Home / MAQOLALAR / SOMONIYLAR DAVLATI BOSHQARUV TIZIMI

SOMONIYLAR DAVLATI BOSHQARUV TIZIMI

Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi mintaqa tarixida tub burilish yasadi. Shariat ahkomlariga asoslangan arab xalifaligi boshqaruv tizimining mintaqaga kirib kelishi oʻzbek davlatchiligining keyingi davrlardagi rivojlanishiga  katta taʼsir koʻrsatdi. VIII-XII asrlar davomida islom ahkomlarini oʻziga singdirib borgan Markaziy Osiyodagi boshqaruv tizimi milliy davlatchilik tarixining muhim segmentlaridan biriga aylandi. Islom Markaziy Osiyodagi boshqaruv tizimining yangi shakllarda rivojlanishini boshlab berdi. Buning natijasida vujudga kelgan milliy boshqaruv tizimi tamoyillari XX asrgacha oʻz kuchini saqlab qoldi.

IX asrning ikkinchi yarmi islom tarixida “zaif xalifalar asri”ning boshlanishi deb yuritiladi. Bu davrga kelib Abbosiylar xalifaligida ichki ziddiyatlarning kuchayishi, qoʻzgʻolonlarning koʻpayishi, arablardan boʻlgan hokimlarga nisbatan xalifalar ishonchsizligining ortishi, buning oqibatida hududlarga kelib chiqishi fors va turkiylardan boʻlgan qoʻmondon va voliylarning tayinlanishi markaziy hokimiyatning zaiflashuvi, shuningdek, ham gʻarbiy, ham sharqiy hududlar nazoratining qoʻldan ketishiga sabab boʻldi.

Dastlab Xurosonda Tohir ibn Husayn (776-822 yy.) boshchiligidagi tohiriylar, ulardan soʻng safforiylar oʻz mustaqilligini eʼlon qilgach, Movarounnahrda xalifalarga sadoqat bilan xizmat qilib kelgan Somoniylar ham vaziyatdan foydalangan holda, amalda mustaqil boshqaruvni oʻrnatishga muvaffaq boʻldi.

Somoniylar Xuroson amirlari Tohiriylardan mustaqil boʻlishga intilganlar, ammo hech qachon Abbosiylarga qarshi chiqmaganlar va Bagʻdoddan mustaqil boʻlishga intilmaganlar[9:196]. Binobarin, xalifa Maʼmun Marvdan Bagʻdodga ketishdan oldin unga sadoqat bildirgan Somon avlodlari Nuh ibn Asad (vaf. 842-y.) va uning ukalarini hokim etib tayinlashga buyruq beradi. 204/819-20-yilda Xuroson amiri Gʻasson ibn Abbod xalifaning koʻrsatmasiga binoan Nuh ibn Asadni Samarqandga, Ahmadni – Fargʻonaga, Yahyoni – Shosh va Ustrushonaga, Ilyosni esa – Hirotga hokim etib tayinlaydi. Aka-ukalar rasman bir-biridan mustaqil hukmdor boʻlgan, lekin amalda ular Nuh ibn Asadga boʻysunganlar[4:253]. U Somonxudotning toʻrt nabirasining toʻngʻichi boʻlib, Somoniylar sulolasining asoschisi hisoblanadi[3:48].

Nuh ibn Asad boshqa dindagi turklarga qarshi jihod urushlari olib borgan. 225/ 839-40-yilda u Isfijob shahrini egallab, undagi tokzorlar va ekinzorlarni oʻz ichiga olgan mudofaa devorini qurdiradi[4:253]. Nuh ibn Asad hukmronligi davrida Samarqand, Shosh va Fargʻona shaharlarida zarb etilgan tangalardagi yozuvlarda xalifa ismidan keyin uning ismi keltirilgan. Bu esa uning Xuroson hukmdorlari Tohiriylardan mustaqil boʻlganligi va faqatgina xalifaga boʻysunganini anglatadi[4:254].

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asariga koʻra, Nuh ibn Asad (819-864 yy.) vafotigacha Samarqandda yashaydi va birodari Ahmad ibn Asadni oʻziga oʻrinbosar etib tayinlaydi. Ahmad ibn Asad olim va porso kishi boʻlib, oʻta xalqparvar va vijdonli boʻlgan[2:147]. Ibn al-Asir u haqda quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Ahmad haqida uning oʻgʻli Nasr shunday deydi: u (Ahmad ibn Asad) 30-yillik hukmronligi davrida oʻzi ham, atrofidagi yaqin ayonlari ham pora olmagan. U vafot etganida uning qoʻl ostidagi xizmatchilari hatto och qolib ketgan” [8:66]. Somoniy hukmdorlar orasida ham arab xalifalari Umar ibn Xattob va Umar ibn Abdulaziz kabi zohid va xalqparvar amirlar hamda davlat xizmatchilari boʻlganligini yuqorida nomlari keltirilgan muarrixlarning keltirgan maʼlumotlari ham tasdiqlaydi.

Somoniylar hukmronligi boshlanganda (IX asr boshlari) Movarounnahr alohida maʼmuriy birlik edi, X asrdan boshlab Xuroson ham unga qarashli boʻlgan[4:142]. Somoniylar oʻzlarining hukmronligi ostiga ikkita yirik mintaqani – Buxoro, Samarqand, Ustrushona, Fargʻona, Shosh, Isfijob, Xorazm, Kesh, Nasaf, Chagʻoniyon, Xuttalonni oʻz ichiga oluvchi Movarounnahr va Badaxshon, Balx, Toxariston, Gurjiston, Marv, Hirot, Gʻur, Nishopur va Gurganchni oʻz ichiga olgan Xurosonni birlashtirdilar. Shuning uchun adabiyotlarda ularning mulki baʼzan “Somoniylar imperiyasi” deb nomlanadi[11:127]. 

Movarounnahr toʻrt viloyatdan iborat boʻlgan. Sugʻd viloyatining ikkita poytaxti boʻlib, bular Buxoro va Samarqand shaharlari edi. Shuningdek, Xorazm, Fargʻona, Chagʻoniyon va Shosh viloyatlari ham mazkur hududga kirgan. Somoniylar davlatining gʻarbiy qismi, yaʼni Xuroson hududi esa, toʻrt qismdan iborat boʻlib, birinchisining poytaxti Naysabur (Nishopur), ikkinchisiniki – Marv, uchinchisi – Hirot, toʻrtinchisi Balx shaharlari edi[12:188].

