Home / ALLOMALAR / ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma shaxsiy xislati, shogirdlar tarbiyasi va fiqhga oid qimmatli asarlari bilan hanafiy mazhabi rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan. Abu Bakr Jassos shaxsiyati, ilmiy safarlari va asarlari chuqur tadqiq etilishi lozim.

Abu Bakr Jassos hanafiy mazhabi boʻyicha fiqh va usulning yechilishi ogʻir muammolarini hal qilishda yordam beradigan koʻplab sharhlar yozgan. Olim yozgan sharhlar uning chuqur ilm, oʻtkir zehn va keng mushohada egasi ekanidan dalolat beradi. Uning asarlarini uch guruhga ajratish mumkin: a) alloma oʻzi tasnif etgan asarlar; b) sharhlar; v) muxtasar.

Abu Bakr Jassos oʻzi yozgan asarlar:

  1. “Ahkom al-Qurʼon”. Qurʼon oyatlaridan hukm olgan hanafiy fiqhidagi mashhur kitoblardan hisoblanadi. Bu uning oxirgi asarlaridan biridir [1].
  2. “Kitob usul al-fiqh”. Abu Bakr Jassos “Al-Fusul fil usul”ni oʻzining mashhur kitobi “Ahkomul Qurʼon”dan ham oldin yozgan. Muallif bu kitobda asosan fiqhiy masalalarga toʻxtalsa-da, ammo usulul fiqh masalalariga kelganda kengroq sharh bergan. “Al-Fusul fil usul” usuli fiqh ilmida hanafiy mazhabi boʻyicha yozilgan dastalabki va asosiy kitoblardan biridir. Abu Bakr Jassos “Al-Fusul fil – usul”ni oʻzining mashhur shayxi imom Karxiy vafotidan keyin yozgan. Bu asar uning ilmiy tajriba va amaliy xulosasi sifatida yuzaga kelgan va hanafiy mazhabidagi usul al-fiqhning tojiga aylangan.
  3. “Javabat al-masoil”. Bu asarda allomadan soʻralgan masalalar jamlangan [1].
  4. “Adab al-qozi”. Mazkur asar haqida tarojim kitoblarda maʼlumot uchramaydi. Uning Abu Bakr Jassosga mansub ekani haqidagi fikrni iroqlik tadqiqotchi Muhammad Jasim Hadisiy ilgari surgan.

Muhammad Jasim Hadisiy 1985-1988-yillarda Iroq davlat qoʻlyozmalar muzeyi fondida saqlanayotgan kitoblarni tadqiq etish jarayonida u yerda Abu Nasr Samarqandiyning Abu Bakr Ahmad Jassos (vaf. 370/981) yozgan “Adab al-qozi” asariga yozgan sharhi ham saqlanayotgani haqida yozgan [4:22]. Nemis tadqiqotchisi Ulrix Rebshtok xulosalariga koʻra, Abu Bakr Ahmad Jassos yirik hanafiy faqihi boʻlishiga qaramay, uning fatvosi Iroq va Shom hanafiy maktablariga xos boʻlgan. Movarounnahrlik faqihlar esa, Jassosdan koʻra Xassofning “Adab al-qozi” asariga sharh yozishni afzal koʻrgan [14:110-122]. Ammo Muhammad Jasim Hadisiyning guvohlik berishicha, Movarounnahr olimlari Abu Bakr Jassos asarlariga ham alohida eʼtibor qaratgan. Jumladan, qozilik masalalariga bagʻishlangan bir qator asarlar muallifi Hokim Abu Nasr Samarqandiy Abu Bakr Jassosning “Adab al-qozi” kitobiga sharh yozgan. Alloma Abu Nasr Samarqandiy 486/1093-yilda Samarqandda tavallud topgan va 550/1155-yilda shu shaharda vafot etgan. Abu Nasr Samarqandiy, “Imomul huda”, “Faqih” nomlari, “Abul Lays” kunyasi bilan mashhur boʻlgan Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiyni (vaf. 375/985) oʻziga ustoz sanab, uning asarlaridan talabalarga dars bergan. Bu maʼlumot “Kashf az-zunun” asarida keltirilgan. Tarixchi Qurashiy Abu Nasr Samarqandiyni “Ibrismiy” nisbasi bilan zikr qilgan. “Ibrismiy” nisbasidan shu narsa maʼlum boʻladiki, Abu Nasr Samarqandiy arab emas, balki mahalliy faqihlardan boʻlgan [7:109].

