqiy” gazetasi faoliyati haqida tadqiqot olib borgan N.Abduazizova quyidagilarni yozadi: “….garchi nashr Ivan Geyer mablag‘i hisobidan chop qilana boshlangan bo‘lsa ham, uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi avvalgi gazetadan tubdan farq qilgan” [1:79]. “Taraqqiy” gazetasi milliy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy masalalarni ko‘targan. Shuningdek, mushtariylarni “mamlakat xabarlari”, “xorijiy xabarlar”, “telegraf xabarlari”, “Toshkent axbori” ruknlari ostida yangiliklardan voqif etib turgan. Gazetada ma’rifat manbalaridan sanalgan kitob va gazeta uchun mustamlakachi ma’muriyatning mablag‘ ajratmayotgani va buni uning o‘zi ham bilib turgani to‘g‘risida shunday o‘xshatish qilinadi: “Hozirda ijtimoi, kalom, matbuot uchun berilgan xarit (xarajat)lar; to‘shak ustida og‘ziga suv tomizilib turgan og‘ir xastadek ekanini tilsiz va ko‘r tabiblar ham tasdiq eturlar” [7:1].
Mustamlakachilik tuzumidan ozod bo‘lish g‘oyasi va millatni taraqqiy ettirish masalasi gazetaning bosh maqsadi edi. “Taraqqiy”da jadidlar aholidan olinadigan soliqlar yurt va xalq manfaati uchun emas, “zolim ishga va aysh-ishratg‘a” sarflanayotganini bayon qiladi [8:1].
Gazetaning 1906-yil 3-sonida pivoxo‘rlik va ichkilikbozlikning keng tarqalib ketayotganidan xavotir bildirilgan. Gazeta faoliyati juda qisqa vaqt davom etdi. “Taraqqiy” gazetasining nashr etilishi bir necha oydan so‘ng to‘xtatib qo‘yildi. Shundan so‘ng ham jadidlar matbuot tashkil etishni yanada rivojlantirdi. Masalan, Munavvarqori Abdurashidxonov muharrirligida “Xurshid” gazetasini chiqarish boshlandi. “Xurshid” gazetasi” – deb yozadi Abdulla Avloniy, “1906-yili “Taraqqiy” to‘xtolg‘ondan keyin o‘sha vaqtning yoshlari tomonidan tuzilgan bir shirkatning moddiy ko‘magi va Munavvar Qori Abdurashidxonovning mas’ul muharrirligida tosh bosma usuli bilan chiqa boshladi” [3], degan.
“Xurshid” gazetasi Turkiston xalqlari oldida turgan dolzarb muammolarni yechib, mustamlakachilikdan ozod bo‘lishga intiluvchi maqolalar e’lon qiladi. Madaniyat va ma’rifatni tiklash uning bosh g‘oyasiga aylanadi. Bu gazeta ham atigi ikki oy davomida faoliyat olib bordi.
Toshkentlik boylardan biri Saidkarim Saidazimboyev 1907-yil 21-avgustda “Tujjor” gazetasining chiqishiga muharrirlik qilgan. U “milliy, siyosiy va maishiy gazetai islomiya” edi. Manzili Peterburg ko‘chasidagi xususiy uyda, deb ko‘rsatilgan.
Gazeta muharriri Saidkarim Saidazimboyev ro‘znoma xalqni o‘z tili va madaniyatiga ega bo‘lishi, dunyodan xabardor qilishi, xalqni g‘aflat uyqusidan o‘yg‘otishday ezgu ishlarga qodir ekanini ta’kidlaydi.
Xulosa qilganda, jadid ma’rifatparvarlari o‘zi chop etgan gazeta – jurnallar orqali xalqni ijtimoiy-siyosiy voqealardan xabardor qilib bordi. Ular mahalliy hukmdorlarni mustamlakachilar tomonidan amalga oshirilayotgan nohaqliklardan ogohlantirgan. Shuningdek, ilm-fan uchun kerakli sharoit va mablag‘ni ajratishga da’vat etgan. Jadidlar tomonidan matbuotda yoritilgan kamchiliklarga o‘z vaqtida e’tibor bermaslik milliy birlik tamoyilining yo‘qolishi va mustamlakachilik zulmining davom etishiga sabab bo‘ldi.
-
Abduazizova N. Turkiston matbuoti tarixi. – T., 2000. – B.79.
-
Abdulla To‘qay. Asarlar. 4 tomlik. 3-tom. – Qozon, 1976. – B.391.
-
Avloniy A. Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi// “Turkiston” gazetasi. 1924-yil 24-iyun, 295-son.
-
Begali Qosimov. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – T.: Ma’naviyat, 2002. – B.37, 38, 59.
-
Baxtiyor Hasanov. Milliy matbuotimizning ikki durdonasi. – T.: Mumtoz so‘z, 2015. – B.3.
-
“Tarjimon” gazetasi, 1906-yil, 69-son.
-
“Taraqqiy” gazetasi.1906-yil, 1-son. – B.1.4.
-
“Taraqqiy” gazetasi. 1906-yil, 3-son. – B.1.
-
“Turkiston” gazetasi. 1924-yil, 24-iyun, 295-son.
-
https://kun.uz/92841758?q=%2Fuz%2F92841758 Bahodir Karim, filologiya fanlari doktori, professor.
-
http://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/umid-bekmuhammad-ozbek-matbuoti-tarixidan-lavhalar.html Umid Bekmuhammad. O‘zbek matbuoti tarixidan lavhalar.