Manbalar koʻrsatadiki, oʻrta asrlarda Marv shahrining nufuzi juda yuqori boʻlgan. Abbosiy xalifalar hokimiyati ham Marvda boshlangan va ularning qora rangli bayroqlari ilk bor shu yerda koʻtarilgan. Bu yerda oʻn yil davomida xalifa Maʼmun (xalifalik yillari 813-833) hukm surgan. Shuning uchun odamlar uni Shohijon, yaʼni Shoh Jahoniy – “Podshohlar qarorgohi” deb ataganlar[4:59]. Marv – xalifalikning sharqiy qismiga hokimlik qiluvchi noibga (u Kufada turar edi) bevosita boʻysunuvchi Xuroson noibining qarorgohi edi[Oʻzbekiston SSR tarixi. II tom, 1970:191]. Shunga qaramay, Somoniylar davlati poytaxti etib Movarounnahrning eng taraqqiy etgan shaharlaridan biri boʻlgan Buxoro shahri tanlangan.

261 – 379/875 – 892-yillarda Somoniylar davlatining poytaxti Samarqand, 279 – 395/892 – 1005-yillarda esa Buxoro boʻlgan. Comoniylar qonuniy jihatdan Xuroson amirlari boʻlib, Movarounnahr va Xuroson yerlari ularga qarashli boʻlgan. Shuning uchun ularning qarorgohi Buxoro X asrda Movarounnahr va Xuroson poytaxti hisoblangan. U Movarounnahrdagi Xurosonga eng yaqin shahar boʻlgan. Tohiriylar Nishopurdan turib Xurosonni idora etgan boʻlsalar, Ismoil ibn Ahmad Buxoroni oʻziga qarorgoh etib tanlagan va davlatning poytaxtiga aylantirgan. Buning asosiy sababi – uning islomdan oldingi ajdodlari (El Arslon va El Tegin) Buxoroda yashaganlar va shu yerda dafn etilganlar[9:121-196]. Uning avlodlari davrida ham poytaxt Buxoro boʻlib qolavergan. Ungacha Movarounnahr hukmdorlari Samarqandda, baʼzan Shoshda, baʼzida esa Fargʻonada yashaganlar[2:159].

Somoniylar sulolasi Movarounnahrdagi arab boʻlmagan birinchi musulmon hukmdorlar boʻlib, yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan. Bu davrdagi boshqaruv tizimi mohiyatini hokimiyatning otadan bolaga meros boʻlib oʻtishi tamoyili tashkil qilgan. Somoniylarning Movarounnahrda islomning yoyilishida koʻrsatgan xizmatlarini ham alohida taʼkidlash joiz. Buning natijasida mazkur sulola Markaziy Osiyoda islom dini koʻrsatmalari asosidagi boshqaruv tizimining qaror topishida alohida rol oʻynadi. Uning tajribasi keyingi sulolalar boshqaruvi uchun namuna – etalon vazifasini oʻtadi.

Markaziy Osiyoda IX–XII asrlarda hukm surgan Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlatlari boshqaruv tizimini somoniylardan oʻzlashtirgan holda oʻzlarining mahalliy anʼanalariga sodiq qolgan holda boshqaruvga maʼlum darajada yangiliklar olib kirishgan. Buning yorqin dalili sifatida pardador, dovotdor, tashtdor, jashnigir, qutvol, salor, sarhang, sipohsolor, biruk, agʻichi, qushchi, chovush, xaylboshi kabi rasmiy lavozimlar joriy etilganligida namoyon boʻladi. Bundan kelib chiqadiki, Markaziy Osiyoda vujudga kelgan mustaqil musulmon sulolalari boshqaruv tizimini arab xalifaligidan oʻzlashtirgan boʻlsalar-da, u milliy anʼanalar asosida rivojlangan.   

Somoniylar abbosiylar kabi sunniylik mazhabini mahkam tutganlar va unga xizmat qilganlar. Xutbani abbosiylar nomiga oʻqitib, pullarini ham ularning nomi bilan zarb qildirganlar. Oʻz navbatida, abbosiylar ham somoniylarni qadrlab, oʻzlariga yaqin tutganlar. Somoniylar abbosiylarga Safforiylar[1] va Zaydiylar[2] kabi ularga qarshi chiqqan davlatlarni mahv etishga yordam berganlar. Ayniqsa, Ismoil Somoniyning Xurosonni egallashi va oʻz davlatiga qoʻshib olishi, shia oqimidagi Safforiylar davlatining tugatilishida muhim rol oʻynadi[12:187].

Xuroson boshqaruvi safforiylar qoʻlidan ketgach, Somoniylar xalifalikning “Devon al-Mashriq” deb ataluvchi sharqiy viloyatlaridan biri boʻlgan Xurosonning voliylari sifatida amir unvoniga ega boʻlganlar. Bundan tashqari, bosh­qa viloyatlarning voliylari singari, “maulo amir al-moʻminin”, yaʼni “moʻminlar amirining mavlosi” deb atalganlar[9:119]. Somoniylar sharʼan Abbosiy xalifalarning Xurosondagi amirlari yoki voliylari, yaʼni boshqaruvchilari hisoblangan[4:123].

Narshaxiyga koʻra, Somoniylarning Mansur ibn Nuh­gacha (hukmronlik yillari 961-976) boʻlgan hukmdorlari amir, Mansur ibn Nuh va undan keyingilari malik, deb atalgan[2:163]. Ismoil ibn Ahmad (849-907 yy.) oʻzini “Movarounnahr hukmdori” deb atagan. Narshaxiy Somoniy hukmdorlarga taʼrif berganda, ularning hokimiyatini “imorat” (amirlik) deb atagan va faqatgina Abdulmalik ibn Nuh hukmronligidan boshlab (343-350/954-961) “mulk” degan atama ishlatilgan. Boshqa manbalarga koʻra, Abdulmalik ibn Nuh tangasida u “al-Amir al-Muayyid” yoki “al-Malik al-Muayyid” deb nomlangan. “Al-Muayyid” soʻzi arab tilidan tarjima qilinganda, “qoʻllab-quvvatlovchi, rahmli” degan maʼnolarni anglatadi[11:156].