Bundan shuni bilish mumkinki, Movarounnahrda ham Abu Bakr Jassos ilmiy merosiga qiziqish katta boʻlgan. Bu haqda koʻproq maʼlumotga ega boʻlish uchun nemis tadqiqotchisi Ulrix Rebshtok fikrini chuqurroq tahlil qilish va Abu Nasr Samarqandiyning ushbu qoʻlyozma asarini tadqiq etish maqsadga muvofiq.

Abu Bakr Jassos sharhlagan asarlar:

  1. “Sharh al-Jomeʼ al-kabir”. Mazhab imomlari rivoyati jamlangan furuʼ boʻyicha Imom Muhammadning “Al-Jomeʼ al-kabir” asariga sharh. Muhammad ibn Hasan Shayboniyning (vaf. 187/803) “Al-Jomeʼ al-kabir fil furuʼ” kitobi hanafiy mazhabiga doir asosiy manbalardan sanaladi. Hoji Xalifa “Kashf az-zunun” asarida: “Muhaqqiqlar bu kitobni tahqiq qilishni istab, uning ajoyib lafzlariga alohida ahamiyat qaratgan. Hatto unga sharhlar yozilib, mazmuni yanada kengroq bayon qilib berildi”, deb xabar beradi. 370/980-yili vafot etgan Abu Bakr Jassos nomi bilan mashhur imom Abu Bakr Ahmad ibn Ali sharhi shunday kitoblardan biri boʻlganini aytib oʻtadi [15:569]. Imom Abu Bakr Jassosning tarjimayi holi yozilgan koʻplab manbalarda ushbu kitob olimga nisbat berilgan va bu haqda oʻziga taalluqli asarlarda ham keltirilgan [2:212]. Ushbu sharh toʻqqiz yuz varaqdan iborat boʻlib, har bir sahifada oʻn toʻqqiz satr mavjud ekani xususida ham qoʻshimcha maʼlumot bor. Mazkur kitob uning ilk asarlaridan boʻlishi mumkin. Chunki kitob nusxalovchisi (560/1165-yili koʻchirilgan) ushbu kitobni alloma 348/959-yili Bagʻdoddagi Salom shahrida yozib tugatganini, bu uning Nishopurdan qaytib, ustozi Karxiy oʻrnida Bagʻdodda dars va fatvo bera boshlaganidan toʻrt yil keyinga toʻgʻri kelishi  haqida aytib oʻtgan.
  2. “Sharh al-Jomeʼ as-sagʻir”. Bu asar ham Imom Muhammadning kitobiga sharh boʻlib, u Imom Abu Yusufning Abu Hanifadan rivoyat qilgan 352 furuʼ masalalaridan iborat. Hoji Xalifa “Kashf az-zunun”da Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “Al-Jomeʼ as-sagʻir” asari haqida xabar berib, bunday deydi: “Asar qadimiy va muborakdir. Bazdaviy aytganidek, kitob 352 ta masalani oʻz ichiga olgan, shundan 170 tasida ixtilof zikr qilingan, qiyos va istehson faqat ikkita masalada keltirilgan. Ustozlar ushbu asarni ulugʻlab: “Uning masalalarini bilmay turib, biron kishi fatvo va qozilikka loyiq boʻla olmaydi”, degan” [15:563]. Shundan soʻng Hoji Xalifa Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “Al-Jomeʼ as-sagʻir” kitobiga yozilgan 13 dan ortiq sharhini keltirib, ular orasidan Abu Bakr Jassos kitobini ham qayd etadi. Ushbu sharh Abu Bakr Jassosga oid ekani Adirnaviyning “Maham al-fuqaho”, Laknaviyning “An-Nofeʼ al-kabir”, Ibn Qutlubugʻoning “Toj at-tarojim” kabi manbalarida ham keltirilgan [5].
