Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Koʻpchilik bu toʻplam va unga oid maʼlumotlardan xabardor boʻlishga intiladi. “Sahihul Buxoriy” roviylari, ularning hayoti va ilmiy faoliyati xorijlik olimlar tomonidan mukammal oʻrganilgan va bu haqda kitob, risola va bahslar yozilgan. Afsuski, yurtimizda bu mavzu hanuz toʻliq oʻrganilmagan. Ushbu roviylar hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish va tadqiq qilish hozirgi kunda oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir.
Ushbu roviy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid maʼlumotlar har xil manbalarda turlicha berilgan. Baʼzi manbalarda tarjimayi holi bayon etilgan boʻlsa, boshqasida “Sahihul Buxoriy” roviysi ekaniga urgʻu berilgan. Imom Zahabiyning “Tazkirotul Huffoz” va Abdulkarim Samʼoniyning “Al-Ansob” asarida tarjimayi holi bayon etilgan. Imom Zahabiyning “Siyaru aʼlomin nubalo” va Ismoil ibn Umar ibn Kasirning “Al-Bidoya van nihoya” asarida tarjimayi holi bilan birga “Sahihul Buxoriy” roviysi ekani haqida maʼlumot berilgan.
Imom Buxoriy (810-870) “Sahihul Buxoriy”ni yozib boʻlgach, uni odamlarga yetkazish uchun koʻplab dars tashkil qilgan. Bu darslarda “Sahihul Buxoriy”ni eshitishga mushtoq boʻlgan va rivoyat qilishga katta qiziqish bilan qaraydigan koʻplab odam toʻplangan. Ahli ilm oʻz kitobini yetkazishda joriy qilgan odatga muvofiq Imom Buxoriy ham “Sahihul Buxoriy” kitobini aytib yozdirish uchun bir necha joyda dars halqalari tashkil qilgan.
“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan tinglagan bu jamoa orasida kitobni boshqalardan koʻra koʻproq eshitgan roviylar toifasi mashhur boʻlgan. Ular kitob roʻyxati va rivoyatini mukammal oʻrgangan. Oʻzidan keyingi hadis va xabarlarni rivoyat qiluvchi kishilarga bu kitobni yetkazgan.
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”dan dars beradigan majlislarda rivoyatlarni toʻgʻrilash, eshitgan narsalarini yozib olish va lafzlarni tuzatish uchun mehnatini sarflaydigan roviylar toʻplangan. Abu Abdulloh Firabriy: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan”, deb aytgan [3: J: 11. B:28].
Bu katta jamoa orasidan dastlabki roviylar tabaqasi mashhur boʻlgan. Odamlar ulardan “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan va qabul qilib olgan. Mana shu tabaqadagi roviylar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitib, rivoyat qilganlardir.
Tarixdan Imom Buxoriy shogirdlari orasidan bugungi kungacha ismi va yozgan asari nusxalari mashhur boʻlgan olimlar maʼlumdir. Ular: Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Mahomiliydir.
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”ni Firabrda dars berib boʻlgach, 255/869-yilda Nasafga kelgan va shu yerda bir muddat yashagan. Buyuk muhaddis ushbu shaharda yashaganida nasafliklar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriydan taʼlim olgan. Ular: Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Abu Fazl Tohir ibn Husayn ibn Maxlad, Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali Pazdaviy, Tuban qishlogʻi boshligʻi Abu Fazl Jaʼfar ibn Muhammad ibn Abbos Tubaniy va Xalaf ibn Shohid ibn Hasan ibn Hoshim va boshqalardir.
Ushbu shahardagi eng mashhur roviy Nasaf qozisi Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil ibn Hajjoj ibn Xaddosh ibn Xudayj Nasafiy Sonjaniy edi. U Nasafning Sonjan qishlogʻida tugʻilgan. Uning tarjimayi holini yozganlardan birortasi tugʻilgan yilini keltirmagan. Barcha manbalarda vafot etgan yili koʻrsatilgan. Ulamolar uning Abu Isʼhoq deb kunyalanganiga ittifoq boʻlgan. Lekin tarjimayi holi bayon qilingan manbalarning birortasida uning Isʼhoq ismli oʻgʻli borligi haqida maʼlumot kelmagan. Uning Said ismli oʻgʻli borligi va otasidan hadis rivoyat qilgani maʼlum.
Ulamolar Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning juda koʻp shaharlarga safar qilganini va bir necha kitob yozganini taʼkidlagan. Imom Zahabiy “Siyaru aʼlomin nubalo” asarida: “U juda koʻp safar qilgan”, degan [4: J: 13. B:493]. U safari davomida oʻz davrining ulugʻ olim, talabalari bilan uchrashgan va ulardan dars olgan. Alloma fiqh ilmiga juda katta eʼtibor bergani uchun faqih deb nomlangan. U bir necha fanni mukammal egallagan edi. Turli sohada yozilgan kitoblari ilmi kuchli ekani va darajasi yuqoriligidan dalolat beradi. U Xuroson, Iroq, Shom, Misr, Hijoz va boshqa shaharlarga safar qilgan hamda u yerdagi mashhur muhaddislardan hadis eshitgan.