Abbosiylarga sadoqat bilan xizmat qilgan amaldorlar va hukmdorlarni taqdirlash maqsadida xalifalar ularga “sulola doʻsti”, “sulola tayanchi” kabi unvonlar berishgan. “Adud ad-davla”, “Toj al-milla”, “Baho ad-davla” va boshqalar shular jumlasidandir. “Adud ad-davla” deb atalgan obroʻli unvon X asr ikkinchi yarmidan boshlab xalifalikning shimolda Somoniylardan tortib, sharqda Fotimiylar davlatigacha boʻlgan barcha yerlarida urfga kirgan edi[11:161].

Saroy odobi (etiketi) boʻyicha xalifaga murojaat qilishda unga boʻysunuvchilarning barchasi unga “mavlono” – “bizning xoʻjayin” yoki “amir al-moʻminin” – “moʻminlarning amiri” deb murojaat qilishi shart edi. Somoniy hukmdorlar arab xalifaligining bir qismi boʻlgan Xuroson noiblari sifatida “amir” unvonini olishgan. Boshqa sulola vakillaridan farqli oʻlaroq, ular oʻzlarining kunyalari bilan xotirlangan. Masalan, Ismoil ibn Ahmad “amir al-adl” (adolatli amir) kunyasi bilan, Nasr ibn Ahmad “al-amir as-saʼid” (baxtli amir), Nuh ibn Nasr “al-amir al-hamid” (atoqli amir), Abdul Malik an-Nuh “al-amir-al-muayyad” (sodiq amir), Mansur ibn Nuh esa “al-amir as-sadid” (muvaffaqiyatli amir), Nuh ibn Mansur “al-amir ar-rizo” (rizolikka (yaxshilikka) moyil amir) va “al-amir ar-rashid” (zukko amir) kunyalari bilan atalgan[11:156]. Ismoil Somoniy vafotidan soʻng “amiri moziy”, yaʼni “dunyodan oʻtgan amir” deb atalgan[2:159].

Somoniylar boshqaruv tizimida mamlakatning asosiy tayanchi – bu kuchli, markazlashgan qoʻshin edi. Bu qoʻshinning asosini jasorati, mardligi va qoʻrqmasligi bilan manbalarda tilga olinadigan turkiy xalqlar tashkil etgan. Xalifa al-Muʼtasim (794-842 yy.) hukmronligidan boshlab (833-y.) turk gʻulomlari hatto xalifa shaxsiy gvardiyasining tayanchiga aylana boshlagan[1:20].

Somoniylar davrida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, davlatning harbiy qudrati, qoʻshini va uning askarlari haqida Ibn Havqal oʻzining “Kitob surat al-ard” asarida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Ularning kuch-qudratiga kelsak, islom mamlakatlari ichida jihod urushlarini olib borishda ulardan oʻtadigan oʻlka yoʻqdir. Chunki Movarounnahrning barcha chegaralari kofirlar mamlakatiga yaqin joylashgan. Ularning qoʻshinlari barcha xalqlar ichida qatʼiyati, shijoati, jurʼati va matonati bilan boshqa xalqlardan ustun turadi. Movarounnahrlik dehqonlar oʻzlarining xizmatdagi xushfeʼlligi, chiroyli kiyinishi, shohona koʻrinishi va itoatkorligi bilan xalifalarning lashkarboshilari, yaqinlari va sodiq xizmatkorlari boʻldilar, hatto, xalifalarning eng xos odamlari va askarlariga aylandilar. Ulardan qoʻshinlarga fargʻonaliklar va turklar boshchilik qilib, xalifalarning eng ishonchli qoʻriqchilari boʻldilar. Ular orasida oʻzining shijoati va jasorati bilan ustunlik qilgan turklar ustrushonalik Afshin[3] va Ibn Abu-s-Soj, samarqandlik Ixshod va sugʻdlik Marzubon ibn Turkash, sugʻdlik Ujayf ibn Anbasa, Buxorxudot va boshqalar xalifalarning amirlari, qoʻmondonlari va askarlari edilar” [9:20-21].

Turkiy xalqlar qoʻshini boshqa koʻchmanchi davlatlar qoʻshini kabi urugʻ tizimi boʻyicha emas, balki harbiy-maʼmuriy birliklarga (minglik, yuzlik, oʻnlik) boʻlingan. Turkiylar katta yurishlarda ishtirok etib, koʻpincha, oʻz yurtidan olisda boʻlishgan. Shuning uchun turklarning alohida urugʻlari Qrimdan Oltoygacha va Sibirdan Erongacha boʻlgan hududlarga boʻlinib ketgan. Bu esa qadimdan ushbu hududlarda yashab kelgan turkiyzabon qabilalarning qarindosh ekanligini anglatadi. Shuning uchun islomning ilk asrida Markaziy Osiyoning turkiyzabon aholisi barcha turklarni qardosh xalqlar deb bilib, arab va forslarni esa begonalar deb hisoblashgan[11:138].

IX-X asr boshlarida Somoniylar Abbosiylarning islom dinini Markaziy Osiyoning mahalliy aholisiga singdirish siyosatini amalga oshirib, Sirdaryoning yuqori oqimi, Sharqiy Turkiston hududlarida yashovchi gʻayridin turklarga qarshi gʻazovot urushlarini faol olib borganlar[4:73].

Xalifalardan birinchi boʻlib Abbosiy xalifa Mansur (hukmronlik yillari 754-774) Markaziy Osiyolik bir necha aslzodalarni Bagʻdodga taklif qilgan va yuqori harbiy lavozimlarga tayinlagan. Ular orasida Afshin islom qoʻshinlariga boshchilik qilib, Ozarbayjondagi mazdakiy Bobak boshchiligida arablarga qarshi xurramiylar qoʻzgʻolonini bostirishga muvaffaq boʻlgan[9:229].