  3. “Sharh al-manasik”. Bu kitob ham Muhammad ibn Hasan Shayboniy asari sharhi boʻlib, allomaning bizgacha yetib kelmagan asarlaridan sanaladi. Ushbu sharhni alloma “Sharh muxtasar at-Tahoviy”da keltirib, oʻz sharhida “Muxtasar at-Tahoviy”dagi manosik masalalari barchasi Imom Muhammadning “Al-Manosik” asarida mavjudligini bayon qilgan. Shu bilan birga, “Sharh muxtasar at-Tahoviy” ham turli masalalar doirasida muhim jihat va foydalarni oʻz ichiga olgan [13:68]. Uning boshqa bir qancha manbalarda ham Abu Bakr Jassosga mansub ekani zikr qilingan. Buni Ibn Nadim “Al-Fihrist” asarida, Itqoniy Abu Bakr Jassosning “Sharh muxtasar at-Tahoviy” asari oxirgi varagʻida, Ismoil Bosho Bagʻdodiy “Hadiyat al-orifin” asarida va Ibn Qutulubugʻo “Toj at-tarojim” asarida keltirib oʻtgan [10].
  4. “Taʼliq ʼala al-asl lil Imam Muhammad ibn al-Hasan”. Abu Bakr Jassos Xassofning “Adab al-qazi” asariga yozgan sharhida ushbu kitob haqida soʻz boradi. Lekin tarojim kitoblarida biror kishining buni tilga olgani maʼlum emas [9:123].
  5. “Sharh Muxtasar Karxiy”. Hanafiy mazhabi furuʼ al-fiqhiga oid asar. Imom Abulhasan Ubaydulloh ibn Husayn Karxiy (vaf. 340/951) Abu Bakr Jassosning ulugʻ ustozlaridan biridir. Uning fiqh va usul al-fiqhga bagʻishlangan koʻplab asari bor. “Muxtasar Karxiy fi furuʼ al-hanafiya” shular jumlasidandir. Bu asar hanafiy mazhabi fiqhi boʻyicha yozilgan muhim asarlardan sanaladi. Abu Bakr Jassos ustozining muxtasariga sharh yozishi tabiiy holdir. Bir qancha manbalarda ushbu sharh unga mansub deb koʻrsatilgan [16].
  6. “Sharh Muxtasar at-Tahoviy”. Bu asar ham furuʼ boʻyicha boʻlib, juda qisqa sharhlangan [9:124-127]. Imom Abu Jaʼfar Ahmad ibn Muhammad Tahoviyning (vaf. 321/933) “Muxtasar at-Tahoviy fi furuʼ al-hanafiya” kitobi hanafiy mazhabida yozilgan ilk muxtasar asarlardan boʻlishiga qaramay, unda eng asosiy va muhim masalalar oʻrin olgan. Hoji Xalifa bu asarga Abu Bakr Jassos ham sharh yozganini aytib oʻtgan [15:167]. Abu Bakr Jassos tarjimayi holi yozilgan manbalarning deyarli barchasida ushbu sharh unga mansub ekani aytilgan. Allomaning oʻzi “Ahkom al-Qurʼon” asarida koʻp oʻrinlarda shu asariga murojaat qilgan [9:124-127].

“Muxtasar at-Tahoviy” asari asosan ikki xil – katta va kichik hajmda boʻlib, alloma uning kichik hajmlisini sharhlaganini Shayx Jorulloh Rumiy [8] aytib oʻtgan [11:1].