U safari davomida ushbu shaharlarda yashovchi Abu Rajo Qutayba ibn Said Bagʻloniy, Abu Hasan Ali ibn Hujr Saʼdiy, Abu Valid Hishom ibn Ammor Damashqiy, Muhammad ibn Musaffo Himsiy, Hannod ibn Suro, Abu Kurayb Muhammad ibn Alo Kufiy, Abu Muso Muhammad ibn Musanno Basriy va Harmala ibn Yahyo Misriy kabi muhaddislar bilan uchrashgan va ulardan hadis tinglagan. U mashhur imom va muhaddis Ahmad ibn Hanbal bilan ham uchrashgan. Lekin undan hadis rivoyat qilmagan. Chunki oʻsha paytda Ahmad ibn Hanbal fitnaga duchor boʻlgani uchun hadis rivoyat qilmayotgan edi.
Albatta, uning ustozlari boshida Imom Buxoriy turadi. U “Sahihul Buxoriy”ni allomaning oʻzidan taʼlim olgan va bu kitobni muallifning oʻzidan eng oxiri rivoyat qilganlardan biri sanaladi. Lekin kitob oxiridan ijoza bilan rivoyat qilgan qismi yoʻqolgan. Abu Fazl Solih ibn Muhammad ibn Shazon Isfahoniy Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan bunday rivoyat qiladi: “Albatta, Imom Buxoriy toʻplamning oxirida menga Hukmlar kitobining avvalidan kitobning oxirigacha ijoza bergan edi”.
Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy rivoyati rivoyatlar ichida eng noqisidir. Albatta, uning rivoyatida Abu Abdulloh Firabriy rivoyatiga qaraganda uch yuzta hadis kamdir.
Imom Xattobiy oʻzining “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan “Aʼlomul hadis” nomli sharhida: “Men kitobning koʻproq qismini Xalaf ibn Muhammad Hayyomdan, u Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan mashhur shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan Imom Firabriy yoʻlidan boshqa yoʻl bilan eshitdim”, degan. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ni Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy yoʻli orqali rivoyat qilgan roviylardan sanaladi. U kitobning koʻproq qismini Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy yoʻli orqali, faqat kitob oxiridagi hadislarni esa Firabriy yoʻli orqali eshitgan.
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy rivoyati Abu Solih Xalaf ibn Muhammad ibn Ismoil Buxoriy yoʻli orqali tarqalgan. U movarounnahrlik muhaddis boʻlib, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy va boshqa muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Boshqa shaharlarga safar qilmagan. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy rivoyati Yer yuzida keng tarqalgan.
Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan oʻz shahridagi koʻp odamlar rivoyat qilgan [2: J: 5. B:487]. Ahli ilmning koʻplab vakillari uni maqtagan. Ulardan biri Hofiz Abul Abbos Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy (vaf. 432/1041) boʻlib, u: “Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy faqih, hofiz, ulamolar ixtilofini farqlovchi, fazilatli va himoyachi olim edi”, degan [1: J: 2. B:686].
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy fiqh va hadis ilmini puxta egallab, hadis toʻplash va asar yozishni maqsad qilgan. U “Al-Musnad”, “At-Tafsir” va boshqa kitoblarni tasnif etgan.
Hofiz Zahabiy (vaf.748/1348): “U hofiz, alloma, Nasaf qozisi va olimi, Musnadul kabir, tafsir va boshqa kitoblar muallifidir”, degan [1: J: 2. B:686]. Demak, Imom Zahabiy uning “Al-Musnad”, “At-Tafsir” va boshqa kitoblari borligini aytgan. Hoji Xalifa ham “Kashfuz zunun”da uning “Tafsirul Qurʼon” kitobi boʻlgani haqida maʼlumot bergan.
Imom Kattoniy sanadlar haqidagi “Ar-Risalatul mustatarafa” kitobida: “Nasaf qozisi va olimi Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning musnadi bor. U katta musnaddir”, degan. Demak, u nasafliklarning ulugʻ imomi boʻlib, Tufayl ibn Zayddan keyin Nasafning qozisi etib tayinlangan. Unga taʼrif bergan ulamolarning barchasi “Al-Musnad” asari boʻlganini taʼkidlagan.
Xatib Bagʻdodiy “Hadyatul orifin” asarida Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning “Al-Istiqsoot fin nukot” nomli asari boʻlgan, degan.
Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy 295/908-yil zulhijja oyida vafot etgan [1: J: 2. B:686]. U oʻsha paytda sakson besh yoshda edi, deyilgan. Imom Samʼoniy uning vafoti 294/907-yil deb yozib qoldirgan [2: J: 5. B:487].
Mavzuga xulosa va taklif sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
– Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitib rivoyat qilgan birinchi tabaqa roviylaridan sanaladi;
– Magʻrib va Andalusiya oʻlkasiga “Sahihul Buxoriy” asari Firabriy va Nasafiy rivoyat qilgan yoʻl orqali kirib borgan;
– Imom Buxoriyning oʻzidan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan boshqa roviylar hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish maqsadga muvofiq;
– “Sahihul Buxoriy” roviylari hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish orqali Imom Buxoriy Movarounnahrning qaysi shaharlarida yashagan va taʼlim berganini oʻrganish lozimdir.
Taʼkidlanganidek, asarni muallifga bogʻlab rivoyat qilgan mashhur va ishonchli roviylarning ayrimlari sanadi bevosita ushbu allomaga borib taqaladi. Shuning uchun ham ushbu roviy hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va faoliyati, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi maʼlumotlarni omma eʼtiboriga havola etishga xizmat qiladi.
-
Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. Abdurahmon ibn Yahyo Muʼallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 1374/1955. 1760 sahifali.
-
Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Al-Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 2016.
-
Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya: 15 jildli. Ustozlar jamoasi tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1987.
-
Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlomin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992.