Turk xoqonligida boʻlgani kabi, Somoniylar davlatida ham qoʻshin tarkibida chokarlarning salmogʻi yuqori edi. Chokarlar xojasiga sadoqatli boʻlib, ular uchun jonlarini berishga tayyor boʻlganlar. Qutayba ibn Muslimning turkiy va sugʻdiy aslzodalardan iborat 10 minglik qoʻshini boʻlib, ular kamondan oʻq otishga mohir boʻlgan. Ular Qutaybaga umrining oxirigacha sadoqat bilan xizmat qilib, hatto oʻzining oilasi undan yuz oʻgirganda ham uni tark etmaganlar. Keyinchalik chokarlar tizimi arab xalifaligida ham keng tarqalib, mamluk gʻulomlar tizimi deb atala boshlangan. Abbosiy xalifalardan Maʼmun birinchi boʻlib chokarlarni oʻzining qoʻriqchilik xizmatiga olgan. Uning ukasi Muʼtasimning onasi turk boʻlgan, shu bois uning qoʻshini Sugʻd, Ustrushona, Fargʻona va Shoshdan olib kelingan chokarlardan iborat boʻlgan. Somoniylar davlati harbiy kuchlarining asosiy qismini turkiylar tashkil etgan.

Ismoil Somoniy birinchi boʻlib turk gʻulomlari, dehqonlar va yollanma askarlardan tashkil topgan muntazam qoʻshin tuzgan[9:113]. Uning hukmronligi davrida Buxoro shahrini turkiylar hujumidan mudofaa qilish maqsadida qurilgan va muntazam ravishda taʼmirlab turiladigan, juda katta sarf-xarajat talab qiladigan “Kampirak devori”[4]ni aholini mashaqqatga qoʻyib qayta-qayta taʼmirlash ishlari tugatildi. Amir Ismoil «to men tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men boʻlaman» degan va janglarda doimo oʻzi qatnashgan[2:112]. Markaziy boshqaruvni mustahkamlash va kuchli qoʻshin tashkil etish Ismoilga qalʼa bunyod etish va koʻchmanchilarga qarshi devorlarni mustahkamlashdan voz kechish imkonini berdi[10:91].

Somoniylar davrida islom dinining yoyilishi yoʻlida koʻngilli ravishda qoʻshin safiga qoʻshilib jang qiluvchi gʻoziylar ham boʻlgan. Xususan, IX asrda Shosh va Fargʻonaning chegara yerlaridagi rabotlarda gʻoziylarning qoʻshinlari joylashgan boʻlib, ular turli mamlakatlardan koʻngilli ravishda toʻxtovsiz kelib turgan musulmonlardan tarkib topgan. Samarqand ham gʻoziylar toʻplanadigan markaz boʻlib, ular shahar atroflaridagi rabotlarda joylashgan. Bu qoʻshinlardagi askarlarlar soni 40 mingga yetgan va ularga ulamolar rahnamolik qilgan. Somoniy hukmdorlar ular bilan yaqin munosabatda boʻlganlar va ularga homiylik qilganlar. Halok boʻlgan gʻoziylarning janozasi, koʻpincha, amirning oʻzi tomonidan oʻqilgan[4:73].

Somoniylar hukmronligi davrida turkiylarning obroʻsi Xuroson va Movarounnahrda juda koʻtarilib ketdi. IX asrda ular Somoniylar markaziy maʼmuriy boshqaruv tizimidagi amaldorlarning katta qismini tashkil qilgan. Viloyatlarda ham shunday boʻlgan. Somoniylar tomonidan lavozimga tayinlangan viloyat hokimlarining katta qismi ulardan boʻlgan. Viloyat mudofaasi va qonunlar ustuvorligini ham turklar nazorat qilgan. Somoniylar qoʻshinining bir qismini koʻchmanchi turklar, boshqa bir qismini esa ozod turklar, yaʼni oʻtroq turmush tarzini kechiruvchi turklar tashkil etgan[11:132].

Aytilganidek, Somoniylardan birinchi boʻlib Ismoil ibn Ahmad oʻziga boʻysunuvchi sodiq qullar – mamluk-gʻulomlaridan tashkil topgan muntazam qoʻshin tuzadi. Ungacha boʻlgan qoʻshinlar dehqonlar va ruhoniylarga boʻysungan. Harbiy xizmat uchun tanlab olingan mamluk-gʻulomlarining mavqei baland boʻlib, oddiy xizmatkorlar va oddiy fuqarolardan farq qilgan. Ular yaxshi kiyingan, qurollangan va oliy hukmdor huzuriga bemalol kira oladigan ishonchli odamlar hisoblangan. Katta lavozimlarni egallab, hukmdorlarga xos hashamatli hayot kechirgan[9:127].

280/893-yilda Ismoil Somoniy Sirdaryo ortidagi choʻllarda yashovchi qarluqlarga qarshi hujum uyushtirib, ularning poytaxti Talasni egallaydi. Bu bilan Markaziy Osiyo orqali oʻtadigan karvon yoʻllari ustidan nazorat oʻrnatish barobarida mamlakatning iqtisodiy barqarorligini taʼminlaydilar[6:80].

Somoniylar davlatida shahardagi tartibni saqlash bilan “shihnat al-buldon”, yaʼni “shahar mirshablari” lavozimi ham boʻlgan. Ular ham mamluk gʻulomlari kabi oʻta sadoqat bilan xizmat qilganlar. Bu haqda Ibn Havqal quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Ular yaxshi olib borilgan siyosatning toʻgʻri boshqaruvidan oziqlanadilar, hokimiyat ular safardalik paytida oilalari haqida gʻamxoʻrlik qiladi. Agar u xayrli ish qilsa, uning bu yaxshiligi yoʻqolib ketmaydi. Agar u jinoyat sodir etsa, qilgan gunohi va jinoyati uchun jazosini oladi. Agar biror qarindosh yoki yaqin odamga qasos yoki xun  olish zarurati boʻlsa, bu ish Allohning marhamatiga topshiriladi. Agar begona odamga hukm yoki biror narsa undirish kerak boʻlsa, u bilan Alloh taoloning koʻrsatmalaridan qayt­magan holda ish koʻriladi” [9:26]. Koʻrinib turibdiki, Somoniylar davlatidagi boshqaruv islom shariatiga asoslangan ijtimoiy adolat, qoʻl ostidagilarga gʻamxoʻrlik ruhida amalga oshirilgan. Sud-huquq tizimi ham shu asosda tashkil etilgan.