  1. “Sharh adab al-qozi lil Xassof” [6]. Xassofning bu asariga Abu Bakr Jassosdan boshqa koʻplab olimlar sharh yozgan. Hoji Xalifa ulardan 9 tasining nomini keltirgan [3:85]. “Adab al-qozi” muallifi Xassof nomi bilan tanilgan hanafiy mazhabi faqihi, Imom Abu Bakr Ahmad ibn Umar Shayboniy (vaf. 261/875) fiqh ilmida “Adab-al-qozi” nomli asar yozib, uni 120 ta bobga ajratgan holda tizimlashtirgan. Hoji Xalifa ushbu kitob juda mazmunli ekanini aytib, unga toʻqqiz kishi sharh yozganini bildirgan va Abu Bakr Jassosni ham shular qatorida tilga olgan [15:46].

Mazkur sharh bir qancha manbalarda, xususan, “Maham al-fuqaho”, “Hadiyyat al-orifin” va “Al-Favoid al-bahiyya” asarlarida Abu Bakr Jassos qalamiga mansub ekani aytilgan [12]. “Tarix at-turos al-arabiy” asari muallifi uning bir necha qoʻlyozmasi mavjudligini aytib oʻtgan [9:123-124].

Ushbu kitob allomaning boshqa asarlariga oʻxshamaydi. Baʼzi fikrlarga koʻra, asar Abu Bakr Jassos tomonidan imlo qilingan. Xassofning matni aniq, alohida va unga boshqa biron qoʻshimcha kiritilmagan. Shu bois, baʼzi oʻrinlarda “Bobning qolgan qismi tushunarli, shuning uchun ularni keltirishni maʼqul topmadik” [9:132-142], deyilgan. Bu kabi fikrlar ushbu ikki shaxsni bir olim sifatida eʼtirof etishga sabab boʻlishi mumkin. Abu Bakr Jassos bilan Abu Bakr Xassofni bir shaxs sifatida talqin qilish xatodir.

Abu Bakr Jassos tushuntirish kerak boʻlgan masalalarni tushuntirib, baʼzi oʻrinlarda qisqa tarzda, baʼzida esa mufassal qilib, gohida boshqa kitoblardan misol keltirib tushuntirgan. Buni dars vaqtida imlo qildirganiga yana dalil shuki, baʼzi oʻrinlarda bir masala qaytarilgan va unga qaytadan sharh berilgan.

  1. “Sharh al-Asma al-husna”. Manbalarda ushbu kitob nomi uchraydi, lekin uning ahamiyati va mundarijasi xususida maʼlumot yoʻq. Yuqoridagi sharh asarlari bilan birga, quyidagi katta hajmdagi asarlarni muxtasar shaklga keltirgan. Jumladan, “Ixtisor ixtilaf al-fuqaho lit-Tahoviy” asari mazhablarni oʻzaro qiyoslashda moʻtabar va muhim manba hisoblanadi. “Kashf az-zunun” muallifi zikr qilishicha [15:32], bu asar yana “Ixtilaf ar-rivaya” deb nomlanib, muxtasar holga keltirilmasdan oldin 130 dan ortiq juzdan iborat boʻlgan.

Imom Abu Jaʼfar Tahoviy bir qancha ilmni toʻliq bilishi bilan tanilgan olimdir. “Ixtilof al-fuqaho” kitobi ayni shu sohada yozilgan mukammal asar boʻlib, 135 ta juzdan iborat. Shuning uchun ulamolar hajmini kamaytirish maqsadida unga muxtasar yozishgan.