Somoniylar boshqaruv tizimi Abbosiylardan oʻzlashtirilgan boʻlib, oʻz navbatida, Abbosiylar boshqaruvi Sosoniylar imperiyasidan qolgan anʼanalar asosida shakllangan edi. Ismoil Somoniy birinchilardan boʻlib Movarounnahrda markazlashgan boshqaruv tizimini joriy etishga muvaffaq boʻldi. Bu tizim asosini oliy hukmdor dargohi (saroyi) va devonlar (vazirliklar) majmui tashkil etgan[5:94].

Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, Somoniylar davlatining huquqiy asoslari islom shariatiga asoslangan boʻlib, arablar tomonidan boʻysundirilgan boshqa xalqlar ham xalifalikning davlat qurilishida ishtirok etishgan. Ularning islomdan avvalgi urf-odatlari davlat boshqaruvida keng qoʻllangan. Arab xalifaligining harbiy va davlat boshqaruvida tayanadigan asosiy kuchi xurosonliklar, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo turklaridan boʻlgan. Islomning dastlabki asrlarida “Qobusnoma”, “Kalila va Dimna” kabi asarlarning arab tiliga tarjima qilinishi asosida davlat boshqaruvi asoslarini oʻz ichiga olgan “Siyosatnoma” janridagi dastlabki asarlar yozilgan.

Somoniylardan birinchi boʻlib Nasr ibn Ahmad (864-875 yy. – Samarqand amiri, 875-892 yy. – Movarounnahr amiri) 875-yilda xalifa Muʼtamiddan (844-892 yy.) Movarounnahrni boshqarish huquqini beruvchi yorliq olgan. 892-yili Nasr vafotidan keyin uning ukasi Ismoil ibn Ahmad butun Movarounnahr hukmdori boʻldi va oradan bir yil oʻtgach, 893-yil xalifa Muʼtaziddan (xalifalik yillari 892-902 yy.) yorliq oladi. Somoniylar xalifaga sovgʻa-salomlar yuborib turishgan, lekin mamlakatdan yigʻilgan barcha soliqlarni oʻzlarida saqlab qolishgan[1:22].

Sh.Kamoliddinning fikricha, “Somoniylarning boshqaruv tizimi oʻsha davrning barcha aniq va mukammal tizimlarini oʻzida birlashtirgan. Biroq davlatchilik huquqiy atama boʻlgani bois uning sifati ham huquqiy normalarga asoslangan boʻlishi kerak. Qonunchilik nuqtayi nazaridan, bizningcha, Somoniylarning boshqaruv tizimi va boshqaruvi ham mustaqil davlat sifatida koʻrilishi mumkin emas. Oʻrta asr islom jamiyatida birinchi oʻrinda doim din, soʻng davlat va keyin madaniyat turgan. Islomda davlat asosini  Qurʼoni karim, hadisi sharif va ulamolarning fatvolariga asoslangan shariat qonunlari tashkil etadi. Din va hukumat islomda ajralmas hisoblanadi. Xalifalikka qarashli viloyatlarni boshqaruvchi mahalliy sulolalardan chiqqan barcha amirlar, xususan, Somoniylar ham rasman mustaqil boʻlsalar-da, baribir, Bagʻdod xalifalarining oliy hokimiyatini tan olishgan. Qonun boʻyicha huquqiy normalar shariat tomonidan belgilangan. Shuning uchun Buvayhiylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar va Qoraxoniy hukmdorlar oʻzlarini “maulo amirul moʻminin” yoki “voliy amir al-moʻminin” deb vasf etishgan” [11:139].

Somoniylar davrida Movarounnahrda islomdan oldingi ayrim qonun-qoidalar va tartiblarga ham rioya qilingan. Somoniylar islom diniga va arab xalifalariga sodiq boʻlsalar-da, baʼzi oʻrinlarda ota-bobolarining dini va urf-odatlarini ham hurmat qilishgan. Jumladan, Somoniylarning Buxorodagi oilaviy maqbarasining devorlarida, shuningdek, ular zarb ettirgan ayrim tangalarda buddaviylik va moniylikka oid ramzlar tasvirlangan. Mansur I ibn Nuh (hukmronlik yillari 961-976) tomonidan 968-yilda Buxoroda zarb etilgan kumush dirham shaklidagi medalyonning old tarafida oʻng tomonga qarab turgan hukmdorning surati, uning ikki tarafida pahlaviy yozuvlar tushirilgan[9:127].

IX asrda Somoniylar davlat boshqaruv tizimida yetakchilik arablar va forslarga tegishli boʻlib, turklarning oʻrni uncha sezilmagan boʻlsa, X asr boshlaridan turklar davlatdagi barcha muhim vazifalarni egallashga muvaffaq boʻlishgan. Buning uchun turklar arab tilini chuqur oʻrgangan. IX asrning birinchi yarmida, keng omma orasida islom dini chuqur ildiz otib boʻlgan edi. Jumladan, boshqaruvga oid ishlar ham asosan arab tilida amalga oshirilgan. Lekin IX asrning oʻrtalaridan boshlab, somoniylar davlatining izchil siyosati tufayli fors tili davlat tiliga aylandi. Arab tili esa, fan tili sifatida oʻz ahamiyatini saqlab qoldi.

Somoniylar boshqaruv tizimida asosan mahalliy dehqonlar, mulkdorlar va din arboblari xizmat qilar edilar. Buning uchun ular arab va fors tillarini bilishi, shuningdek, diniy va dunyoviy bilimlarga ega boʻlishi kerak edi. Bunday ilmlarga ega boʻlgan odamlar “ahl al-qalam” (yaʼni, qalam ahli) deb atalgan[10:6].

Somoniylar davlatidagi markaziy boshqaruv asosan oʻnta devondan[5] iborat boʻlgan. Narshaxiy bu devonlarning nomini oʻzining “Buxoro tarixi” asarida keltirib oʻtadi. Nasr II hukmronligi davrida (914 – 943) Registon maydonida ular uchun alohida bino va mahkama quriladi. Viloyatlarda ham asosan oʻnta devon boʻlib, ular mahalliy hokimga yoki vazirga boʻysungan. Shahar boshqaruvi raisning qoʻlida boʻlgan va u hukmdor tomonidan lavozimga tayinlangan. Ulamolarning taʼsiri mamlakat hayotida kuchli boʻlgan. Ularning yetakchisi – ustod, keyinchalik – shayxul-islom, deb atalgan.

Xuroson sarkardasi “sipohsolar” boʻlgan va davlat boshqaruv ishlariga oʻzining katta taʼsirini oʻtkazib turgan. Dargoh hamda boshqa qator muhim davlat idoralarining xavfsizligini amalga oshirish xizmatini bosh hojib va uning xodimlari olib borgan.

“Buxoro tarixi”da keltirilishicha, Buxoro Hisorining gʻarbiy darvozasidan to Maʼbad darvozasigacha boʻlgan masofa Registon deb atalgan. Ismoil Somoniy Registonda bir saroy qurishni buyurgan. Shu saroy darvozasi oldida amaldorlari uchun bino bunyod ettirgan. Har bir amaldorning podshoh saroyi darvozasi oldida qurilgan oʻz makonida alohida devoni boʻlgan[2:106]. Vazir devoniga qoʻshimcha ravishda yana oʻnta devon mavjud boʻlib, ularning har biri alohida binoda joylashgan va maʼlum bir vazifani bajargan.

Somoniylar davlati ijroiya hokimiyatining asosiy vazifalariga quyidagilar kirgan:

Vazir devoni yoki xoʻjai buzrug – ijro hokimiyatining barcha tarmoqlarini boshqargan va boshqa devonlar unga boʻysungan. Ayni paytda u harbiy vazir vazifasini ham bajargan va barcha qoʻshinlar bosh qoʻmondoni hisoblangan. Bosh vazirlik lavozimiga jayhoniylar[6], balʼamiylar[7], utbiylar[8] sulolalari orasidan chiqqan shaxslargina tayinlangan.

Devoni mustavfiy – moliya vazirligi vazifasini bajargan. Moliya vaziri davlatning kirim-chiqimlari hisobini olib borgan. Mustavfiyning qoʻli ostida xazinador xizmat qilgan. Davlatning moliya ishlarini tizimga solib turgan.

Devoni amid (Devoni rasoil yoki devoni insho) – maxsus markaziy vazirlik boʻlib, rasmiy hujjatlar bilan shugʻullangan. U orqali davlatning barcha muhim hujjatlari oʻtgan. Bundan tashqari, ushbu devon boshqa mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlarni olib borgan. Nafaqat Somoniylarda, balki Gʻaznaviylarda ham “devon ar-rasoil”  davlatning siyosiy hayotida muhim rol oʻynagan.

Devoni sohibi shurat – Somoniylar gvardiyasini boshqargan. Ushbu devon qoʻshinning tayyorgarligi, tartib-intizomi, oziq-ovqati, xoʻjalik taʼminoti va maosh masalalari bilan shugʻullangan. Davlat xizmatchilariga maosh bir yilda toʻrt marta – har uch oyda toʻlab borilgan.

Devoni barid (pochta xizmati) – Somoniylar davrida davlat ehtiyojlari uchun xizmat qiluvchi vazirlik boʻlgan. Pochta xizmati boshligʻi – sohibi barid ixtiyorida alohida shaharlarda pochta amaldorlari, oʻzlarining xizmatchilari otlari bilan xizmatda boʻlishgan. Pochta amaldorlari alohida viloyatlardagi mahalliy hokimlarga emas, faqat markaziy boshqaruv organiga boʻysunishgan.

Devoni muhtasib – muhtasibning asosiy vazifasi bozorlardagi tosh-tarozu va ogʻirlik oʻlchovlarini nazorat qilish boʻlgan. Bundan tashqari, muhtasib va uning yordamchilari shaharlarda usta-hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar miqdorining aniq boʻlishini ham nazorat qilishgan. Muhtasib yaxshi sifatga ega boʻlmagan mahsulotlarni bozorga chiqishidan toʻsish, goʻsht, non va shu kabi isteʼmolda muhim oʻrin tutgan mahsulotlar narxining oshib ketishini taqiqlash huquqiga ham ega boʻlgan.

Devoni mushrif – davlat xarajatlari ustidan umumiy nazoratni oʻrnatgan amaldor mushrif, deb atalgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, feodal jamiyat sharoitida davlat xazinasini hukmdor xazinasidan ajratish, umuman olganda, saroy amaldorlariga davlat xazinasidan mablagʻ ajratilishini nazorat qilish mushrif ixtiyorida boʻlgan. Bunday masʼuliyatli vazifaga koʻpchilikning eʼtiborini qozongan, hammaga birdek adolatda turadigan kishilar tayinlangan.

Devoni qozi – bosh qozi tomonidan boshqariladigan devon asosan huquqiy masalalar bilan shugʻullangan.

Devoni ziyo – madrasadagi oʻqish jarayonlarini nazorat qiluvchi devonlik boʻlgan.

Devoni mulk – davlat yerlari, mulklari va xazinaga keluvchi foydaning ustidan nazorat qiluvchi va uni boshqaruvchi vazirlik boʻlgan. Bunday yerlar juda katta hududlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, ularda dehqonlar jamoa boʻlib yashashgan.

Devoni vaqf – musulmon muassasalariga hadya qilinadigan mulklarning kirim-chiqimlarini nazorat qiluvchi vazirlik. Vaqf yerlari – musulmon muassasalariga vaqtinchalik yoki umrbod foydalanish uchun beriladigan yerlar.

Devoni ariz (devoni harb) – ariz Somoniylar qoʻshiniga beriladigan maoshni nazorat qiluvchi vazirlik boʻlgan. Bunday maosh bir yilda toʻrt marta, har uch oyda bir berilgan. Bundan tashqari, bu vazirlik harbiy intizom, qoʻshin taʼminoti va qurol-yarogʻlarning sozligiga ham javobgar boʻlgan.

Zikr etilgan devonlarning hududlarda ham vakilliklari boʻlib, ular markazdagi devonlardan tashqari, mahalliy hokimlarga ham boʻysungan holda mahalliy idoralar bilan hamkorlikda faoliyat olib borgan. Bundan xat-xabarlar xizmati devoni mustasno boʻlib, ularning mahalliy boʻlimlari ham faqat markazga hisobot bergan. Ular mahalliy hokimlar, mansabdorlar ustidan ham pinhona nazorat olib borganlar.