Hoji Xalifa ulamolar ixtilofiga toʻxtalib, bunday deydi: “Bu sohada bir qancha ulamolar asar tasnif qilgan. Ulardan biri Imom Abu Jaʼfar Ahmad ibn Muhammad Tahoviy Hanafiydir (vaf. 321/933). Uning “Ixtilof ar-rivoyat” deb nomlangan kitobi 135 ta juzdan iborat. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassos Hanafiy uni muxtasar holatga keltirgan” [17:32]. Darhaqiqat, katta hajmdan iborat asarlarni muxtasar holga keltirish oson ish emas. Bunda kitobning asosiy mazmuni va belgilarini oʻzgartirmagan holda undan koʻplab maʼlumotlarni olib tashlashga toʻgʻri keldi. Abu Bakr Jassos ushbu vazifani toʻliq uddalay olgan. U masalaning ortiqcha va kengaygan tafsilotlarini olib tashlagan va koʻp hollarda masalaning oʻzini keltirishdan nariga oʻtmaydi. Avval Abu Hanifa va uning shogirdlarini zikr qilib, keyin ularga muvofiq kelganlar soʻzini keltiradi. Soʻng Imom Molik va unga muvofiq olimlar soʻzlarini keltirgan va shu tartibda ulamolar soʻzini ketma-ket bayon etadi.