Somoniylar davlatida davlat xizmatchilariga beriladigan maosh aholidan yigʻib olinadigan xiroj soligʻidan toʻlangan. Ibn Havqal maʼlumotiga koʻra, “Somoniylar davlatida aholidan olinadigan soliqlar va xirojlar miqdori kam, gʻaznalarida pul koʻp boʻlmagan. Xuroson va Movarounnahrning Abu Solih Nuh ibn Mansurga beradigan soligʻi bir yilda ikki marta, har olti oyda yigirma ming dirhamdan yigʻilar edi. Agar sharoit xirojning ikki hissa olinishini taqozo etsa, u qirq ming dirhamni tashkil etgan. Davlat xizmatchilariga maosh bir yilda toʻrt marta muntazam va kechiktirmay berilishiga guvoh boʻldim. Har safar nafaqa har toʻqson kunning boshida, eng avval gʻulomlarga, saroy xodimlariga va harbiy qoʻmondonlarga, soʻng boshqa xizmatchilarga beriladi. Har safar tarqatiladigan nafaqaning yigʻindisi besh ming dirhamni tashkil etadi, toʻrt marta tarqatiladigan nafaqalar yigʻindisi, bir marta yigʻiladigan xirojga teng boʻladi. Odamlar soliqni ochiq koʻngil va xursandchilik bilan, oʻzlariga nisbatan adolatli munosabatdan toʻla mamnun holda toʻlaydilar. Bunga raiyatga nisbatan adolat, oddiy xalqqa nisbatan haqqoniylik va hokimlar qoʻlidagi katta masʼuliyat sabablidir. Viloyatlarda qozilar, tekshiruvchilar, nazoratchilar va boshqaruvchilar koʻp boʻlib, ularning maoshlari bir-biriga teng, majburiyatlari ham deyarli bir xildir” [9:22-23].

Aytish joizki, maoshlarning toʻlanishi muddatlariga ogʻishmay rioya qilingan, aks holda katta noroziliklar kelib chiqqan va ular xunrezlikkacha yetib borgan. Masalan, Nuh ibn Nasrning vaziri Abu-l-Fazl 946-yili maoshi vaqtidan kechiktirilgan askarlar tomonidan qatl qilingan[2:166].

Maoshi tayinlangan harbiylardan iborat muntazam qoʻshindan tashqari mahalliy yer egalaridan tashkil topgan gʻoziylar qoʻshini ham boʻlgan. Hukumat tomonidan ularga iqto mulki sifatida yer ajratilgan boʻlib, undan kelgan daromad ularning barcha xarajatlari, shu jumladan oilalarini boqish, qurol-yarogʻlari va ot-ulovlariga ketadigan xarajatlarni qoplash uchun ishlatilgan. Shuningdek, bu daromad hisobidan ular savdo bilan ham shugʻullanganlar, kambagʻallarga xayr-ehsonlar qilganlar. Buning evaziga hukumat chaqirigʻiga binoan oʻzlarining harbiy asbob-uskunalari va qurol-yarogʻlari bilan rabotlarga toʻplanib, dushmanlarga qarshi jang olib borganlar[4:73].

Somoniylar arab xalifaligi soliq tizimini ham oʻzlashtirganlar. “Gezit” (jon soligʻi) va “xarag” (yer soligʻi) kabi atamalar arab tilidagi jizya va xiroj bilan sinonim hisoblangan. Yerga egalik qilishda asosan iqto tizimidan foydalanilgan[11:128].

Davlat yerlaridan olinadigan asosiy soliq xiroj boʻlib, soliqning ushbu turi Markaziy Osiyoda XIX asr oxirigacha amalda boʻlib kelgan. Bu soliq arab xalifaligidan oʻzlashtirilgan boʻlib, arablar fath etilgan mamlakatlar aholisidan olinadigan har qanday soliqlarni shunday nomlaganlar. Olinadigan xirojning miqdori hosilning 1/3 qismini tashkil etgan, baʼzan esa 2/5 qismigacha qisqartirilgan. Xiroj mol bilan ham, pul bilan ham olingan. Mol bilan olinadigan xiroj hosil terimi vaqtida, pul bilan olinadigan xiroj esa har uch oyda, baʼzan esa har oyda olingan[9:122].

Ilk islom davrida arablar Markaziy Osiyodagi katta-kichik shahar va viloyatlarning mahalliy hukmdorlarini ham “dehqon” deb ataganlar. Ularning baʼzilari ancha qudratli boʻlib, hatto podshohni ham mehmonga chaqirishlari mumkin boʻlgan. Somoniylar davrida dehqonlarning mavqei va maqomi biroz pasaygan boʻlsa ham, ular hamon Markaziy Osiyoning siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim oʻrinda boʻlib qolavergan[4:148].

Somoniylar markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyodagi dehqonlar, yaʼni katta yer egalariga qarshi qattiq siyosat olib borib, hatto ularning koʻshk va qalʼalarini buzdirib tashlashgan. Natijada somoniylarga qarshi viloyatlar aholisi tomonidan tez-tez qoʻzgʻolonlar boʻlib turgan. Somoniylar hukmronligi davrida dehqon instituti halokatga uchragan boʻlsa-da, lekin, baribir, dehqonlarning siyosiy va iqtisodiy hayotdagi roli hali anchagina sezilarli edi.

Somoniylar sulolasi arab boʻlmagan birinchi musulmon sulolasi boʻlib, yuz yildan oshiq hukmronlik qilgan va hokimiyat otadan bolaga meros qoldirilgan. Somoniylar islom dinining yoyilishida ham faol ishtirok etganlar. Mazkur sulola hukmronligi davrida (IX-X asrlar) islom dini Sirdaryo sohillariga va uning shimolidagi viloyatlar– Yettisuv va Sharqiy Turkistongacha tarqaladi. IX asrning birinchi yarmida Toshkent vohasi aholisi ham islom dinini qabul qiladi[13:272].

– Somoniylar Movarounnahrdagi ilk mahalliy musulmon sulola boʻlib, tashqi siyosatda xalifaga boʻysungan holda ichki boshqaruvda toʻliq mustaqil boʻlgan. Somoniy hukmdorlarning oʻz nomlaridan tanga zarb qildirgani hamda juma xutbasida xalifaning nomidan keyin oʻzlarini zikr ettirgani buning isbotlaridir.