Abu Bakr Jassos mashhur mazhab mujtahid imomlari va ularning shogirdlari tomonidan berilgan fatvo va hukmlar bilan birga, Avzoʼiy (vaf. 157/774), Sufyon Savriy (vaf. 161/778), Lays ibn Saʼd (vaf. 175/791), Usmon Battiy (vaf. 143/760), Ibn Abu Laylo (vaf. 148/765) va Hasan ibn Solih (vaf. 167/783) kabi unchalik mashhur boʻlmagan ulamolar fikrlarini ham keltirgan. Shuningdek, sahoba va tobeinlarning fiqhga oid koʻplab fikrini keltirgan. Shu jihatdan, Abu Bakr Jassosning ushbu kitobi eng qadimgi mujtahidlar, ayniqsa, keyinchalik mazhablar eʼtibordan qolgan ulamolar qarashlari va ularning ixtilofli masalalarni hal etishda tutgan oʻrnini aniqlashda juda muhim manba hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abu Bakr Jassos. Ahkom al-Qurʼon. J.1-3. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, (nashr yili koʻrsatilmagan).
  2. Abu Bakr Jassos. Ahkom al-Qurʼon. J.3. – Bayrut: Dor al-fikr, 2008.
  3. Abu Muhammad Abdulqodir ibn Abul Vafo Muhammad ibn Muhammad Misriy Qurashiy. Al-Javohir al muziya fi tabaqot al-hanafiya. J.1. – Xaydarobod: 1913.
  4. Abu Nasr Samarqandiy. Kitobush shurut val vasoiq / Muhammad Jasim Hadisiy tahriri ostida. – Bagʻdod: Vizaratus saqofa val-iʼlam, Dorush shuʼun as-saqofiyya al-ʼamma, ofoq ʼarabiya, 1419/1998.
  5. Adirnaviy. Maham al-fuqaho. – Mirs: Dor al-kutub al-misriya (yili koʻrsatilmagan). – B. 69-70. Abdulhay Laknaviy. An-Nofeʼ al-kabir li-man yutoliʼ al-Jomeʼ as-sagʻir. – Karachi: Idara al-Qurʼon va al-ulum al-islamiya, 1990. – B. 35; Zayniddin Qosim ibn Qutlubgʻo. Taj at-tarojim fi tabaqot al-hanafiya. – Lepsig: Brokxaus, 1862. – B. 96; Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. J.1. – Istanbul: 1941-43. – B. 563.
  6. Ahmad ibn Umar Shayboniy Abu Bakr Xassof (797/181-875/261) muhaddis, faraz va hisob-kitob ilmida mohir, mazhabni yaxshi bilgan mashhur hanafiy olimlardan boʻlib, zohid, taqvodor, oʻz kasbi bilan kun koʻrgan inson sifatida tarixda qolgan. Otasi orqali buyuk hadis imomlaridan hadis rivoyat qilgan, koʻp asarlari bor. Bagʻdodda vafot etgan (Qarang: Ibn Abulvafo. Al-Javahir al-mudiyya fi tobaqot al-hanafiya. J.1. – Haydarobod: Dirayat al-maʼarif an-nizomiya. – B. 87-88; Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favaid al-bahiya fi tarojim al-kutub al-hanafiya. – Misr: Matbaʼ dar as-saʼoda, 1906. – B. 29-30).
  7. Bekmirzayev I.I. Movarounnahrda qozilik hujjatlari: tarixiy ildizlar va tahliliy yondashuvlar. Monografiya, – T.: Toshkent islom universiteti, 2014.
  8. Valiyuddin ibn Mustafo Qistintiniy, hijriy 1101-yilda vafot etgan, faqih va usul olimi boʻlgan. (Qarang: Umar Rizo Kahhola. Muʼjam al-muallifin – Tarojim musannifi al-kutub al-arabiya. J.2. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 1957. – B. 168; Xayriddin Zirikliy. Al-aʼlam – Qomus tarojim li ashhur ar-rijal va an-nisa min al-arab va al-mustaʼribin va al-mustashrqin. J.8. – Bayrut: Dor al-ilm li al-malayin, 1998. – B.118).
  9. Doktor Safvat Mustafo. Al-Imam Abu Bakr Jassos va manhajuh fi at-tafsir. – Qohira: Dar as-salom, 2008.
  10. Ibn Nadim. Al-Fihrist. – Tehron: 1971. – B.261; Ismoil Poshsho Bagʻdodiy. Hadiya al-orifin – Asma al-muallifin va osor al-musannifin. J.1. – Bayrut: Dar ihyo at-turos al-arabiy, 1951. – B.67; Zayniddin Qosim ibn Qutlubgʻo. Taj at-tarojim fi tabaqot al-hanafiya. – Lepsig: Brokxaus, 1862. – B.96.
  11. Imom Jassos. Sharh muxtasar at-Tahoviy / Qoʻlyozma. – Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, 717-raqam. 1-varaq.
  12. Ismoil Poshsho Bagʻdodiy. Hadiya al-orifin – Asma al-muallifin va osor al-musannifin. J.1. – Bayrut: Dar ihyo at-turos al-arabiy, 1951. – B. 166; Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favaid al-bahiya fi tarojim al-kutub al-hanafiya. – Misr: Matbaʼ dar as-saʼoda, 1906. – B. 28.
  13. Tahqiq al-juz as-saniy min sharh muxtasar at-Tahoviy. J.1. Doktorlik dissertatsiyasi. – Makka: Jamiat Umm al-quro markaziy kutubxonasi, raqam 1924.
  14. Ulrich Rebstock. Abwägen als Entscheidungshilfe in den usûl al-fiqh: Die anfänge der targîh-Methode bei al-Gassos // Der Islam (zeitschrift für geschichte und kultur des Islamischen orients). – Berlin: Walter de Gruyter, 2003. – № 80.
  15. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. J.1. – Istanbul: 1941-43.
  16. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. J.2. – Istanbul: 1941-43. – B. 1634; Ibn Abulvafo. Al-Javahir al-mudiya fi tobaqot al-hanafiya. J.1. – Haydarobod: Dirayat al-maʼarif an-nizomiya. – B. 223; Zayniddin Qosim ibn Qutlubgʻo. Taj at-tarojim fi tabaqot al-hanafiya. – Lepzig: Brokxaus, 1862. – B. 96. Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favaid al-bahiya fi tarojim al-kutub al-hanafiya. – Misr: Matbaʼ dar as-saʼoda, 1906. – B. 28.
  17. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. J.2. – Istanbul: 1941-43.
Burxon AXMEDOV,
OʻzXIA katta oʻqituvchisi, PhD

Check Also

SOʻGʻDLIK MUHADDISLAR TARIXI

Hijriy ilk asrlar (milodiy VII asr)dan boshlab Movarounnahr, ayniqsa koʻhna Samarqand hududidan koʻplab olimlar yetishib …