– Somoniylar va ulardan keyingi mustaqil turk-musulmon sulolalari uzoq davr tarqoq holda rivojlangan Markaziy Osiyo mintaqasini markazlashgan yaxlit davlatga aylantirdi. Movarounnahrda markazlashgan boshqaruvning qaror topishi natijasida ichki nizolar qirqilib, savdo-sotiq, hunarmandchilik, dehqonchilik, bogʻdorchilik rivojlandi, turmush farovonligi oshdi.

– Eng yirik ikki turkiy qabila – qarluqlar va oʻgʻuzlar somoniylar saʼy-harakatlari evaziga islomni qabul qildi; Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Usmoniylar, Tuluniylar kabi islom taʼlimotidan oziqlangan kuchli boshqaruvga ega markazlashgan musulmon davlatlariga asos solishdi, shuningdek, keyingi davrlar davlat bosh­qaruvi uchun andoza sifatida xizmat qildi.

– Somoniylar tomonidan birinchi boʻlib tashkil etilgan turk va sugʻd chokarlaridan iborat muntazam qoʻshin turi keyinchalik arab xalifaligida ham keng tarqalib, tarixga mamluk gʻulomlari tizimi degan nom bilan kirdi. Uning hayotiy kuchini taʼminlagan omillardan biri islom taʼlimotiga asoslangan markazlashga boshqaruv boʻldi.

Yakuniy soʻz oʻrnida taʼkidlash joizki, Comoniylar Markaziy Osiyoda islom dini koʻrsatmalari asosidagi boshqaruv tizimining qaror topishida oʻziga xos oʻrin tutgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
Yuriy Bregel. An historical atlas of Central Asia. – Boston: Brill, Leiden, 2003. – 109 p.
Abu Bakr Muhammad ibn Jafar an-Narshaxiy. Buxoro tarixi.  – T.: Kamalak, 1991. – B.335.
Abu Said Gardizi. Zayn al-Axbar / Per. A. Arendsa. – T.: Fan, 1991. – S.176.
Abul Abbos Ahmad ibn Yahyo al-Balozuriy. Futuh al-buldon. Xurosonnning fath etilishi / Soʻz boshi, arab tilidan tarjima, sharhlar, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi Sh.S.Kamoliddin. – T.: ToshDSHI, 2017. – B.439.
Azamat Ziyo. Oʻzbek davlatchiligi tarixi: (Eng qadimgi davrdan Rossiya bosqiniga qadar) // Masʼul muharrir: B.Ahmedov/. – T.: Sharq, 2001. – B.368.
Bosvort K.E. Musulmon sulolalari. – T.: Fan, 2007. – B.269.
Dadaboyev H. Tarixiy harbiy terminlar lugʻati. – T.: Universitet, 2008. – B.202.
Ibn al-Asir. Al-kamil fit-tarix. Perevod s arabskogo yazыka, primechaniya i kommentarii S.P.Bulgakov. Dopolneniya k perevodu, primechaniyam i kommentariyam, vvedeniye i ukazateli Sh.S.Kamaliddina. – T.: Uzbekistan, 2006. – S.560.
Ibn Havqal. Movarounnahr / Ibn Havqal; arab tilidan tarj., izohlar muallifi Sh.S. Kamoliddin. – T.J
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2011. – B.398.
Oʻzbekiston xalqlari tarixi. I jild. Mualliflar jamoasi / Masʼul muharrir. A.Asqarov. – T.: Fan, 1992. – B.188.
Sh.Kamoliddin. Samanidы: iz istorii gosudarstvennosti Uzbekistana v IX – X vv. – T.: 2019. – S.191.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. 2-juz – T.: Hilol-Nashr, 2018. – B.544.
Shoniyozov K. Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni. – T.: Sharq, 2001. – B.462.
[1] Safforiylar – Eronning sharqiy hududlarida 861-900-yillar orasida Tohiriylardan mustaqil holda hukmronlik qilgan давлат. Seyistonlik dehqon Яъқуб ибн Лайсas-Saffor асос solgan. 
[2] Zaydiylar – 864-yilda Eronning shimolida oʻz davlatini tuzishgan. Zayd ibn Ali ibn Husayn: bir guruh shialar Zaydni imom deb eʼtirof etganlari uchun zaydiylar n????? ???????.?omini olishgan. 
[3] Al-Afshin – Ustrushona soʻnggi hukmdorining oʻgʻli Haydar ibn Kovus (216/831-832) Abbosiy xalifalarning lashkarboshisi boʻlgan. Ustrushonaning islomdan avvalgi hukmdorlarining unvoni afshin boʻlgan. 216/831-832-yilda al-Afshin arablarga qarshi Misr va al-Magʻribda koʻtarilgan qoʻzgʻalonni, 224/838-839-yilda Bobak boshchiligidagi qoʻzgʻalonni bostirgan. 225/839-840-yilda islomdan yuz oʻgirganlikda ayblanib, xalifa al-Muʼtasimning Bagʻdoddagi saroyida uning ustidan hukm chiqarilgan. Al-Afshin zindonda vafot etgan. Ibn Havqal. Movarounnahr/Ibn Havqal; arab tilidan tarj., izohlar muallifi Sh.S.Kamoliddin. Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, – 2011. 115-b.
[4] Kampirak devori – ushbu devor taxminan 300 km boʻlib, tinch aholini koʻchmanchilar hujumidan himoya qilish maqsadida qurilgan.
[5] Devon – arab., “sheʼrlar toʻplami”, shuningdek, “hisob-kitob daftari”, “davlat idorasi”, “muassasa”, yaʼni ish yuritish va yozishmalar bilan shugʻullanuvchi tashkilot.
[6] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Jayhoniy (X asr) – olim, Somoniylar амири Наср ибн Ahmadning (914-943) vaziri.
[7] Abu Ali Muhammad ibn Muhammad Balʼamiy (vaf.974) – tarixchi olim, давлат arbobi. Somoniylardan Абдулмалик ибн Нуҳ (954-961) va Мансур ибн Нуҳ (961-976) zamonida бошвазир boʻlgan. U 963-y. Табарий (839-923)ning «Таърихul-anbiyo var-rasul val-muluk val-xulafo» (“Paygʻambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi”) nomli yirik asarini форс tilida qaytadan yozgan.
[8] Abu Jaʼfar Utbiy – Somoniylar hukmdori Nuh II ibn Mansurning (976-997) vaziri.
ZIYODILLA ZINATULLAYEV,
 Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …